June 5

THE WILTED BUD[So’ligan G’uncha]

[1—Epizode]

Soat millari endigina kunduzgi birdan oshganini koʻrsatardi. Ammo osmonni qoplagan qora bulutlar tufayli tashqarida xuddi yarim tunday qorongʻulik hukmron edi. Kuzning shafqatsiz sovuq jalasi Seul shahrini oʻz domiga olgandi. Ulkan va qadimiy cherkovning baland rangli vitraj oynalariga urilayotgan yomgʻirning dahshatli shovqini xuddi kimningdir ayanchli faryodidek bino ichida aks-sado berardi. Kunduzi boʻlishiga qaramay, derazalardan birorta ham yorugʻlik nuri kirmas, cherkov ichini faqat shamlar va qandillarning sargʻish, vahimali shu’lasi yoritib turardi.

Cherkov mehrobi qarshisida ikki inson turardi. Minsuning yuzini toʻy koʻylagining qalin, oppoq fatasi toʻsib turardi. Shu oppoq shoyi mato ortida qiz boʻgʻziga kelgan faryodni yutib, butun vujudi bilan qaltirar edi. Uning yuragi shu qadar telbalarcha va dahshatli urardiki, goʻyo cherkovning sovuq devorlari hozir uning qoʻrquvdan portlab ketayotgan yurak urishini eshitib qoladigandek tuyulardi.

Uning yonida esa xuddi zulmat farishtasidek qora smokingda Taehyung turardi. Uning qaddini tik tutishi, mukammal yuz chiziqlari va muzdek nigohlari bu muqaddas maskanni ham daxshatga toʻldirayotgandek edi. U qizga qaramas, koʻzlari roʻparadagi xochga qadalgan edi. Uning yuzida na quvonch, na zarracha shafqat bor edi.
Ularning roʻparasida turgan keksaygan ruhoniy Injilni ochib, goʻyo oxirat soʻroqlaridek sovuq va vazmin ovozda gap boshladi:
— Bugun biz shu muqaddas dargohda, Xudo va guvohlar qarshisida ikki yoshning taqdirini abadiy bogʻlash uchun yigʻildik... Asters oilasining kenja qizi Minsu Asters, siz hech qanday majburlovlarsiz, oʻz xohishingiz va muhabbatingiz bilan Kim Taehyungni oʻzingizning qonuniy umr yoʻldoshingiz sifatida qabul qilib, uning yaxshi va yomon kunida birga boʻlishga rozimisiz

Cherkovdagi barcha ogʻir va sovuq nigohlar oq fata ortidagi qizga qadaldi. Minsu jim edi. Uning tomogʻi gʻippa boʻgʻilgan, lablari pichirlashga ham darmonsiz edi. Na "ha" deya olardi, na "yoʻq"... Faqat dahshatli qoʻrquv uni jarlik yoqasida ushlab turardi. Tashqarida jala yanada kuchayib, cherkov tomiga goʻyo toshlar yogʻilayotgandek gumburladi.

Ruhoniy vaziyatni tushunmay qizga qarab ovozini yanada pastlatdi:

— Qizim oʻz ixtiyoringiz bilan rozilik beryapsizmi? Yoki sizni majburlashyaptimi?
Shu lahzada sukunatni Taehyungning dahshatli harakati buzdi. U sekin burilib, Minsuning muzlab, qotib qolgan qoʻlini oʻzinikiga oldi. Uning uzun, baquvvat barmoqlari qizning bilagiga shunday mahkam yopishdiki, goʻyo suyaklarini maydalab yubormoqchidek edi. Buni chetdan kuzatayotganlar kuyovning ehtirosli taskini deb oʻylashdi, ammo Taehyung qizning qulogʻiga yaqin kelib, faqatgina Minsuning tana a’zolarini falaj qilib qoʻyadigan, ich-ichidan titratib yuboradigan, vahshiyona pichirladi:
— Minsu... Menga oʻyin koʻrsatma. Toʻgʻri javobni ber, aks holda bu cherkovdan otangning oʻligini olib chiqishadi. Gʻazabimni keltirma.
Minsuning koʻzlaridan quyilib kelgan qaynoq yosh fata ostidan sizib chiqib, toʻy koʻylagining ipak matosiga tushdi. Qoʻrquv va chorasizlik uning boʻgʻzini yirtib yuborayotgandi. Lablari titrab, arang faryod aralash pichirladi:
— Ro... roziman.
Ruhoniy qoniqish hosil qilib, bosh irgʻadi va oʻzining qora, oʻtkir nigohlarini Taehyungga qaratdi:
— Kim Taehyung, siz ham Minsu Astersni oʻz xohishingiz bilan rafiqlikka qabul qilib, uni umringizning oxirigacha oʻz mulkingizdek asrashga ardoqlashga rozimisiz?

Taehyungning ovozi cherkov gumbazlarida xuddi momaqaldiroqdek vahshiy, sovuq va gʻururli yangradi:
— Uni hech qachon qoʻyib yubormaslikka doim sevib ardoqlashlikka vada beramab

— Unday boʻlsa, sizlarni Xudo va qonun oldida er va xotin deb e’lon qilaman. Kuyov kelinni oʻpishi mumkin.
Taehyung qizning yuzidagi fata matosini keskin va qoʻpol ravishda yuqoriga koʻtardi. Minsuning yigʻidan qizargan koʻzlari, qaltirayotgan lablari koʻrindi. Taehyung uning koʻzlaridagi daryoday oqayotgan yoshga qarab, labining chetida dahshatli va mamnun jilmayish qildi.

U qizning ingichka belidan shunday qattiq tortdiki, Minsu uning baquvvat koʻksiga urildi. Shundan soʻng, Taehyung uning lablaridan muloyimlik bilan emas, balki gʻajib tashlagudek shafqatsiz, egalik hissi bilan oʻpdi. Bu oʻpish sevgi emas, qullik muhriga oʻxshardi.

Tashqarida jala shu qadar quyardiki, cherkov ichidagi sargʻish chiroqlar bir oʻchib-yondi, goʻyo tabiat ham bu mudhish nikohdan larzaga kelgandek edi. Cherkovdagi nufuzli mehmonlar qarsak chalishardi, ammo Minsu oʻzini tiriklayin doʻzaxga tashlanganini his qilayotgandi. U oʻsha qora zulmat ichida, yirtqichning panjasida qolgan va asta-sekin hayoti soʻnayotgan bir gʻuncha edi... uning pokligi, yoshligi, ruhining erkinligi — hammasi mana shu tushdan keyingi qorongʻulikda oʻldi.

1 oy avval...

Kuzning tinimsiz va qora yomgʻirlari hashamatli qasrsimon uyimiz derazalarini urar, havoda qon va nafrat hidi bilan yoʻgʻrilgan aza muhiti kezardi. Uyimiz qora kiyingan, yuzlariga soxta qaygʻu niqobini kiyib olgan nufuzli biznes olami vakillari bilan toʻla edi. Kimdir burchakda qora sharob ichar, kimdir pichirlab rejalar tuzardi.
Ammo men ularning hech birini eshitmasdim, koʻrmasdim ham. Koʻz oldimda faqat bitta mudhish manzara — oppoq matoga oʻralgan, sovuq, koʻkargan lablari bilan tobutda yotgan Mina opam turardi. U bor-yoʻgʻi 25 yoshida, oʻzining eng goʻzal davrida shu dunyodan koʻz yumgandi. Rasmiy ma’lumotlarga koʻra u oʻz joniga qasd qilgandi... Ammo men haqiqatni bilardim.
Otam chekka bir xonada koʻz yosh toʻkib oʻtirardi.

Zalning eng toʻridagi hashamatli charm kresloda esa qoʻlida qimmatbaho sigaret tutatib, Taehyung oʻtirardi. U xuddi teatr tomoshasini tomosha qilayotgandek sovuqqonlik bilan minoradan Seul shahrini kuzatardi. Oʻz xotinining oʻlimi unga zarracha ta’sir qilmagandi. Unga qaraganimda tomirlarimdagi qon muzlab ketardi.
Chunki bu odamning qanchalik vahshiy yirtqich ekanligini faqat men va rahmatli opam bilardik! Tashqaridagilar uchun u olijanob tadbirkor, Seulning eng nufuzli, kelajagi porloq va kibor vorisi edi. Erka, ammo mukammal yigit. Yoʻq! Bu shunchaki quyon niqobini kiyib olgan qonxoʻr boʻri edi. Opamni ruhan oʻldirgan, uni majburlab shu koʻyga solgan vahshiy edi u!
Opam unga turmushga chiqishga majbur boʻlgandi. Onamiz vafotidan keyin Otamiz men va opamni olib, chekka qishloqdan hamma narsani yangidan boshlash uchun Seulga koʻchib kelgandik. U paytlar men hali juda yosh edim. Otam tirikchilik uchun eng xavfli, eng ogʻir ishlarga ham qoʻl urdi. Va taqdir bizni la’natlangan yoʻlga boshladi.
Bir kuni otamning qarshisidan Seulning eng qudratli biznesmenlaridan biri — Janob Kim (Taehyungning otasi) chiqibdi. U otamning soddaligi va halolligidan oʻz maqsadlarida foydalandi — uni oʻzining shaxsiy ishonchli haydovchisi va maxfiy yordamchisi qilib ishga oldi. Shundan soʻng hayotimiz tashqi tarafdan jannatga aylandi. Biz dabdabali uylarda yashar, eng qimmat kiyimlarni kiyar edik. Asters oilasi endi jamiyatning yuqori tabaqasiga qoʻshilgandi.
Oradan yillar oʻtdi. Men 18 yoshga toʻlganimda, opam Mina 22 yoshda edi. Aynan oʻsha yili Janob Kimning Amerikada maxfiy ta’lim olib, oilaviy biznesning "qora" qismini boshqarish uchun qaytgan shafqatsiz toʻngʻich oʻgʻli — Taehyung Seulga qaytib keldi. Va uning koʻzlari bizning uyimizga, anirogʻi opam Minaga tushdi. Janob Kim uyimizga kelib, otamdan opamning qoʻlini soʻraganida, rad etish oʻlim bilan tengligini hammamiz bilardik...

Davomi bor…….