March 5, 2020

Gulli o‘simlikning jinsiy ko‘payishi

Gulli o‘simliklarda jinsiy hujayralar – changchining changdonida, urug‘chining urug‘kurtagida yetiladi. Chang xaltasidagi diploid mikrosporotsit hujayra meyoz yo‘li bilan bo‘linib, 4 ta
mikrosporani hosil qiladi. So‘ng har bir mikrospora mitoz yo‘li bilan bo‘linib
ikkita: yirik vegetativ va mayda generativ hujayralarga ega chang donasiga
aylanadi. Generativ hujayra yana mitoz usulida ikkiga bo‘linib ikkita spermiyni
hosil qiladi

Tugunchaning urug‘kurtagidagi diploid to‘plamli megasporotsit hujayra
meyoz bo‘linishdan so‘ng 3 ta mayda, 1 ta yirik hujayra – megasporani hosil
qiladi. Mayda hujayralar tezda nobud bo‘ladi. Megaspora 3 marotaba mitoz
yo‘li bilan bo‘linadi va sakkiz yadroli murtak xaltasini hosil qiladi. Murtak
xaltaning bir qutbida uchta, ikkinchi qutbida ham uchta, markazida esa ikkita
hujayraning o‘zaro qo‘shilishidan hosil bo‘lgan markaziy hujayra joylashadi.
Murtak xaltasining mikropile tomonidagi uchta hujayrasining o‘rtadagi
yirikrog‘i tuxum hujayra hisoblanadi

Changlanishdan so‘ng urug‘chi tumshuqchasiga tushgan chang asta-sekin
o‘sa boshlaydi. Uning vegetativ hujayrasi o‘sib, uzun va ingichka naycha-
chang yo‘lini hosil qiladi. Chang naychasi urug‘chi tugunchasi tomon o‘sib
urug‘kurtakka yetib boradi. Hosil bo‘ lgan ikkita spermiy chang naychasi
orqali urug‘kurtakdagi murtak xaltaga kiradi. Spermiylardan biri tuxum
hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra bilan qo‘shiladi. Bu jarayon gulli
o‘simliklarda qo‘sh urug‘lanish deb ataladi