Darsliklar
April 22

UI (Foydalanuvchi Interfeysi) nima?

UI, ya'ni Foydalanuvchi Interfeysi (User Interface), foydalanuvchilarning raqamli mahsulotlar (veb-saytlar, mobil ilovalar, dasturlar) bilan o‘zaro ta'sir qilishini ta'minlovchi vizual va interaktiv elementlar to‘plami hisoblanadi. Ushbu darslikda biz UI ning ta'rifi, asosiy komponentlari, maqsadlari va uning foydalanuvchi tajribasidagi o‘rni haqida gaplashamiz.


UX ni nimaligini tushunib oldik lekin UI nima?

Ta'rifi: UI foydalanuvchining mahsulot bilan o‘zaro ta'sir qilishini osonlashtiruvchi vizual va funksional elementlardan iborat. Bu foydalanuvchi ko‘radigan va ishlatadigan barcha interfeys elementlarini o‘z ichiga oladi.

Misol:

  • Veb-saytdagi tugmalar, menyular va shakllar.
  • Mobil ilovadagi iconlar va navigatsiya panelari.
  • Dasturdagi matn maydonlari va bildirishnomalar.

Maqsadi:

  • Foydalanuvchiga mahsulotni intuitiv va qulay tarzda ishlatish imkonini berish.
  • Vizual estetika orqali foydalanuvchi tajribasini yaxshilash.
  • Brend identifikatorini vizual tarzda ifodalash.

UI va UX o‘rtasidagi farqni ajratib olaylik

UI (Foydalanuvchi Interfeysi): Mahsulotning tashqi ko‘rinishi va interaktiv elementlariga e'tibor beradi. Bu foydalanuvchi ko‘radigan va bosadigan barcha narsalar.

UX (Foydalanuvchi Tajribasi) esa: Foydalanuvchining mahsulot bilan o‘zaro ta'sir jarayonidagi umumiy tajribasiga yo‘naltirilgan. UX "UI" ni o‘z ichiga oladi, lekin undan kengroq tushuncha.

Misol:

  • Agar button (tugma) chiroyli ko‘rinsa, bosilganda animatsiya bo‘lsa va kerakli natijani tez va oson bersa bu yaxshi UI hisoblanadi.

UI ning asosiy komponentlari nimalardan iborat?

UI dizayni bir nechta muhim elementlardan iborat bo‘lib, ular foydalanuvchi bilan o‘zaro ta'sirni shakllantiradi:

Vizual dizayn

  • Ranglar: Brendga mos rang palitrasi tanlash. Masalan, ko‘k rang ishonch, yashil rang esa ekologiyani anglatishi mumkin.
  • Tipografiya: O‘qilishi oson va estetik shriftlar tanlash.
  • Iconlar va rasmlar: Foydalanuvchiga ma'lumotni tez tushunishga yordam beradigan grafik elementlar.

Interaktiv elementlar

  • Buttonlar (tugmalar): Foydalanuvchi bosadigan va harakatga keltiradigan elementlar (masalan, “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasi).
  • Shakllar: Foydalanuvchi ma'lumot kiritadigan maydonlar (masalan, login va parol maydonlari).
  • Navigatsiya: Menyular va boshqa yo‘naltiruvchi elementlar.

Animatsiyalar

  • Button (tugma) bosilganda yoki sahifa o‘zgarganda kichik animatsiyalar foydalanuvchiga yanada tusshunarliroq bo'ladi.
  • Misol: Tugma bosilganda uning rangi o‘zgarishi yoki sahifa silliq pastga siljishi.

Moslashuvchanlik (Responsive Design)

  • UI dizayni turli qurilmalarda (kompyuter, planshet, smartfon) bir xil sifatda ko‘rinishi va ishlashi kerak.
  • Misol: Mobil versiyada menyular yashirin holatda bo‘lib, “hamburger” iconi orqali ochiladi.

UI dizaynning asosiy prinsiplari

Yaxshi UI dizayn yaratish uchun quyidagi prinsiplarga amal qilish muhim:

  1. Soddalik: Interfeysni keraksiz elementlardan xoli qilib, foydalanuvchiga faqat muhim narsalarni taqdim etish.
  2. Izchillik: Ranglar, shriftlar va buttonlar yani tugmalar dizayni butun mahsulot bo‘yicha bir xil bo‘lishi kerak.
  3. Intuitivlik: Foydalanuvchi siz chizgan interfeysni hech qanday qo‘llanmalarsiz tushuna olishi kerak.
  4. Fikr-mulohaza: Foydalanuvchi harakatlariga javob berish (masalan, tugma bosilganda vizual o‘zgarish).
  5. Estetika: Chiroyli va zamonaviy dizayn foydalanuvchining ishonchini oshiradi.

UI dizayn jarayoni nimalardan iborat?

UI dizayn tayyorlashda bir nechta bosqichlardan o‘tadi:

Tadqiqot:

Foydalanuvchi ehtiyojlari va brend talablarini tushunish.

Dizayn trendlarini o‘rganish.

Wireframe va prototiplar:

Interfeysning dastlabki sxemalarini chizish.

Interaktiv prototiplar orqali funksionallikni sinash.

Vizual dizayn:

Mockup’larga qo'yib chiqish.

Rang, shrift va iconlar tanlash.

Test qilib ko'rish:

Foydalanuvchilar bilan sinovlar o‘tkazish.

Dizaynni turli qurilmalarda tekshirish.

Integratsiya:

Dizaynni dasturchilarga topshirish va realizatsiya jarayonini nazorat qilish.


UI dizaynning afzalliklari nimada?

  • Foydalanuvchi qoniqish hissi paydo bo'lishi: Chiroyli va qulay interfeys foydalanuvchilarni jalb qiladi.
  • Brend imidji: Professional UI dizayn kompaniya haqida ijobiy taassurot uyg‘otadi.
  • Konversiya stavkalarini oshirish: Intuitiv interfeys foydalanuvchilarni sotib olish yoki ro‘yxatdan o‘tish kabi harakatlarga undaydi.
  • Raqobatbardoshlik: Zamonaviy UI mahsulotni bozorda ajratib turadi.

UI dizayn qanday dasturlarda tayyorlayman?

UI dizaynni yaratish va sinash uchun quyidagi dasturlardan foydalanish mumkin:

  • Figma: Hamkorlikda ishlash uchun ideal.
  • Adobe XD: Yuqori sifatli prototiplar yaratish uchun.
  • Sketch: Mac foydalanuvchilari uchun mashhur.
  • InVision: Prototip va testlash uchun.

Eng zo'ri Figma)


Xulosa

UI (Foydalanuvchi Interfeysi) foydalanuvchilarning mahsulot bilan o‘zaro ta'sirini shakllantiruvchi muhim elementdir. U vizual estetika, funksionallik va intuitivlikni birlashtirib, foydalanuvchi tajribasini yaxshilaydi. Yaxshi UI dizayn soddalik, izchillik va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan yondashuvga asoslanadi.

Tavsiya etilgan resurslar:

  • Kitob: "The Design of Everyday Things" by Don Norman
  • Web-sayt: Dribbble, Behance (ilhomlanish uchun)
Agar dars qiziqarli bo'lgan bo'lsa telegram kanalimga a'zo bo'lishni unutmang Hurmat bilan Mavlono