July 3, 2020

Ona tilidan testlar tahlili

1-TEST.

Qaysi qatorda asli paronim bo‘lgan so‘zlar shakldosh holatda yozilgan?

A) Zig‘ir yog‘i dog‘lanishi oqibatida hovlimizning hamma yog‘i yoqimsiz hidga burkandi.

B) Qorni yumaloqlab borayotgan Oxunjon ildizga qoqilib qorni bilan yiqildi.

C) Do‘l yog‘gan kuni o‘tgan futbol bahsi ko‘pchilikka juda yoqqan edi.

D) Uning “Xayr” demay ketishida ham bir xayr bor.

TAHLIL

Testda biz qidirayotgan so‘zlar:
1) shakldosh holatda, ya’ni bir xil yozilgan bo‘lishi kerak;

2) aslida esa, ular paronim bo‘lishi, ya’ni har xil yozilishi kerak.

Avval har bir variantdagi bir xil yozilgan so‘zlarni topib, keyin ular, aslida, paronim bo‘lganmi yoki yo‘qmi – shuni tekshiramiz.

A) Zig‘ir yog‘i dog‘lanishi oqibatida hovlimizning hamma yog‘i yoqimsiz hidga burkandi.

Shakldosh so‘zlar: yog‘i (o‘simlikdan olinadigan “yog‘”), yog‘i (“tomon”, “taraf”).
Bu so‘zlardan biri yog‘, ikkinchisi esa yoq shaklidagi so‘z bo‘lib, paronimlar hisoblanadi.
Demak, to‘g‘ri javob - A.

O‘zimiz uchun, o‘sishimiz uchun qolgan variantlar nega xato ekanini bilib olamiz.

B) Qorni yumaloqlab borayotgan Oxunjon ildizga qoqilib qorni bilan yiqildi.

Shakldosh so‘zlar: qorni (osmondan yog‘adigan qor), qorni (a’zosi).

Bu so‘zlardan biri qor, ikkinchisi esa qorin shaklidagi so‘z bo‘lib, paronimlar hisoblanmaydi.

C) Do‘l yog‘gan kuni o‘tgan futbol bahsi ko‘pchilikka juda yoqqan edi.

Shakldosh so‘zlar mavjud emas.

D) Uning “Xayr” demay ketishida ham bir xayr bor.

Shakldosh so‘zlar: xayr (xayrlashuv so‘zi), xayr (yaxshilik).

Bu so‘zlar aslan ham bir xil yoziladi va paronimlar emas.

2. TEST

Qaysi gapdagi mantiqiy urg‘u olgan so‘zning urg‘uli bo‘g‘ini ot turkumidagi so‘zga shakldosh?

A) Borini olib kelavering: bu yerda hammaga qog‘oz-qalam kerak.

B) Bugun-erta uyga akam keladilar.

C) Olgan narsalarimni egasiga bus-butun qaytarganman.

D) Bizga keragi ham qop-qora parda.

TAHLIL

Avvalo, savol uzunligidan yuragingiz orqaga tortib ketmasin. “Farzandi yo‘q odam” tuzgan emas bu testni, ya’ni oson hal qilish mumkin.

Savol uzun bo‘lsa, uni qismlarga maydalash tavsiya qilinadi. Qani, ketdik.
Qaysi gapdagi mantiqiy urg‘u olgan so‘zning…”

Mantiqiy urg‘u olgan so‘zni qanday topar edik? Albatta, kesimdan bitta oldingi bo‘lak mantiqiy urg‘u olar edi.

A variantda “borini”, “qog‘oz-qalam”;

B variantda “akam”;

C variantda “bus-butun”;

D variantda “qop-qora”.

Savolni o‘qishda davom etamiz:

“… urg‘uli bo‘g‘ini …”
Urg‘uli bo‘g‘inlarni so‘zdan “yulib” chiqamiz:
A variantda “bo”, “lam”;

B variantda “kam”;

C variantda “bus”;

D variantda “qop”.

Davom etamiz:

“… ot turkumidagi so‘zga shakldosh

Hammasi hal. D variantdagi “qop” birligi ot turkumidagi “qop” (katta xalta) so‘ziga shakldosh.

3. TEST

Garri nonushtaga tushgan mahalda Dursllar oshxona stolini egallab, Dudlining ta’tilga kelgani sharofatiga xarid qilingan so‘nggi televizor rusumini ko‘rib o‘tirishgan ekan.

Yasama so‘zlar sonini aniqlang.

A) 6 ta

B) 4 ta

C) 3 ta

D) 5 ta

TAHLIL

Matn ichida yasama so‘zlarni ajratib ko‘rsatamiz, qanday yasalganini (so‘z yasovchi qo‘shimcha bilanmi yoki so‘zga so‘zni qo‘shibmi) o‘zingiz o‘ylab ko‘ra qoling.

Garri nonushtaga tushgan mahalda Dursllar oshxona (1) stolini egallab (2), Dudlining ta’tilga kelgani sharofatiga xarid qilingan (3) so‘nggi (4) televizor rusumini ko‘rib o‘tirishgan ekan.

To‘g‘ri javob – B: 4 ta.

4. TEST

Qaysi gapda yasama so‘zlar soni ikkita ekanini aniqlang.

A) Tilsiz hayvonni issiq joyga bog‘lab nimaga erishasan?

B) Qorli cho‘qqilar tomon nazar tashlagan kishining ko‘zi quvnaydi.

C) Oyoqlarini uzangiga mahkamlab otga yaxshi o‘rnashib olgach bizga qaradi.

D) Eskirib qolgan yoki yaroqsiz jihozlarni arzonroqqa sotib olardi.

TAHLIL

Testda bizdan aynan ikkita (!) yasama so’z bor gapni topish so’ralyapti. Ko’p ham, kam ham bo’lmasligi kerak.

Har bir gapdagi yasama so’zlarni belgilab chiqamiz. Demak, so’z yasovchi qo’shimcha yoki ikki so’zning qo’shilishidan hosil bo’lgan so’zlarni aniqlaymiz.

A) Til/siz hayvonni issi/q joyga bog‘/lab nimaga erishasan?Yasama so’zlar 3 ta.

B) Qor/li cho‘qqilar tomon nazar tashlagan kishining ko‘zi quvnaydi.Yasama so’zlar 2 ta.

C) Oyoqlarini uzan/giga mahkam/lab otga yaxshi o‘rn/ashib olgach bizga qaradi. Yasama so’zlar 3 ta.

D) Eski/rib qolgan yoki yaro/qsiz jihozlarni arzonroqqa sotib olardi. Yasama so’zlar 3 ta.

Demak, to’g’ri javob – B: 2 ta.

5. TEST

Borligingda borlig‘im-la sevgandim, yo‘g‘ingda xayollarim bo‘ldi ermagim.

Ushbu gapdagi fonetik hodisalar sonini aniqlang.

A) 3 ta

B) 5 ta

C) 6 ta

D) 4 ta

TAHLIL

Fonetik hodisani topishda quyidagi ikki ishni amalga oshirish kerak:
1. So‘zni morfemalarga ajratamiz.
2. Asos va qo‘shimchalarning asl va gapdagi holatini taqqoslaymiz: har xil bo‘lsa, fonetik hodisa ro‘y bergan bo‘ladi.
“Borligingda” so‘zini tahlil qilib ko‘rsak.
1. Bor / lig / ing / da.
2. Asl holati bor+lik+ing+da;
gapdagi holati: bor /lig /ing /da

Farq aniqlandi. Demak, bu so‘zda tovush almashishi (k-g) hodisasi bor ekan.

Testimizdagi gapni shu taxlit tahlil qilsak, quyidagi natijani ko‘ramiz:

1) borligingda; [“k” tovushi “g”ga almashgan]

2) borlig‘im-la; [“q” tovushi “g‘”ga almashgan]

3) sevgandim; [“edim” so‘zidagi “e” tushgan]

4) yo‘g‘ingda; [“q” tovushi “g‘”ga almashgan]

5) ermagim. [“k” tovushi “g”ga almashgan]

To‘g‘ri javob – B: 5 ta.

6. TEST

Ega qatnashmagan, shu bilan birga, uchinchi shaxs shaklidagi fe’l kesim bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamaydigan gapga qaysi bandda misol keltirilgan?

A) Yam-yashil o’tov. Hulkar bu yerga kelsa, qanday quvonadi.

B) - Sog’lig’ingiz yaxshimi?

- Rahmat.

C) Yo’lda biroz to’xtashga to’g’ri kelib qoldi.

D) Jo’jani kuzda sanashadi.

TAHLIL

Test matni orqali bizdan egasiz gapning qaysidir turini topish talab etilgan.

Qaysi turini ekan?

Shartda aytilyaptiki, fe’l kesim bo’lishi kerak; shu fe’l kesim III shaxs shaklida bo’lishi va u bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamasligi lozim.

Endi shu yo’nalish bo’yicha harakat qilamiz.

B to’g’ri javob emas. Chunki unda fe’l kesim tugul, fe’lning o’zi ham yo’q.

A variantni tekshiramiz. Yam-yashil o’tov – bu atov gap. Unda fe’l kesim yo’q. Hulkar bu yerga kelsa, qanday quvonadi gapida Hulkar so’zi ega sanaladi. Bizdan esa ega ishtirok etmagan gapni topish so’ralgan.

C javobdagi gap (Yo’lda biroz to’xtashga to’g’ri kelib qoldi) shaxsi noma’lum gap hisoblanadi. Uning kesimi haqiqatda ham fe’l kesim bo’lib, III shaxs shaklida. To’g’ri javob topilganga o’xshayapti, biroq D variantni ko’rib chiqmay C ni belgilab yuborish yaxshi fikr emas.

Jo’jani kuzda sanashadi gapi egasi yashiringan gap sanaladi. Unda mantiqan ega (ular) bor, biroq ifodalanmay qolgan. Bu variant ham to’g’ri javob bo’lishga da’vogarlik qilishi mumkin edi. Biroq amaldagi 8-sinf ona tili darsligining so’nggi sahifalaridan birida shaxsi noma’lum gapga quyidagicha ta’rif berilgan: Ega qatnashmagan, shu bilan birga, uchinchi shaxs shaklidagi fe’l kesim bajaruvchi shaxsni aniq ifodalamaydigan gap.

Shu asosga ko’ra, to’g’ri javob – C.

Muallif: Mnsur Siddiqov

O’zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi va "Imkon ta’lim" jamoasi hamkorligida tashkil etilgan "Masofaviy ta’lim" Telegram kanali.

Telegram: https://t.me/masofatalim