April 1, 2020

SO‘Z TARKIBI

Ma’lumot

Morfemika (yoki Morfologiya) so‘z tarkibini o‘rganuvchi bo‘limdir. So‘zning tarkibiy qismlari asos va qo‘shimcha hisoblanadi: xabar/dor, ilm/li, ulug‘/la/moq…

Asos – so‘zning asosiy ma’nosini ifodalab, mustaqil qo‘llana oladigan qismi. U boshqa ma’noli qismlarga ajralmaydi. M.: bil/im/don so‘zida bil-, bo‘yo/q so‘zida bo‘ya- asosdir.

Qo‘shimcha –mustaqil qo‘llana olmaydigan, asosga qo‘shilib, unga yangi yoki qo‘shimcha ma’no yuklaydigan, shuningdek, so‘zlarni bog‘lashga xizmat qiladigan qismdir.

M.: bil/im/don/lik so‘zida -im,-don, -lik qo‘shimchalardir.

So‘zlar asos va qo‘shimchalarga qanday ajratiladi?

1. Asos bugungi kun nuqtayi nazaridan mustaqil qo‘llana olishi kerak.

M.: gul/la so‘zining asosi gul, chunki gul degan so‘z bor. Ammo emakla so‘zining asosi emak emas, chunki emak degan so‘z qo‘llanmaydi.

2. Asosning ma’nosi tahlil qilinayotgan so‘zning ma’nosiga aloqador bo‘lishi kerak.

M.: tomosha so‘zining asosi tom emas, chunki tom va tomosha bir-biriga bog‘liq tushunchalar sanalmaydi. Qolaversa, tomosha tilimizga arabchadan o‘zlashgan.

3. Qo‘shimcha boshqa so‘zlarda ham uchrashi kerak.

M.: oilali so‘zidagi -li qo‘shimchasi gulli, pulli, aqlli so‘zlarida ham uchraydi, shu bois bu so‘z qismlarga ajraladi: oila/li.

Lekin kechqurun so‘zining asosi kech bo‘lishi mumkin edi, biroq -qurun degan qo‘shimcha bo‘lmaganligi sababli bu so‘z tarkibiy qismlarga ajralmaydi. (Istisno: ko‘r/sat, suv/sa, berk/it, berk/in so‘zlari asos va qo‘shimchalarga ajraladi.)

4. Arabcha so‘zlarning asosi aniq-tiniq ko‘rinib turgandagina qismlarga ajraladi.

M.: adab/iy/ot, ma’naviy/at.

Biroq musiqiy, moddiy so‘zlari bo‘laklarga bo‘linmaydi, chunki ularning asosi (musiqa, modda) aniq ko‘rinmaydi. (Abituriyentlar uchun shunday tushuntiriladi, xolos. Asl sababini ustozingizdan so‘rab bilsangiz bo‘ladi)

5. O‘zi mavjud qo‘shimchalar ichki qismlarga bo‘linmaydi.

M.: ishdan so‘zidagi -dan qo‘shimchasi -da + n ga; uyimiz so‘zidagi -imiz qo‘shimchasi -im + iz ga ajratilmaydi. Quyidagi qo‘shimchalar haqida ham shuni aytish mumkin: -gan, ,-ganda, -guncha, -gancha, -gani; -gacha, -niki, -dagi; -dan, -ning; -imiz, -ingiz; -day; -gila (-kila, -qila, -g‘ila); -moqda, -moqchi, -maslik, -masdan; -tacha, -tadan, -lab, -larcha; -chasiga…

Ayrim qo‘shimchalar vaziyatga ko‘ra 1 ta yoki 2 ta qo‘shimcha sanaladi:

-chilik (usta/chilik, gul/chi/lik), -lan (shod/lan, o‘y/la/n), -lash (gap/lash, so‘z/la/sh) kabi.

6. 1-qoidada aytilganidek, siz ajratayotgan so‘z mustaqil qo‘llana olishi kerak. Biroq fe’llarda asos mustaqil qo‘llana olmasa-yu, xayolan -di qo‘shimchasini qo‘shganda ma’no anglata olsa, qismlarga ajratish mumkin.

M.: yozdirilmagan so‘zida yozdiril degan so‘z bo‘lmagani uchun -il va -ma qo‘shimchalari ajratilmasligi kerak edi, biroq yuqoridagi qoidaga ko‘ra, xayolan -di ni qo‘shib ko‘ramiz: yozdirildi. Bunday so‘z bor, demak, qo‘shimchalarga ajratishimiz mumkin: yoz/dir/il/ma/gan

7. Murakkab so‘zlar (qo‘shma, juft va takroriy so‘zlar)da asoslar birdan ortiq bo‘ladi.

M.: otboqarlar so‘zida ot, boq; idish-tovoq so‘zida idish, tovoq; choy-poy so‘zida choy, poy (choy so‘zining o‘zgartirib qo‘llanishi) asoslardir.

8. Juft va takror so‘zlarda ma’no anglatmaydigan qism ham asos sifatida olinaveradi.

M.: uvali-juvali so‘zida uvali, juvali; oz-moz so‘zida oz, moz asoslardir.

9. Orttirilgan tovush tahlil qilinmaydi.

M.: Bu so‘ziga -ga qo‘shimchasini qo‘shsak, bir n tovushi ortadi: bunga. Ushbu so‘zning tahlili quyidagicha bo‘ladi: Bu – asos, -ga – qo‘shimcha, n esa morfemika nuqtayi nazaridan ahamiyatsiz birlik.

10. Gaplarda tushirib qoldirilgan qo‘shimcha ham tahlil qilinadi.

M.: Kitob o‘qishdi gapida kitob so‘zidan so‘ng -ni qo‘shimchasi borligi hisobga olinadi. Demak, so‘z tarkibi jihatdan tahlil mana bunday bo‘ladi: kitob/ni o‘qi/sh/di. Kitob - asos, -ni – qo‘shimcha; o‘qi – asos, -sh, -di – qo‘shimchalar.

11. Asos va qo‘shimchalarga ajratilmaydigan ayrim so‘zlar bilan tanishing va nega ajratilmasligi haqida fikrlab ko‘ring: tirik, tiril, moddiy, siyosiy, maishiy, emakla, g‘ovla, o‘dag‘ayla, quloqchin, pastqam, nonushta, shodiyona, biror (biron), bezor, sholcha, qishloq, yuksak, yuksal, semiz, semir, quyuq, ovloq, yurak, uyg‘ot, uyg‘on, olcha, olmaxon, ko‘rish (salomlash), qizg‘ish, surishtirmoq, kelin, kechasi, kunduzi, tunlari, chamasi, birdan, birga, birvarakayiga, birpas, qo‘g‘irchoq, tezob, darbadar.