TAQDIRIM O'G'RISI
TAQDIRIM O'G'RISI
15—QISM
Shifoxonaning sovuq, dimog‘ga uriladigan achchiq va yoqimsiz hidi, garchi hammaga bir xil ta’sir etsa-da, Zuhra uchun bu hid ayniqsa chidab bo‘lmas darajada og‘ir edi. Operatsiya xonasi oldida, devorga suyanib, boshini qo‘llari orasiga olib siqimlagancha, ko‘zlaridan tinimsiz yosh oqardi. Ko‘z o‘ngidan esa Kamolning mashina rulini mahkam siqib, qahrli, ammo ich-ichidan afsusga to‘la nigohi ketmay qo‘ygandi.
“Bu Kamol akam edi... Aniq... Uning mashinasi, uning nigohi, uning qo‘llari... Nega, axir nega shunday qildi? Endi men nima qilaman?..”
Zuhra shifoxonaga yetib kelishdan oldin akasi Anvarga hammasini aytib, holatdan boxabar qilgan edi. Lekin Anvar hali yetib kelmasdan, politsiya xodimlari shifoxonaga tashrif buyurdi. Ular rasmiysimon, lekin ehtiromli ohangda so‘roq boshlashdi.
— Siz Toxir Ergashevning turmush o‘rtog‘i bo‘lasizmi?
Zuhra biroz titrab, lekin qat’iyat bilan javob berdi:
Bu, uning Toxir uchun ikkinchi bor guvohlik berishi edi. Birinchi marta Kamol Toxirni pichoqlaganida, endi esa Kamol uni mashinasi bilan urib yuborganida.
— Voqea joyida bo‘lgansiz. Jinoyatchini aniq ko‘rdingizmi?
Zuhra jim qoldi. Yuragida g‘alayon, ongida chigal fikrlar to‘qnashardi. Ko‘rgan, aniq ko‘rgan edi — bu Kamol edi. Ammo yuragi ikkilangandi. Bir tomonda adolat, bir tomonda esa yaqin inson, o‘tmish...
Zuhra beixtiyor o‘y-xayollardan chiqib ketdi, boshini asta qimirlatdi.
— Ha, mashinani ham, ruldagi odamni ham aniq ko‘rdim.
U qarorini qabul qilgan edi. Haqiqatni aytishga jur’at topdi.
— Rulda Bekmurodov Kamol edi. Men uni aniq va ravshan ko‘rdim. Bu tasodif emas. Bu — qasd.
Politsiyachilar aytilgan har bir so‘zni qog‘ozga tushirib, Kamolning ism-sharifidan tortib, yashash manzili va suratigacha hujjatlashtirib olishdi.
— Rahmat, singlim. Olloh sizga sabr bersin. Ishingizni oson qilsin.
Politsiyachilar chiqib ketishi bilan, yuragini g‘am bosgan Anvar yugurgancha shifoxonaga kirib keldi. Operatsiya xonasi oldida singlisini ko‘rib, yuragi battar ezildi.
Zuhra akasiga boqdi-da, battar yig‘lab yubordi.
Anvar darhol uni bag‘riga bosdi, sochlarini silab, tinchlantirishga urindi.
— Hammasi yaxshi bo‘ladi, yig‘lama, singlim...
— Bu Kamol akam edi, aka... U atayin urib ketdi Toxirni... Men politsiyaga hammasini aytdim. Endi nima bo‘ladi? U qamaladimi? Toxir akamga nima bo‘ladi? Nega hayotimda bunday og‘ir sinovlar, aka? Qaysi gunohim uchun?!
Anvar uni quchoqlab, yuragini ezayotgan so‘zlarni ichida shivirladi: "Kamolning telbalik qilishidan qorqgandim..."
Shu payt, operatsiya xonasi eshigi ochildi. Shifokor chiqib keldi. Zuhra akasining quchog‘idan chiqib, shifokorga yugurdi.
— Doktor, iltimos, ayting... Uning ahvoli qanday?
Shifokor muloyimlik bilan jilmaydi.
— Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozircha xavfli narsa yo‘q. Bemor jiddiy zarar ko‘rmagan. Bu Allohning mo‘’jizasi, boshqa nima deyish mumkin? Narkoz tarqagach, hushiga keladi.
Zuhra o‘sha joyning o‘zida tiz cho‘kib, quvonchdan yig‘lab yubordi. Anvar ham yengil tortdi. Singlisi uchun, Toxir uchun — ular ikkalasining muhabbati uchun quvondi.
Ertasi kuni eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Kamol eshikni ochdi. Qarshisida ikki politsiyachi turardi. U vaziyatni darhol tushundi.
— Assalomu alaykum. Siz Kamol Bekmurodovmisiz? Siz Toxir Ergashevni qasddan urib yuborganlikda gumon qilinyapsiz. Biz bilan yurishingizni so‘raymiz.
Saida opa, eshik orqasidan o‘g‘lining qo‘liga kishan taqilganini ko‘rib, baqirib yubordi:
— O‘g‘limni qayerga olib ketyapsizlar? U begunoh! U hech nima qilgani yo‘q!
Kamol onasiga ko‘z tashlab, yuragini g‘ijimlab ichidan yondi. Onasining ko‘zidagi qayg‘u-yu ishonchsizlik qalbini parcha-parcha qilgandi. Ammo u qarshilik ko‘rsatmadi. Politsiyachilarga yuzlandi:
— Ustimdan kim shikoyat qilgan?
— Toxir Ergashevning rafiqasi, Zuhra Ergasheva.
Kamol ichidan nimadir uzilgandek bo‘ldi. Yuragini siqib turgan oxirgi umid chirog‘i ham o‘chdi. U sekin boshini egdi. Endi hech narsa demadi.
Tekshiruvlar o‘tkazildi. Mashina ko‘zdan kechirildi. Kamol esa qilganini inkor etmadi. Ish sudga oshirildi.
Toxir ko‘zlarini asta ochdi. Xonada jimjitlik. Atrofda faqat yurak urishini eslatadigan xiragina aparat tovushi. Shiftga tikilib, bir necha soniya hech narsani anglamadi. Nafasi og‘ir, tanasi sust edi. Ammo yuragida nimadir iliq, yuragida nimadir tirik edi.
U boshini sal burdi. Yonida — Zuhra.
Qiz yelkasini yostiqqa qo‘ygancha, qo‘lini Toxirning qo‘liga qo‘yib uxlab yotardi. Ko‘zlari ozgina qizarib ketgan, yuzida esa har qancha holdan toygan bo‘lsa-da, iliqlik, halovat, eng muhimi — sadoqat aks etardi.
Toxir yuragini bosgan og‘riqni unutdi. Bu manzara unga butun azob-uqubatlarni arzimas qilib ko‘rsatdi. Lablaridan zo‘rg‘a, ammo yurakdan chiqqan so‘z chiqdi:
Qiz cho‘chib uyg‘ondi. Bir lahza atrofga alangladi, so‘ng ko‘zlari Toxir bilan to‘qnashdi.
— Toxir?! — deya deyarli qichqirib yubordi u. Ko‘zlariga ishonmay, qo‘lini uning yuziga olib bordi. — Toxir... siz uyg‘ondingizmi? Bu rostmi?
Toxir jilmaydi. O‘sha tanish, sokin jilmayish. Shu jilmayishni ko‘rishni Zuhra shuncha kutgandi.
— Men... seni yana ko‘rib turibman...
Zuhra ko‘z yoshlarini yashirmadi. U yig‘lardi. Lekin bu yoshlar og‘riqdan emasdi — bu shukronalik, mehr va nihoyat yetgan muhabbatning ko‘z yoshi edi.
— Meni bunchalar qo‘rqitmang endi, eshitdingizmi? — dedi u asta. — Endi hech qayerga ketmaysiz. Bu dunyoda men bor ekanman, siz yolg‘iz emassiz. Men doim yoningizdaman, Toxir.
Toxir uning qo‘lini ushladi. Qo‘li zaif edi, ammo mehrga limmo-lim.
— Men... tushimda seni yo‘qotib qo‘ygandek edim. Qorong‘ulikda yurardim... ovozingni eshitardim, ammo topolmasdim.
— Endi tush emas, Toxir. Men bu yerdaman. Siz bilan.
— Sen bo‘lmaganingda... men bu yerda bo‘lmas edim. Meni qaytarding, Zuhra. Yuragimga nur olib kelding.
Zuhra boshini uning qo‘liga qo‘ydi. Sochlari Toxirning kaftini silab o‘tdi. U titrab dedi:
— Men sizni yaxshi ko‘raman, Toxir. Bu so‘zlarni aytishimga kech bo‘ldi deb o‘ylardim. Endi esa hech narsani orqaga surmayman. Men sizni sevardim. Doim sevardim.
Toxirning ko‘zlari iliqlikdan to‘lib chiqdi. U asta pichirladi:
— Menga boshqa hech narsa kerak emas... faqat sen bo‘lsang bas.
— Unda men ketmayman. Sizga gap beraman: hayotingizga kirganim kabi endi ketmayman. Shifoxona bo‘lsin, yoki tonggi sokin tonglar — men yoningizda bo‘laman.
Toxir yostiqqa boshini qo‘yar ekan, birinchi marta ko‘ngli butun edi. Unda iztirob yo‘q edi. Faqatgina muhabbat bor edi. Va bu muhabbat endi iztirob emas — najot edi.
Vanihoyat, Zuhra yuragidagi hislarni tan olgan edi. Oradan bir necha kun o‘tdi. Toxir asta-sekin sog‘aya boshladi. Endi shifokorlar uning holatini barqaror, deb baholagan, chiqishiga ruxsat berilgan edi. Ular ikkisi – Zuhra va Toxir – shifoxona yo‘lagidan sekin yurib, eshik tomon yo‘nalishdi. Ularning yurishida hamohanglik, ko‘zlarida esa halovat bor edi.
Ammo eshik oldida ularni kutilmagan shaxs kutib turardi — Saida opa.
Avvaliga Zuhra beixtiyor to‘xtadi. Ko‘zlari hayratdan keng ochildi. Mahallaning mag‘rur, og‘ziga qarab so‘z yuritiladigan ayoli — endi yonbosh qilib, ko‘zlarida iltijo bilan unga tikilib turardi.
— Zuhra, jon qizim… yordam qil. O‘tinaman, — dedi Saida opa ovozini titratib. — Shikoyatingni qaytib ol. Kamol — yakkayu yagona farzandim. Qamalsa, umrining bari zavol bo‘ladi. Men bo‘lsam… ona yuragim bardosh berolmaydi.
Zuhra og‘ir yutinib, Toxirga qaradi. Yuragi hapriqdi. Ko‘zlari yoshga to‘ldi. Bu hol unga og‘ir edi — bir tomonda yillar davomida ko‘nglini ezgan inson, ikkinchi tomonda esa o‘zini himoya qilgan, hayotini o‘zgartirgan inson — Toxir.
Toxir ichida o‘yga cho‘mgan edi. “Nima? Demak, Zuhra Kamolni ustidan shikoyat qilganmi? Meni himoya qilish uchunmi?.. Ey, Alloh… Shunday soliha, pokiza qalbli ayolni menga ravo ko‘rganing uchun shukr. Men… mendek gunohkor bir kimsaning unga loyiq bo‘lishim mumkinmi?”
Saida opa cho‘kkalashga tayyor holatda davom etdi:
— Jon qizim… poyingga tiz cho‘kay. O‘g‘limga rahming kelsin…
Zuhra alanglab Toxirga qaradi. Javobini unga qoldirdi. Toxir esa og‘ir nafas olib, o‘rtadagi sukunatni til bilan kesdi:
— Arizani qaytarib olamiz, — dedi u sokin, lekin qat’iy ohangda.
Bu so‘zlarni eshitgan Zuhra sezdirmay, yuragida yengillik his qildi. Baribir, eri yonida turib sobiq yigitining tarafini ololmasdi. Ammo Toxir buni ham angladi, ham kechirdi.
— Rahmat sizlarga, bolalarim… rahmat, — dedi Saida opa ko‘zlariga yosh olib.
Toxir esa ohangini biroz o‘zgartirdi, endi uning ovozida talab va qatiylik bor edi:
— Faqat bir shart bilan. O‘g‘lingiz kelib, bizdan — mendan ham, Zuhradan ham — ochiqchasiga kechirim so‘raydi. Va bundan keyin bizni mutlaqo bezovta qilmaydi. Zuhra — mening ayolim. Bu yerda endi u bilan oramizga hech kim kira olmaydi.
Saida opa bosh irg‘ab, ko‘z yoshlarini artarkan, dedi:
— Tashvish qilma, bolam… u albatta kechirim so‘raydi. Men so‘z beraman — u sizlarni endi mutlaqo bezovta qilmaydi.
Toxir boshini qimirlatdi. Zuhra esa yuragida ilk bora o‘zini himoyalangan, qadrlangan va chinakam muhabbat bag‘rida his qildi.