Husunbuzar - yuzni buzar (Mega biology Companies produce)
Husnbuzar – yuzni buzar
“Husnbuzar erkak yuzining chiroyi” degan gaplar haqiqatdan ancha yiroq hisoblanadi. U qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar egasiga juda ko‘p noqulayliklar keltirib chiqaradi. Avvalo shuni qayd etib o‘tish kerakki, yuzdagi husnbuzarlar erkaklik yoki balog‘atga yetishning emas, balki organizmdagi qaysidir organning noto‘g‘ri ishlayotgani yohud organizmda zararli bakteriyalar mavjudligining belgisi hisoblanadi. Agar siz o‘smirlik yoshida bo‘lsangiz yoki o‘smirlikdan ancha o‘tib ketgan bo‘lsangizu husnbuzarlar hali ham sizni ta’qib qilayotgan bo‘lsa darhol ular bilan kurashish choralarini ko‘rishni boshlang.
Yuzdagi husnbuzarlarning kelib chiqish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, bunga stress, ortiqcha asabiylashish, ichak parazitlari (askarida, nana, gijjalar), qabziyat (ichning qotishi), qonda zararli bakteriyalarning mavjudligi, yuz terisida zararli bakteriyalarning mavjudligi sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois avvalo dermatolog vrach ko‘rigiga hamma ishingizni yig‘ishtirib, tez orada borishingizni maslahat beraman. Yuzingizdagi husnbuzarlar yo‘qolgach o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ortadi, o‘z-o‘zidan yuzingizga tabassum yugurganini sezmay qolasiz.
Maqola boshida aytilganidek husnbuzarlar bir necha sabablarga ko‘ra kelib chiqadi. Faqat yuzni davolab organizm ichiga e’tibor bermaslik, natijani tuzatib, sabab bilan qiziqmaslik degani, bu esa sizni husnbuzarlardan uzoq vaqt azob chekishingizga sabab bo‘ladi. Husnbuzarlari mavjud kishilar ozodalikka qattiq rioya qilishlari lozim bo‘ladi, ayniqsa kiyim-kechak masalasida, yuz va badan sochiqlarini ikki kunda almashtirish, sochiqlarni yuvish jarayonida qaynatish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari oshqozon-ichak faoliyatiga ham e’tibor bering. Ichingiz qotib qolmasligiga harakat qiling, ko‘katlarni ko‘proq iste’mol qiling, yetarlicha suv iching, dukkakli mahsulotlardan biroz tiyiling.
Sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi ham husnbuzarlardan qutilishga yordam beradi.
Maqola so‘ngida barchangizga sog‘lik-salomatlik, chiroyli, ko‘rkam va sog‘lom chehra tilab qolamiz.