September 18, 2024

"O‘zbekiston-2030" - taraqqiyot  uchun 100ta maqsad!

Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida "O‘zbekiston-2030" strategiyasi tasdiqlanganligidan xabaringiz bor.

Ushbu strategiyaning har bir maqsadini, uning ahamiyatini aholining har bir qatlamlariga yetkazish nihoyatda muhim. Shu sababli Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi "Kutilgan fursat" medialoyihasini ishga tushirgan. Ushbu loyihada har bir maqsadning tub mohiyati, erishish lozim bo‘lgan natijalari o‘sha sohaning mutaxasislari va olimlari tomonidan sodda va batafsil tushuntirib beriladi. Axir "O‘zbekiston-2030" strategiyasi amalda ishlashi uchun avvalo xalqimiz bundan xabardor bo‘lishi, qo‘llab quvvatlashi va ergashishi lozim.

"O‘zbekiston-2030" strategiyasida yurtimiz taraqqiyoti uchun bajarilishi lozim bo‘lgan 100 ta maqsad belgilangan.

Shulardan biri "O‘zbekiston-2030" strategiyasining 42-maqsadi: "Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va ommalashtirish bilan bog‘liq faoliyatni yanada takomillashtirish" g‘oyasidir.

Ajdodlar merosini o‘rganish, uni yosh avlodga o‘rgatish, jahon axborot tarmoqlarida va mahalliy OAVda keng targ'ib qilish kun sayin o‘zligimizni anglab borayotgan bir davrda muhim jarayonga aylandi.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismailova ham kechagi nutqida madaniy merosimizni o‘rganish, targ‘ib qilish masalasidagi fikr-mulohazalari bilan bo'lishdi.

- Yurtimiz uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega. O‘zbekistonda mavjud tarixiy obidalar, muzeylarimizda saqlanayotgan osori-atiqalar, bularning barchasini tadqiq etish, asrash va kelajak avlodlarga ham yetkazish barchamizning burchimizdir! - deydi Jannat Xamidovna

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi jamoasining ushbu loyihaga tashrifi "O‘zbekiston-2030" strategiyasini to‘liq qo'llab quvvatlashimizni, undagi maqsadlarni amalga oshirish, xalqimizning taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish uchun jamoaning har bir a'zosi bor kuch-quvvati bilan harakat qilishini ifodalaydi.

©️ O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi axborot xizmati