April 7, 2025

TAQDIRIM O'G'RISI

10—QISM

Anvar shifoxonadan chiqqach, yuragi g‘azab bilan to‘lib, yer tepindi. Nafasi og‘irlashdi, qattiq mushtini mushtiga urdi. Qolida hech narsa kelmayotgani, singlisi uchun ojiz bo‘lib qolayotgani uni ich-ichidan yondirardi. Kamolning onasi Saida opaning o‘tkir so‘zlari qulog‘ida jaranglab turardi. Singlisi haqida chiqayotgan g‘iybatlar… Ha, u bunga yo‘l qo‘ya olmasdi. Nahotki Zuhra umrboqiy bu razolat soyasida yashashi kerak?

U titrayotgan qo‘llari bilan telefonini oldi, “Zuhra” kontaktini bosdi. Yuragi gupillab urar, har soniyada umidsizlik kuchayib borardi. Goshak ko‘tarildi — bu Toxir edi.

— Alo?

Toxirning ovozi g‘alati edi — bo‘g‘iq, sovuqqon va biroz g‘azabli.

Anvar biroz jim qoldi. Ichki tortinchoqlik, shubha va nafrat bir-biriga aralashib ketgan edi. Ammo ohir-oqibat, qat’iy qarorga keldi.

— Zuhrani uyga olib kel, — dedi u keskin.

Toxir jim qoldi. Allaqachon tun kirgan, shahar sukunatga cho‘mgan, yuraklar esa notinch edi. U Zuhra bilan gaplashgisi kelmasdi. Qizning nigohi, sukuti, ko‘zlaridagi chorasizlik — bularning barchasi uni g‘alati bir holatga solib qo‘ygandi. Shu sabab u ko‘chaga chiqdi, sal nariga yurdi va Anvarning gaplariga javob qaytardi.

— Nega bunday qilishim kerak? — dedi u ohangsiz, lekin yuragi gursillab urardi.

— Mahallada allaqachon mish-mishlar tarqalgan. Singlim bunday gaplarga loyiq emas. Bilasan... agar sen bo‘lmaganingda, Zuhra bu holga tushmasdi!

Toxir boshini egdi. Labining chetini tishladi. Ichida nimadir ezilar, go‘yoki Zuhrani qaytarib bersa, yuragidagi bo‘shliqni hech narsa to‘ldira olmasdek edi. U sukunat cho‘mib turgancha jim qoldi.

— Alo, Toxir? — dedi Anvar, ovozini balandroq qilib.

— Eshitayapman... — dedi Toxir ovozini pastaytirib. — Kim menga kafolat beradi? Men uni uyiga qaytarsam... yana hammasi boshqacha bo‘lib ketmaydimi?

Anvarning ovozi endi dadil, qat’iy va muzdek yangradi:

— Erkaklik so‘zim. Zuhrani senga uzatamiz. Faqat to‘y bir hafta ichida bo‘ladi. Kamol hushiga kelib, yana biror ahmoqlik qilmasidan oldin...

Toxir asta kulimsiradi. Yutuqning ta’mi og‘ziga keldi. Bu jangda u g‘olib edi.

— Anvar, do‘stim... — dedi u asta. — Menga yoqib boryapsan. Yaxshi. Tongga ham ko‘p qolmadi. Zuhrani uyga olib boraman.

Telefon go‘shagini qo‘ydi. Ammo qo‘ygani zahoti yuragiga nimalardir g‘up etib tushdi. Eshik tarafga burilib qaradi va... yuragi tushib ketdi.

Uy eshigi ochiq edi. Ichkarida... Zuhra yo‘q edi.

— Zuhraaa! — deya baqirdi u vahimaga tushib.

Darhol ko‘chaga otilib chiqdi. Qorong‘u ko‘chada ko‘zini chap tomonga qaratgandi — va uzoqda, ko‘chabop chiroq ostida qochayotgan qiz silueti ko‘rindi.

— Zuhra! To‘xta!

Zuhra qochardi, yuragi og‘ziga tiqilar, nafasi yetmasdi. Ammo to‘satdan... oyog‘i toyib, qattiq yiqildi. Shiddat bilan yiqilganida oyoq chakkasidan og‘riq zirq etdi — qayirib olgandi.

Toxir yugurib keldi. Qon bosimi oshgan, nafas olishi o‘zgargan, ich-ichida g‘azab uyg‘ongan edi. Ammo Zuhraning yuzini ko‘rgach... yuragi muzlab qolganday bo‘ldi.

Qiz yig‘lardi. Og‘riq va iztirob uni ezib yuborgandi. Ko‘zlaridagi yoshlar yonoqlaridan dumalardi.

— Yurolasanmi? — deb so‘radi Toxir, ovozida yumshoqlik, hayrat va ezgulik aralash edi.

Zuhra javob bermadi. Yolg‘izgina bir ko‘z qarash bilan unga nimalarnidir anglatmoqchi bo‘ldi. Bu jimlik ichida minglab so‘zlar bor edi — g‘am, og‘riq, nolalar, najot iltijosi...

Toxir bir lahza turdi. So‘ng yelkalarini kengaytirib, egilib qizni ohista ko‘tarib oldi. Og‘ir emasdi — lekin bu og‘irlik yuragiga tushgandi. U astalik bilan uni mashinasiga tomon olib yurdi.

Tun sukutda, yulduzlar esa guvoh edi.

Mashina yo‘l bo‘ylab asta harakatlanar, ko‘cha chiroqlari mashina ichini sekin-sekin yoritib, yana soya ichida qoldirardi. Toxir rulda xotirjam edi, lablarida bir oz jilmayish, havoda esa faqat o‘ziga eshitiladigancha bir ohangni hirgoyi qilardi.

Zuhra nigohini derazadan tashqariga qadagancha, yuragidagi g‘alati tuyg‘ulardan qutula olmasdi. Toxirning bu qadar xotirjam va... hatto baxtiyor ko‘rinishi uni hayratga solayotgandi. U, aslida, nimaga bu qadar quvongan? Meni uyga olib ketayotganidanmi? Yoki boshqa sabab bormi?

— Nega bunchalar xursandsiz? Meni yelganim uchunmi? — dedi u yengil istehzo bilan.

Toxir jilmaydi. Ko‘zlarini bir muddat yo‘ldan uzmasdan:

— Yo‘q... akang qo‘ng‘iroq qildi, — dedi u xotirjam ohangda.

Zuhra yuragida nimadir qaltiradi. Anvar? Unga nima dedi ekan? Nega birdan bu kayfiyat?

— Nima dedi? — dedi Zuhra beixtiyor, yuragi hapqirib ketganini sezdi.

— Bir haftadan keyin... to‘yimiz bo‘ladi. Shirinpaxtada. Akangga, ko‘rinadi, endi aql kiribdi, — dedi Toxir yana o‘sha xotirjamlik bilan.

Zuhra hech narsa deya olmadi. Yuragidagi urishlar qulog‘ida jarangladi. Tilini tishladi. Yutindi. Bu to‘g‘rimi? Hamma narsa shunchalik tez bo‘layotganmidi? Mashina jimjitlikda harakatlanishda davom etdi, ammo ichkarida — ayniqsa, Zuhraning yuragida — to‘fon ko‘tarilgandi.

Mashina uy oldida to‘xtadi. Toxir mashinadan tushdi, tezda aylandi-da, eshikni ochib Zuhra tomon engashdi. Qizning xavotirli nigohi undan nimalarnidir so‘rardi, ammo Toxir hech nimani bildirmadi. Uning harakati silliq edi — xavfsizlik kamari yechildi, lablar esa... Zuhraning qirmizi lablariga termilgancha, asta yaqinlashdi.

— Nima qilyapsiz? — dedi Zuhra cho‘chib.

Toxir shu qadar yaqin ediki, Zuhraning yuragi gupillab urdi. Nafasi qisilib ketdi, lablari qaltiradi.

— Nima qilyapsiz? Biz mahalladamiz. Nariroq turing, iltimos... — dedi u yana, ovozida vahima aralash.

Ammo Toxir uni eshitmasdi. Uning ko‘zlarida faqat qizning o‘zi, faqat Zuhra bor edi. U yengilgina, ehtiyotkorlik bilan lablarini Zuhraning lablariga bosdi. So‘ng, go‘yo bu harakat bilan qizga o‘z muhabbatini muhrlagandek, uni bag‘riga oldi va ko‘tarib, mashinadan tushirdi.

— Yerga qo‘ying, kimdir ko‘rib qoladi! Qo‘ying, Toxir! — deb ojiz ohangda zorlandi Zuhra.

Lekin Toxir qizni ohangrabodek quchgancha, hech kimga e’tibor bermasdi. To‘g‘ri hovli eshigiga yo‘l oldi. Yuragi to‘la, boshi baland. Hovliga kirib, qizni so‘riga ehtiyotkorlik bilan qo‘ydi.

— Ertaga kelaman. Oyog‘ingga qarab qo‘y. ZAGSga borishimiz kerak, — dedi u ohista, mayin jilmayib.

Zuhra javob bermadi. Faqat ko‘zlari bilan ketayotgan yigitga qarab qoldi. Toxir ortga burilmay, sokin yurib uydan chiqib ketdi. Tun yana o‘z sukunatini qaytardi.


Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, Anvar uydan chiqib, hovliga qaradi. So‘rida sukutda o‘tirgan singlisini ko‘rib, yuragi zirq etdi. Sekin borib yoniga o‘tirdi.

— Qandaysan, singlim?

Zuhra ko‘zlarini yerga qadadi.

— Yaxshi... — dedi u, ammo ovozida hech qanday ishonch yo‘q edi.

Anvar uning holatidan hammasini tushundi. Nigohi yumshadi, lablari orasidan og‘ir xo‘rsindi.

— Akajon... — dedi Zuhra nihoyat. — Nega bu to‘y bunchalik tez bo‘lishi kerak? Endi o‘zimga kelganimda, hammasi ustimga qulayotgandek...

Anvar yonidan o‘rnidan turdi-da, so‘rining chetiga o‘tirib, singlisining yuziga qaradi.

— Zuhra... bu taqdir. Taqdir bilan olishib bo‘lmaydi. Toxir sen uchun... ha, ehtimol eng to‘g‘ri odam emasdir. Lekin hozircha yo‘qotmaslik uchun, yo‘ldan ozmaslik uchun, atrofdagi razolat gaplardan seni asrash uchun shu yo‘l eng to‘g‘ri. Bu mening tanlovim emas — bu vaziyat bizni shunga majbur qilayapti.

U singlisining yelkalariga qo‘l qo‘ydi.

— Singlim, Xudo xohlasa, baxtli bo‘lasan. O‘z hayotingni o‘zing qurasan. Lekin hozir... hozir sabr qilishimiz kerak.

Zuhra yutindi. Ko‘zlarida yosh tovlandi. Ammo bu ko‘z yoshlari ojizlikdan emasdi. Bu — taqdir bilan kurashayotgan yurakning jim mo‘jaz isyoni edi.

Zuhra deraza yonida o‘tirar, qo‘lida iliq choy stakani. Tong yorishayotgan, ammo yuragidagi izg‘irin hali ham tinmagan edi. Toxir bilan bo‘ladigan to‘y, ZAGS... bular bari orzusidagi sevgi emasdi. Ammo endi yo‘qotilgan orzularni yig‘ib, taqdir aytgan sahnani ijro etishga majbur edi.

Tongda eshik taqilladi. Oyisi ochgani chiqqan edi, ichkariga Toxir kirib keldi. Uning qo‘lida atirgul to‘plami, yelkasida esa oddiy kurtka.

— Assalomu alaykum, — dedi u muloyim ohangda.

Zuhra unga qaradi, lekin biror narsa demadi. Ko‘zlarida ham ranj, ham o‘zini ayblash, ham... bir oz minnatdorlik bor edi.

Toxir stolga gulni qo‘ydi, so‘ng ehtiyotkorlik bilan suhbat boshladi:

— Bugun ZAGSga boramiz. Tayyorlan. Hamma hujjatlarimni olib keldim. Senikilarni Anvar akang tayyorlab qo‘ygan.

Zuhra faqat boshini qimirlatdi. Uning ichkarisida faqat jimjitlik. Hissiyotlar esa charchagandi.


ZAGS binosi... oddiy, lekin rasmiylik bilan to‘lib-toshgan. Toxir va Zuhra ro‘yxatga yozilishdi. Qizning qo‘llari titrardi, yuragi esa notinch edi. “Shunchalik tezmi?” degan savol har bir yurak urishida yangilar, lekin javobi yo‘q edi.

Navbatlari kelganda, ular hujjatlarga imzo qo‘yishdi. Xodim rasmiy tarzda so‘radi:

— Sizlar o‘z xohishlaringiz bilan bu nikohga rozimisizlar?

Toxir bemalol “Ha” deb javob berdi.

Zuhra esa... biroz sukutdan keyin, ko‘zlarini yerga qadagancha:

— Ha... — dedi nihoyat.

Muhr bosildi.

Shu muhr — orzu bo‘lmagan muhabbatga, majburiyat ichidagi sadoqatga, taqdir oldidagi tan olishga qo‘yilgan muhr edi.


Chiqqach, ular mashinaga qaytishdi. Toxir rulga o‘tirdi, ammo yurmay turdi. Qo‘llari bilan rulni qisdi, so‘ng ohista qaradi qizga.

— Zuhra...

Qiz boshini burdi.

— Bilaman, bu sen orzu qilgan nikoh emas. Bilaman, sen... boshqa hayot xohlagan eding. Lekin sen menga keraksan. Men senga — o‘z hayotingni qayta qurishing uchun imkoniyat bermoqchiman. Seni sevaman, Zuhra. Buni aytish oson emas, ammo yuragimdan chiqqan sozlar

Zuhra unga termildi. Ko‘zlarida yosh qalqib chiqdi, ammo bu safar yuragida bir oz bo‘lsada, umid paydo bo‘lganday

Zuhra uyga kirganidan beri jim. Oyisi unga chiroyli liboslar, atlaslar, zardo‘z ro‘mollar chiqarib ko‘rsatmoqda, lekin Zuhra bu shodlikni his qila olmasdi. Yuragi ichkaridan o‘zini so‘roq qilmoqda edi.

“Men bu to‘yga haqiqatda rozimanmi?”
“Kamol-chi?.. U hanuz reanimatsiyadami?”

To‘ydan bir kun avval Anvar kechasi soat uchlarda uyga qaytdi. Uning ko‘zlari qizargan, qaddi egilgan edi. Besh soatlab Kamolning onasi bilan navbatchilik qilgan, dardli so‘zlarni eshitgan, ich-ichidan o‘zini yanchib kelgan edi.

Zuhra akasining ohangidan xavotirlandi:

— Kamol... ahvoli qanday?

Anvar chuqur xo‘rsindi.

— Hanuz hushiga kelgani yo‘q. Ammo bugun shifokorlar “hayotiy belgilar barqaror” deyishdi. Qaytish ehtimoli bor, Zuhra. Yana ko‘z ochishi mumkin.

Zuhra ko‘z yoshlarini tutolmadi. Yuragi gupillab urdi. “Agar u ko‘z ochsa, meni turmushga chiqqanimni eshitsa-chi?..” Yuragini yana bir bor azob qamradi.

Anvar singlisining ahvolini sezib, sekin unga qaradi:

— Bilaman, oson emas. Lekin bu to‘y senga himoya bo‘ladi. Toxir endi seni hech kimdan ayamaydi. Mahalladagi mish-mishlar, tuhmatlar — bular bariga nuqta qo‘yiladi. Shu orqali Kamol ham o‘zini yengil his qilishi mumkin. Axir... u ham o‘z hayotini qayta boshlashi kerak bo‘ladi.

Zuhra boshini egdi. Ko‘zlarida tuman. Ammo uning ko‘ngli yana Kamol tomon tortilar, yuragi bir bo‘lakda qolayotgandek edi.


To‘y kuni yetib keldi. Mehmonxona oddiy bezatilgan, lekin har bir burchagida iztirob va umid qorishib turgandek edi. Toxir o‘ziga xos qiyofa bilan kelgan, quvonch va hayajonni aralashtirib jilmayar, ammo u ham yuragining bir burchagida Zuhrani to‘la baxtli qila olmasligini sezardi.

Zuhra esa — kelin libosida, o‘zini begona his qilardi.

“Men bu oq ko‘ylakni Kamol uchun tasavvur qilardim... ammo bugun u yo‘q.”

Asta qadam tashlab, to‘yxonaga kirganida, hammayoq jim bo‘lib qoldi. Uning husni hammani hayratga soldi. Lekin ko‘zlaridagi sokinlik — bu baxt emasdi, bu tan olish edi.

Toxir unga yaqinlashdi, qo‘lidan ushladi.

— O‘zim bilan baxtli qilaman, degandim. Va qilaman ham.

Zuhra hech narsa demadi. Faqat ko‘zlarini olib qochdi.


Shu payt shifoxonada, uzoqda, boshqa bir xonada Kamol birdan ko‘zini ochdi. Shifokorlarning yurak urishi kuzatuvchi monitori “pip-pip” etib kuchaydi. Saida opa shoshib o‘g‘lining qo‘lini ushladi.

— Kamol?! Bolam, meni eshityapsanmi?

Kamolning lablari zo‘rg‘a qimirladi. U xira ko‘zlari bilan atrofga qaradi. Nafas olish apparatiga ulangan bo‘lsa-da, yuragi uyg‘ongan edi. Yodiga... Zuhra tushdi. Va yuragi bir zarba otdi. Lablaridan xira so‘z chiqdi:

— Zuhra...