April 8, 2025

TAQDIRIM O'G'RISI

11—QISM

Tun.

Zuhra oppoq libosda, boshiga oq romol tashlagancha, katta yotoqxonaning chetida, karavot ustida titrab o‘tirardi. Bu tun — orziqib kutgan baxt tuni bo‘lishi kerak edi. Aslida, u sevgani Kamolni bag‘riga bosib, u bilan birga kelajak orzularini qurishi kerak edi... Ammo haqiqat achchiq edi. Kamol shifoxonada hayot-mamot o‘rtasida yotardi, Zuhra esa istamagan insonning qonuniy ayoliga aylangandi.

Birdan eshik sekin ochildi.

Zuhra yuragini qo‘liga olib, orqasiga qaradi. Toxir eshikdan kirib keldi. Yuzida mamnun jilmayish, qadamlarida yengillik bor edi. Bu — o‘z ayolini, o‘z uyida, o‘z yotoqlarida ko‘rgan erkakning mamnunligi edi.

U kostyumining yenglarini yechib, yotoqqa tashladi. So‘ng asta Zuhra yoniga bordi. Yelkasiga yengil tegib, uning qo‘llaridan ushlamoqchi bo‘ldi. Ammo Zuhra cho‘chib, tezlik bilan qo‘lini tortib oldi va biroz chetroqqa surildi. Toxir bu harakatdan sal g‘ashlandi, ammo o‘zini bosdi. Axir, u hozir qonuniy ravishda unga tegishli edi.

— Sevgilim, — dedi Toxir yumshoq ohangda. — Shirinliklar olib kelgandim, birga yeylaylik.

— Yo‘q... istamayman. Charchadim, dam olmoqchiman. — dedi Zuhra charchoq va sovuqlik bilan.

U o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Ammo Toxir uning harakatiga yo‘l bermadi — katta gavdasi bilan yo‘lini to‘sdi.

— N-nima qilyapsiz? — Qizning ovozi titradi.

Toxir asta qizning yuzidagi romolni yechdi. Oq romol ostidan Zuhra yuzi ochildi. Uning ko‘zlari — sokin ummon, qoshlari — nozik egri, lablari esa yurakni o‘g‘irlaydigan go‘zallik edi. Toxir yuzini kaftlari orasiga olib, barmoqlari bilan mehr bilan siladi.

Zuhra yuragi gursillab ura boshladi. U qo‘rqqanidan emas, notanish tuyg‘ular girdobida titrayotgandi.

Toxir asta lablarini uning peshonasiga bosdi. Qiz ko‘zlarini mahkam yumib oldi. Yigit bu holatni sezib, yengil jilmaydi. So‘ng pichirladi:

— Bilasanmi, erkak kishining ayolining peshonasidan o‘pishi nimani anglatadi?

Zuhra asta ko‘zlarini ochdi. Nigohi to‘g‘ri Toxirning ko‘zlariga qadalgandi.

— Yo‘q...

Toxir jilmaydi.

— Bu — bir umrga menikisan degani. Hatto to‘qson yoshga kirganimda ham, sen bilan yonma-yon bo‘lishni xohlashimni anglatadi. Har on, har nafasda seni yonimda ko‘rishni, peshonangdan yana va yana o‘pishni istayman.

U qizning qo‘lini asta ushladi. Bu safar Zuhra uni tortib olmadi.
Toxir qizga bir oz vaqt va yolg‘izlik berish kerakligini his qilib, yumshoq tabassum bilan:
— Dam ol, — dedi va sekin eshikni yopib, honadan chiqdi.

Zuhra yotoqda bir necha daqiqa jim o‘tirdi. Nafasi bir tekis emasdi. Yuragi hamon gupillab urardi. O‘zini bu tanish-u notanish olamda g‘alati his qilardi — g‘am bilan aralash bir turfa holatda. Yig‘lashni ham, baqirishni ham istardi, lekin birortasiga jur’at topolmadi.

Bir muddat o‘tib, u sekin o‘rnidan turdi. Oppoq libosini almashtirishga qaror qildi — o‘zini bu kiyimda battar begonadek his qilayotgandi. Ammo qimmatbaho atlas libosning orqa zamog‘iga qo‘li yetmay, yana urinib, yana charchab to‘xtadi. Har safar qo‘lini orqasiga cho‘zganda, yuragining g‘ashlik bilan siqilganini his qilardi.

— Iltimos, ochil… — deya pichirladi u, ko‘zlarida yosh qalqib.

Zuhra oxirgi marta urinayotgan mahal, eshik sekin ochildi. Toxir qaytib kelgandi. Uning nigohlari bir zumda Zuhraning holatini ilg‘adi. Qiz orqasiga qayrilib qaradi-yu, labini tishladi.

— Kechirasiz… men... qo‘lim yetmayapti… — dedi Zuhra xijolat va titroq bilan.

Toxir indamay unga yaqinlashdi. Nigohlari jiddiy, ammo muloyim edi. Zuhraning orqasiga o‘tib, ehtiyotkorlik bilan zamog‘ini yecha boshladi. Barmoqlari qiz tanasiga tegmaslikka harakat qilar, lekin yuragidagi hislar hamon qaynardi.

Zuhra ko‘zlarini yumdi. Bu daqiqalarda o‘zini xuddi yolg‘on dunyoda yashayotgandek his qildi — yuragi Kamolga tortsa-da, jasadi boshqa bir erkak bilan yonma-yon edi.

Toxir zamog‘ni yechib bo‘ldi. Biroz jimlik sukunatga cho‘mdi. U sekin orqaga chekinib, mehr bilan dedi:

— Xafa bo‘lma, yordam bermoqchi bo‘ldim xolos. Yaxshisi dam ol. Bugun ham sen uchun, ham men uchun og‘ir kun bo‘ldi.

Zuhra unga qarab bosh irg‘adi. Qizning ko‘zlarida minnatdorchilikmi, iztirobmi — o‘zi ham anglamas edi. Ammo bir narsa aniq edi: u endi boshqacha dunyoga kirib bo‘lgandi.

Toxir honadan chiqib ketdi. Eshik ortidan esa ohangrabodek yurak urishlari, jimlik ichidagi baqiriq kabi og‘ir nafaslar eshitilib turardi.

Zuhra oynaga qarab turdi. O‘zini tanimay qoldi. Bu — sevgisiz, lekin majburiyatli kechgan ilk tun edi.

Ammo ayni shu damda, shahar chetidagi shifoxonada... Kamol komada yotib, lablari orasidan xira pichirladi:
— Zuhra... men... seni… sevaman...

Tong

Shifoxona oynasidan kirayotgan mayin tong nurlari Kamolning yuzini siladi. Yurak urishini bildiruvchi apparat bir maromda ishlardi. Nafas olishlari sekin-asta tartibga tushgan, rangi oqarib, ammo hayotga qaytgan yigit yotardi. Shu payt, go‘yo osmon yerga shukronalar yog‘dirgandek, Kamolning ko‘z qovoqlari asta ochildi.

— Kamoljon! O‘g‘lim! — deb shivir qildi Saida opa, ko‘z yoshlarini tiya olmay. U o‘g‘lining yuzlariga ohista ohista teginib, bag‘riga bosdi. — Shukur, Allohim, shukur! Seni yo‘qotaman deb o‘ylagandim...

Yon tomonda tik turgan Anvar ham xursandlik va hayajon aralash ohangda dedi:

— Dostim.. eshitayapsanmi meni? Qaytib kelganingdan xursandman

Kamol tilini harakatga keltirishga urindi. Ovozi zo‘rg‘a chiqdi:

— Zuhra... qayerda?

Xonadagi quvonchli kayfiyat go‘yo darz ketdi. Saida opa bir zum yuzini chetga o‘girdi, lablari titradi. So‘ng qattiqlik bilan o‘g‘il ko‘zlariga tikildi:

— Endi u haqda so‘rama, Kamol. U — erli ayol.

Kamolning yuragi go‘yo musht bilan urilgandek to‘xtab qolgandek bo‘ldi. U bir on onasiga, bir Anvarga termildi. Nigohlarida: “Bu hazilmi? Bu rostmi?” degan savol turardi.

— Anvar... bu rostmi?.. Zuhra?.. U...?

Anvar chuqur nafas olib, Saida opaga qaradi. Onaning qahrli ko‘zlari unga qarab turgan bo‘lsa-da, Anvar har doimgidek samimiy, ammo ehtiyotkor ohangda dedi:

— Saida opa, iltimos… Kamol endi oziga keldi ortig'i og‘irlik qiladi. Dam olsin.

Lekin Kamol yotgan joyida ko‘tarilishga urinib, yana so‘radi. Bu gal yurakdan qattiq chiqdi:

— Qayerda dedim?! Zuhra qayerda?!

Saida opa nigohini yashirmadi. Og‘riq bilan, lekin baralla dedi:

— Kecha... kecha uni to‘yi bo‘ldi. Bir yigit bilan... U endi birovning ayoli. Tugadi, bolam. Tugadi.

To‘nkarilgan yurak endi so‘nmas edi. Kamol to‘shakda titrab, boshini orqaga tashladi. Nafas ololmasdek bo‘ldi. Ko‘zlari qizardi, jag‘i qisildi.

— Yo‘q... Yo‘q! Sizlar… menga yolg‘on gapiryapsizlar! Zuhra meni sevardi! Sevardi u meni!!!

Birdan barcha yonidagilarni qo‘li bilan itarib, qattiq baqirdi:

— Chiqinglar!!! Hamalaring chiqinglar!!!

Anvar uni tinchlantirmoqchi bo‘ldi, ammo Kamolning g‘azabi kuchli edi. Palatada turli buyumlar yerga tushib ketdi. Hamshira yugurib keldi. Saida opa zo‘rg‘a o‘rnidan turib chiqib ketdi.

Kamol esa pichirlab, ammo yuragini tilka-pora qilib g‘azab bilan shivirladi:

— Men... men seni o‘ldiraman, Toxir!

Lablaridan bu nom sirg‘alib tushdi: Toxir... U endi hammasini tushungandek bo‘ldi. Endi yuragini yeb bitirayotgan alam emasdi — bu... o‘ch edi. Va sevgisidan ayrilgan yurakning oxirgi najoti.

Zuhra sekin ko‘zlarini ochdi. Ko‘ngli g‘ash, boshi biroz og‘riq tuyayotgandek. Uyga o‘rganish, tun kechgan og‘ir fikrlar ta’sirimi — yuragida nimadir g‘imirlab yotar edi. Ko‘z qiri bilan derazaga qaradi — allaqachon tong otgan, hatto quyosh baland ko‘tarilibdi.

— Voy Jin ursin! — dedi u shivirlab. — Shu vaqtgacha uxlabmanmi?

O‘rnidan sapchib turdi. O‘zidan xijolat, g‘urur bilan aralash hissiyotda qalbini o‘rtab turar edi: bu uyda endi u kelin edi. Birinchi tong, birinchi nonushta, birinchi vazifalar... Bularning bari unga begona, ammo baribir mas’ul edi.

Shoshgancha shkafga yaqinlashdi. Qolganlardan farqli o‘laroq, bugun oddiy emas — o‘zini chiroyli ko‘rsatgisi keldi. Yengil, oqish rangdagi, nafis matodan tikilgan ko‘ylakni tanladi. Boshiga esa nozik tusdagi ipak ro‘molni qo‘ydi. Egniga mos yengil zargarlik aksessuari taqdi. U o‘zini ko‘zgu qarshisida bir zum kuzatdi. Nigohlarida yana o‘sha ikkilanish — ammo yuragi boshqa gap aytar edi.

Pastga tushishga yuragi betoqat bo‘ldi.

Zuhra zinalardan tushar ekan, pastdan kelayotgan shirin, yoqimli hidlar u qalbiga bir iliqlik olib keldi. Oshxonadan yangi qovurilgan tuxum, non va qahva hidi dimog‘ni qitiqlardi. U yuragini sekin ushlab, eshik tirqishidan mo‘raladi.

Toxir oshxona markazida beliga fartuk bog‘lab, pichoq bilan sabzavor to‘g‘rayotgan edi. Ko‘zlari yumilgan, lablari ohista bir kuyni hirgoyi qilardi. U o‘zini qulay, xotirjam his qilayotgandek, atrofdagi borlikka mehr bilan qarayotgandek tuyulardi. Zuhra bir zum unga termilib qoldi.

Shu payt Toxir sekin orqasiga qaradi. Va u — u qizni ko‘rdi. Oq libosda, go‘yo bu tong uchun yaralgandek, beg‘ubor, beg‘am bir mehr bilan turgan edi u.

Toxirning yuzida iliq tabassum yoyildi.

— Voy, uyg‘ondingizmi, xonim? — dedi u hazilomuz ohangda. — Men bugun oshpazlikka o‘tib oldim. Sabr qilsangiz, ertalabgi eng zo‘r taomni tatib ko‘rasiz.

Zuhra asta kulib qo‘ydi. Toxirning bu qadar harakatchan, harakatsiz yuragiga hayot kiritayotganini ich-ichidan sezdi.

— Men sizga yordam beray... — dedi u mayin ovozda, lekin Toxir darhol bosh chayqadi.

— Yo‘q, yo‘q. Bugun siz dam olasiz. Keling, bu yerga o‘tiring. Men barchasini tayyorlab bo‘ldim. Faqat siz bilan birga yeyish qolgan.

Toxir stolni to‘liq tayyorlab, chiroyli idishlarga joylashtirilgan nonushta taomlarini olib keldi. Uning harakatlarida mehr, har bir qadamida noziklik bor edi. Toxir kichkina idishni olib, unga asal surtib, qiz tomon uzatdi.

— Mana, hayot ham asal kabi bo‘lishi mumkin, agar biz uni shunday qilsak...

Zuhra qoshlarini ko‘tarib, jilmaydi. Bu yigit... u kutganidan boshqacha edi. G‘ayratli, yumshoq, ammo jiddiy. Mehr bilan boqayotgan, ammo orqada qandaydir iztirobni yashirayotgan nigohlar... Va ehtimol, bu iztirob ikkalasini ham bir-biriga yaqinlashtirar.

U shirinlikdan bir luqma oldi.

— Rostdan ham, o‘ziga xos ekan... — dedi u mayin ovozda.

Toxir jilmaydi:

— Bugungi tong — bizning yangi sahifamiz. Yaxshi boshlanish kerak.

Zuhra jim qoldi. Ammo yuragida allaqachon bu so‘zlar aks-sado bera boshlagandi...

Zuhra hali-hanuz og‘zida shirinlikning ta’mi, yuragida esa Toxirning g‘ayritabiiy mehribonligi bilan o‘tirar edi. Ammo birdan yigit yana o‘ziga xos qiliqlar bilan gap boshlab qoldi:

— Bugun ishimga bormayman. Balki ertaga ham. Balki undan keyin ham. Uch kun — faqat sen bilan bo‘laman.

Zuhra qoshlarini ko‘tarib, labini tishladi. Zaharlik ohangda javob berdi:

— Sizni ishingiz ham bormi o‘zi?

Toxir kuldi, o‘sha mashhur beparvo kulgusi bilan:

— Ha, bor. Ishsiz odamga o‘xshaymanmi?

Zuhra keskinlikni kuchaytirdi:

— Ko‘cha bezorilarining muqim ishi borligini bilmasdim.

Toxir bir lahza muzlab qoldi. Bu gap yuragiga ozgina tegdi. Ammo darrov yuzini qattiqlikdan xalos qilib, jilmaydi. Jilmayishi majburiy edi.

— Shaxsiy klubim bor, aytmoqchi edim...

Zuhra ko‘zlarini toraytirib, ohangini jiddiylashtirdi:

— Klublar? U joylar — odamni zaharlaydigan, zinoga yo‘naltiradigan, buzuqliklardan iborat. Menga bunday joylar yoqmaydi. Yomon xotiralarim bor.

Toxir ichidan og‘ir nafas oldi. Shu gap, tonggi iliq kayfiyatni muzdek shamoldek uchirib ketdi. U stolga suyanib, bir lahza jim qoldi. So‘ng, hazil bilan yengil ohangda gapni yumshatmoqchi bo‘ldi:

— Endi... o‘zingdan ko‘r, aytgan gaplaring uchun—dedi toxir ahmoqona jilmayish bilan

Zuhra o‘rnidan turib, qoshlarini chimirib unga tikildi. U ko‘zlarida o‘sha jizzaki qiz, endi turmush o‘rtog‘i bo‘lib qolgan ayolning qat’iyati bor edi.

— Bo‘ldi, men chiqib ketaman, zerikdim!

U zinadan yuqoriga — yotoqqa qarab yugurdi. Toxir kulib unga ergashdi:

— Tutib olsam, qo‘yib yubormayman!

Zuhra yuragi guppillab, biroz hayajon, biroz qo‘rquv bilan harakatlanardi. Katta uy — ikki qavatli, har burchi sirli va sehrli kabi. Qiz to‘g‘ri o‘z yotoqlariga kirib, eshikni yopmoqchi bo‘ldi, ammo...

Qars! — Eshik ochilib ketdi. Toxir kuch bilan kirib keldi. Zuhra ortga tisarildi, ko‘zlarida xavotir aralash hayrat.

— Men... men gaplarimni qaytarib olaman. Bo‘ldi, jiddiy o‘ylab aytmagandim. Mendan nari turing!

Toxir esa asta, jiddiy nigoh bilan yaqinlashdi:

— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Aytilgan gap — otilgan o‘q, xotinjon.

U bir harakatda qizni quchog‘iga tortdi. Ikki yurak bir-biriga tegib urildi. Nafaslar aralashdi. Ular beixtiyor yotoqqa yeqildilar. Nafaslar tez, yuraklar shoshqaloq. Toxir past ovozda shivirlay boshladi:

— Qanday qilib yuragimdan joy olgan bo‘lsang, endi bu yurakni tark eta olmaysan

Zuhra esa go‘yo javob berolmaydi. Ammo ko‘zlarida allaqanday mayinlik, tan olish, va bir umrga mo‘ljallangan tushunish bor edi. Toxir uning yuziga ohangdor ko‘zlar bilan termilib qarab turardi. Lablari yaqin, ammo to‘qnashmagan. Orada sukut — ammo bu sukut butun olamdan boyroq edi.

Reaksiya 300+bolmasa kutmanglar mendan. O'qidizmi? Unda komentga yozib keting fikrizni