January 26

𝐌𝐈𝐍𝐄

𝖲𝖾𝗏𝗀𝗂 𝗎𝗋𝗎𝗌𝗁𝗀𝖺 𝗈'𝗑𝗌𝗁𝖺𝗒𝖽𝗂: 𝖻𝗈𝗌𝗁𝗅𝖺𝗌𝗁 𝗈𝗌𝗈𝗇, 𝗅𝖾𝗄𝗂𝗇 𝗍𝗈'𝗑𝗍𝖺𝗍𝗂𝗌𝗁 𝗃𝗎𝖽𝖺 𝗊𝗂𝗒𝗂𝗇~

Episode 28

Soolin allaqachon bog‘ bo‘ylab kezib, gullar orasiga singib ketgan edi. Jungkook esa belanchakda sokin tebranib, vaqti-vaqti bilan nigohini Soolin tomonga tashlab, sukunatdan huzur olardi. Bugun u o‘ziga ataylab dam bergan, tashqi olamdan bir zumga uzilgan edi.
Ammo tinimsiz jiringlayvergan telefon bu osoyishtalikni buzdi. Jungkook ekranga bir qaradi — eng ishonchli odami Minhodan o‘tkazib yuborilgan 36 ta qo‘ng‘iroq. U shunchaki e'tiborsizlik bilan telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Shu payt uzoqdan yugurib kelgan Soolin qo‘lida uzib olingan gullarni avaylab ushlagancha, yuzida esa beg‘ubor tabassum bilan Jungkook tomon shoshildi. Nafasi biroz tezlashgan, ko‘zlari esa quvonchdan charaqlardi.

— Jungkook, Jungkook, qarang! Nima topib oldim!

— Bu nima? Yovvoyi gulmi? — dedi Jungkook qiziqish bilan.

— Qarang, juda chiroyli va mitti. Pushti va sariq… — dedi Soolin gulni ehtiyotkorlik bilan ko‘tarib.

— Men uni anavi yerdan topdim, — deya qo‘li bilan uzoqdagi atirgul butalarini ko‘rsatdi. — Gullarning ostidan oldim, butalar tagiga yashirinib olgan ekan. Ammo baribir topqirligim tufayli uni payqadim. Juda chiroyli, to‘g‘rimi? - Jungkook bosh silkitib tasdiqlgancha uni tinglashda davom etdi.

— Bilasizmi men bu uchun bog'dan alohida joy tayyorlayman. Unga ism ham beraman. O'zm unga qarayman va ko'paytiraman. Men undan juda ko‘p hoh…

Soolinning ovozi birdan uzildi. Yuzidagi tabassum so‘ndi. U qo‘lidagi uzib olingan gulchalarga tikilgancha qotib qoldi.

— Nima? — dedi Jungkook. U qo‘lini Soolin nigohi qadalib qolgan tomonda silkitdi. — Nima bo‘ldi? Nega qotib qolding?

Soolin nigohini Jungkookning ko‘zlariga ko‘chirganida, ko‘zlari yoshga to‘lib, pastki labi mayin titrardi.

— Men… — dedi u zo‘rg‘a. — Men ularni hammasini yulib oldim-ku…

Jungkook avval Soolinning qo‘lidagi mitti gulchalarga, so‘ng yig‘lab yuborishga tayyor yuziga qaradi-da, o‘zini tutolmay kulib yubordi.

Jungkook

— Nega kulyapsiz?

Yig‘lab yuborgan Soolin jahli chiqib, kulayotgan Jungkookni mushtchalari bilan ura boshladi. Zarbalari kuchsiz, ammo alamga to‘la edi.

— Siz! Siz! Siz aybdorsiz!

— Menmi? — dedi Jungkook kulgusini zo‘rg‘a bosib. — Men yana nima qildim?

— Sizga ko‘rsataman deb ularni yulib olib keldim! — deya yig‘lagancha baqirdi u.

Jungkook uning bu qiliqlaridan o‘zini butkul kulgudan tiyolmasdi. Soolin esa tinmay, xuddi bolalarcha o‘jarlik bilan:

— Siz aybdorsiz! Siz aybdorsiz! — deb uning ko‘ksiga urardi.

— Bo‘ldi, kiyimimni ham kir qilding.

Jungkook Soolinning ikki qo‘lini bir qo‘li bilan tutib, ikkinchi qo‘li bilan kaftidagi gulchalarni oldi-da, yoniga qo‘yib qo‘ydi. Bir zum unga sinchiklab qaradi.

— Xo‘p, aybdor ekanman, — dedi u yumshab. — Senga xuddi shunaqasidan olib beraman. Ko‘p qilib o‘stirasan shu bog‘da. Xo‘pmi?

Soolin uning gaplarini eshitib, yig‘idan to‘xtadi va itoatkorona boshini qimirlatdi. Jungkook qizning ko‘z yoshlarini muloyimlik bilan yonoqlaridan artdi. Nihoyat Jungkookning ko'zlari Soolinning ust boshiga tushdi, loy bosgan qo‘llari, tuproqqa belangan ust-boshiga qaradi.

— Irkiy jo‘jamisan? Ust-boshingga qara.

Soolin asta qo‘llariga qaradi. Hatto sochlari ham kir bo‘lishga ulgurgan edi.

— Odam mehnat qilsa, usti kir bo‘ladi, — dedi u past, ammo jiddiy ovozda.

— Yerga yotib qanday mehnat qilding? Gullarni uzganingmi?! Ha chindan og'ir mehnat qilibsan.

— Bu sizning aybingiz edi, — dedi Soolin qovoqlarini uyib.

Jungkook uning gapiga e’tibor bermay, yengidan ushladi-da, bog‘dan olib chiqib, to‘g‘ri yuvinish xonasiga tomon yetaklab ketdi.

— Jungkook~

Qo‘llarini shimargancha vannadagi suvning haroratini qo‘llari bilan tekshirayotgan yigit, ismi cho‘zib aytilganini eshitib ortiga qaradi. Soolin esa stulda o‘tirgancha oyoqlarini likillatib, unga mungli nigohlar bilan tikilib turardi.

— Haligi… men... uyimga borishim kerak…

— shundoq ham uyingdasan — dedi Jungkook beparvo ohangda.

— Yo‘q, eski uyimga… dadamning uyiga, — dedi Soolin ovozi sekinlashib. — Dadam biroz betobga o‘xshardilar. Davolanish uchun chet elga ketishar ekan. Bu yerga kela olmas ekanlar. Keyin ularni qachon ko‘raman — bilmayman…

U bir lahza jim qoldi, ko‘zlari namlandi.

— Iltimos, bir marta boray…~

So‘zlar iltijoga to‘la edi, ohangi esa yurakni siqib qo‘yardi.

— Kasalman deb seni aldadimi? Haa, aldagani bola yaxshi. Ikki kun avval otdek yurardi. Ikki kunda o‘lim to‘shagiga mixlanib qolibdimi?

U gapira turib, vannaga turli vositalarni qo‘shardi — suv ustida ranglar sekin aralashib, hid taralardi.

— Mening dadam yolg‘onchi emas! — dedi Soolin ovozi titrab.

— Dadamni yoqtirmasligingizni bilaman. Lekin dadam siz o‘ylagandek emas. Men ko‘p narsa so‘ramayapman-ku axir…

U nafasi ichiga tushgandek bir zum to‘xtadi, ko‘zlari Jungkookdan javob kutib yondi..

— Menda faqat dadam va siz borsiz. Nega tushunmaysiz?..

— Kelsin. Shu yerda ko‘rsin seni. Qarshilik qilmayman. Lekin ketishni so‘rama!

— Bir kun… faqatgina bir kun.

— Yo‘q!

— Dadam betob bo‘lsalar, qanday qilib “yonimga keling” deyman? — dedi Soolin ovozi titrab.

— Ozroq kasal bo‘lsam, meni bag‘riga bosib, o‘zi davolagan dadamni betob holida bir marta borib ko‘ra olmaymanmi?

— O‘zim olib kelib beraman. VIP xizmati bilan. Kerak bo‘lsa, o‘sha o‘lim to‘shagi bilan olib kelaman.

— “O‘lim to‘shagi” deyishni bas qiling! O‘zingizni yotqizaman o‘sha to‘shakka!
Soolin endi o'zini tutib turolmadi.

U qichqirib yubordi. Jungkook nihoyat og‘irlik bilan ortiga burildi.

— Men baribir boraman, tushundingizmi? Qochib ketib bo‘lsa ham boraman!

— Yetar! Yarim soatda yuvinib, tayyor bo‘lib chiq. O‘zim kirmay!

U arang o‘zini bosib gapirardi. Yana biroz suhbat davom etsa Soolinni qattiq ranjitib qo‘yishini bilardi. Shuning uchun suhbatni yakunlab, xonadan chiqib ketdi.

U chiqib ketishi bilan eshikka nimadir zarb bilan otilib, singan ovoz eshitildi. Jungkook asabiy holda ko‘zlarini yumib-ochdi-da, uydagi ish xonasiga yo‘l oldi.
Aslida bugun u ishni bir chetga surib, Soolin bilan vaqt o‘tkazmoqchi edi. Ammo hozir asabini tinchlantirish uchun yana ishga sho'ng'idi.

Qurol-yarog‘ savdosi bilan bog‘liq ishlariga va Soolinga ko'p vaqt ajratgani sabab kompaniyadagi ko‘plab masalalar ortda qolib ketgandi. Nazorat avvalgidek qat’iy emas, tartib esa sezilarli darajada bo‘shashgan edi. Jungkook og‘ir xo‘rsinib, oldidagi hisobotlarni varaqlay boshladi.

Taxminan bir soat hisobotlar bilan band bo‘lgan Jungkook eshikning mayin taqqillashini eshitib, hujjatlardan boshini ko‘tarib:

— Kir, — dedi.

Eshikning taqqillashidan Soolin kelganini u darhol sezdi. Odatda Soolinning kayfiyati juda tez o‘zgaradi. Bir soat ichida esa u kamida o‘n marta o‘zgargan, endi esa yana o‘ziga kelib, Jungkookning yoniga kelgani aniq edi.

Kirishga ruhsat olishi bilan Soolin eshikdan boshini asta kirgizdi.

— Kirsam bo‘ladimi? — dedi u mayin ohangda.

Jungkook og‘irligini ish stoliga tashlab, ko‘zlarini unga qaratdi:

— Kelaqol o'zimga.

Soolin xonaga butunlay kirar ekan, quchog'ida rang-barang narsalar bor edi. Jungkook esa uni kuzatar, Soolin oldiga kelgach, ehtiyotkorlik bilan oyoqlari ustiga o‘tirishga yordam berdi.

— Bular nima ekan, o‘yinchoqlaringmi?..

Soolin quchog‘idagi narsalarni ish stoliga qo‘yarkan, hujjat va noutbukni uzoqroq surdi.

— Bular anti-stress vositalari, — dedi u.

— Qarang, mana bunisi yumshoq slaym. Uni qo‘llaringizda oynab, hatto narsa yasashingiz ham mumkin.

Jungkook o'zini kulib yuborishdan tiyib, lablarini tishladi.

— Mana bu ham asabingizni tinchlantiradi: pop-it va simple dimple. Barmoqlaringiz bilan qilasiz qarang.

Soolin uni o‘zi qilib ko‘rsatib berdi, har bir harakatini muloyim va diqqat bilan bajarib.

— Va yana, mana bunisi…

— To‘xta, bo‘ldi! — dedi Jungkook, kulgisini biroz yashirib. — Bularni menga olib keldingmi?

— Ha, chunki bular asabiylashganda yordam beradi ekan. Asabni tinchlantiruvchi, — dedi Soolin, jilmayib.

Jungkook Soolinning qo‘lidagi narsalarni va rang-barang anti-stress vositalarini biroz uzoqlashtirdi, so‘ng uni o‘ziga yanada yaqin tortdi. Ikki oyog‘ini belidan o‘tkazib, quchoqladi, boshi uning bo‘yniga chokib, iforidan chuquroq hidlab, past ovozda dedi:

— Mana shu mening anti-stresim, — dedi u.

— Agar bir kunga ruxsat bersangiz, sizni har kuni shunday quchoqlayman. Hamma aytganlaringizni qilaman, va’da beraman — aqlli qiz bo‘laman. Bog‘dan ham gullarni yulmayman, ustimni ham kir qilmayman. Mushuk ketidan tomga chiqmayman. Qor yog‘sa, qorga o‘zimni otmayman, hovuzga ham yaqinlashmayman. Oshxonadan ham shirinlik o‘g‘irlamayman. Ko‘p planshet ham o‘ynamayman. Har kuni harhasha qilib…

— Soolin, — dedi Jungkook muloyim, ammo qat’iy ohangda. U qizning mayin ovozdagi iltimosini shu yerda to‘xtatdi.

— Bu mavzuni allaqachon yopdik. Meni bunday moltiragan ko‘zlaring va yuragimni ezadigan so‘zlaring bilan qiynama.

Soolin og‘ir xo‘rsindi. Bu yo‘l bilan Jungkookni ko‘ndira olmasligini anglab yetdi. Qo‘llarini Jungkookning ko‘ksiga tirab, uni o‘zidan biroz uzoqlashtirdi-da, jiddiy ohangda so‘radi:

— Demak, baribir yo‘q?

— To‘g‘ri tushunding, — dedi Jungkook qisqa qilib.

U Soolinning sochlarini silash uchun qo‘l uzatganida, Soolin uning qo‘lini qaytardi.

— Demak shunday ekan, — dedi u qat’iy. — Sizga va’da berib aytamanki, dadamning oldilariga olib bormaguningizcha bir luqma ovqat ham yemayman, bir qultum suv ham ichmayman. Istagan yo‘lingiz bilan jazolang — baribir aytganingizni qilmayman. Oxir-oqibat shunday qilamanki, bu uydan ham, sizdan ham butunlay ketaman. O‘zingiz ham nima bo‘lganini tushunmay qolasiz.

Bu safar Soolinning so‘zlarida o‘yin yo‘q edi. Yuzidagi jiddiylik, ohangidagi qat’iyat uni o‘zi ham ilgari bilmagan qirrasini ochib qo‘ygandek edi. Jungkook bu Soolinni hech qachon ko‘rmagan edi. Balki Soolinning o‘zi ham.

Gapini tugatishi bilan u Jungkookning quchog‘idan tushdi-da, ortiga qaramay xonadan chiqib ketdi.

Jungkook esa hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. U Soolinni tushunardi — otasi uning uchun naqadar muhim ekanini, ichidan qanday xavotir yeb turganini his qilardi. Ammo ko‘ksida g‘alati bir g‘ashlik bor edi: kimdir ichida Soolinni hech qayoqqa yubormaslikni, aksincha yanada mahkam ushlab qolishni buyurayotgandek edi.

Jungkook kursiga suyangancha, asabiylashgan holatda o‘zini tinchlantirishga urib chakka tomonlarini siladi. Nigohi ish stoli ustida Soolin qoldirib ketgan rang-barang o‘yinchoqlarga tushib, o‘yga toldi.

Shu payt eshik taqilladi. Jungkookdan kirish uchun ruxsat olib, xizmatkor ayol xonaga kirdi. U odob bilan ta’zim qilib gap boshladi:

— Janob Jeon, janob Minho kelibdilar. Sizni hovlida kutyaptilar.

Aytishlaricha, muhim ish ekan.
Jungkook ketavering degandek barmog‘i bilan ishora qildi. So‘ng bugun kun bo‘yi Minho tinimsiz qo‘ng‘iroq qilganini eslab, o‘rnidan turdi va honani tark etdi.

Zinadan tushishga hozirlanar ekan, Jungkook birdan qadamini to‘xtatdi. Ortiga qaytib, o‘ziga juda tanish bo‘lgan — pushti ranglarda bezatilgan, markazida katta quyonning pushti, pahmoq quloqlari tasvirlangan, yuqori qismida esa “little bunny Soolin” deb yozilgan eshik qarshisida to‘xtadi. Eshik tutqichini asta burdi — ichkaridan qulflangan edi. Xuddi taxmin qilganidek.

Buni hozircha chetga surishga qaror qildi-da, Minho bilan uchrashish uchun pastga tushib, hovliga chiqdi. Kirish darvozasi oldida kutib turgan Minhoga barmog‘i bilan “kel” degan ishorani qildi. Minho esa tezlik bilan yo‘lida hozir bo‘ldi.

— Janob Jeon.

— Nega kompaniyada emas, darvozam tagida turibsan? — dedi Jungkook jahli chiqib. — Senga butun bir kompaniyani ishonib topshirgan bo‘lsam, ikki-uch haftada nimalar qilib yubording? Hozirgina hujjatlarni ko‘zdan kechirdim — bu nimasi?

Uning ovozi jahl bilan deyarli o‘shqirib chiqdi.

— Hammasi mening aybim, — dedi Minho boshini egib, kechirim so‘ragandek. — Ammo hozir ketishimiz kerak. Kompaniya yangi hamkorlar bilan muammoga duch keldi. Shu ishlar bilan ovora bo‘lib, ichki nazoratni yo‘qotdim. Hozir kompaniyada politsiya...

— Nima?

— Janob Jeon, xonangizdan giyohvand modda topildi. Kompaniyada tintuv ketmoqda. Sizga ko‘p qo‘ng‘iroq qildim, ammo javob bermadingiz.

Jungkook hafsalasiz holda chuqur nafas chiqardi. Politsiya bilan ishni hal qilish mumkin — bu uni qo‘rqitmasdi. Bu u uchun muammo emas edi. Qolaversa, xonada ham, kompaniyada ham kameralar bor. Hatto ular kor qilmagan bo‘lsa ham, Jungkookning yashirin kameralarini chetlab o‘tib bo‘lmasdi. Kim bu o‘yinni o‘ynab, xonasiga bunday narsani tashlab ketganini topish mushkul emasdi.

Ammo yuragini g‘ash qilayotgan narsa bu emasdi.

— Yaxshi, hal qilaman.

— Janob, ammo hozir kampaniyaga bormasangiz bo‘lmaydi ahvol jiddiy, ular yana ba'zi narsalar topganga o'xshaydi. Lekin afsuski men ishlariga aralasholmadim. Nimaligini bilmayman.

Jungkook bir zum o‘ylab turdi-da, keskin buyruq berdi:

— Senga vazifa. Odamlarni yig‘ — eng ishonchlilarini. Mashinalarni tayyorlang. Min Suhoning uyiga borasiz. O‘zing boshchilik qilasan. Boshing bilan javob berasan, unutma. Soolinni Suhonikiga hech qanday xatarsiz olib borasan va ikki soat ichida mening buyrug‘im bilan qaytasiz. Agar ishlarni tezda hal qilsam, o‘zim boraman.

Minho barcha buyruqlarni so‘zsiz, diqqat bilan tinglardi.

— Hozir, — deya davom etdi Jungkook, — uyda faqat Suho borligiga ishonch hosil qil. Uy atrofi to‘liq nazorat ostida bo‘lsin. Hech nimani ko‘zdan qochirishga haqqing yo‘q. Agar nimadir g‘alati sezsang — eng muhimi, Soolinni himoya qil va darhol menga xabar ber.

Hovlida havo tobora og‘irlashib borardi. Jungkook esa ich-ichidan bo‘layotgan bo‘ronni zo‘rg‘a bosib turardi.

Suho — Jungkookning eng ishonchli odami edi. Mayda-chuyda topshiriqlarni aytmaganda, muhim vazifalarda, ayniqsa bunday nozik holatlarda u bilan hali hech qachon muammo bo‘lmagan. Tajribali, hushyor va eng muhimi — ishonchli yigit. Jungkook yana bir bor barcha xavfsizlik choralarini unga uqtirdi. So‘ng Minho ishga kirishdi, Jungkook esa Soolinning xonasiga yo‘l oldi.

Eshikni ikkinchi kalit bilan ochib ichkariga kirdi. Soolin yopinchiqqa o‘ralgancha yotoqda jim yotardi.

— Soolin.

Jungkook yotoq chetiga o‘tirdi. Soolin uni ko‘rishi bilan boshqa tomonga o‘girilib oldi. Jungkook esa uning yig‘idan qizarib ketgan yuzini ko‘rib qoldi.

— Kiyinib tayyor bo‘l. Minho seni dadangning oldiga olib boradi, — dedi u vazmin ohangda.

Bu so‘zlarni eshitgan Soolin birdan sakrab o‘rnidan turdi.

— Chindanmi?

Yuzida hayrat, yig‘idan shishib qizarib ketgan ko‘zlari yanada kattalashib ketdi.

Jungkook boshini qimirlatib tasdiqladi.

— Bilardim… — dedi Soolin ovozi titrab. — Jungkook, rahmat. Sizni yaxshi ko‘raman.

U Jungkookni mahkam quchoqladi.

— Qani, bo‘laqol, kiyinishni tezlat. Mening ham ishlarim bor, men ham ketishim kerak, — dedi Jungkook.

— Hozir.

Soolin shoshilib yotoqdan tushdi, oynaga qarab sochlarini to‘g‘riladi va shkafdan kiyimlarini ola boshladi. Shu payt Jungkook chiqib ketib, ish xonasidan kerakli narsalarini olib qaytdi. Soolin esa xonadan chiqishga hozirlanayotgan edi.

— Bu nimasi? — dedi Jungkook uning kiyimlariga qarab qoshlarini chimirib.

Soolin o‘ziga qaradi: yelkasi biroz ochiq kofta, tor shim.

Jungkook uni yana xonaga qaytarib kirdi. Ustiga kapyushonli, keng svitshot kiygizdi, pastiga esa keng shim. So‘ng kapyushonni boshiga tortib qo‘ydi — xuddi dunyodan yashirgandek.

Jungkook Soolinni yelkalaridan tutib, muloyimlik bilan o‘ziga qaratdi. Nigohi uning yuzida bir zumga to‘xtab qoldi — hali ham namligi ketmagan kipriklar, hayajondan tez-tez ko‘tarilib-tushayotgan ko‘krak… U chuqur nafas oldi, ovozini pastlatdi.

— Menga yaxshilab quloq sol, — dedi u vazmin, ammo qat’iy ohangda. — Minhoning yonidan bir qadam ham uzoqlashmaysan. Mashinadan o‘zboshimchalik bilan tushmaysan. Dadang bilan biroz vaqt o‘tkazasan, so‘ng Minho seni yana bu yerga olib keladi. Sen unga quloq solishing shart.

U bir zum to‘xtadi, nigohi yanada jiddiylashdi, so‘ng davom etdi:

— Agar otang senga nimadir deb ketish yoki qochish haqida gapirsa, quloq solma. Bu faqat o‘ziga ziyon. Agar qandaydir xato qilsang, otangni hech qanday yo‘l bilan qayta ko‘rmaysan. Bu tahdid emas — ogohlantirish. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, menga xabar yetkaziladi. Tushundingmi?

Soolin uning ko‘zlariga tikildi va sekin bosh irg‘adi.

— Tushundim.

Soolin

Jungkook hissiyotga beriluvchan odam emas edi. Ammo hozir ichini yemirayotgan, unga tinchlik bermayotgan noaniq, tushunarsiz bir tuyg‘u bor edi. Uni nomlay olmasdi, faqat ko‘ksida og‘irlik bo‘lib o‘tirgandi.

Ular hovliga chiqishdi. Katta hovlida taxminan yigirmaga yaqin zamonaviy rusumdagi qora mashinalar tizilib turardi. Atrofda juda ko‘p qurollangan odamlar, ularning orasida esa Minho. Minho uydan chiqayotgan Soolin va Jungkookni ko‘rib, darhol oldilariga yaqinlashdi. Odamlar esa imkon qadar chetroqda, ko‘zga tashlanmaydigan holda joylashgan edi — bularning barchasi Soolinni bu manzaradan asrash va Soolinni begona nazarlardan asrash uchun edi.

— Aytganlarimni unutma, Minho, — dedi Jungkook past, ammo buyruq ohangida. — Uni ko‘z qorachig‘ingdanda asra.

— Albatta, janob Jeon, — dedi Minho qat’iylik bilan.

So‘ng u Soolinga yuzlandi:

— Marhamat, kichik xonim, — deya uzoqroqda turgan mashinaning eshigini ochib berdi.

Soolin mashinaga o‘tishga hozirlangan paytda Jungkook uni to‘xtatib qoldi. Bir lahzada qattiq bag‘riga bosdi. Yuzini uning bo‘yniga ko‘mib, iforidan o‘pkasini to‘ldirdi — go‘yo shu hid bilan ichidagi bezovtalikni bosmoqchi bo‘lgandek. Ammo bu bezovtalikni tashqarida sezdirmasdi.

Ichidagi g‘ashlikni tushunmasdi. Shu bois miyasi o‘zini o‘zi ovutardi: ikki-uch soatdan keyin yana bag‘rimda bo‘ladi, deya.

So‘ng uni qo‘yib yubordi va qisqa dedi:

— Boraqol.

Bu so‘z og‘zidan chiqarkan, uning og‘irligini faqat Jungkookning o‘zi his qildi.

Jungkook

Soolin mashinaga o‘tirishdan avval Jungkookka yana bir bor qaradi. Go‘yo u ham nimadandir xavotir olayotgandek edi. Balki ko‘ngli nimanidir sezgandir, balki Jungkookdagi o‘zi ham anglay olmayotgan notanish holatni payqab qolgandir. U nigohini uzolmadi — xuddi shu qarash bilan nimanidir so‘ramoqchi, nimanidir eslab qolmoqchidek.

Soolin

Hamma o‘z mashinalariga joylashar ekan, katta hovlidan mashinalar ketma-ket, aniq tartib bilan harakatlana boshladi. Avval oldingi mashinalar darvozadan chiqdi, ortidan boshqalari sukunat ichida ergashdi.
Uchta mashina o‘ng tomonga — kompaniya tarafga burildi. Qolganlari esa chap tomonga. Agar vaziyat kutilganidek yomon tomonga og‘ib ketsa, qolgan barcha mashinalar esa yo‘nalishni o‘zgartirib, teskari tomonga — chalg‘ituvchi yo‘l bo‘ylab harakatlanishi kerak edi. Har bir burilish, har bir masofa oldindan rejalashtirilgan, xatoga o‘rin qoldirilmagan edi.

Orqadan o‘n daqiqa o‘tdi. Jungkook deyarli kompaniya yo‘liga yetib kelayotgandi. Shu payt telefoni jiringladi — qo‘ng‘iroq Minhoning edi. Ammo aniq reja bo‘yicha ular manzilga yetib, shundan keyin xabar berishlari kerak edi. Bu vaqtda esa ular hali yo‘lning yarmiga ham yetmagan bo‘lishi lozim edi. Rejalarsiz qo'ng'iroq faqat biror korhol bo'lganda habar berish uchun. Bu havotilanishga sabab boladi.

Jungkook tezlikda qo‘ng‘iroqni qabul qilib, telefonni qulog‘iga olib bordi. Ammo soniya ham o‘tmay, qarshisidagi mashina portlab, kuchli silkinish yuz berdi. Atrofni chiyillagan tovush bosdi. Jungkook bunga e’tibor bermay, qo‘lidagi telefonni yo‘qotib qo‘yganini anglab, mashina ichida qidirishga tushdi. Nihoyat, o‘rindiq ostidan topdi, ammo telefon allaqachon ishdan chiqqan edi.
U darhol mashinadan tushdi. Orqadagi mashinadan tushgan odamlardan birining telefonini tortib olib, shoshilinch Minhoga qo‘ng‘iroq qildi. Minho go‘shakni tez ko‘tardi.

Ammo Jungkook eshitgan so‘zlar…
Ko‘zlari katta ochildi. Ko‘ksida nimadir uzilgandek bo‘ldi — xuddi ichidan bir parcha yulib olingandek. U bir lahza nafas olishni ham unutdi...

#Davomi_bor...