Toshkent muzeyida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi
Bugun, 20-sentabr kuni O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining filiali - Toshkent muzeyida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, arxitеktura fanlari bo‘yicha falsafa doktori - O‘lmasov Akmaljon Fozilovich "O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi restavratsiya faoliyati" mavzusida ilmiy-amaliy seminarini o'tkazdi.
Seminar gibrid shaklda tashkil etildi. Ya'ni, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti xodimlari va talabalari bevosita Toshkent muzeyining o‘zida ishtirok etgan bo‘lsalar, soha vakillari, mutaxasislar va boshqa qiziquvchilar Zoom platformasi orqali online qatnashdilar.
Akmaljon Fozilovich seminar davomida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining tashkil etilishi, Markaziy Osiyo hududida arxeologiyaning rivojlanishi, muzeylardagi faoliyat turlari, eksponatlarni saqlash va restavratsiya qilish tartib qoidalari hamda boshqa aloqador mavzular yuzasidan chuqur tahliliy va foydali ma'lumotlarni ta'kidlab o‘tdi, restavratsiya jarayoni bilan bog‘liq ish qurollarini batafsil tanishtirdi hamda ba'zi tajribalarni amaliy tarzda ko‘rsatib berdi.
Seminar qatnashuvchilarga ma'qul bo‘lganligini ularning sohaga doir bergan savollari va seminardagi faol ishtiroklaridan bilish mumkin. Ushbu seminar barcha qatnashchilarga birdek manzur bo‘ldi degan umiddamiz.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ajoyib ilmiy-amaliy seminar uchun O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, arxitеktura fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘lmasov Akmaljon Fozilovichga chuqur minnatdorlik izhor etadi va olimning keyingi ilmiy izlanishlarida muvaffaqiyat tilaydi.