April 9, 2025

TAQDIRIM O'G'RISI

TAQDIRIM O'G'RISI
12—QISM

Toxir yotoqqa yiqilgancha qizni bag‘riga tortmoqchi edi. Sezdirmay uning yuziga yaqinlashdi. Zuhra esa bu holatni yuragida his qildi. Nafasi tiqilayotgandek bo‘ldi, yuragi hapqirib urar, tanasi muzlab qolgandek bo‘lsa-da, ko‘zlarini yumib oldi. U bu yaqinlikni istamayotganini ich-ichidan anglab turardi, ammo qarshilik qilishga ham jur’ati yetmayotgandi.

Shu zahotiyoq xona jimjimador sukunat bilan to‘lib turgan paytda, telefon jiringladi.

Zuhra sapchib tushdi. Ekranga qaradi: "Akajonim" degan yozuv yuragini zirqiratdi. Darrov telefonni oldi, bir ko‘zi hali ham jiddiy tus olgan Toxirda edi.

— Alo, Zuhra? — tanish va sog‘inchga to‘la ovoz eshitildi.

— Assalomu alaykum, aka. — dedi qiz, ovoziga ohangdor sokinlik yuklab.

— Tuzukmisan, singlim? Ancha ko‘nikib qoldingmi? — Anvarning ovozida havotir va aybdorlik aralashib ketgandi.

— Ha, hammasi yaxshi, — dedi Zuhra qisqa, ammo qat’iy.

— Agar biron nima bo‘lsa, men shu yerdaman, bilasan-a?

— Hammasi joyida, joniz sog‘ bo‘lsin, aka.

Bir lahza sukut cho‘kdi. Telefonning narigi tomonida Anvar so‘zini davom ettirdi:

— Kamol... Kamol hushiga keldi. Shunga qo‘ng‘iroq qildim, havotir olma.

Zuhraning ko‘zlari chaqnadi. Butun vujudi quvonch bilan to‘lib ketdi. Yuziga tabassum yugurdi, ko‘zlari porlab ketdi.

— Rostanmi? Ahvoli qanday? Gapira olyaptimi?

— Ha, shukr. Ahvoli yaxshi. Hozircha xavf yo‘q.

— Shukur, shukur... Ozingiz sog‘-omon bo‘ling, aka. Oyimga ham ayting, men yaxshiman.

Anvar bir lahza jim qoldi, so‘ng yana sekin tovushda gap qildi:

— Zuhra... u seni to‘ying bo‘lganini bildi. Bilib bo‘lmaydi, biror ahmoqlik qilib qo‘ymasa bas. Sen eringni bos. O‘zingni ehtiyot qil, singlim.

Zuhra yuzining chetida turgan kiprik ortidan Toxirga qarab qo‘ydi. Toxirning qoshlari chimirilib, yuzidan ko‘ngilsizlik aralash tushunmovchilik o‘qilardi. Telefon orqali aytilayotgan gaplarni eshitgani aniq edi.

— Xavotir olmang, aka. Menda hammasi joyida. Oyimga ayting, mendan havotir olmasinlar.

Uning ovozi dadil, ammo yuragida og‘irlik bor edi.

Anvar sukut ichida yutindi, so‘ng so‘zini tugatdi:

— Singlim... bizni kechir. Seni majbur qilganimiz uchun.

Zuhra ko‘zlarini yumdi. Yana yuragi g‘ash tortdi, ammo bu gal o‘zini dadil tutdi.

— Yoq, aka. Sizlarda ayb yo‘q. Bu taqdirim. Peshonamga nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘raman.

— Yaxshi, singlim. Yana qo‘ng‘iroq qilaman. O‘zingni ehtiyot qil.

— Xop.

Go‘shakni qo‘ydi. Zuhra bir lahza o‘zini yo‘qotgandek his etdi. Xonadagi havo birdan sovub qolgandek tuyuldi. Qaytadan Toxirga qaradi. Ilgari tabassum ila hazil qilayotgan yigit endi qattiq jiddiy tus olgandi. Ko‘zlari g‘amgin, ammo chuqur mulohazada edi. O‘sha lahzada, ular orasidagi osuda tong so‘nib, ichki sukut kelib joylashgandi.
Telefonni asta stolga qo‘yar- qo‘ymas, yelkalari biroz cho‘kdi. Nigohi hali ham Toxirda edi. Yigit esa o‘sha joyda qotib qolgan, go‘yo qizning yurakdagi barcha hislarini eshitib turgandek chuqur sukutda edi.

Uning ko‘zlarida nimadir chaqnadi — ranjimi, hafsalasi pir bo‘lishimi, tushkunlikmi — buni ajratib bo‘lmasdi.

Zuhra qattiq yutindi. So‘z topolmadi. Faqat lablarini bir necha marta qimirlatdi, ammo yuragidagilar tiliga kelmadi.

Toxir bir qadam oldinga siljidi. Uning qadam tovushi jimjitlik orasidan shunday tiniq eshitildiki, Zuhraning yuragi yana tez ura boshladi. Yigit, avvalgidek hazilkash emasdi. Bu gal jiddiy, og‘ir nigoh bilan to‘g‘ri qizga tikildi. So‘ng tovush chiqardi.

— Hali ham... yuragingda u ekan-da. — dedi past, ammo ravshan ohangda.

Zuhra javob bermadi. Faqat ko‘zlarini pastga tikdi. So‘z aytishga jur’ati yetmadi.

— Men... senga quvonch hadya qilishni xohlagandim, Zuhra. Yuzingda kulgu ko‘rishni orzu qilgandim. Ammo har kuni... yuragingda boshqa birov uchun joy borligini bilib uyg‘onish — bu qiynoq.

Zuhra boshini ko‘tarmay turardi. Uning ko‘zlari namlangan edi.

— Men seni o‘g‘irlab olmabman. Taqdir o‘g‘irlab bergan, men esa... sening qalbingni emas, faqat tanangni egallaganman, shunaqami? — dedi Toxir xo‘rsinib.

Qiz yuragiga nimadir sanchilgandek bo‘ldi. Bu so‘zlar o‘t kabi o‘zini kuydirayotganini sezdi. Asta boshini ko‘tardi.

— Men... kechirasiz. Bilmayman. Hech narsani tushunolmayapman. Hammasi tez bo‘lib ketdi.

Toxir boshini asta qimirlatdi, bu orada lablariga soxta jilmayish ilindi.

— Mayli. Men senga bosim qilmayman, Zuhra. Hech qachon majburiy bo‘lmaydi. Ammo bir narsa bil: men seni hech kimga bermoqchi emasman. Hali ham... umidim bor. Balki bir kun yuragingda menga ham joy topilarmikan, deb yashayman.

Zuhra titrab turgan holatda bosh irg‘adi. Bu safar ko‘zlari to‘lib ketdi, ammo o‘zini bosdi. Yana bir so‘z aytsa, ko‘z yoshlari to‘kilib ketishidan qo‘rqardi.

Toxir unga yaqinlashmadi. Faqat yonidan o‘tayotib, sekin ovozda dedi:

— Men oshxonadaman. Nonushta sovib ketmasin. Kelishingni kutaman.

U xonadan chiqib ketdi.

Zuhra yolg‘iz qoldi. Yuragidagi ayanch, boshi uzra yelkalariga og‘irlik bo‘lib tushdi. O‘zini o‘zi so‘roq qilayotgandek o‘zini o‘rtaga olib, jim jim yig‘lardi.

Zuhra yuzlarini iliq suvda yuvarkan, oynadagi aksiga ko‘z yugurtirdi. Ko‘zlaridagi tungi izlar biroz o‘chgan, ammo yuragidagi noaniq tuyg‘ular hanuz barqaror emas edi. Sochlarini silliq qilib orqaga tortdi, yengil uy kiyimini kiyib, astalik bilan pastga tushdi. Har bir qadamda yuragi biroz tez urar, ammo o‘zi ham sezmagan bir yumshoqlik yuragini qamrab olgandi.

Oshxonaga kirarkan, Toxirning avvalgidek hazilkash ohangdagi ovozi eshitildi:

— Mana bu meniki! Qani, bir tabassum qilib bersa endi ertalab to‘liq bo‘lardi!

Zuhra kulimsiradi. Oshxona oppoq, pishayotgan tuxum va yangi damlangan choyning hidi havoni to‘ldirgan. Toxir fartuk taqib olgancha, choynakni stolga qo‘yayotgan edi.

— Qarasam, ovqat tayyorlashda ham professional ekansiz, — dedi qiz biroz masxara aralash.

Toxir jiddiy ko‘z tashlab: — Xotinim uchun ko‘proq harakat qilaman-da. Bilasizmi, oshxonadagi sevgim kuchliroq bo‘lishi mumkin, — deya ko‘z qisdi.

Nonushta iliq ohangda, yengil kulgular bilan o‘tdi. Toxir Zuhraning likopchasiga yana bir dona qand qo‘yar ekan:

— Kino ko‘ramizmi? Bugun men ishlamayman, faqat sen bilanman.

Zuhra hayrat bilan ko‘z ochib qaradi: — Siz ishlamasangiz, dunyo to‘xtab qolmaydimi?

— Balki to‘xtar. Lekin sen bilan birga bo‘lmasam, yuragim to‘xtab qolishi aniq.

Yengil hazilga o‘ralgan bu gap, nimadir yuragining chuqur qatlamiga tegdi. Zuhra javob bermadi. Faqat asta bosh irg‘adi.

Ular zalga o‘tishdi. Yumshoq divanda yonma-yon joylashib, televizorni yoqishdi. Toxir eski, ammo romantik filmni tanladi. Qiz birinchi daqiqalarda qattiq tutib o‘tirdi o‘zini. Ammo sahnalar birin-ketin yurakka tegarkan, u ham o‘z holiga tushdi.

Toxir ohista qo‘lini uzatdi. Zuhraning panjasini topib, sekin ushladi. Qiz buni sezdi. Qarshilik ko‘rsatmadi. Uzoq vaqt shunchaki qo‘lma-qo‘l o‘tirishdi.

Filmda sevishganlar bir-biriga yuzlanib, yaqinlashar ekan, Toxir ohista, faqat pichirlab eshitiladigan ovozda so‘zladi:

— Sen bilan kinoni ham boshqacha ko‘rarkanman. Yuragim ekrandagi emas, yonimdagi qahramonni tomosha qilyapti.

Zuhra ko‘zlarini yumdi. Hislar, noaniq iliqlik, unga yoqayotganini tan olish istagi… va yigitning asta bosilgan barmoqlari… Bularning bari unga begona emasday tuyuldi.

Toxir yuzini sekin qizga yaqinlashtirdi. Shu lahza, hech qanday bosim, hech qanday majburlik yo‘q edi — faqat ikki yurak orasidagi jim tovush, bir-biriga intilgan nafaslar…

Film tugaganini ikkalovi ham sezmadi.

Toxir sekin egilib, lablarini Zuhraning titroq lablariga bosdi. Uning nafaslari ilik, teginishlari mehrli edi. Ammo bu mehr, bu iliqlik javobsiz edi. Zuhraning qotib qolgan holati, tanasidagi zo‘raki qaltirash yigitga aniq sezildi. Ammo Toxir bir zum ko‘zlarini yumib, o‘zini tutdi. U istamaganini bilsa-da, qalbidagi hislar uni yetaklardi.

Zuhra asta-sekin o‘zini tortdi, yengil harakat bilan Toxirning ko‘ksidan itarib o‘zini chetga oldi. Toxir biroz ajablandi, ko‘zlarida tushunmovchilik balq urdi.

— Nima bo‘ldi? — dedi u, ovozi xotirjam, ammo ichida to‘lqin.

Zuhra yutindi. Nigohini qochirdi. O‘z hislari bilan olishayotgani ko‘rinib turardi.

— O‘ylashimcha... men hali tayyor emasman...

Toxir o‘rnida biroz qotib qoldi. So‘ng chuqur nafas olib, ohangini biroz ko‘tarib so‘radi:

— Nima uchun? Axir bu uyaladigan narsa emas. Biz er-xotinmiz, Zuhra...

Zuhra unga qaradi. Ko‘zlari ich-ichidan alam bilan yondi.

— Men hali ham o‘sha kuni... o‘sha kechani unutolmayapman. Har safar sizni ko‘rsam, ichimda gazab va nafrat uyg‘onadi. Badanim titraydi, yuragim orqaga tortadi. Sizni sevmayman, Toxir...

Sukunat cho‘kdi. Ularning orasidagi masofa bir qarichday tuyulsa-da, aslida butun bir dunyo edi. Toxir nigohini yerga qadadi, yuragidagi alam asta sekin yuziga ko‘chdi. Uning ko‘zlari mungli, ammo g‘ururli edi.

— Men seni sevaman, — dedi u past ovozda. — Nafrat bo‘lsa ham, sevgimni yengishga harakat qilmayman... Kutaman. Ammo iltimos, meni yomon ko‘rma...