April 2, 2020

TEST TAHLILI

Bugun tahlil uchun tanlangan test mavzulari:
1) ma’no ko’chishi;

2) tovushlar tasnifi;

3) omonim, sinonim, paronimlar;

4) so’z yasovchi qo’shimchalar.

TEST -1
Qaysi qatordagi ismlar bilan nomlashda, odatda, metonimiyaga asoslaniladi?

A) Murod, Arslon

B) Navro'z, Hayitvoy

C) Bo'riboy, Ortiqali

D) Jumavoy, Ibrohim 

TAHLIL

To'g'ri javob - B.

Navro'z va Hayitvoy ismlari, odatda, bola shu bayramda tug'ilganida qo'yiladi. Bu ismlar bayram bilan aloqadorlikni anglatadi. Aloqadorlik esa metonimiya deganidir.

TEST-2

So'z boshidagi jarangli undoshini jarangsiz jufti bilan alishtirganda boshqa turkumdagi so'z hosil bo'ladigan birliklarni aniqlang.

A) darz, dom, dala

B) mard, kez, dur

C) do'lma, zor, g'am

D) g'aram, gar, baqir

TAHLIL

To'g'ri javob - C.

do'lma (ot) - to'lma (fe'l; "Ey paymona, to'lma zebo kelmaguncha")

zor (sifat) - sor (ot; "Yosh edim, lochin edim, sor edim")

g'am (ot) - xam (sifat; "Ko'zing nam, boshing xam bo'lmasin")

Boshqa variantlarda ham shu talab bajarilgandek ko'rinadi, biroq shakldoshlik taqozosi bilan turkumdoshlik ham yuzaga kelib qoladi. Masalan, A variantda dom ham ot, uning o’zgarishidan hosil bo’ladigan tom ham ot.

TEST-3

Qaysi qatorda berilgan birinchi so'zning shakldoshi ikkinchi so'zning paronimi bilan ma'nodosh bo'la oladi?

A) pora, qisim

B) quv, xiyla

C) mag'zava, yuvindi

D) xon, shoh

TAHLIL

To'g'ri javob - A.

Test shartiga ko'ra, birinchi so'z (pora) ning shakldoshi (pora - "bo'lak", "parcha") ikkinchi so'z (qisim) ning paronimi (qism) bilan ma'nodosh bo'la oladi.

Qolgan variantlar to’g’ri bo’lishi uchun quyidagi juftliklar sinonim bo’lishi talab etiladi:

- quv va hiyla (“xiyla”ning paronimi);

- mag’zavaning shakldoshi yo’q;

- xonning shakldoshi yo’q.

TEST -4

Qaysi qatordagi barcha so'zlar bir xil so'z yasovchi qo'shimcha orqali hosil qilingan?

A) qanoatlanmoq, zavqlanmoq, tiklanmoq

B) achchiqlanmoq, yaxshilanmoq, ovqatlanmoq

C) foydalanmoq, shubhalanmoq, shug'ullanmoq

D) tayyorlanmoq, tozalanmoq, tarbiyalanmoq

TAHLIL

Har bir variantda 3 tadan fe'l berilgan.

Ulardagi fe'l yasovchi qo'shimchalarni aniqlab chiqamiz. Qaysi variantdagi hamma fe'l yasovchi qo'shimcha bir xil bo'lsa, o'sha javob to'g'ri bo'ladi.

A) qanoat/lan/moq, zavq/lan/moq, tik/la/nmoq

❌ (-lan, -lan, -la)

B) achchiq/lan/moq, yaxshi/la/nmoq, ovqat/lan/moq

❌ (-lan, -la, -lan)

C) foyda/lan/moq, shubha/lan/moq, shug'ullan/moq

❌ (-lan, -lan, tub so'z)

D) tayyor/la/nmoq, toza/la/nmoq, tarbiya/la/nmoq

✅ (hammasi -la)

Bu testni yechishda -la va -lan qo'chimchalarini farqlash muhim edi. Shuningdek, C variantdagi shug'ullanmoq so'zi yasalMAgan ekaniga diqqat qaratish talab etilardi.

To'g'ri javob - D.

Testlar va ularning tahlillari muallifi: Mansur SIDDIQOV

O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi va "Imkon ta’lim" jamoasi hamkorligida tashkil etilgan "Masofaviy ta’lim" Telegram kanali.

Kanalga ulanish:
https://t.me/masofatalim