Qoʼrquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Аbituriyentlarga psixolog tavsiyalari
Oldinda oliy oʼquv yurtiga kirish imtihonlari. Аslida har qanday imtihon emotsiyalarga boy, hayajonli oʼtadi. Imtihon muddatlari va sharoitlari mavhum boʼlgan hozirgi pandemiya sharoitida esa abituriyentlarning hayajoni va xavotiri ikki hissaga ortadi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti oʼqituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi Gulmira Boyuzakova abiturient uchun muhim ahamiyatga ega boʼlgan imtihonda hayajonni jilovlash boʼyicha tavsiyalar bilan boʼlishdi.
Abituriyentning imtihon vaqtida muvaffaqiyatga erishishi ikki omilga bogʼliq: nazariy va psixologik tayyorgarlik. U mavzularni qanchalik yaxshi oʼzlashtirgan boʼlsa ham, imtihon vaqtidagi hayajon dushmanga aylanishi mumkin.
Diqqatni jamlang. Titul varagʼini toʼldirish kabi barcha rasmiyatchiliklarni bajarib boʼlgach, diqqatni jamlashga va atrofni unutishga harakat qiling. Siz uchun faqat vazifalar matni va soatlar mavjud boʼlishi kerak. Qatʼiy belgilangan vaqt javoblar sifatiga taʼsir qilmasligi kerak. Javobni kiritishdan oldin savolni ikki marta oʼqing va sizdan nima talab qilinayotganini toʼgʼri tushunganingizga ishonch hosil qiling.
Osonidan boshlang. Test yechishni sizda shubha tugʼdirmaydigan savollarga javob berishdan boshlang. Uzoq oʼylantiradigan savollarga koʼp toʼxtalmang. Shunda ancha tinchlanasiz, yuklama yengillashadi. Miya yanada aniq ishlay boshlaydi. Qolgan butun kuch va diqqatni qiyin savollarga yoʼnaltirish mumkin boʼladi.
Shoshilmang, vazifani oxirigacha oʼqing. Vazifani birinchi soʼzlaridanoq uning shartini tushunaman deb shoshqaloqlik qilmang. Bunda eng oson savollarga ham xato javob berish ehtimoli oshadi. Shoshqaloqlik natijasida javobi miyangizda naqd boʼlgan savolni ham boy berishingiz mumkin.
Faqat hozirgi vazifa haqida oʼylang. Yangi vazifani oʼqiyotganda avvalgi hamma narsani unuting. Testlardagi vazifalar bir-biri bilan bogʼliq emas, shuning uchun siz ilgari qoʼllagan qoidalar va formulalar yangi vazifani toʼgʼri hal qilishga xalaqit beradi.
Muvaffaqiyatsizlikni unuting. Аgar bironta testga javobni bilmasangiz, bu muvaffaqiyatsizlik taʼsirida qolib ketmang. Yangi savolni yangi imkoniyat sifatida qabul qiling. Аvvalgi vazifalar natijasidagi tushkunlik keyingi topshiriqlar samarasiga taʼsir koʼrsatmasin.
Istisno qiling. Toʼgʼri javobni bilmasangiz, notoʼgʼriligiga ishonchingiz komil boʼlgan javoblarni ketma-ket chiqarib tashlang. Bu variantlar oʼrtasida tanlov doirasini toraytiradi.
Tekshirib koʼring. Bajargan topshiriqlaringizni tekshirib chiqishga vaqt ajrating, hech boʼlmaganda koʼz yugurtirib, xatolarni koʼrish uchun vaqt toping.
Taxmin qiling. Аniq javobga ishonchingiz komil boʼlmasa, intuitiv ravishda biror variantni tanlang. Baʼzida intuitsiyaga ishonish kerak.
Аbiturientlarning ota-onalari uchun maslahatlar:
- Imtihon arafasida farzandingizning tashvishini kuchaytirmang – bu test natijasiga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin. Ota-onalarning hayajoni har doim bolalarga oʼtadi.
- Farzandingizni xursand qiling, ularni yaxshi ishlari uchun maqtang.
Uning oʼziga boʼlgan ishonchini oshiring, bolalar muvaffaqiyatsizlikdan qanchalik koʼp qoʼrqsalar, xato qilish ehtimoli shunchalik yuqori boʼladi. - Farzandingiz oʼzini qanday his qilishiga eʼtibor bering, sizdan boshqa hech kim uning charchogʼini, sogʼligi yomonlashishini seza olmaydi hamda buning oldini olmaydi.
- Uning oʼqish rejimini nazorat qiling. Imkoniyatidan ortiqcha yuklamani boʼyniga olishiga yoʼl qoʼymang. Dars qilish va hordiq chiqarish oʼz vaqtida boʼlayotganiga eʼtibor bering.
- Uyda dars qilish uchun qulay joy ajratib qoʼying. Unga hech kim xalal bermasligiga ishonch hosil qiling.
- Farzandingizni imtihonga tayyorgarlik texnikasi bilan tanishtiring. Barcha maʼlumotlarni yodlab olmasdan, ularning asosiy magʼzini tushunish kerakligini uqtiring.
- Farzandingizga imtihonda vaqtni toʼgʼri taqsimlay olishni oʼrgating.
- Farzandingiz imtihon arafasida yetarli darajada uxlashi kerak. Uning imtihonda qancha ball olishi mumkinligi haqida tashvishga solmang va imtihondan keyin tanqid qilmang. Ball koʼrsatkichi uning haqiqiy imkoniyatini oʼlchay olmasligi haqidagi fikrni unga singdiring.
Yoshlarga masofadan turib sifatli va bepul ta’lim berishni maqsad qilgan «Masofaviy ta’lim» loyihasining rasmiy Telegram kanali.
Telegram: https://t.me/masofatalim