Jimin yakkaxon yulduz maqomi va o‘ziga ishonch topishi haqida: “Men savollar berishdan qo‘rqmadim.”
BTS vokalisti o‘zining yakkaxon yulduz sifatidagi muvaffaqiyati, o‘ziga ishonch topgani, noyob vokal uslubi va “They Don’t Know ’Bout Us” qo‘shig‘ini yozish jarayoni haqida.
BTS a’zolaridan kim eng baland notalarni ola oladi deb so‘ralganda, hamma bitta insonni ko‘rsatadi — Park Jimin.
“Jiminning diapazoni boshqalarnikidan ancha keng,” — deydi Kim Taehyung.
Ammo Jiminning o‘zi hali ham o‘z ovozidan yoki ijodining boshqa jihatlaridan to‘liq qoniqmagan.
U BTS ga eng oxirgi qo‘shilgan a’zo bo‘lib, vokal emas, balki zamonaviy raqs tajribasiga ega edi:
“Debyut qilganimizda o‘zimni to‘liq tayyor va ishonchli his qilmaganman,” — degan edi u Rolling Stone bilan 2021-yildagi intervyusida.
Guruh bilan ko‘plab unutilmas studiya ishlariga va yakkaxon tarixiy muvaffaqiyatlariga qaramay — uning 2023-yildagi “Like Crazy” singli uni Hot 100 chartida birinchi o‘rinni egallagan ilk koreys yakkaxon artistga aylantirdi — u hali ham go‘yo nimanidir “yetkazib olish” kerakdek harakat qiladi.
“Men o‘zimni perfektsionist deb atay olamanmi, bilmayman,” — deydi u fevral oyida Seul dagi HYBE shtab-kvartirasida o‘tkazilgan intervyuda.
— “Har kim muvaffaqiyatga erishishni xohlaydi, men ham. Shuning uchun bu istakdan voz kechish — men uchun butunlay taslim bo‘lishdek. Shuning uchun undan voz kecha olamanmi — bilmayman.”
Jurnalist: “ARIRANG” chiqishiga bir oy qolganida o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
Jimin: Juda asabiylashyapman. Rostdan ham juda hayajondaman. Reliz yaqinlashmoqda, oradan esa ancha vaqt o‘tdi. Shu vaqt davomida hayajon bilan birga qo‘rquv ham bor edi. Men juda yaxshi ish qilishni xohlayman.
Jurnalist: Siz yakkaxon ijodda juda katta muvaffaqiyatga erishdingiz. Bunday tez va katta natijani kutganmidingiz?
Jimin: Yo‘q, umuman kutmagandim. Bunday reaksiyadan chin dildan minnatdorman. Ammo shu jarayonda hali oldimda uzoq yo‘l borligini tushundim va kelajakda ham o‘z ustimda ishlashni davom ettirmoqchiman.
Jurnalist: Shunday katta hitlardan keyin yana nimani yaxshilamoqchisiz?
Jimin: Eng avvalo, qo‘shiq aytishimni yaxshilamoqchiman. O‘rganishni, ko‘proq mashq qilishni va rivojlanishni xohlayman.
Bundan tashqari, yaxshiroq yozishni istayman. Yaxshi konseptga ega albomlar yaratmoqchiman. Oxir-oqibat mening ishim — yaxshi qo‘shiqlar yozish va ularni yaxshi ijro etish.
Jurnalist: Siz o‘zingizga juda qattiq talab qo‘ymayapsizmi?
Jimin: Unchalik emas. Hozir men hayotdan juda zavqlanyapman. BTS a’zolari bilan mashq qilish — bu haqiqiy zavq. Repetitsiyalarda juda maroqli vaqt o‘tkazamiz. Sahna tomon chiqishni sabrsizlik bilan kutyapman.
Jurnalist: Harbiy xizmatda siz ko‘plab mukofotlarga ega bo‘lgansiz. Nima uchun siz shunchalik yaxshi harbiy bo‘ldingiz deb o‘ylaysiz?
Jimin: Qanday qilib bu haqda bilib oldingiz bilmadim, lekin boshida… armiyada hamma biz mashhur ekanimizni biladi, to‘g‘rimi? Shuning uchun yaxshi taassurot qoldirish uchun ko‘p harakat qildim.
Keyin esa shunchaki ko‘proq ta’til kunlari olish uchun harakat qildim (kuladi).
Jurnalist: Balki trainee davridagi tayyorgarlik sizni bunga tayyorlagandir?
Jimin: Ha, biz juda ko‘p raqs qilamiz va jismoniy formamiz yaxshi edi, shuning uchun ma’lum darajada tayyor edik. Lekin baribir boshqalarga nisbatan yosh farqi bor edi, shuning uchun ba’zi cheklovlarni his qilardim. Men ko‘pchilikdan taxminan 10 yosh katta edim.
Jurnalist: Demak, siz boshqa askarlar bilan yugurishda musobaqalashmagan ekansiz?
Jimin: Yo‘q, aslida musobaqalashganman! Jeon Jungkook bilan birga yozilganmiz — u birinchi o‘rinni oldi, men esa ikkinchi bo‘ldim.
Jurnalist: Harbiy xizmatdan bo‘shatilganingizdan keyingi birinchi kun qanday o‘tdi?
Jimin: Juda g‘alati his edi. Men shunchaki xursand bo‘laman deb o‘ylagandim, lekin hammasi bundan murakkabroq ekan…
So‘z bilan ifodalash qiyin. Men armiyada boshdan kechirgan hamma narsani o‘yladim. Birga mashq qilgan do‘stlarimni, ofitserlarni esladim.
Keyin esa o‘yladim: bu endi yana sahnaga qaytishim mumkin deganimi?
Bularning barchasi tarqoq fikrlar bir vaqtning o‘zida menga yopirilib keldi, shuning uchun men nimani his qilganimni ta’riflash qiyin.
Jurnalist: 2021-yilda biz suhbatlashganimizda siz o‘zingizni guruhdan tashqarida tasavvur qila olmasligingizni aytgandingiz. O‘shandan beri siz guruhdan tashqarida ham juda ko‘p narsalarni katta muvaffaqiyat bilan qildingiz. Bu guruhdagi rolingiz haqidagi fikringizni qanday o‘zgartirdi?
Jimin: Mening fikrlarim o‘zgarmadi. Agar o‘zgargan bo‘lsa ham, asosan shunday: BTS va BTS tarkibida muvaffaqiyat men uchun hali ham eng asosiy ustuvorlik, lekin men individual sifatida ham eng yaxshi qo‘shiqchi bo‘lishni xohlayman.
Guruhdagi do‘stlarimning hammasi juda ajoyib, shuning uchun men hamkasb sifatida o‘zimning qiymatimni oshirishga va ularning soyasida qolib ketmaslikka ehtiyoj sezaman.
Jurnalist: Sizning yakkaxon musiqangizni eshitganimda, masalan Be Mine yoki Who kabi qo‘shiqlarda, men sizning raqsdagi o‘tmishingizni eshitgandek bo‘laman. Bu ritm va kuylash uslubingizga ta’sir qiladimi?
Jimin: Bu qo‘shiqlar ustida prodyuserlarim bilan ishlaganimda, biz ularni men raqsga tushishi uchun juda yaxshi qo‘shiqlar qilishni o‘ylaganmiz.
Ayniqsa Be Mine da hatto men muxlislar bilan ulashmoqchi bo‘lgan raqs ham o‘ylab topgan edik, lekin armiyaga ketishim kerak bo‘lgani uchun bu qiyin bo‘ldi.
Jurnalist: Sizning kuylash uslubingiz juda o‘ziga xos. Ba’zan siz boshqa a’zolarga qaraganda R&B ta’siridan kamroq ta’sirlangandek ko‘rinasiz. Bu juda noyob. Siz o‘z uslubingizni qanday ko‘rasiz?
Jimin: Rostini aytsam, ovozim shunchaki… men u bilan tug‘ilganman. Har qanday ta’sirdan tashqari, men uni ota-onamdan olganman.
Lekin sizning yaxshi so‘zlaringiz uchun juda minnatdorman. Rostini aytsam… BTS a’zolarining o‘zi menga eng katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak. Chunki ular mening ovozimni trainee davrimdan beri eshitishgan.
Aynan ular menga ovozim yaxshi ekanini aytishgan va qo‘shiqlarni tavsiya qilishgan. O‘sha tavsiyalar menga juda katta ta’sir qilgan.
Jurnalist: Qaysi qo‘shiqlarni tavsiya qilishardi?
Jimin: Justin Bieber va Chris Brown… turli qo‘shiqchilar bor, lekin menga asosan R&B tavsiya qilishgan. Masalan, Trey Songz yoki Tory Lanez — men trainee bo‘lgan paytda mashhur bo‘lgan ijrochilar.
Jurnalist: “ARIRANG” albomidagi muhim qo‘shiq — They Don’t Know ’Bout Us. Bu qo‘shiq haqida gapirib bering.
Jimin: Bir kuni kechqurun RM bilan ishdan keyin gaplashayotgan edik va shu ibora o‘sha suhbat davomida paydo bo‘ldi.
Dastlab ifoda “Sen meni zaif qilasan” edi, chunki men muxlislarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu edi. Sizlar bizni shakllantirasizlar. Siz doim bizga go‘yo juda ajoyib insonlardek qaraysizlar.
Ammo shu sababli bizda o‘sish uchun joy qolmaydi. Men shu hissiyotni ifodalamoqchi edim — ular bizni hatto zaif qilishi mumkin degan fikrni.
They Don’t Know ’Bout Us shu muhokamadan tug‘ildi. Keyinchalik u boshqa a’zolarning fikrlari bilan kengaydi, lekin boshida g‘oya shunday edi: hech kim bizning qanchalik zaif ekanimizni bilmaydi.
Jurnalist: Albom yaratish jarayoni bu safar butunlay boshqacha bo‘ldi.
Jimin: Biz qo‘shiqlar ustida ishlaganimizda, go‘yo fabrika kabi ishladik. Har bir prodyuser to‘rtta studiyadan birida joylashgan edi va biz 2–3 kishilik guruhlarga bo‘linardik.
Har kuni almashib ishladik: bir prodyuser bilan butun kun, keyingi kuni boshqasi bilan. Bu deyarli ikki oy davom etdi.
Shu jarayonda 100 dan ortiq qo‘shiq yaratdik.
Jurnalist: Yakkaxon ijodingiz “ARIRANG” ustidagi ishga qanday ta’sir qildi?
Jimin: Yakkaxon faoliyatim orqali men ma’lum bir fikrlash tarzini o‘rgandim. Qo‘shiq yozishdan kamroq qo‘rqishni o‘rgandim.
Shu tajriba tufayli yangi guruh albomi ustida ishlashni boshlaganimda… o‘zimni “juda zo‘r ish qildim” demayman, lekin savol berishdan qo‘rqmadim va doim harakat qilishda davom etdim.