~ Kimlar uchundir orzular ushalmas armondir, men uchun esa ularning eshiklari doim ochiq. ~
Kecha Minsuning ham u bilan bitta joyga ishlashga ketayotganini eshitganida, Taehyung yuzidagi istehzoli tabassumni yashira olmay qoldi. Uni oromgohda qanday qilib aqldan ozdirishini tasavvur qilishning o‘ziyoq yigitchaga cheksiz zavq bag‘ishlayotgandi. Albatta, u yerda hamma qatori mehnat qilishni rejalashtirgandi, divan yoki yotoqda ag‘anab yotib, qizchaning ishlayotganini shunchaki tomosha qilish niyati yo‘q edi. Ammo u Minsuga shunday unutilmas yozgi ta’til hadya qilmoqchi ediki, qizcha buni keragidan ortiq, juda uzoq vaqt eslab yurishi aniq edi. Minsu ancha ulg‘aygan va bu yaqqol ko‘zga tashlanardi, faqat bo‘y borasida emas, albatta. Bo‘yi o‘sha-o‘sha mitti — arang Taehyungning ko‘ksiga yetardi. Lekin qaddi qomati shunday rivojlangandiki, har qanday erkakni o‘ziga rom eta olardi. Nozik, ammo yaqqol ajralib turuvchi qomati ustidagi yopishib turgan futbolkalarida yanada jozibador ko‘rinardi. Kengroq kiygan shimlari ham uning kelishgan tos va xushbichim qomatini yashira olmasdi. Yuz tuzilishiga kelsak, lablari bolaligidagiga qaraganda ancha to‘lishgan, burun ko‘prigiga mayda, zo‘rg‘a ko‘zga tashlanadigan sepkillari sepilgandek edi — bu unga o‘zgacha bir latofat bag‘ishlab turardi.
Taehyung unga ataylab tikilmasdi, shunchaki nigohi ixtiyorsiz ravishda qizning latofatli qomatida to‘xtab qoladigan lahzalar bo‘lardi. Xarakteri esa zarracha o‘zgarmagan, o‘sha esini taniganidan beri o‘jar, isyonkor qizcha va bu Taehyungga yoqardi — har holda u bilan aslo zerikmaysiz. Doim munosabatlarida qandaydir to‘qnashuvlar bo‘lardi va yigitcha qizning ojizlarcha o‘z buyumlarini tortib olishga urinishlarini, o‘zi esa bermay baland ko‘tarib turishini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Minsuning lablari orasidan tinmay chiqib turadigan tili asabga tegsada, bolalarcha injiqlik qilayotganida bu juda qiziqarli ko‘rinardi. Unga ko‘rsatadigan o‘sha o‘rta barmog‘i ham qizchaning hali ham go‘dakligidan dalolat edi. O‘sha paytda Taehyung yo‘lga tushish oldidan yuklarini yig‘ishtirayotgan edi. Onalari bitta oromgohga amaliyotga ketayotganlarini bilishgach, go‘yoki bolalikdagi qadrdon do‘stlardek birga ketishlari uchun Taehyungni Minsuni yo‘l-yo‘lakay olib ketishga majbur qilishgandi. Ularning bu urush-janjallarini do‘stlik deb bo‘lmasdi, lekin buni kattalarga qanday isbotlashsin? — Haliyam tayyorlanyapsanmi? — eshik ortidan Kim xonimning ovozi eshitildi va Taehyung uni ichkariga kiritish uchun eshikka yaqinlashdi. — Yo‘q, tayyorman, — sumkasi yotgan karavotga yaqinlashib, xotirjam javob berdi u. — Nahotki, xonangni qachon yig‘ishtirarkansan deb o‘ylayotgandim, — Kim xonim ko‘zlarini tepaga qilib pichirladi, Taehyung esa sumkaning zanjirini tortarkan, sekin kulib qo‘ydi. — Tezroq bo‘lishing kerak, Minsu seni kutib charchadi shekilli, — onasi to‘ng‘illadi va yigitcha unga o‘girildi. — Nima? Menga xuddi yomon ish qilgandek qarama. Baribir bitta joyga ketyapsizlar, uni tashlab o‘tish senga qiyinchilik tug‘dirmaydi-ku, boz ustiga baribir yo‘limiz bir tomonga. Men esa dugonam bilan do‘stligimiz yilligini nishonlashda davom etaman. — Yo‘q, men sizga g‘alati qaramayapman, shunchaki nima keragi borligini tushunmayapman. U bilan munosabatlarimiz qandayligini juda yaxshi bilasizku o‘zingiz o‘ylab ko‘ring butun boshli yoz davomida birga ishlasak, necha kundan keyin bir-birimizni o‘ldirib qo‘yarkanmiz? — qoshlarini chimirib so‘radi Taehyung va onasining tilini taqillatganiga qarab sekin kuldi. — O‘ldirmaysizlar. Chunki sen o‘zingni aqlli va odobli boladek tutasan, Taehyung. Iltimos, shunday qilginki, sizlarni bir necha kunda u yerdan haydab yuborishmasin. O‘sha xat kelganida uning qanchalik quvonganini o‘zing ham ko‘rding-ku, — deb Kim xonim javradi, yigitcha esa uning yoniga borib, yelkalaridan quchdi. — Mayli, aytganingizdek bo‘lsin, yaxshi bola bo‘lib yurishga harakat qilaman, faqat bu har doim ham o‘xshashiga kafolat berolmayman, — kinoya bilan jilmayib, onasining yuzidan o‘pdi va yuklarini olib, chiqishga shaylandi.
O‘zini yaxshi tutolmasligini aniq bilardi, lekin bu gaplar onasigacha yetib bormasligiga ishonchi komil edi. Bu shunchaki unutilmas ta’til bo‘lishi kerak edi. Birinchi kunlari qanday o‘tishini tasavvur qilib, Taehyungning lablarida jilmayish paydo bo‘ldi. Albatta, doim bir biriga yopishib yurishmaydi-yu, lekin baribir bitta korpusda yashashadi, shunday ekan... Minsu bilan bu vaqtni bajonidil o‘tkazishni o'yladi. Kim xonim va Taehyung mashinaga o‘tirib, Asters oilasining uyi tomon yo‘l olishdi. Yo‘l-yo‘lakay onasi unga o‘zini qanday tutishi kerakligini, oyoqlaridan noxush hid kelmasligi uchun paypoqlarini vaqtida almashtirishni unutmasligini tayinlab keldi, yigitcha esa allaqachon mitti bola emasligini aytib, uni tinchlantirishga urindi. Uning yoshi yigirma beshda edi. Ota-onasining bo‘yniga osilib o‘tirgani yo‘q edi, o‘z ishi bor, garchi hozircha doimiy bo‘lmasa-da, har doim shaxsiy mablag‘iga ega va ular bilan birga yashasa ham, moddiy jihatdan doim yordam berardi. Qiz qidirib yurishga ishtiyoqi yo‘q edi, to‘g‘ri, hayotida qizlar bo‘lgan, buni inkor etmasdi. Lekin bir haftadan keyin ajralib ketishgan bo‘lsa, buni qanday qilib bir umrlik muhabbat deb bo‘ladi? U qizlar shunchaki Taehyungning og'ir xarakteriga chiday olishmasdi. Taehyung shunchaki bir joyda tinch o‘tirolmaydigan odam edi. Unga albatta biron mashg‘ulot yoki qizg‘in davra kerak, doimiy bahs-munozaralarsiz yasholmasdi va uning fikricha, goh-gohida Minsularnikiga kelishining yagona sababi ham mana shu ma’nosiz bahslarga bo‘lgan tashnaligini qondirish edi. Ko‘chaga burilishi bilan ko‘zi darhol yuk sumkasi ustida o‘tirib, telefonga termilib o‘tirgan Minsuga tushdi, xuddi u yerda dunyodagi eng qiziqarli narsa bordek edi. Uni o‘zini kutib vaqt o‘tkazyapti desalar ham hayron qolmasdi. — Ana ko‘rdingmi! U seni kutib o‘tiribdi, sho‘rlik qizgina... — norozi ohangda gapirdi onasi, Taehyung esa uning bu gaplariga kulib yubormaslik uchun yonoqlarini tishlab olishga majbur bo‘ldi. Unga yaqinlashishganda, go‘yoki Minsuni urib ketmoqchidek mashinani keskin burdi, qizcha esa qo‘rqqanidan sapchib tushib, yerga yiqildi. Taehyung bu holatdan qah-qah urib kulayotganida, onasidan boshiga ancha qattiq shapatil yedi.
Minsuning yuzi g‘azabdan burishib ketdi va u peshona oynasi orqali to‘g‘ri yuziga qarab o‘sha o‘rta barmog‘ini ko‘rsatdi. Yigitcha esa tirsagini tirgakka qo‘yib, unga qarab jilmaydi. Onasi bilan xayrlashishdi, keyin Kim xonim Minsu bilan ham xayrlashdi va qizcha o‘z yuklarini orqa o‘rindiqqa otib, mashinaning oldingi o‘rindig‘iga o‘tirdi. — San la’nati orangutan, yana bir marta shunaqa qilsang, men seni... — Qizishishni bas qil, mitti buqa. Agar seni urib ketmoqchi bo‘lsam, allaqachon urib ketgan bo‘lardim, qolaversa, oldimizda butun bir yoz bor, sening ustingdan hali ko‘p kulaman, — jilmaydi Taehyung. — Ha, aytgandek, sening bu ma’nosiz gaplaringdan ko‘ra, o‘sha chiroyli lablaring va og‘zing bilan foydaliroq biror ish qilsang ham bo‘lardi. — Ovozingni o‘chir, xuddi nafsini qondirolmagan yosh bolalardek gapirasan, — pishilladi qizcha, lekin Taehyung uning yonoqlari qanday qizarib ketganini barbir payqadi. — Shunaqami? Men esa sen tashabbus ko‘rsatib, ehtiroslarimni qondirib berasan deb o‘ylagandim, — xayolchan ohangda pichirladi yigit va qiz javob qaytarishga ulgurmasidan mashina gazini bosdi. Minsuning kutilmagan qichqirig‘ini eshitib, tezlikni yanada oshirdi va ichida kuldi. Qiz tezlikka qaramay, hayratdan tinchlandi va uning shama qilgan gaplarini unutup, telefonini chiqarib, unga termila boshladi. — Men do‘konga kirishim kerak . Shaxsiy gigiyena vositalarimni olishni unutibman, — telefondan ko‘z uzmay to‘ng‘illadi Minsu Taehyungning xayoliga darhol birinchi hazil keldi. Unchalik zararli emas, lekin juda ham asabga teguvchi hazil. Kimdir ertaga ertalab butunlay tish pastasiga belanib uyg‘onishi mumkin edi. — Yaxshi, — xotirjam javob berdi Taehyung Minsu esa so‘zlariga ishonmayotgandek unga hayrat bilan tikildi. — Nima bunday qarayapsan? Men ham narsa sotib olmoqchi edim
(Qanday bo‘lmasin, men o‘zim uchun unutilmas yozni tashkil qilmoqchiman.)
Va sen uchun ham. Lekin Taehyung buni ovoz chiqarib aytmadi. Hozircha. Tez orada Minsu hayotida ko‘rmagan barcha narsani his qilishi aniq edi, yigitcha esa qizning unga javoban qasd olishga urinishlaridan cheksiz zavq olishni kuta boshladi.
~ Qiziqarli narsalarning boshlanishi doim shov-shuvli va unutilmas bo‘lishi kerak. ~
[Lager]
— Demak hozircha ikkalangiz bitta korpusda bo‘lasizlar. Faqat sen Taehyung guruhning ma’lum bir qismiga mas’ul bo‘lasan, sen esa Minsu qolgan yarmiga qaraysan.
Biroz vaqt o‘tgach, guruhlaringizni birlashtiramiz — deya to‘ng‘illadi oromgoh direktori janob Bin bizga kiyim-kechak va kerakli jihozlarni tarqatarkan. — Qoidalarni allaqachon bilasizlar. Bugun joylashib olishingiz mumkin, ertaga esa bolalarning birinchi oqimi yetib keladi. Hududni aylanib chiqib, qanday dasturlar tayyorlashni rejalashtirib qo‘yinglar. Amaliyot o‘tayotganingiz sababli sizlardan alohida g‘ayrat talab qilinadi. Bir hafta ichida uchta qoidabuzarlik bo‘lsa, afsuski, bu yerdan haydalasizlar. — Albatta, janob Bin, hammasini tushundik. Gaplaringizga mas’uliyat bilan yondashamiz, — deb javob berdim va so‘zlarimni tasdiqlagandek samimiy jilmaydim. Kim Taehyung ham mendan o‘rnak olib, hammasi a’lo darajada bo‘lishini aytdi. To‘g‘risi, uning ovozida qandaydir makkorlik borga o‘xshadi, xullas, unda nimanidir sezdim-u, lekin nimaligini tushunolmadim. Yo‘ldagi gap-so‘zlaridan ham ma’lumki, u aniq biror narsani rejalashtirib qo‘ygan va men buni nimaligini tezda aniqlashim kerak. — Janob Bin, bolalarning yoshi nechada bo‘lishini bilsak bo‘ladimi? — deb so‘radi Taehyung o‘zining tekis qoshlarini chimirib. — Hmm. Sizlarga o‘n beshdan o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar to‘g‘ri keladi. Ular sakkiz-o‘n to‘rt yoshli bolalarga qaraganda ancha aqlli va tushunadigan yoshda. O‘ylaymanki, uddalaysizlar. Faqat bir narsani ogohlantirmoqchiman: spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari mutlaqo taqiqlanadi. Bolalar buni ko‘rmasligi kerak, agar o‘zlaringiz cheksangiz, maxsus xona bor, hududda kul to‘kilib yuborilmasin, — deb tushuntirishda davom etdi janob Bin. Men uni diqqat bilan eshitardim, Taehyung esa qo‘li bilan og‘zini yopib esnay boshladi. Uni hech bo‘lmaganda qiziqayotgandek ko‘rinsin deb, sekingina biqiniga turtib qo‘ydim. Bu yozni qanday o‘tkazishimizni tasavvur ham qilolmasdim va uning men bilan ishlashini bilganimda shunchaki g‘azabdan aqldan ozayozgandim. Kamida uch oy u bilan umuman kesishmasligim kerak edi, lekin aytganimdek, koinot men bilan zaharxanda hazil qilib, bizni shu uch oyga bir joyga bog‘lab qo‘ydi. O‘zimga so‘z berdim: bu ta’tilni u bir umr eslab qoladigan qilaman. Tushlariga kirib, dahshatga solaman, u esa meni ko‘rganda titraydigan yoki ko‘zlarimga qaramaslik uchun uzoqdan aylanib o‘tadigan bo‘ladi. Buni o‘ylab, huzur qilaman. Lablarimda ixtiyorsiz ravishda tabassum yugurdi, janob Binning gaplarini ma’qullab, bosh silkib turdim. Men hamma narsani mukammal tushunib bo‘lgandim va ishonamanki, bu orangutan Taehyung hali mendan hammasini qayta aytib berishimni iltimos qiladi. Lekin... yo‘qolib ketsin, shunday emasmi? — Agar savollaringiz bo‘lmasa, borishingiz mumkin. Ertalabgacha xayr, — dedi oromgoh rahbari va biz xayrlashib, sekin uning kabinetidan chiqdik. Tashqariga chiqib, yoqimli o‘rmon havosidan to‘yib nafas oldim. Igna bargli daraxtlarning ifori meni butunlay chulg‘ab oldi, boshimni orqaga tashlab, botayotgan quyosh nurlariga yuzimni tutdim. Atrof juda ham go‘zal edi. — Xo‘sh, nimadan boshlaymiz? Balki menga yoqimli biror narsa qilib berish haqidagi taklifimni o‘ylab ko‘rarsan? O‘shanda, balki... yana bir bor qaytaraman, balki senga butun yoz davomida tegmasman, — deb piching qildi Taehyung ortimda paydo bo‘lib va xayolimda yaratgan hamma go‘zal muhitni bir pul qildi. — Bor, valdiramasdan foydaliroq biror ish bilan shug‘ullan. O‘zingni o‘smir, esi kirmagan bolalardek tutmay, nihoyat ulg‘aygan erkakdek tutishni o‘rgan, — norozi ohangda gapirib, bosh korpus tomon yurdim. Omadimiz chopmaganini qarangki, Taehyung ikkalamizga, deyarli bitta xona berishgandi. To‘g‘ri, karavotlarimiz devor va eshik bilan ajratilgan, ammo yuvinish xonasi... umumiy edi. Bu men uchun shunchaki dahshat. Xonani almashtirib, alohida joy olmoqchi edim, lekin barcha xonalar band bo‘lib, bo‘sh joy yo‘q edi. To‘xta, Minsu.
Bir orangutanni deb kayfiyatingni buzishing kerak emas. Sen bu oromgohga kelishni qanchalar intizorlik bilan kutganding, hech kim, hatto Kim Taehyung ham xayolingdagi go‘zal rejalarni barbod qilolmaydi. — Menga ekskursiya qilib bermaysanmi? Adashmasam, bu yerga bir necha bor kelgansan, nima qayerdaligini yaxshi bilsang kerak, — orqamdan ovoz berdi Taehyung. Men to‘xtab, qo‘limni tepaga ko‘targancha o‘sha o‘rta barmog‘imni ko‘rsatdim. — O‘zing aylanib topasan. Qadamlarimni tezlatib, biroz dam olish niyatida ichkariga yo‘naldim. Baribir uzoq yo‘l odamni toliqtiradi mashinada bir-ikki soat uxlab olganim ham charchog‘imni yozishga, uyqumning qochishiga yordam bermagan edi. Taehyung bilan birga kelish esa odamni tasavvur qilgandan ham bir necha barobar ko‘proq charchatib yuborarkan. Uning tinimsiz pichinglari meni uyqudan uyg‘otsa, mashinadagi mayin nafas olishi yana qaytadan uyquga eltardi. To‘g‘ri, jamoat transportida kelgandan ko‘ra uning mashinasida kelganim uchun baribir ich-ichimdan minnatdor edim. Uchinchi korpusning katta eshiklaridan kirib, darhol yuklarimiz turgan zinalar tomon yurdim. Sumkamni ko‘tarib, tepaga ko‘tarila boshlagandim hamki, to‘satdan birov qo‘limdan yukni yulqib oldi. Qo‘rqib ketganimdan qichqirib yubordim va ortimga o‘girildim. — Nima balo qilyapsan?! — so‘radim sumkamni Taehyungning qo‘lidan tortib olishga urinib, lekin u sumka dastasini mahkamroq qisib, menga bermadi. — Bu juda og‘ir, sumkani zinadan nojo‘ya ko‘tarib, jarohat olishing yetmay turuvdi. Agar esingdan chiqqan bo‘lsa, biz eng yuqori to‘rtinchi qavatda yashaymiz. Shunday ekan, o‘sha chiroyli qomatingni qimirlatib, tinchgina tepaga ko‘tarila qol yuzingni chochqanikide burishtirmasdan — deb Taehyung gapni qisqa qildi-da, mendan o‘tib, zinadan yuqoriga, xonaga qarab o‘tib ketdi. Uning uzoqlashayotgan va futbolkasi ostidan mushaklari sezilib turgan qomatiga qarab, hayratdan og‘zim ochilib qoldi. Oyoqlarim ixtiyorsiz ravishda uning ortidan ergashdi, undan bir pog‘ona pastda kelarkanman, baribir to‘ng‘illadim: — Agar yana bir marta mening qomatimga yoki ortimga qaraganingni sezip qolsam, ko‘zlaringni o‘yib olib, o‘zingga yediraman. — Hmm, kim biladi deysan, kim biladi... Har holda, ilgari senga ko‘zim tushganida hech ham uyalmasding-ku, — u yelkasi osha qarab piching qildi. Hayratim ichimga sig‘may, qanday qilib kerakli eshik oldiga kelganimizni ham sezmay qolibman. Kalit bilan eshikni ochdim va jilmayib turgan Taehyungni ichkariga o‘tkazdim. U yuklarni yerga qo‘yib, menga qarab o‘girildi. — Nega tilingni tishlab qolding? Agar mening senga qaraganim ta’sir qilgan bo‘lsa, xotirjam bo‘laver, menga buning keragi yo‘q, shunchaki hazillashdim, — u qah-qah urib kuldi, men esa norozi ohangda chuqur nafas oldim, go‘yo uning qarashi menga nimadir bergandek. Menga barbir emasmi, kiyimsiz emasman-ku axir. — Shunchalik asabga teguvchisan-ki... — ko‘zlarimni tepaga qilib, ixtiyorsiz ravishda nolib yubordim. — Nima, meni o‘zingga ogoshiq qilmoqchimisan— menga qarab bir qadam tashladi u, men esa uning ko‘zlariga tikilish uchun boshimni balandroq ko‘tardim. — Nimalar deb valdirayapsan o‘zi? — dedim tishlarimni g‘ijirlatib, u esa istehzo bilan jilmaydi. Uning o‘sha ulkan kafti meni eshikka tirab, bo‘ynimdan sekingina ushladi. Men biror so‘z deyishga ulgurmasimdan oldin, u engashib, qulog‘imga pichirladi: — Shuni bilib qo‘y, agar meni o‘zingga rom etmoqchi bo‘lsang, men seni har qanday holatda ham bajonidil qabul qilishga tayyorman. Uning gaplari... shunchalik qo‘pol va ehtirosli edi-ki... Qanday qilib bunday gaplarni gapirishga jur’at etadi? Yonoqlarim beixtiyor qizarib ketdi va vujudim qizib ketganidan keyingina qanday holatga tushganimni angladim. Uni ko‘ksidan qattiq itarib yubordim, u esa baland ovozda kulib yubordi. Sumkamni qo‘limga olib, tomirlarimda qaynayotgan g‘azabni bosishga urinib, shaxdam qadamlar bilan xonamga yo‘l oldim. — La’nati orangutan, yana bir marta qo‘lingni tegizsang, qo‘llaringni sindiraman! — o‘sha o‘rta barmog‘imni ko‘rsatib, xonam eshigini tarsillatib yopdim. Uff, Xudoyim, unga chidash uchun menga cheksiz sabr ber.