Sening koʻzlaring menman
Vaqt besh kun ortga qaytadi. Saroydagi dabdabali chiroqlar, pichir-pichirlar va taxt uchun kurashlar gʻoyib boʻlib, tunning vahimali sukunati choʻkadi. Bu sirni faqat men va ushbu qora qismni qogʻozga tushirayotgan muallifgina bilardi. Oʻsha tunda nimalar boʻlganini faqat mening tilimdan eshiting...
Men deyarli butun qirollikni — saroy chegarasidagi har bir hududni, har bir burchak va yashirin yoʻlaklarni aylanib chiqqan edim. Saroysining tashqi koʻrinishi boʻlajak marosim uchun nihoyatda chiroyli bezatilgan, menda deyarli bajariladigan ish qolmagandi. Men hamma joyni koʻrib, nazorat qilib boʻlgandim... faqat oʻsha qasrning eng baland, hamma tomonidan unutilgan minorasidan tashqari.
Shu paytgacha u yer haqida hech oʻylab koʻrmagan, u yerga chiqishni xayolimga ham keltirmagan edim. Ammo oʻsha tun qasrning eng yuqori qismi qandaydir sirli va tushunarsiz ravishda mening eʼtiborimni tortdi. Ichimdagi gʻalati bir kuch meni oʻsha tomonga yetaklay boshladi. Qadamlarimni ohista bosib, zim-ziyo zinalar boʻylab yuqoriga koʻtarila boshladim.
Qasrning yuqori qismidagi yoʻlaklar butunlay qorongʻu edi. Shunchalik qorongʻu ediki, faqatgina tor derazalardan tushib turgan gʻarib oy nurlari tun bagʻrini arang yoritib turardi. Oy nurida zoʻrgʻa koʻrinayotgan bu tashlandiq yoʻlaklar boʻylab yurar ekanman, yuragimda qandaydir gʻamlik, vahima va tushunarsiz bir qorongʻulikni his qila boshladim. Atrofdagi sovuqlik vujudimni titratardi. Baʼzida bu yer saroy qonun-qoidalariga koʻra kirish mutlaqo taqiqlangan joy, degan shubha ham xayolimdan oʻtardi. Ammo meni ortga qaytaradigan kuch yoʻq edi.
Men yoʻlakdagi duch kenlgan hamma xonalarni birma-bir koʻrib chiqdim. Ularning barchasini qalin chang bosgan, eshiklari yillar davomida ochilmaganidan oʻrgimchak toʻrlari bilan qoplangan edi. Goʻyoki tiriklik asari qolmagan bu xonalar men uchun hech qanday ahamiyatga ega emasdek tuyuldi. Bu yerda hech vaqo yoʻqligiga ishonch hosil qilib, ortimga — pastga tushmoqchi boʻlib burildim.
Aynan oʻsha lahzada, uzun yoʻlakning eng oxiridagi xonadan qandaydir gʻalati sariq nur taralayotganini payqadim. Bu derazadan tushayotgan sovuq oy nuri emas, balki tirik olovning nuri edi! Oʻsha tomon yurar ekanman, atrof borgan sari qorongʻulashib borar, ammo oxirgi xonadan chiqayotgan oʻsha sariq shoʻla meni oʻziga sehrgardek, kuchli ohangrabodek tortardi. Yoʻlak rostdan ham juda uzun va vahimali edi. Yoʻl-yoʻlakay boshqa xonalarni ham koʻrdim, ularning eshiklari juda ham koʻhna va qora taxtadan iborat edi. Ularning ichini ochib koʻrishga urindim, ammo qorongʻulikdan hech narsa koʻrinmadi.
Nihoyat, yoʻlak oxiridagi oʻsha sirli xonaga yetib bordim. Yaqinroq kelgach, u yerdagi sariq nur oddiy nur emas, balki devorga oʻrnatilgan mashʼala ekanligini bildim. Bunday gulxanlarni odatda faqat saroyning eng tubidagi sovuq zindonlarda, devorlarga oʻrnatib qoʻyishardi. Bu kimsasiz va unutilgan yoʻlakda esa faqat bitta gulxan yolgʻiz yonib turardi. Men uni devordagi temir xalqasidan sugʻurib, qoʻlimga oldim va atrofni yorita boshladim.
Gulxan nuri ostida roʻparamdagi eshikka koʻzim tushdi-yu, birdan toʻxtab qoldim. Bu eshik boshqalari kabi chang bosmagan, goʻyoki bu yerga kimdir har kuni, tez-tez kirib-chiqib turadigandek top-toza edi! Qiziqishim har qachongidan ham ortib, eshik tutqichini ushladim va oʻzimga tortdim, ammo u qulflangan edi. Saroy tepasidagi boshqa hamma eski xonalar ochiq boʻlsa-da, faqatgina mana shu eshik zanjirlangan va berkitilgan edi. Men hayron qoldim: nima uchun bunday tashlab ketilgan yoʻlak oxiridagi eshik mahkam qulflab qoʻyilgan? Bu yerda nima saqlanyapti? Qirollikning qanday siri bor bu xonada?
Kalitni qayerdan qidirishni bilmay, hayron boʻlib turdim. Eshikni kuch bilan buzib ochay desam, u oddiy yogʻochdan emas, balki ulkan, qora va mustahkam temirdan qilingan edi! Bunday unutilgan minoraga nega dabdabali temir eshik oʻrnatilgani meni yanada chuqurroq shubhaga soldi.
Men gulxanni joyiga qaytarib qoʻyib, pastga tushishga va u yoqdan eshikni buzadigan biror ogʻir asbob olib chiqishga qaror qildim. Gulxanni devordagi maxsus tirqishiga qoʻyish uchun qoʻl uzatgan ham edimki, kutilmaganda oʻsha tirqishning naqd yonida, devordagi zanglagan mixda osilib turgan kalitga koʻzim tushdi!
Mana endi bu xona meni rostdan ham oʻlimga qadar qiziqtira boshladi. Agar bu xonani qulflab, begonalardan sir saqlashmoqchi boʻlishsa, nima uchun kalitini hamma koʻradigan joyda — gulxanning shundoq yonida qoldirishgan? Bu qandaydir tuzoqmi yoki shunchaki ehtiyotsizlik? Shunham va vahimali oʻylar ichida kalitni qoʻlimga oldim. Uni qulf tirqishiga suqib, asta buradim. Qulf tishlari dahshatli gʻichirladi va temir eshik ogʻir ovoz chiqarib ichkariga ochila boshladi.
Ichimdan gʻalati bir sovuq tuygʻu oʻtdi: kim ham shunday muhim xonani qulflab, kalitini oʻsha yerning oʻzida qoldiradi? Bu rostdan ham juda gʻalati, shubhali va sirli edi... Men eshikni ochib, ichkariga birinchi qadamni qoʻydim...
Eshikni ochishim bilan ichkariga birinchi qadamni qoʻydim va uni ohastalik bilan ortimdan yopdim. Xona shunchalik dahshatli darajada ulkan ediki, qoʻlimdagi miltillab turgan mashʼala atrofni zoʻrgʻa yoritib borardi. Atrofga alanglab, deyarli hech vaqo yoʻqligini koʻrdim va hayron qoldim: bunday boʻm-boʻsh joyni qulflab qoʻyish kimga kerak boʻldi ekan?
Men xona boʻylab yurar ekanman, ulkan derazadan tushib turgan oy nuri xonaning deyarli yarmini — aynan deraza atrofini yoritib turganini koʻrdim. Ammo meni hayratda qoldirgan, hatto vujudimni titratgan narsa boshqa edi: xonaning toʻrida, qasrning maxsus devor pechkasi ichida olov yonib turardi! U miltillabgina xonani ilitib turardi. Xayolimga birdan vahimali oʻy keldi:
Bu yerda kimdir yashaydimi? Yoki hozirgina kimdir shu yerda boʻlganmi?
Axir qasrning bu chekka, unutilgan qismida hech kim boʻlmasligi kerak edi-ku!
Vaziyat borgan sari sirli tus olayotgandi. Pechka yoniga borar ekanman, deraza pardalari keng ochib qoʻyilganini koʻrdim — ichkarida olov yonib turgan boʻlsa-da, tashqaridan sovuq izgʻirin shamol urilardi. Shu payt tasodifan oyogʻim ostida nimadir borligini his qildim. Qoʻlimdagi gulxanni pastga tutib, atrofni yoritsam... xonaning deyarli hamma burchagida, pol qismida sochilib yotgan suratlar bor edi!
Bular qoʻlda chizilgan rasmlar edi. Men ularni qiziqish bilan birin-ketin yoritib, koʻzdan kechira boshladim. Ularning deyarli barchasi gʻalati, tushkun va qora grafik uslubda chizilgandi. Buni chizgan inson ranglarni bilmaydimi yoki ularni boʻyashni xohlamaganmi? Rasmlarning pastki qismida qandaydir imzo va juda mayda yozuvlar bor edi, ammo miltillovchi nurda ularni oʻqiy olmadim.
Bu yerda rostdan ham rasmlar juda koʻp edi — 50 taga yaqin. Hammasi yuksak mahorat bilan chizilgan boʻlib, asosan tabiat manzaralari, oddiy aholi va qasr hayoti tasvirlangandi. Odamlar juda kam chizilgan boʻlsa-da, ularning ichida bir insonning qiyofasi qayta-qayta tasvirlangani eʼtiborimni tortdi. Rassom uning hamma qismini chizgan, ammo har safar yuz qismiga kelganda toʻxtab, u yerga mutlaqo teginmagan, yuz oʻrnini oppoq, boʻsh qoldirgan edi.
Rasmlarni birma-bir tomosha qilib borarkanman, birdan ularning orasida eng gʻalati boʻlgan bitta suratga koʻzim tushdi. U qolgan hayratlanarli va mukammal asarlardan mutlaqo ajralib turardi. Unda butun qirollik tasvirlangan edi, ammo ranglar... ranglar dahshatli darajada notoʻgʻri tanlangandi! Atrofdagi bogʻ-rogʻlar, daraxtlarning tanalari men umrimda koʻrmagan yorqin sariq rangga boʻyalgan, qirollik qasrining oʻsha men turgan yuqori qismi esa qip-qizil rangda edi. Qanaqasiga axir? Hatto yosh bolalar ham ranglarni bunchalik chalkashtirmaydi-ku! Oʻzimni kulgidan zoʻrgʻa toʻxtatib, suratga yaqinroq termuldim: rassom nimani ifodalamoqchi boʻlgan? Eng qizigʻi, suratdagi butun yer qop-qora rangga boʻyab tashlangandi. Bu sirli tasvirlar va chizmalarning maʼnosi mening miyamni qattiq band qilib qoʻydi.
Oxirgi suratlardan biriga kelganimda, undagi chizilgan bir insonning gavdasi menga kimnidir qattiq eslatdi. Eslashga harakat qildim, lekin xotiram pand berdi. "Mayli" deya oʻsha suratni joyiga tashlab, oʻrnimdan turgan ham edimki, qorongʻulikdan qandaydir pichirlagan ovoz keldi!
Yuragim urishdan toʻxtab qolgandek boʻldi. Qoʻlimda gulxan bilan ovoz kelgan tomonga — pechka atrofiga asta yaqinlashdim. Diqqat bilan qarasam, u yerda mittigina bir mushuk yotgan ekan, ovoz undan chiqayotgan edi. "Uh" tortib, tinchlandim. Mushuk poyafzalimga yaqinlashgandi, uni oyogʻim bilan ohista nari surib qoʻydim. Mushuk vahimali ovoz chiqarib, xonaning oy nuri tushmaydigan eng qorongʻu burchagiga qarab qochib ketdi.
"Bu yerda rasmlardan boshqa hech qanday qiziqarli narsa yoʻq ekan. Kimdir shunchaki chizgan va eshikni qulflagan," deb oʻyladim. Axir rasmlarni saroyning boshqa xonalarida ham saqlasa boʻlardi-ku, butun bir xonani qulflab, bu yerda pechka yoqib qoʻyish gʻirt ahmoqlik edi. Soat— allaqachon yarim tun boʻlgan, koʻzlarimga uyqu tiqila boshlagandi. Bu haqda ertaga oʻylashni reja qilib, xonadan chiqish uchun eshik tomon sekin odimladim.
Aynan shu soniyada, ortimdan kelgan ovoz vujudimni muzlatib qoʻydi! Bu safar... bu mushukning ovozi emas edi!
Sizmisiz?.. Keldingizmi? Siz shu yerdamisiz? Kim bor bu yerda? Oyijon, bu sizmisiz, shundaymi?
Ortimga chaqmoqdek oʻgirildim. Zulmat ichida kimdir gapirayotgandi. Endi aniq ishonch hosil qildim: bu shunchaki rasmlar saqlanadigan ombor emas, balki kimningdir yashirin xonasi edi! Bu yerda kimdir tiriklayin yashardi!
Qoʻlimdagi gulxan bilan zulmat bagʻrini yoritishga urindim, ammo uzoq burchaklar qorongʻulikka burkangan boʻlib, hech narsani koʻrib boʻlmasdi. Faqat ovozidan bu yoshgina qiz bolaning tovushi ekanini bildim. Men nafasimni ichimga yutib, javob bermay jim turdim.
U mening sukunatimni sezib, "Yana qushlar keldimi?" deya deraza tomon yura boshladi. Qiz mutlaqo erkin va tez qadamlar bilan borib, derazani yopdi va ogʻir pardalarni mahkam surib qoʻydi. Endi xona tamoman zim-ziyo boʻlgan, faqatgina kamin olovi va qoʻlimdagi kichik mashʼala atrofga nimjon nur sochib turardi.
Qiz pardalarni yopib, yana ohista qadam tashlay boshladi. Men esa uning ortidan sezdirmasdan ergashdim. Miyamda dahshatli savollar aylanardi:
Nega u meni koʻrmayapti? Rostdan ham meni sezmayaptimi yoki men unga koʻrinmayapmanmi? Men qandaydir sehrli makonga, arvohlar xonasiga tushib qoldimmi?! Yo allaqachon oʻz toʻshagimda uxlab qolib, tush koʻryapmanmi?
Axir odam qanday qilib roʻparasidagi ulkan sharpa va yonib turgan mashʼalani koʻrmasligi mumkin?!
Lekin agar u koʻr boʻlsa, qanday qilib bu qorongʻulikda adashmay, toʻgʻridan-toʻgʻri deraza yoniga bordi? Va eng asosiysi... agar u koʻr boʻlsa, boyagi 50 ta moʻjizaviy, mukammal rasmlarni qanday qilib chizdi?! Bir soniya ichida miyam portlash darajasiga keldi. Men qasrning eng qoʻrqinchli va mudhish siriga duch kelgan edim va bu sir meni oʻz qaʼriga tortib ketayotgandi.
Qiz oʻz yotogʻi tomon talpinar ekan, uning ortidan hech qanday tovush chiqarmay, sezdirmasdan ergashdim. Qoʻlimdagi gulxan bilan uning qadamlarini yoritib borardim, ammo men yoritmasam ham u mutlaqo toʻgʻri va erkin harakatlanayotgan edi. Qiz toʻgʻri toʻshagiga keldi, boshini yostiqqa qoʻydi-yu, qayta shirin uyquga ketdi. Boyagi men nari surib yuborgan mushuk esa allaqachon uning yoniga kelib, poyiga bosh qoʻyib yotib olgandi.
Shu lahzada ichimdan bir qaltiroq oʻtdi: Bu yerda kimdir yashaydimi? Yoki hozirgina kimdir shu yerda boʻlganmi?
Demak, men tush koʻrmayapman, arvoh ham emasman! Axir boya mushukni oyogʻim bilan turtgandim-ku, u haqiqiy edi! Lekin nega unda bu qiz meni koʻrmayapti? Qorongʻu xonada hech qayerga urilmay, bunchalik aniq harakat qilyapti-yu, nega roʻparasidagi odamni va yonib turgan mashʼalani sezmayapti?
Miyamda javobsiz savollar girdobidek aylanar, xayollarim chalkashib ketgandi. Oxiri bu yerda ortiq qolmaslikka va hammasini tongda tekshirib koʻrishga qaror qildim. Xonadan sekin, ohista qadamlar bilan chiqib ketdim. Eshikni tambaladim, gulxanni devordagi tirqishiga qaytarib qoʻydim va temir eshikni qulfladim. Bu safar kalitni oʻsha yerda qoldirmay, oʻzim bilan oldim-da, kiyimimning choʻntagiga soldim. Tezda oʻz yotogʻimga qaytib, oʻzimni karavotga otdim va koʻzlarimni yumdim.
Ertalab koʻzlarimni ochishim bilan kechagi dahshatli va sirli voqealar yodimga tushdi. "Kecha rostdan ham oʻsha xonaga bordimmi yoki barchasi shirin tushmidi?" — oʻzimni tekshirib koʻrishni xohladim. Kechasi qaysi kiyimda uxlab qolgan boʻlsam, oʻsha kiyimda oʻrnimdan turdim va kiyimim choʻntagini paypasladim. Kalit shu yerda edi!
Eshikni asta ochib, kechagi gʻarib va unutilgan yoʻlak tomon yoʻl oldim. Bu safar yoʻlaklar zim-ziyo emas, balki derazalardan tushib turgan yorqin quyosh nurlari bilan yorishgan edi. Yoʻlak oxiriga yetib borib, oʻsha ogʻir temir eshik qarshisida toʻxtadim. Choʻntagimdan kalitni chiqarib, qulflangan teshikka suqdim va buradim. Eshik ogʻir gʻichirlab ochildi va men ichkariga qadam qoʻydim.
Xona ichkarisi xuddi kechagidek sokin edi, faqat devordagi kamin olovi allaqachon oʻchgan, xona biroz sovugandi. Pardalar mahkam yopilgani uchun ichkariga quyosh nuri kirmagan edi. Kechasi payqamagandim, bu xona qasrning boshqa burchaklariga qaraganda biroz chang boʻlsa-da, yoʻlakdagi tashlab ketilgan xonalardek qalin chang bosmagandi. Demak, bu yer haqiqatan ham tez-tez tozalanib, nazorat qilib turilardi.
Men toʻgʻri deraza yoniga borib, ogʻir pardalarni keng ochib yubordim. Xona ichiga yorqin quyosh nuri yopirilib kirdi va atrofni butkul yoritdi. Quyosh nurlari ostida kechasi pol qismida sochilib yotgan oʻsha 50 taga yaqin suratlarga yana bir bor koʻz yugurtirdim. Rasmlardagi ranglar va qiyofalar kunduz kuni yanada aniqroq koʻrina boshladi. Kechagi qiz yodimga tushib, darrov u uxlagan toʻshak tomon oʻgʻirildim.
Qiz hali ham oʻsha joyda — xonaning toʻridagi yotoqda buralib uxlab yotardi. Bu ulkan xonada deyarli hech qanday ortiqcha jihoz yoʻq edi: bitta eski shkaf, bitta stol va faqat rasm chizish uchun kerakli asbob-anjomlar, boʻyoqlar va bir nechta kiyim-kechaklar bor edi, xolos.
Men shu vaqtgacha butun umrimni shu saroyda oʻtkazgan boʻlsam-da, nega bu xona va bu qiz haqida hech narsa bilmagandim? Sababi, qirol tomonidan qasrning mana shu eng yuqori qismiga chiqish qatʼiyan taqiqlangan edi. Bu yerga hech kim qadam bosa olmasdi. Aynan mana shu qatʼiy taqiq meni har doim qiziqtirib kelgani uchun ham kechasi bu yerga kelishga jazm qilgandim. Qirol nimani yashiryapti, bu yerda nimalar boʻlyapti — hammasini bilmoqchi edim.
Qizning yuzini yaxshilab koʻrish uchun karavotiga yaqinlashdim, ammo u koʻrpa bilan yuzini qisman toʻsib olgandi. Mushugi esa hamon uning poyida uxlardi. Men sekinlik bilan, unga tegmasdan koʻrpasini sal chetga surib, yuzini ochmoqchi boʻldim. Aynan shu soniyada u toʻsatdan qimirlab, koʻzlarini ochdi!
Men qoʻrquvdan nafasimni ichimga yutib, qotib qoldim. Qiz oʻrnidan turib atrofga alanglay boshladi:
Oyijon... Sizmisiz? Keldingizmi?— deya kechagi savollarini qaytardi.
U sekin-asta oyoqlarini karavotdan pastga tushirdi va men turgan tomonga qarab yura boshladi. Mana endi men uning yuzini kunduzgi yorugʻlikda toʻliq va aniq koʻrib turardim. U nihoyatda chiroyli qiz edi! Lablari nafis va pushti rangda, quyosh nurida oltindek tovlanayotgan sochlari esa juda jozibador edi. Ustidagi yupqa kiyimi uning goʻzal qomatini koʻrsatib turardi. Men chekkada nafas olmay, uning husniga termulib qoldim.
Qiz toʻgʻri qadamlar bilan men turgan deraza yoniga yaqinlashib keldi. Aynan shu payt men uning yuzida, toʻgʻrogʻi, koʻzlarida gʻalati bir narsani payqadim...
Uning koʻzlari qop-qora, oʻziga tortuvchi sehrli nurga ega va juda chiroyli edi. Ammo dahshatli tomoni — uning qorachiqlari mutlaqo harakatsiz edi! U toʻgʻriga tikilib turardi, lekin qarashlari bitta nuqtaga qadalib qolgan, koʻzlari atrofni koʻrmayotgandek edi. U qadam bosganda yoki biror tomonga oʻgʻrilganda koʻzlari qimirlamas, faqat boshi harakatlanardi.
Shundagina hamma narsani tushunib yetdim: bu goʻzal qiz haqiqatan ham koʻr edi! Uning harakatlari shunchalik aniq va ravon ediki, uni uzoqdan kuzatgan inson aslo uning koʻr ekanligini xayoliga ham keltira olmasdi...
Bu safar ham uning qarshisida tanaffus qildim, unga biror ogʻiz soʻz aytishga tilim bormadi. Balki bu mukammal sirni buzishdan, uning gʻarib va sokin dunyosiga toʻsatdan vahshiyona bostirib kirishdan qoʻrqqandirman... Shunchaki xonani jimgina tark etishni afzal koʻrdim. Eshikni ohastalik bilan ortimdan yopib, qulfga ogʻir temir kalitni soldim va uni mahkam buradim. Qulf tishlari yana kechagidek gʻichirlab, sirni ichkariga yashirdi. Kalitni yana choʻntagimga soldim. Ichimda gʻalati va mudhish bir gʻam bor edi — goʻyoki bu xonani mahkam qulflab, kalitini oʻzim bilan olmasam, ertaga u sehrli ravishda gʻoyib boʻladigandek, miyamdagi oʻnlab chigal savollarga bir umr javob topa olmaydigan abadiy gʻurbatda qoladigandek tashvishlanardim. Bu sir meni butunlay oʻz domiga tortib boʻlgandi.
Oʻz xonamga qaytib, ustimdagi tungi kiyimlarni kunduzgi dabdabali, shohona libosga almashtirdim. Miyamda hamon oʻsha koʻr qiz va gʻalati rasmlar aylanardi. Aynan shu payt xonam eshigi xavotirli ohangda sekin taqillay boshladi
Kirishga ruxsat ber, — dedim ovozimni vaziyatga moslab, rasmiy va qatʼiy ohangga keltirib.
Eshik sekin ochilib, ostonada saroyning eng sirdosh odami — bosh vazir kirdi. U menga chuqur taʼzim qilib, taxt oldida bosh eggancha shubhasirab soʻz boshladi:
Xayriyat, qirolim, oʻz xonangizda ekansiz. Mulozimlar sizni tongdan beri saroyning hech bir burchagidan topa olmayotganliklarini aytishgandi, rostdan ham qattiq xavotirga tushgandim. Meni shoshilinch chaqirtirgan ekansiz, shohim, biror muhim buyrugʻingiz bormi? Kamina har qanday amringizga xizmatingizga tayyor.
Men uning koʻzlariga tikilib, jiddiy va sinchkov nigoh bilan qaradim. Kechagi vahimali tun va bugungi koʻrganlarimdan keyin xayolimda faqat birgina mudhish reja aylanardi.
Ha, vazir, hozir siz bilan yillardan beri yashirin kelayotgan juda muhim bir ishni uzil-kesil hal qilamiz, — deb sovuq ohangda javob berdim.
Vazir gap nimadaligini tushunolmay, hayron boʻlgancha shoshib qoʻlidagi oltin soatiga koʻz yugurtirdi:
Tushunarli, oliynasab shohim. Ammo hozir qirollik tushlik vaqti boʻldi, avval tushlik qilib, quvvatingizni tiklab olmaysizmi?
Yoʻq, tushlik qilmayman, hozir mutlaqo ishtaham yoʻq, — dedim uning soʻzini boʻlib, qatʼiy ohangda. — Hozir oʻsha tushlik qilishdan ham ming chandon muhimroq boʻlgan, zarracha kechiktirib boʻlmas mudhish bir ish bor. Men qarorimni allaqachon qabul qilib boʻldim.
Men shiddat bilan oʻrnimdan turib, eshik yonida dovdirab va hayron boʻlib turgan bosh vazir tomon shaxdam qadamlar bilan yura boshladim.
Qani, kettik, bosh vazir. Menga ergashing, — dedim-u, uni qasrning eng yuqori, taqiqlangan qismiga boshlab ketish uchun oldinga tushdim.
Hikoya uchinchi shaxs (muallif) tilidan davom etadi:
Yosh qirol shaxdam qadamlar bilan oldinda, bosh vazir esa uning ortidan butkul sarosimaga va vahimaga tushgancha arang ergashib borardi. Vazir yosh hukmdorning aynan qayerga va nima maqsadda gʻazab bilan ketayotganini tushunolmay, ich-etini yer edi. Biroq qirolning yuzidagi sovuq qatʼiyat va qarashlaridagi oʻtkir jiddiylik unga ortiqcha biror soʻz aytishga yoki savol berishga yoʻl qoʻymasdi.
Ular saroyning hamma oʻrgangan dabdabali, yorugʻ va keng yoʻlaklaridan oʻtib, borgan sari odam oyogʻi uzilgan, sukunat choʻkkan kimsasiz burchaklarga yaqinlasha boshladilar. Bosh vazirning qadamlari beixtiyor sekinlashib, atrofga dahshat va xavotir bilan alanglay boshladi. Chunki u yosh qirol oʻzini aynan qayerga boshlab borayotganini ich-ichidan seza boshlagan edi — bular oʻsha yillar davomida qatʼiy muhrlab qoʻyilgan, tirik jonning kirishi mutlaqo taqiqlangan qasrning eng yuqori, unutilgan minorasiga olib chiquvchi zim-ziyo zinapoyalar edi!
Vazirning peshonasidan sovuq ter chiqib, vujudi titray boshladi. U marhum eski qirolning necha yillardan beri sir saqlab kelayotgan ulkan siri bugun mana shu yosh hukmdor tomonidan shafqatsizlarcha fosh boʻlishini his qilib, qalbida dahshatli bir vahimani tuyadi. Yosh qirol esa choʻntagidagi oʻsha ogʻir temir kalitni panjalari orasida mahkam qisgancha, zulmatli zinapoyalardan yuqoriga — oʻsha sirlarga toʻla koʻr qiz va dunyoni ostin-ustun qiluvchi suratlar yashiringan xona tomon toʻxtovsiz, shaxdam qadam tashlab borardi.
Yosh qirol va bosh vazir ohista qadamlar bilan kelib, nihoyat oʻsha sirli xona qarshisida toʻxtashdi. Shahzoda choʻntagidan kechasi oʻgʻirlab olgan ogʻir temir kalitni chiqardi-da, qulf tirqishiga suqib asta buradi. Eshik hech qanday ortiqcha ovozsiz, sokin yopilgan eshikday ohistalik bilan ichkariga ochildi.
Shahzoda yonida hayajondan qotib qolgan vazirga oʻgirilib, past ovozda shivirladi:
Zinhor ovoz chiqara koʻrmang, nafaschingiz ham eshitilmasin, — deya jiddiy ogohlantirdi.
Vazir qoʻrquv va sirdoshlik aralash bosh egib, itoatkorona imo qildi. Ular oyoq uchida xonaga qadam qoʻyishdi. Ichkariga kirishi bilan vazirning koʻzlari hayratdan ochilib ketdi; u polda sochilib yotgan gʻalati suratlarga, oʻchib borayotgan kaminga va burchakdagi toʻshakka tikilib qoldi. Yosh qirol esa hamon oʻsha qizga — deraza yonida oʻtirib, bor vujudi bilan rasm chizayotgan koʻr qizga tikilgancha qotgandi.
Bosh vazir xonani koʻzdan kechirar ekan, yangi qirol uni bu yerga nima maqsadda boshlab kelganini va oʻzidan nima talab qilinayotganini sira tushunolmasdi. U javobsiz savollar girdobida goh qirolga, goh sovuq tasvirlarga qarardi. Qiz esa oʻzining zim-ziyo dunyosida yolgʻiz boʻlgani uchun atrofda nima boʻlayotganini mutlaqo sezmas, chizishda davom etardi.
Ular xonaning qorongʻu burchagida jimgina kuzatib turishganida, kutilmaganda tashqaridagi uzun yoʻlakdan shoshilinch qadam tovushlari eshitildi. Bu ogʻir qadamlar qizning ham eʼtiborini tortdi; u bir muddat toʻxtab qoldi-yu, soʻng yana rasmiga qaytdi. Biroq oʻsha sharpalar tobora yaqinlashib keldi va nihoyat, eshik oldida kutilgandek toʻxtadi.
Eshik ohasta ochilib, ichkariga birinchi qirolicha Morgana kirib keldi!
Qirolicha Morgana odatdagidek devordagi tirqishga — kalit turadigan joyga shoshilib qoʻl uzatgandi, ammo u yer boʻm-boʻsh edi. Ayol sarosimaga tushib, ichida oʻyladi:
“Bu qanday boʻldi? Nahotki oʻtgan safar eshikni qulflashni va kalitni shu yerda qoldirishni unutgan boʻlsam?” Eshik osonlikcha ochilgach, uning yuragiga haqiqiy xavotir oraladi:
“Demak, rostdan ham eshikni ochiq qoldiribman... Bu qanday boʻldi? Axir hech qachon bunday xatoga yoʻl qoʻymasdim-ku!”
Qirolicha Morgana yuzida kuchli qoʻrquv va ichki intizorlik bilan xonaga qadam bosdi. U ichkarida, zulmat soyasida uni kimlar kutib turganidan mutlaqo bexabar edi...
Qirolicha Morgana ichkariga shoshilgancha, qaltis qadamlar bilan kirdi. Uning yuragidagi gʻam va qoʻrquv shu qadar kuchli ediki, eshikni har doimgidek ohista emas, balki beixtiyor kuch bilan ochib, ortidan qarsillatib yopdi. Biroq u oʻgirilgan zahoti, qarshisida turgan yosh qirol va bosh vazirni koʻrib, vujudi muzlab ketdi. Yuzlari qoʻrquvdan boʻgʻriqib, oqarib ketgan ayoldan na nafas, na sado chiqardi.
Yosh qirol barmogʻini labiga qoʻyib, unga sovuqqonlik bilan "Ovoz chiqarmang!" degandek imo qildi. Qirolicha Morgananing butun tanasi titrab, peshonasidan sovuq ter oqa boshladi, u nima qilishni bilmay qotib qoldi.
Eshikning qarsillab yopilganini va ichkariga kimdir kirganini eshitgan malika Aurora ohista ortiga oʻgirildi. U koʻrpa bagʻridagi mushugini silagancha:
Oyijon, bu sizmisiz? — deya soʻradi.
U koʻzlari koʻrmasa-da, nigohini onasi turgan tomonga qaratib, intizorlik bilan javob kutdi. Yosh qirol vaziyatni buzmaslik uchun koʻzlari bilan onasiga "Javob ber" deya qatʼiy buyruq berdi. Qirolicha hammasini tushunib, oʻzini qoʻlga olishga urindi va titroq ovozda gapira boshladi:
Oyijon, ancha vaqtdan beri kelmadingiz, sizni rosa kutdim, — deya Aurora sekingina oʻrnidan tura boshladi.
Meni kechir, qizalogʻim, yoningga vaqtida kelolmadim, rosa afsusdaman, — dedi qirolicha qiziga xavotirli koʻzlar bilan qarab qoʻyarkan. Goʻyo Auroraning koʻzlari ojiz boʻlsa-da, onasining ovozidagi bu qoʻrquv va titroqni his qilayotgandek edi. — Muhim ishlar chiqib qolgani uchun ushlanib qoldim, jonim qizim...
Qirolicha qizining yoniga borib, uni bagʻriga bosdi. Aurora ham onasini qattiq, sogʻinch bilan quchoqlab oldi. Ammo ular quchoqlashib turgan lahzada ham Morgananing koʻzlaridagi oʻsha mudhish vahima, vujudidagi dahshat yoʻqolmagandi. U nigohini yosh qiroldan uza olmasdi.
Qirolicha qizini ohista oʻzidan uzoqlashtirib, pichirladi:
Qizim, qorning ham ochgandir... Men senga yeyishga biror narsa olib kelaman. Sen shu yerda, xonangda oʻtirib turgin, xoʻpmi?
Aurora onasining qoʻllarini mahkam tutib, biroz ikkilanish va gumon bilan uning yuziga intildi:
Oyijon, ketib qolmaysizmi? Yana qaytib kelasiz-a?
Qirolicha Morgana uning sochlarini ohasta silab, ichidagi gʻamni yashirishga urindi:
Albatta, qaytib kelaman, qizalogʻim, tezda kelaman. Axir ikki kundan beri tuz totmading, senga biror tansiq taom olib kelay, — dedi qirolicha.
Avrora onasining bu soʻzlaridan soʻng xotirjam tortdi:
Yaxshi, unda men sizni kutaman, — deb javob berdi sekingina.
Men hozir tezda qaytaman, — deya qirolicha Morgana eshik yoniga keldi. U eshikni ochib, asta tashqariga chiqdi.
Uning ortidan hech qanday shovqinsiz yosh qirol va hayratdan yoqalari quvargan bosh vazir ham xonani jimgina tark etishdi. Ular chiqqach, ogʻir temir eshik ortlaridan qaytadan ohista yopildi.
Xonada yolgʻiz qolgan malika Aurora esa tashqaridagi daxshatli sirlardan bexabar, har doimgidek oʻzining yolgʻiz dunyosiga shoʻngʻidi. U polga sochilgan rasmlari sari ohasta emaklab borib, oʻsha oʻzi boshlagan sirli, yorqin sariq va qizil rangli suratni oxiriga yetkazish uchun butun eʼtibori bilan chizishda davom etdi.
Yosh qirol Jimin, bosh vazir va qirolicha Morgana dahlizga chiqishlari bilan eshik ortidan qayta tambalandi. Tashqariga chiqishgach, Morgana qattiq vahima va titroq ichida yosh hukmdorga taʼzim qildi:
Shahzodam siz... Oliynasab shohim, bu yerda nima qilyapsiz? Bu yerga qanday kelib qoldingiz? — deya pichirladi u koʻzlarida daxshat bilan.
Men shunchaki saroy xonalarini tekshirib yurgandim, qirolicha. Ammo hozir meni qiynayotgan savollar haddan tashqari koʻp, — dedi Jimin sovuqqonlik bilan, soʻng bosh vazirga yuzlandi: — Vazir, siz men bilan yurasiz. Qirolicha, siz esa vaʼda berganingizdek, u qizga tezda suv va ovqatini yetkazib bering. Keyin esa kechiktirmasdan mening xonamga borasiz, degan umiddaman.
HYosh qirol shunday deya shaxdam qadamlar bilan dahliz boʻylab yurib ketdi, bosh vazir ham uning ortidan qolmay ergashdi. Morgana yosh shohning buyrugʻini soʻzsiz bajardi — ikki kundan beri och qolgan, kimsasiz minorada qamalib yotgan ojiz qizi Auroraga zudlik bilan taom hozirlash uchun pastga shoshildi.
Oʻz xonasiga yetib kelgan Jimin taxtiga oʻtirdi. Uning ortidan kirgan bosh vazir eshikni yopgach, yosh hukmdor unga qatʼiy tikildi:
Vazir, nima boʻlayotganini endi men ham bilishim kerak. Nima sababdan birinchi qirolicha Morgananing hamma oʻlik deb bilgan farzandi tirik va u nega Morganani “oyijon” deb chaqirdi? Bu qanday sir? Men bu malika haqida shu paytgacha nega hech narsa eshitmaganman? — deya savollarni yogʻdirdi.
Bosh vazir nima deyishini bilmay, bir muddat dovdirab qoldi. Soʻng chuqur xoʻrsinib, bosh egdi:
Shohim... Bu qirollikning ancha yillardan beri sir tutilgan, eng qora va mashʼum siridir, — deya javob berdi.
Xoʻsh, unday boʻlsa menga oʻsha sirni soʻzlab bering, — dedi yosh qirol vazirni sinovchan kuzatib.
Vazir boʻgʻziga tiqilgan hayajon va qoʻrquvni yutib, hikoya qila boshladi:
Bu haqiqatni faqat marhum oliy hukmdor Alistair, Katta qirol Valerius, qirolicha Morgana, kamina va saroyning oʻsha paytdagi bosh tabibigina bilardik, xolos. Ancha yillar oldin, Morgananing koʻzi yoriyotgan tunda mudhish bir voqea sodir boʻldi. Qirolichaning toʻlgʻogʻi vaqtidan oldin boshlandi, ahvoli nihoyatda ogʻir edi. Xonada faqat men, Valerius va bosh tabib bor edik. Nihoyat, tabib chaqaloqni qoʻliga olib xonadan chiqdi va uni qirolga tutqazdi. Valerius chaqaloqning yuzini ochib, uning qiz ekanligini koʻrdi. Ammo tabib boshini egib, qirolga dahshatli xabarni aytdi: u chaqaloqning koʻzlari koʻr ekanligini, qiz hech qachon dunyoni koʻra olmasligini maʼlum qildi...
Vazir chuqur nafas olib, gapida davom etdi:
Valerius buni bilgach, nima qilishni bilmay qoldi. Chaqaloqning yuzlariga termuldi. Tugʻilgandayoq malika Aurora shunday goʻzal ediki, uning qop-qora koʻzlariga qaragan inson uning koʻr ekanligiga aslo ishonmasdi. Shunday goʻzal bola qanday qilib nuqson bilan tugʻilishi mumkin edi? Axir shu vaqtgacha qirol avlodida biror marta ham koʻr inson tugʻilmagandi. Qirol gʻazab bilan tabibga yuzlandi: “Bu qanday sodir boʻldi? Mening naslimda bunday nuqson boʻlishi mumkin emas!” deb baqirdi. Tabib esa: “Qirolim, bunda na sizning, na qirolichaning aybi bor. Bu shunchaki tabiatning toʻsatdan bergan xatosi, qizaloq tugʻma koʻr boʻlib tugʻildi”, deb javob berdi.
Yosh qirol Jimin vazirning gaplarini jimgina eshitar ekan, saroyning qatʼiy va shafqatsiz qonunlarini esladi. Bosh vazir gapida davom etdi:
Shohim, oʻzingiz bilasiz, Katta qirol Valerius va butun dunyo qiroli Alistairning qonunlari nihoyatda shafqatsiz edi. Ular butun xalq koʻz oʻngida nuqsonli yoki tugʻma kasallik bilan tugʻilgan insonlarni butkul yoʻq qildirardi. Bu kasallik boshqalarga ham oʻtib, kelajak avlodni buzmasligi uchun bunday baxtsiz kimsalarni gulxanlarda yoqib, kulini kokka sovurishardi. Baʼzilarini esa temir qafaslar ichiga solib, ustidan ogʻir toshlar bilan yanchib, baqirtirib, azoblab oʻldirishardi. Bu qonun xalqqa oʻrnak va qoʻrquv boʻlishi kerak edi. Oliy shoh butun yer yuzini boshqarar, oziq-ovqat va boyliklarni taqsimlar edi. U aholi sonini qasddan kamaytirib, faqat eng mukammal va sogʻlom insonlarning yashashini xohlardi. Shu sababli, aslzodalar ham, oddiy xalq ham undan nafratlanishmasdi. Chunki nuqsonli yaqinlarini oʻldirtirgan oilalarga tovon sifatida katta miqdorda ozi-ovqat va mulk topshirar, odamlar esa ochlikdan oʻlmaslik uchun oʻz farzandlarining oʻlimiga ham rozi boʻlib, bu qonunlarga koʻnikib ketishgandi. Qirolning qoʻrquvi hammaga majburiy edi...
Vazir titroq ovozda eng nozik nuqtaga keldi:
Oʻsha tunda Valerius chaqaloqni koʻtargancha Morgananing xonasiga kirdi. Qirolicha holdan toyib yotardi. Qirol unga qarab: “Men bu bolani xalqqa koʻrsata olmayman. Agar uning koʻrligi oshkor boʻlsa, mening qonunlarimga koʻra, xalq xuddi Glendoraning qizlari Elowen va Valetiyadek mukammal malikalarni talab qilib, bu qizni oʻldirishni soʻraydi. Men oʻz qizimni xalq oldida olovda yoqa olmayman!” dedi afsus bilan. Morgana koʻz yoshlarini toʻkib, qiroldan oʻtinib soʻray boshladi: “Iltimos, qirolim, qanday qilib oʻz farzandimizni oʻldirasiz? Bu bizning birinchi farzandimiz-ku! Mayli, u koʻr boʻlsa ham yashasin, men unga oʻzim yashirincha qarayman, koʻzlarimdek asrayman!” deb yigʻladi.
Ammo qirol oʻz fikridan qaytmasdi, u oʻz qonunlarini buzishni istamasdi. Shunda Morgana uning oyoqlariga yiqilib, bolani bagʻriga bosdi va oxirgi chorani qoʻlladi: “Yolvoraman sizdan, agar uni oʻldirmoqchi boʻlsangiz, xalqqa bolani oʻlik tugʻildi deb eʼlon qiling! Men uni qasrning eng yuqori, hech kim chiqmaydigan minorasida oʻzim yashirincha katta qilaman. Sizga vaʼda beraman, bu qiz haqida yer yuzida hech kim, hatto ukalari Kaelen va boshqa farzandlarimiz ham bilishmaydi! Faqat uning tirik qolishiga ruxsat bering...”
Uzoq davom etgan yigʻi va iltijolardan soʻng, Valerius nima deyishni bilmay, oxiri qirolichaning shartiga rozi boʻldi. Ular maxfiy ravishda kelishib olishdi. Bosh tabib ham bu sirni bir umr yashirishga qasam ichdi. Ertasi kuni butun mamlakatga: “Qirolichaning birinchi farzandi oʻlik tugʻildi”, deya dabdabali motam eʼlon qilindi. Malika Aurora esa oʻsha tundan boshlab mana shu qorongʻu va kimsasiz minoraga bir umrlik mahkum etildi...
Bosh vazir hikoyasini tugatib, yosh qirolga qoʻrqibgina qaradi. Yosh shoh Jimin esa eshitganlaridan soʻng daxshatli haqiqatni toʻliq anglab, chuqur oʻyga tolgan edi.