"Iqtisodchi bo‘ladimi, siyosatchi bo‘ladimi, har kim tarixni bilishi lozim" - TDIU birinchi prorektori
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O'zbekiston tarixi davlat muzeyi o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti asosiy binosida hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion hamkorligini ta’minlash maqsadida "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi o‘rtasida kafedra filialini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlik shartnomasi maqsadi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni talablarini bajarish, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim tashkiloti, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi innovatsion korporativ hamkorlikni yo‘lga qo‘yish” bo‘yicha qarori ijrosini ta’minlash, raqobatbardosh kadrlarni maqsadli tayyorlash va ta’lim-tarbiyani takomillashtirish sohasida o‘zaro munosabatlar samarasini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi filialini ochish orqali o‘zaro uzoq muddatli hamkorlik olib borishdan iborat.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan TDIU birinchi prorektori Sultonali Mehmonov oliy ta’lim sohasida tarixni o‘rganishning dolzarbligi haqida fikr bildirib o‘tdi.
- Bir safar universitetimizga chet eldan mehmonlar tashrif buyurdi. Dasturga muvofiq ularni tarix muzeyiga olib bordim va ekskursiyani chetdan kuzatdim. O‘sha kuni tarixga bo‘lgan mehrim oshib ketdi. Iqtisodchi bo‘ladimi, siyosatchi bo‘ladimi har kim tarixni bilishi lozimligini tushundim - deydi Sultonali Umaraliyevich.
Shuningdek, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi filiali ochilishi borasida universitet talabalari va professor o‘qituvchilari o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdilar.
Jumladan, Tarix fanlar doktori, professor Naim Oblomurodov O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi ilmiy kengash bilan hamkorlik qilish va ilmiy ishlarni himoya qilish bo‘yicha taklif bildirgan bo‘lsa, yana bir tarix fanlari doktori Oybek Rashidov dinlar tarixini talabalarga chuqurroq o‘rgatish borasida muzey bilan hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
So‘zga chiqqan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismailova ham tarix fanlaridan berilgan uyga vazifalarni bajarish uchun muzey eng ma’qul ilmiy maskan ekanligini ta’kidladi
- Tez kunda muzeyimizning yangilangan ekspozitsiyasi ochilishida eng avval Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasini ko‘rishni istaymiz. - deydi Jannat Xamidovna.
Imzolangan hamkorlik shartnomasi esa bildirilgan takliflarning ijrosi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi