July 23, 2020

Ona tili fanidan testlar tahlili (3-qism)

Testlar va ularning tahlillari muallifi: Mansur SIDDIQOV

Yoshlarga masofadan turib sifatli va bepul ta’lim berishni maqsad qilgan «Masofaviy ta’lim» loyihasining rasmiy Telegram kanali.

Telegram manzil: https://t.me/masofatalim

1-TEST

“Bunday yig’loqi bola bizga kerakmas”, - deya bolani koyigan bo’lamiz, biroq qilig’i o’sha-o’sha, o’jarligi qolgani yo’q.
Fonetik hodisalar sonini aniqlang.

A) 5 ta

B) 7 ta

C) 8 ta

D) 9 ta

TAHLIL

Fonetik hodisalarni topish uchun 1) so’zlar asos va qo’shimchalarga ajratib chiqiladi; 2) asos va qo'shimchalarning avvalgi hamda qo'shilgandan keyingi ko'rinishi qiyoslanadi.
“Bun/ day yig’/ lo/ qi bola biz/ ga kerak/ mas”, - de/ ya bola/ ni koyi/ gan bo’l/ a/ miz, biroq qil/ ig’/ i o’sha-/ o’sha, o’jar/ lig/ i qol/ gan/ i yo’q.
Endi qaysi o’rinda asos yo qo’shimchalar o’z asl holatini o’zgartirganini aniqlab chiqamiz.
1) bun/ day (asos, aslida, “bu”, demak, tovush ortgan);
2) yig’/ lo/ qi (asos “yig’i”, demak, “i” tovushi tushgan);
3) yig’/ lo/ qi (qo’shimcha, aslida, “-la”, demak, undagi “a” tovushi “o” tovushiga o’zgargan);
4) kerak/ mas (aslida, “kerak emas”, demak, “e” tushgan);
5) de/ ya (qo’shimcha, aslida, “a” (ravishdosh), demak, bu yerda “y” ortgan);
6) qil/ ig’/ i (qo’shimcha, aslida, “-iq”, demak, undagi “q” tovushi “g’” tovushiga o’zgargan);
7) o’jar/ lig/ i (qo’shimcha, aslida, “-lik”, demak, undagi “k” tovushi “g” tovushiga o’zgargan).

To’g’ri javob – B: 7 ta.

2-TEST

Qaysi gapda metonimik ko’chish mavjud emas?

A) Balki, tush ko‘rganday qolursiz hayron, Eshitib Toshkentning sabr-u toqatin.

B) O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa, Oltin boshning kalla bo’lgani shudir.

C) Undan-ku, bir tirnoq — men qoldim. Yaxshimi-yomonmi, har qalay, ismini familiya qilib yuribman.

D) Dasturxonga qarang!

TAHLIL

Metonimik ko’chish – bir so’zni aytib, unga bog’liq boshqa narsani nazarda tutish. Masalan, “Oyog’ing necha?” deganda oyoqni emas, oyoqqa bog’liq boshqa narsani – “razmer”ni tushunamiz. Shunga o’xshash holatlar A, B va D variantlarda mavjud.
A) Balki, tush ko‘rganday qolursiz hayron, Eshitib Toshkentning sabr-u toqatin.
“Toshkentning sabr-toqati” deganda “Toshkent aholisining sabr-toqati” tushunilmoqda. Joy va undagi odamlar – bog’liq tushunchalar.
B) O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa, Oltin boshning kalla bo’lgani shudir.
“Navoiyni o’qish” deganda “Navoiyning asarlarini o’qish” tushunilmoqda. Muallif va uning asarlari – bir-biriga aloqador tushunchalar.
D) Dasturxonga qarang!
“Dasturxon” deganda “ovqat, yeguliklar” tushunilmoqda. Dasturxon va ovqat makon-zamonda o’zaro bog’liq tushunchalardir.

E’tibor bering: bizdan metonimiyani emas, aksincha, metonimiya yo’q bo’lgan gapni topish so’ralgan. C variantda metonimik ko’chish yo’q.
C) Undan-ku, bir tirnoq — men qoldim. Yaxshimi-yomonmi, har qalay, ismini familiya qilib yuribman.
“Tirnoq” deganda “farzand” nazarda tutilgan. Tirnoq va farzand ham bir-biriga bog’liq, biroq butun-qism bog’liqligi (tirnoq farzandning bir qismi) fanda sinekdoxa deb o’rganiladi.

To’g’ri javob – C.

3-TEST

Bilurmisan, ayt menga, knyaz,
Movut ko’zli anov xonim kim?
Turur ispan elchisi birlan?
Oneginga qarar u birdan.
Berilgan she’riy parchada mustaqil lug’aviy ma’noga ega bo’lmagan nechta so’z qo’llangan?

A) 6 ta

B) 4 ta

C) 3 ta

D) 5 ta

TAHLIL

Mustaqil lug’aviy ma’noga ega bo’lmagan so’zlar deganda olmoshlar, bog’lama vazifasidagi bo’lmoq, sanalmoq, hisoblanmoq so’zlari, to’liqsiz fe’llar, yordamchi so’zlar (ko’makchi, bog’lovchi, yuklamalar), oraliq so’zlar (undov, taqlid, modallar) tushuniladi.

Shularni yodda tutgan holda so’ralgan so’zlarni sanab chiqamiz:
Bilurmisan, ayt menga, knyaz,
Movut ko’zli anov xonim kim?
Turur ispan elchisi birlan?
Oneginga qarar u birdan.
Demak, ushbu parchada olmoshlar (menga, anov, kim, u) va bitta ko’makchi (birlan) qo’llangan ekan.
P.S. Bilurmisan so’zi tarkibidagi -mi yuklamasi qo’shimcha ekanligi (so’z emasligi) bois qatorga kiritilmadi.

To’g’ri javob – D.

4-TEST

Ey yurak, senga ne kerak?
Obro‘mi, quvvat yo rohat?
Pastkashlar, zolimlar, zo‘rlar
Ishiga qilmoqmi toqat?
Asosiga qo‘shimcha qo‘shsa, fonetik hodisa ro‘y berishi mumkin bo‘lgan so‘zlar soni nechta?

A) 5 ta

B) 6 ta

C) 4 ta

D) 7 ta

TAHLIL

Parchadagi quyidagi so'zlar test shartiga mos keladi:

1) yurak (yurag/im):
2) senga (asosi "sen": sen+ni= se/ni);
3) kerak (kerag/i);
4) obro'mi (asosi "obro'": obro'/yim);
5) pastkashlar (asosi "past": past+ay=pasay).

Demak, bunday so'zlar 5 ta ekan.

P.S. "Qilmoqmi" so'zining asosi "qilmoq" emas, balki "qil", shu bois fonetik hodisa haqida gap-so'z bo'lishi mumkin emas.

To'g'ri javob - A.

5-TEST

Qaysi qatordagi gapning faqat grammatik asoslari noto'g'ri yozilgan?

A) Nechun bekor sarplarman vaxtim.

B) Odamzot payti kelganda o'zidan ham xadiksiraydi.

C) Tavsilotlar bilan uchinchi betda tanishishingiz mumkun.

D) Bizning honlar biroz takabbur, biroz kalondimog'.

TAHLIL

Grammatik asoslar deganda ega va kesimni tushunamiz.
Faqat grammatik asoslar xato yozilgan gap so'ralmoqda. Demak, ega va kesimdan boshqa bo'laklar noto'g'ri yozilgan bo'lsa, bu javobni belgilay olmaymiz.

Har bir gapni tahlil qilamiz:

A) Nechun bekor sarplarman vaxtim.

❌ , chunki kesim (sarflarman) dan tashqari to'ldiruvchi (vaqtim(ni)) ham xato yozilgan.

B) Odamzot payti kelganda o'zidan ham xadiksiraydi.

✅, chunki ega (odamzod) va kesim (hadiksiraydi) so'zlari xato yozilgan.

C) Tavsilotlar bilan uchinchi betda tanishishingiz mumkun.

❌, chunki kesim (tanishishingiz mumkin) dan tashqari to'ldiruvchi (tafsilotlar bilan) ham xato yozilgan. Test shartiga ko'ra, xatolik faqat grammatik asoslarda bo'lishi kerak edi.
D) Bizning honlar biroz takabbur, biroz kalondimog'.

❌, chunki ega (xonlar) xato yozilgan, biroq kesimlar (takabbur, kalondimog') to'g'ri yozilgan.

Demak, to'g'ri javob - B.

6-TEST

Hokim so‘z – paronimi bor so‘z; tobe so‘z – shakldoshiga ega so‘z.
Yuqoridagi talabga mos tushuvchi boshqaruvli birikmani aniqlang.

A) asil tosh

B) adibga yoqmoq

C) yuzni artish

D) qalin tutun

TAHLIL

Bizdan 3 narsa so’ralyapti:

1. Boshqaruvli birikma bo’lsin.

E’tibor qilsak, faqat B va C variantlarda boshqaruvli birikma bor (so’zlar -ga , -ni qo’shimchalari orqali bog’langan).
O’z-o’zidan, A va D variantlar safni tark etadi, chunki ularda bitishuvli birikmalar berilgan: asil tosh, qalin tutun.

2. Hokim so’z paronimi bor so’z bo’lsin.

Hokim so’z – birikmada o’ng tomondagi so’z:
B da yoqmoq, C da artish.
Afsuski, bu ikkala so’z ham o’z paronimiga ega:
B) yoqmoq – yog’moq (ayniqsa, yoqqan, yog’gan shakllarida tiniq ko’rinadi);
C) artish – archish.
To’g’ri javob hali aniqlanmadi.

3. Tobe so’z shakldoshiga ega so’z bo’lsin.

Tobe so’z – birikmada chap tomondagi so’z:
B da adibga, C da yuzni.
Bulardan faqat yuzni so’zi shakldoshiga ega:
yuzni I (betni);
yuzni II (yuz sonini).

Demak, to’g’ri javob – C.

7-TEST

Tarkibidagi jarangsiz undoshni jarangli jufti bilan almashtirganda yangi birlik hosil bo‘ladigan so‘zlar qatorini belgilang.

A) yoq, so‘r, tin

B) oson, til, shoh

C) kul, haram, o‘sdi

D) oltin, savod, chala

TAHLIL

Bu test juda oson usulda hal bo’ladi.
Mana, qarang.

A variantda yoq so’zidagi “q”,
B variantda shoh so’zidagi “h”,
C variantda haram so’zidagi “h” jarangli juftiga ega EMAS!

Demak, bu variantlardagi barcha so’zlar talabni qondira olmaydi (yoq, shoh, haram so’zlari kasofatiga).

To’g’ri javob – D.
oltin – oldin;
savod – zavod;
chala – jala

8-TEST

Bilurmisan, ayt menga, knyaz,
Movut ko’zli anov xonim kim?
Turur ispan elchisi birlan?
Oneginga qarar u birdan.
Berilgan she’riy parchada mustaqil lug’aviy ma’noga ega bo’lmagan nechta so’z qo’llangan?

A) 6 ta

B) 4 ta

C) 3 ta

D) 5 ta

TAHLIL

Mustaqil lug’aviy ma’noga ega bo’lmagan so’zlar deganda olmoshlar, bog’lama vazifasidagi bo’lmoq, sanalmoq, hisoblanmoq so’zlari, to’liqsiz fe’llar, yordamchi so’zlar (ko’makchi, bog’lovchi, yuklamalar), oraliq so’zlar (undov, taqlid, modallar) tushuniladi.

Shularni yodda tutgan holda so’ralgan so’zlarni sanab chiqamiz:
Bilurmisan, ayt menga, knyaz,
Movut ko’zli anov xonim kim?
Turur ispan elchisi birlan?
Oneginga qarar u birdan.
Demak, ushbu parchada olmoshlar (menga, anov, kim, u) va bitta ko’makchi (birlan) qo’llangan ekan.
P.S. Bilurmisan so’zi tarkibidagi -mi yuklamasi qo’shimcha ekanligi (so’z emasligi) bois qatorga kiritilmadi.

To’g’ri javob – D.

9-TEST

Qaysinisi sening sheriging bo'lishga ko'proq loyiq esa, o'shanga tanloving haqida aytishing, "Seni tanladim" , - deyishing kerak.

Fonetik hodisalar sonini toping.

A) 5 ta

B) 4 ta

C) 6 ta

D) 7 ta

TAHLIL

1) qaysi/nisi (bu so'zda "qaysi" so'ziga ikkita egalik shakli (-i va -si) qo'shilgan, bir "n" tovushi ortgan; "singlisi" so'zida ham ikki egalik qo'shilishiga duch kelganmiz) ;

2) se/ning (bir "n" tushgan);

3) sherig/ing ("k" tovushi "g"ga almashgan);

4) o'shan/ga (bir "n" ortgan);

5) tanlo/v... ("a" tovushi "o"ga aylangan);

6) se/ni (bir "n" tushgan);

7) dey/ish... (bir "y" ortgan).

To'g'ri javob - D: 7 ta.

10-TEST

Shunda bildikki, kechagi gaplari majburlikdan aytilgan ekan.

Ergashgan qo'shma gap turini aniqlang.

A) aniqlovchi ergash gapli qo'shma gap

B) hol ergash gapli qo'shma gap

C) to'ldiruvchi ergash gapli qo'shma gap

D) ega ergash gapli qo'shma gap

TAHLIL

Bu gapda ergash gap - "kechagi gaplari majburlikdan aytilgan ekan".

Qo'shma gapni sodda gapga aylantirganimizda ☝️ ergash gap qanday bo'lakka aylanadi - shunisi kerak bizga.

Qo'shma gap:
Shunda bildikki, kechagi gaplari majburlikdan aytilgan ekan.
👇🏿
Sodda gap:
Shundakechagi gaplari majburlikdan aytilgan ekaniNI bildik. (Shunda nimani bildik?)

Ergash gap to'ldiruvchiga aylandi.
Demak, qo'shma gap - to'ldiruvchi ergash gapli qo'shma gap.

To'g'ri javob - C.

11-TEST

Qaysi qatorda o'zaro shakldosh so'z yasovchilar qo'llanMAgan?

A) O'xshash rasmlarni bu faylga to'plash kerak.

B) G'arbcha madaniyat hayotimizga o'lat kabi yoyilmoqda.

C) Bu qirg'inlar tufayli kayfiyat tushkun, ahvollar horg'in.

D) Tinchlik, sog'liq bo'lsin, qalbingizni quvonch tark etmasin.

TAHLIL

Bizdan so'ralgan narsa:
1) bir xil yoziladigan ikki xil, ya'ni shakldosh qo'shimcha bo'lsin;
2) ikkovi ham so'z yasovchi bo'lsin.

Testda shu ikki talabga javob beradigan qo'shimchalar YO'Q gap so'ralgan.

To'g'ri javob - A.
"O'xshash" dagi -sh va "to'plash"dagi -sh shakldosh-ku, lekin ikkinchi -sh so'z yasovchi EMAS. Demak, bu gapda o'zaro shakldosh so'z yasovchilar qo'llanMAgan.

B da madaniy/ at va o'l /at (bu yerda har ikki -at ham ot yasovchi, biroq birinchisi arabcha, ikkinchisi o'zbekcha qo'shimcha bo'lgani bois shakldosh hisoblanadi);

C da qir/ g'in (ot yas.) va hor/ g'in (sifat yas.);

D da tin/ ch (sifat yas.) va quvon/ ch (ot yas.).

12-TEST

Hech bir morfemalar va bo'g'inlar chegarasi o'zaro mos kelmagan so'zni toping.

A) yugurgandan

B) tinchlikparvar

C) issig'ini

D) qaytarilar

TAHLIL

Nimani topishimiz kerak?
Bo'g'inga ajratganda va morfemalarga bo'lganda chizadigan chiziqlarimiz bir joyda (ustma-ust) kelib qolmaydigan so'z.

Har bir variantni ko'rib chiqamiz.

A)
yu-gur-gan-dan (bo'g'in);
yugur / gan/ dan (morfema).

Bu yerda 3- va 4-bo'g'inlar ajralgan joyda morfemalar ham bo'lingan.
Demak, xato.

B)
tinch-lik-par-var (bo'g'in);
tin/ch/lik/parvar (morfema).

Bu so'zda -lik ham bo'g'in, ham morfema sifatida ajratilgan, ya'ni 2-bo'g'in va 3-morfema bir xil.
Demak, xato.

C)
is-si-g'i-ni (bo'g'in);
issi/ g'/i/ni (morfema).

Bu so'zda -ni ham bo'g'in, ham morfema sifatida ajratilgan.
Demak, xato.

D)
qay-ta-ri-lar (bo'g'in)
qayt/ar/il/ar (morfema).

Bu so'zda biror bo'g'in biror morfema bilan bir xil bo'lib qolmagan.

Demak, to'g'ri javob - D.

13-TEST

Qaysi qatordagi so'zning ilk tovushini o'zgartirish orqali nisbatan ko'proq so'z hosil qilish mumkin?

A) tana

B) axir

C) qora

D) tozi

TAHLIL

Bu testni ovoz berganlarning salkam yarmi to'g'ri belgilagan.

Bu test shu turdagi testlarning nisbatan osonrog'idir, ya'ni "tana" so'ziga raqobat qila oladigan tuzukroq variantlar ham yo'q. Asosiy raqib - "qora". Masalan, B variantda "kon", C variantda "jin" so'zlari berilganda edi, abituriyentlar ancha ter to'kishgan bo'lardi.

Har bir variantni yuzakiroq ko'rib chiqamiz. Demak, 1-tovushni o'zgartirib so'zlar hosil qilamiz.

A) tana
kana, mana, pana, sana, yana, chana (6 ta)

B) axir
oxir (1 ta)

C) qora
bora, pora, zora, chora (4 ta)

D) tozi
qozi, rozi (2 ta)

Tahlilda atoqli otlarni hisoblamadik, yo'qsa, Gana-ku, mayli, Jana, Lora, Nora degan ajnabiy ismlarni ham hisoblashni talab qiluvchilar chiqib qolardi.

Yuzakiroq tahlil bo'lgani uchun quloqqa tanish so'zlarni yozdik, lekin bu umumiy natijaga ta'sir qilmaydi.

Demak, to'g'ri javob - A.

14-TEST

Qaysi qatorda berilgan birinchi so'zning shakldoshi ikkinchi so'zning paronimi bilan ma'nodosh bo'la oladi?

A) pora, qisim

B) quv, xiyla

C) mag'zava, yuvindi

D) xon, shoh

TAHLIL

To'g'ri javob - A.

Test shartiga ko'ra, birinchi so'z (pora) ning shakldoshi (pora - "bo'lak", "parcha") ikkinchi so'z (qisim) ning paronimi (qism) bilan ma'nodosh bo'la oladi.

Qolgan variantlar to’g’ri bo’lishi uchun quyidagi juftliklar sinonim bo’lishi talab etiladi:

- quv va hiyla (“xiyla”ning paronimi);

- mag’zavaning shakldoshi yo’q;

- xonning shakldoshi yo’q.

15-TEST

So'z boshidagi jarangli undoshini jarangsiz jufti bilan alishtirganda boshqa turkumdagi so'z hosil bo'ladigan birliklarni aniqlang.

A) darz, dom, dala

B) mard, kez, dur

C) do'lma, zor, g'am

D) g'aram, gar, baqir

TAHLIL

To'g'ri javob - C.

do'lma (ot) - to'lma (fe'l; "Ey paymona, to'lma zebo kelmaguncha")

zor (sifat) - sor (ot; "Yosh edim, lochin edim, sor edim")

g'am (ot) - xam (sifat; "Ko'zing nam, boshing xam bo'lmasin")

Boshqa variantlarda ham shu talab bajarilgandek ko'rinadi, biroq shakldoshlik taqozosi bilan turkumdoshlik ham yuzaga kelib qoladi. Masalan, A variantda dom ham ot, uning o’zgarishidan hosil bo’ladigan tom ham ot.

Testlar va ularning tahlillari muallifi: Mansur SIDDIQOV (@hopaza)

Yoshlarga masofadan turib sifatli va bepul ta’lim berishni maqsad qilgan «Masofaviy ta’lim» loyihasining rasmiy Telegram kanali.

Telegram manzil: https://t.me/masofatalim