April 21

V: “Men bu albomni yaratishga o‘zimning butun borlig‘imni bag‘ishladim”

BTS guruhining vokalisti yaqinlashib kelayotgan yakkaxon ishlari, guruhdagi eng kuchli a’zolardan biri bo‘lish hissi, jamoaviy ego bilan kurashish va boshqa ko‘plab mavzular haqida so‘zlab berdi.

V bolaligining katta qismini Janubiy Koreyaning janubidagi kichik shahar — Gojhan da buvisi bilan o‘tkazgan. Aynan o‘sha yerda u eski musiqa — Chet Baker, Frank Sinatra va Elvis Presley kabi san’atkorlarga mehr qo‘ygan.
Shu bilan birga, u o‘ziga xos o‘ychan va jozibali aurani ham shakllantirgan — bu esa uni guruhdoshlaridan ajratib turadi.

Uning ovozi ham shunga mos — tutunli bariton. Bu ovozini u o‘zining atmosfera bilan boyitilgan debyut mini-albomi — Layoverda to‘liq namoyon qildi. U har doim BTS ovozining muhim qismi bo‘lib kelgan, shuningdek, “ARIRANG” albomida qo‘shiq muallifi sifatida ham muhim hissasini qo‘shib, “Into the Sun” kabi asosiy treklarni yaratgan.

U bu borada sokin ishonchga ega ko‘rinadi, faqatgina Jimin uchun oson bo‘lgan baland notalarni olishdagi qiyinchiligini istisno qilganda.

Men past registrda kuylayman,” — deydi u fevral oyida Seuldagi HYBE bosh qarorgohida o‘tkazilgan intervyuda.

— “Ammo men ko‘p narsani o‘rgandim. Oldingi albomlarimizdan saboq olib yaxshilandim, lekin bu men uchun har doim qiyinchilik bo‘lib qoladi.”

INTERVYU:

Jurnalist: 2022-yilda tanaffus boshlanishi aniq bo‘lganida nimani his qilgansiz? Axir siz uzoq vaqt davomida faqat guruh hayotini bilardingiz.

Taehyung: Armiyada bo‘lganimizda, xohlasak ham sahnaga chiqa olmaymiz. Shu sabab men sahnani juda sog‘indim. Albom chiqarishni, qo‘shiq aytishni, raqsga tushishni xohladim. Bu... istak edi, ehtimol ehtiros. Ammo biz mamlakatimiz uchun kerak edik, shuning uchun vaziyatdan maksimal foyda olishga harakat qildik. Shu bois bir muddat BTS dagi V obrazini unutib, Kim Taehyung sifatida yashashga e’tibor qaratdim.

Jurnalist: Siz armiyadan qaytgach ong va tanangizni “qayta sozlaganingiz”ni aytgansiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

Taehyung: Bu men uchun juda muhim edi. Armiyada uzoq vaqt bo‘lishimni bilardim, shuning uchun uni behuda o‘tkazmaslik haqida ko‘p o‘yladim. Avvalo qadriyatlarim va sog‘lig‘im haqida.

Ichki dunyomni tartibga solishga harakat qildim, o‘zimni tahlil qildim va kelajakda qanday inson bo‘lishni xohlayotganimni tasavvur qildim. Shu bir yarim yil davomida juda ko‘p mashq qildim, ko‘p kitob o‘qidim, ko‘p musiqa tingladim. Bu esa tanam va ongimni tiklashga yordam berdi.

Jurnalist: O‘qigan kitoblaringiz ichida eng muhim bo‘lgani qaysi?

Taehyung: Bir do‘stimdan tavsiya so‘radim, u esa menga Han Kang va Keigo Higashino kitoblarini tavsiya qildi. Asosan shularni o‘qidim. Yana “Eleven Steps” degan falsafiy kitob ham bor edi.

Bu kitoblarni o‘qir ekanman, o‘zimni hikoya ichida tasavvur qilardim — xuddi qahramonga aylanib ketgandek. O‘sha paytda xayollarim juda chuqur edi. Bu yordam berdimi? Bilmayman.

Jurnalist: ARMY sizni yanada ishonchliroq bo‘lib qolgandek deyapti. Siz ham shuni his qilasizmi?

Taehyung: Aslida mashq qilganimdan keyin o‘zimni boshqacha his qilayotganimni angladim — ham tashqi, ham ichki tomondan. Shuning uchun hozir o‘zimni ancha ishonchliroq his qilyapman.

Jurnalist: Siz yakkaxon musiqangizga juda ehtiyotkorlik bilan yondashasiz — ko‘p qo‘shiqlar yozib, keyin chiqarmaysiz. “Layover”ni yakunlab, chiqarish siz uchun nimani anglatdi?

Taehyung: “Layover” menga BTS dagi V sifatida bosib o‘tgan yo‘limga qayta nazar tashlash zarurligini his qilgan paytimda keldi.

Layover” — bu yo‘lda qisqa to‘xtash degani, lekin men uchun bu hayotimning to‘g‘ri chiziq emasligini anglatadi.

Men shuni demoqchiman: men bunday musiqa yaratishim mumkin, lekin boshqa ko‘plab uslublarni ham yaxshi ko‘raman. Jazz, klassika, hatto alternativ musiqani ham. Shu sabab buni ARMY va tinglovchilarimiz bilan bo‘lishishni xohladim.

Men musiqani chin yurakdan sevaman. “Layover” — bu mening o‘zim.

Jurnalist: BTS ning yangi albomi sizning yakkaxon ishlaringizdan ancha farq qiladi. Ushbu albom ustida ishlashda o‘zingiz oldingizga qanday shaxsiy maqsadlar qo‘ydingiz?

Taehyung: Avvalo va eng muhimi — bu albomda mening uslubimga mos kelmaydigan birorta ham qo‘shiq yo‘q. Har bir qo‘shiq mening didimga mos, aynan men yaratishni istagan musiqadir. Menimcha, bu janr jihatidan o‘rganmoqchi bo‘lgan yana bir qirram edi.

Shuning uchun men bu albomni yaratishga o‘zimning butun borlig‘imni bag‘ishladim — unda juda ko‘p mehr bor. Men aynan shu “ARIRANG” albomini nazarda tutyapman.

Jurnalist: Ushbu albomda sizning eng sevimli oningiz bormi — o‘zingizniki yoki boshqa a’zolarnikidan?
Taehyung: Biz juda ko‘p qo‘shiqlar ustida ishladik, ularning orasida menga juda yoqqan, lekin albomga kirmagan treklar ham bor. Albatta, yakuniy ro‘yxatga kirganlar orasida ham sevimlilarim bor.

Ammo eng ko‘p... men sahnaga qaytishni kutyapman. Chunki mening sevimli qo‘shiqlarim har doim ularni jonli ijro qilganimizda o‘zgaradi.

Jurnalist: Yetti kishilik guruhda ovoz makoni cheklangan bo‘ladi. Ba’zida ego aralashadimi? Masalan: “Men bu qo‘shiqda ko‘proq ishtirok etishni xohlardim” yoki “Men ko‘proq kuylagan qo‘shiq albomga kirmadi” kabi?

Taehyung: Men ko‘proq o‘z vazifamni yaxshi bajara olishim haqida qayg‘urardim. Chunki biror narsani tinglash boshqa, uni o‘zing ijro etish esa butunlay boshqa masala.

Shuning uchun, hatto biror narsa menga juda yoqsa ham, uni o‘zimga mos qilib qayta talqin qilish uchun juda ko‘p harakat qilishim kerak.

Agar mening partiyam kamroq bo‘lsa yoki qo‘shiqda markaziy o‘rin egallamasam, bundan yomon his qilmayman. Chunki bu o‘rinni boshqa a’zo egallaydi. Hatto biroz yengillik ham his qilaman.

Faqatgina bir narsa bor — agar biz yettalamiz bir qo‘shiqda “mos kelmasak”, unda uni umuman chiqarmaymiz.

Jurnalist: Menimcha, guruh barchani deyarli teng his qilishiga erishadi.
Taehyung: To‘g‘ri. Har birimiz yakkaxon faoliyat olib borganimiz uchun, har kimning individual egosi kuchaygan. Men bu qayta birlashganimizda nimanidir o‘zgartiradi deb o‘ylagandim.

Ammo aksincha — biz bir-birimizni yanada kuchaytirdik va natijada albom yanada yaxshiroq chiqdi. Shuning uchun ishimiz oldingidan ham sayqallangan deb o‘ylayman.

Jurnalist: Sizda yakkaxon pop-yulduz bo‘lish istagi umuman yo‘q, deyish to‘g‘rimi?

Taehyung: Agar umuman istagim bo‘lmaganida, unda artist bo‘lishni ham to‘xtatishim kerak bo‘lardi, to‘g‘rimi?

Men bu albom ustida ishlash jarayonida boshqa a’zolardan juda ko‘p narsani o‘rgandim, ularning yo‘llarini kuzatib, ko‘p tajriba oldim.

Shuning uchun keyingi yakkaxon albomimni yaratish vaqti kelganda, har bir a’zoning eng yaxshi tomonlarini o‘zlashtirishni rejalashtiryapman.

Jurnalist: “Winter Ahead” kabi qo‘shiqlarda jaz ohangi juda chiroyli eshitiladi. Ammo siz pop albom chiqarish ehtimolini ham inkor qilmayapsiz, to‘g‘rimi?

Taehyung: Ha. Bu ham men yoqtiradigan uslub — men intilgan yo‘nalishlardan biri.
Qachon bo‘lishini bilmayman, lekin bir kun kelib bu janrni albatta sinab ko‘rishni xohlayman.

Jurnalist: ARMY sizning aktyorlik iste’dodingizni yaxshi ko‘radi, lekin ular siz tirik qoladigan rolni ham ko‘rishni xohlaydi. Yana suratga tushasizmi?
Taehyung: Aktyorlikka bo‘lgan yondashuvim musiqaga o‘xshaydi. Rol ijro etish — bu real hayotda yashay olmaydigan turli obrazlarni sinab ko‘rish imkoniyati.

Xuddi shunday, men o‘zimni faqat bitta musiqiy janr bilan cheklashni xohlamayman.

Menga yoqadigan har bir janrni his qilishni xohlayman. Va agar imkoniyat bo‘lsa, kelajakda turli xil rollarni ham sinab ko‘rishni istayman.

Jurnalist: Agar ARMY ga tanishtirmoqchi bo‘lgan bitta jazz ijrochini tanlash kerak bo‘lsa, kimni tanlardingiz?

Taehyung: Oh, ular juda ko‘p! Ammo... Etta James!

MANBA: Rolling stone

TARJIMA: Min Sua✨