April 20

SUGA: “Men bu ishga juda mos kelaman”

BTS rapperi va prodyuseri o‘zining “ARIRANG” albomi ustida ishlashdagi hissasi, hip-hopga bo‘lgan muhabbati va BTS ning kelajagi haqida.

Aytishlaricha, SUGA (Min Yoongi) o‘z taxallusini shooting guard (hujumkor himoyachi) atamasidan olgan. Ammo u bunga boshqa, o‘ziga ko‘proq mos keladigan ma’noga e’tibor qaratishni afzal ko‘radi:

“Bu taxallus ba’zan juda kuchli texnikaga ega sportchilarga beriladi,” — deydi u, misol sifatida Shuga Rey Leonard va UFC jangchisi “Shuga” Shon O’Mellini keltirib.

Rapper sifatida SUGA zamonaviy flow larning go‘yoki cheksiz arsenaliga ega bo‘lib, amerika hip-hopining rivojlanishini diqqat bilan kuzatadi.
U faoliyatini o‘zining tug‘ilgan shahri Daegu da prodyuser sifatida boshlagan va hanuzgacha bitlar yaratishni to‘xtatmagan — 2023-yildagi “D-Day” albomining katta qismini o‘zi prodyus qilgan hamda “ARIRANG” uchun Come Over bonus trekini ham ishlab chiqqan.

Studiyada u ko‘proq tinglaydi, kamroq gapiradi va a’zolar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda vositachi rolini bajaradi. Fevral oyida Seul dagi HYBE shtab-kvartirasida o‘tkazilgan intervyuda u BTS dagi faoliyatini “bu ish” deb ataydi, lekin uni chin dildan yaxshi ko‘rishini ham yashirmaydi.

Jurnalist: 2023-yilda siz Agust D nomi ostidagi trilogiyangizni yakunladingiz. Bu sizga hayotda va ijodda oldinga yurishga tayyorlik hissini berdimi?

Yoongi: Ha, va shundan keyin darhol armiyaga ketdim. Trilogiyani tugatganimdan so‘ng o‘zimni ancha qat’iy his qildim. Go‘yo Agust D hikoyasi yakunlangandek edi... Oxirgi albomdan keyin ichimda hech qanday salbiy hissiyot qolmadi.

Jurnalist: Siz o‘zingizda doim g‘azab bo‘lganini aytgansiz. Bu qayerdan kelgan?

Yoongi: Yoshligimda menda qandaydir o‘zini past baholash kompleksi bo‘lgan. Yana jamiyatdan ham biroz hafsalasi pir bo‘lish hissi bor edi. O‘ylaymanki, bu ikkalasining aralashmasi edi.

Jurnalist: BTS ni qiziqarli qiladigan jihatlardan biri — sizlar odatiy idol guruhlariga o‘xshamaysiz. Sizning fikrlashingiz ham an’anaviy idol obraziga mos kelmaydi.

Yoongi: Men Daegu da musiqa bilan shug‘ullanayotganimda idol guruhlarni uncha tushunmasdim. Keyin guruhga qo‘shilgach... bu juda katta mehnat, juda tig‘iz jadval ekanini bildim. Oson emas. Ammo hozir o‘rganib qolganimdan so‘ng, men aslida bu ishga juda mos kelaman deb o‘ylayman.

Jurnalist: Albom ustida ishlashni boshlaganingizda uning qanday jaranglashini tasavvur qilgandingiz va natija bilan qanchalik mos tushdi?

Yoongi: Asosiy maqsadimiz — sizlar bizdan ilgari eshitmagan mutlaqo yangi ovoz yaratish edi. Menimcha, bu juda yaxshi ishlangan pop-albom bo‘ldi va biz bundan juda mamnunmiz. Juda ko‘p qo‘shiqlar yozish, ularni qayta-qayta tahrirlash oson emasdi, lekin jarayon juda qiziqarli bo‘ldi. Shu sababli yaxshi natijaga erishdik deb o‘ylayman.

Jurnalist: Siz shaxsan qaysidir trek uchun “kurash” olib bordingizmi?

Yoongi: Menimcha, eng muhimi — muvozanat. Shuning uchun biror trekda qattiq turib olmadim. Ko‘proq boshqalarning fikrini tinglash va ular o‘rtasida vositachi bo‘lishga vaqt ajratdim. Oxir-oqibat hammasi juda yaxshi chiqdi. Menga yoqqan qo‘shiqlarning ko‘pchiligi albomga kirdi. Hatto avval yoqmaganlari ham ko‘p eshitgandan keyin yoqib qoldi. Shaxsan men albomdan juda mamnunman.

Jurnalist: 2022-yilda BTS tanaffus qilganida, siz “aytadigan gaplarim tugab qoldi” degandingiz. Bu holatdan chiqish uchun nima yordam berdi?

Yoongi: Shundan keyin men solo albom chiqardim va uning ustida ishlash juda qiyin bo‘ldi. Ammo hozir... bu borada kamroq tashvishlanishga harakat qilaman. Men har doim aytadigan gap topaman, keyin esa yana yo‘qotaman.
Hozir telefonimdagi “Notes” ilovasiga qarasam, eski yozuvlarimning ko‘pchiligi yangi ma’no kasb etganini ko‘raman. Shuning uchun ularning ayrimlarini ushbu albom ustida ishlash jarayonida ham ishlatdim. Ammo ha, bu doimiy sikl: aytadigan gapni topasiz, keyin yana uni yo‘qotasiz.

Jurnalist: Diplo bu albom uchun juda muhim bo‘lgan. Siz ham prodyuser sifatida undan nimani kuzatdingiz va nega aynan u albom tovushiga shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatdi?

Yoongi: U allaqachon K-pop artistlari bilan ko‘p ishlagan, shuning uchun jarayon va muhitni yaxshi tushunardi. Bundan tashqari, u juda sermahsul prodyuser. Bizga nafaqat yaxshi qo‘shiqlar yozadigan, balki albomning umumiy oqimi va tuzilishini ham tushunadigan inson kerak edi. Diplo bu vazifani a’lo darajada bajardi.

Jurnalist: Bilaman, siz hip-hopni uzoq va jiddiy o‘rganasiz. Agar tezda barcha davrlarning eng yaxshi MC larini aytishingiz kerak bo‘lsa, kimlarni tanlardingiz?

Yoongi: (kuladi) Avvalo, “MC” so‘zi haqida — yaqinda do‘stlarim bilan hozir bu atamani kamroq ishlatayotganimiz haqida gaplashgandik. Lekin baribir… tanlash qiyin. Men Eminem musiqasi bilan ulg‘ayganman, shuning uchun Eminem. Keyin esa Kendrick Lamar.

Jurnalist: Amerika hip-hopining hozirgi holati haqida nima deysiz? Ba’zilar u biroz to‘xtab qolgandek deyishmoqda.

Yoongi: Juice WRLD kabi iqtidorli yangi artistlarning endi yo‘qligi meni juda xafa qiladi. Ammo musiqa har doim trendlar bilan birga davriy ravishda o‘zgaradi. Hozir stagnatsiya bo‘lib tuyulayotgan narsa — vaqtinchalik holat, xolos.
Ko‘p o‘tmay hip-hop yana chartlarda yuqoriga ko‘tariladi. Menimcha, hozir o‘tish davri. Haqiqat shuki, hozir hip-hop biroz “to‘xtab qolgandek”, lekin u albatta qaytadi.

Jurnalist: Men J-Hope ga BTS ning dastlabki 10 yili o‘sish davri bo‘lganini aytgandim. Endi esa sizlar yana birgasiz va allaqachon cho‘qqidasiz. Hozirgi maqsadlaringiz qanday?

Yoongi: Biz bundan zavqlanishimiz kerak. Oldin biz juda… raqobatbardosh edik, desam bo‘ladi. Maqsadlarga erishish yo‘lida jismoniy va ruhiy holatimizga unchalik e’tibor bermagandik.
Endi esa biroz bo‘shashishimiz mumkin, ayniqsa hammamiz ulg‘ayganimizni hisobga olsak. Shuning uchun endi bundan ko‘proq zavqlanishimiz mumkin deb o‘ylayman.

Jurnalist: A’zolar kelajakda ham — 40, 50, hatto 60 yoshda ham birga chiqish qilish haqida gapirishmoqda. Siz bunga ishonasizmi?

Yoongi: Agar bizda istak bo‘lsa, 70 yoki 80 yoshda ham davom ettirishimiz mumkin deb o‘ylayman. Albatta, hozirgidek chiqish qila olamizmi — bilmayman. Lekin boshqa yo‘lini topamiz. Shuning uchun istak bor ekan, muammo bo‘lmaydi deb o‘ylayman.

Jurnalist: Sizningcha, BTS muvaffaqiyatining asl siri nimada?

Yoongi: Biz shunchaki juda kulgili odamlarmiz. Birga vaqt o‘tkazish maroqli. Va biz do‘zaxdan ham, olovdan ham birga o‘tganmiz… shuning uchun men ularni oila deb bilaman.

O‘ylaymanki, muvaffaqiyatimizning bir qismi — bizning kuchli bog‘liqligimiz. Bundan tashqari, hammamiz juda iste’dodlimiz. Shu sababli bu yo‘lda bir-birimizga ishonamiz.

Jurnalist: Jamoatchilik e’tibori ostida bo‘lish qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Boshqalar uchun mayda bo‘lgan narsalar siz uchun katta muammoga aylanishi mumkin.

Yoongi: Bu ishning bir qismi, xolos. Mening ishim — omma oldida yashash. Ba’zida bu noqulay bo‘lishi mumkin. Ammo rostini aytsam, boshqalar meni qanday ko‘rishi menga baribir. Men hech qachon o‘zim haqimdagi fikrlarni o‘qimayman. Shuning uchun bu unchalik qiyin emas deb o‘ylayman.

MANBA: Rolling stone

TARJIMA: Min Sua✨