March 31, 2020

TOVUSH O‘ZGARISHLARI (fonetik hodisalar)

Kirish imtihoni testlarida “Berilgan gapda necha o‘rinda fonetik hodisa kuzatiladi?” mazmunidagi testlarga ko‘p duch kelamiz. Bugun shu mavzuga to‘xtalamiz.  

Bizningcha, tovush o‘zgarishlarini juda ham chuqur tahlil qilish zaruriyati yo‘q. O‘quvchi kirish imtihonlari saviyasida o‘rganishi maqsadga muvofiq deb fikrladik hamda shu doirada tushuncha berishga intildik.

Unutmaslik kerak:

1. Fonetik hodisalar unlilarga ham, undoshlarga ham taalluqlidir.

2. Testda yozuvda aks etadigan fonetik o‘zgarishlarni topish talab etiladi. “Do‘st” – [do‘s], “ketdi” – [ketti] kabi faqat talaffuz uchun xos hodisalar nazarda tutilmaydi.

Bu mavzuni yangi o‘zlashtirayotganlar so‘zlarni asos va qo‘shimchalarga ajratishni yaxshi o‘zlashtirib olishlari kerak, chunki fonetik hodisa faqat morfemalar qo‘shilishi natijasida sodir bo‘ladi.

Fonetik hodisalar 3 xil bo‘ladi.

1. Tovush tushishi

Asosga qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida so‘zda ayrim unli va undosh tovushlar tushib qoladi. Asosan, unlilardan a, i, e, u, undoshlardan t, n, qo‘sh undoshli so‘zlarda esa s, l, m kabi tovushlar tushishi kuzatiladi.

t.me/masofatalim

2. Tovush ortishi

Ayrim so‘zlarga qo‘shimcha qo‘shganimizda tovush ortadi. Bu hodisa yozma nutqda unlilar bilan sodir bo‘lmaydi, faqat undosh tovushlar (n, y) ishtirokida kuzatiladi.

Misollar:

de + il + di = deyildi;

mavzu + im = mavzuyim;

shu + ga = shunga.

Shuningdek, ch, s, b kabi undoshlarning ayrim so‘zlar tarkibida ikkilantirilishi ham tovush ortishi hisoblanaveradi.

Misollar:

isi + q = issiq, his + iy = hissiy,

tib + iy = tibbiy, achi + q = achchiq.

Onasi, ukasi kabi so‘zlardagi s undoshi orttirilgan hisoblanmaydi, chunki III shaxs egalik qo‘shimchasi - i va -si shakllariga ega.

3. Tovush almashishi

So‘zlarga qo‘shimchalar qo‘shilishi natijasida bir unli yo undoshning boshqa unli yo undosh tovushga almashib qolishi shunday ataladi.

t.me/masofatalim

Muhim: hisoblagich, tutqich, chizg‘ich, ko‘rsatkich kabi so‘zlarda tovush almashishi ro‘y berMAgan, chunki

-gich qo‘shimchasi faqat q va k undoshlari bilan yakunlangan so‘zlarga qo‘shilsagina tovush almashishi ro‘y bergan hisoblanadi. Bu qoida g bilan boshlanadigan barcha qo‘shimchalarga tegishli.

Yoqqich, ekkach, boqqani, bukkan, chiqquncha kabi so‘zlarda tovush almashishi bor.

Bugungi sonimizdagi testlar orasida ham mazkur mavzuga aloqadorlari ko‘p. Erinmay so‘zlarni morfemalarga ajrating, asos va qo‘shimchalarning oldingi hamda qo‘shilgandan keyingi ko‘rinishlarini qiyoslang. Hammasi oson.

Matnni Mansur SIDDIQOV tayyorladi.

O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi va "Imkon ta’lim" jamoasi hamkorligida tashkil etilgan "Masofaviy ta’lim" Telegram kanali.

Kanalga ulanish:
https://t.me/masofatalim