Yesterday

Sening koʻzlaring menman

Min Yoonsua

Shu rasm bilan boshlashni sevdim

Xush kelibsiz, validam! Xush kelibsiz, qirolicham Ezabella!

Aytilgan mana shu bir ogʻiz soʻz bor-yoʻgʻi bir soniya ichida hamma narsani butunlay oʻzgartirib yubordi. Atrofdagi sovuq muhit birdan yorishgandek boʻldi. Saroy ahli hayrat ichida bir-birlariga qarashar, hamma nima boʻlayotganini endi-endi tushunib yetayotgandek edi. Ularning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻldi. Yillar davomida yashirilgan sir mana shu lahzada fosh boʻlgan, hamma haqiqatni birdan anglagan edi.

Xush koʻrdik, oʻgʻlim! Yaxshimisan? Seni juda ham sogʻindim, — deya Kichik qirolicha Ezabella javob qaytardi.

Uning ovozi juda mehribon va samimiy yangradi. Kichik qirolicha Ezabella Shahzoda Jiminni yana qaytadan bagʻriga bosdi. Ular saroy hovlisining oʻrtasida, hamma guvohligida uzoq vaqt quchoqlashib turishdi. Goʻyo yillar davomidagi ayriliq bir lahzada unutilgandek edi. Ularning bir-birlaridan aslo ajralgisi kelmasdi.

Sizni rosa sogʻindim, onajon! — dedi Shahzoda Jimin chin dildan chiqayotgan cheksiz mehr bilan Kichik qirolicha Ezabellaning yuzlariga tikilib. Shahzoda Jiminning sovuq nigohlarida ilk bor samimiy tabassum koʻrindi.

Kichik qirolicha Ezabella ham Shahzoda Jiminning yuzlaridan ohista oʻpdi. Keyin undan biroz uzoqlashib, gʻurur bilan boʻy-bastiga qaradi. Koʻzlarida baxt yoshlari miltillardi.

Oʻgʻlim, shunchalik ulgʻayib, juda ham chiroyli va koʻrkam yigit boʻlibsan. Sening qudratingni, dovrugʻingni eshitib, huzuringga oshiqib keldim, — dedi Kichik qirolicha Ezabella baxtiyor va mamnun ovozda.

Ularning bu samimiy suhbati va dildan koʻrishishi saroyning qora va sovuq devorlarini ham eritib yuborayotgandek edi.

Kelganingizdan boshim koʻkka yetdi, onajon! — dedi Shahzoda Jimin quvonchini yashira olmay. Uning sovuq yuzida samimiy tabassum oʻynardi. — Men asli sizni mana shu boshimdagi hamma tashvishlar oʻtib boʻlganidan keyin chaqirmoqchi edim. Hammasi tinchigach, siz bilan birga baxtli yashamoqchi edim. Ammo siz oʻzingiz allaqachon yetib kelibsiz.

Kichik qirolicha Ezabella oʻgʻliga qarab mehr bilan jilmaydi:

Axir sening 18 yoshga toʻlib, taxtga oʻtiradigan marosimingda qanday qilib qatnashmasligim mumkin, oʻgʻlim?! Bunday buyuk kunni qanday oʻtkazib yuboraman? — dedi u.

Albatta, onajon! Xush kelibsiz!

Kichik qirolicha Ezabella unga tikilib turarkan, koʻzlariga yosh oldi. Oʻgʻlining ulgʻaygan qaddiga qarab, xotiralar ogʻushiga botdi:

Sen ulgʻayib, rosa otangga oʻxshab qolibsan. Koʻzlaring, ayniqsa qop-qora sochlaring menga rahmatli otang — Qirol Kaelenni eslatib yubordi. Shijoating ham xuddi otangniki kabi. Senga qarab, xuddi uni koʻrgandek boʻlyapman... Men ham otangni rosa sogʻindim, — dedi u mahzun va gʻururli ovozda.

Saroy hovlisidagi qora va sovuq muhit bu ikki insonning dildan suhbati bilan biroz yumshagandek edi.

Keling, onajon, saroyga kiraylik, — dedi Shahzoda Jimin uning qoʻllaridan ohista tutib. — Axir qarshingizda butun boshli saroy turibdi-yu, bizning bu yerda — hovlida gaplashib turganimizni qarang. Yoʻlda rosa toliqqansiz, charchogʻingizni chiqarishingiz kerak.

Mana shu xona, faqat biroz yorqinroq deb tasavvur qilamiz.

Ona-bola shirin suhbat qurib, birgalikda saroy ichkarisiga qarab yurishdi. Atrofdagilar hamon ularni jim kuzatardi. Shahzoda Jimin onasini boʻlajak qirol uchun tayyorlangan juda katta va hashamatli mehmonxonaga boshlab kirdi. Bu xona nihoyatda chiroyli boʻlib, aynan xorijiy davlatlardan keladigan oliymaqom mehmonlarni qabul qilish uchun moʻljallangandek dabdabali edi. Xonadagi har bir jihoz, har bir bezak xuddi buyuk hukmdorlar uchun maxsus loyihalashtirilgandek ulugʻvor va beqiyos goʻzallikka ega edi. Hali taxtga oʻtirish marosimi boshlanmagan boʻlsa-da, bu yerga qadam bosgan har qanday inson saroyning yashirin qudratini va dabdabasini aniq his qilardi.

Ona-bola xonaning bir chekkasida joylashgan stol atrofida qolishdi. Shiftda porlab turgan sovuq chiroqlar ostida Kichik qirolicha Ezabellaning koʻzlarida yosh miltillardi. U oʻgʻlining yuz-koʻzlariga intizorlik bilan termular, yillarning sogʻinchini bir lahzada qondirmoqchidek nigohini undan uzolmas edi.

Onajon, sizni rosa sogʻindim! — dedi Shahzoda Jimin bagʻri ezilib, uning ovozida yillar davomida toʻplanib qolgan ogʻriq bor edi. — Axir koʻrishmaganimizga sakkiz yil boʻldi, sizni qanday sogʻinmasligim mumkin? Atrofdagi odamlar nima deyishsa deyishsin, men sizni sogʻ-salomat koʻrib, dunyodagi eng baxtiyor insonga aylandim. Meni kechiring, onajon... Shu vaqtgacha siz yashirinayotgan u yerga biror marta ham borolmadim, sizni yolgʻiz qoldirdim.

Shahzodaning koʻzlaridagi pushaymonlikni koʻrgan Kichik qirolicha Ezabella uning titrayotgan qoʻllarini oʻz kaftlari orasiga oldi. Uning iliq tafti yigitning qotib qolgan yuragini yumshatgandek boʻldi.

Seni ham tushunaman, oʻgʻlim. Axir u yerga qanday ham borolarding? Nazorat shunchalik qattiq edi. Lekin endi oʻsha qora kunlar, hamma tashvishlar ortda qoldi. Endi doim birga boʻlamiz, men hamisha sening yoningda turaman. Men ham seni koʻrish uchun kelolmaganimdan rosa afsuslandim, ammo mana, endi albatta birgamiz, — dedi u tasalli berib.

Sizni endi hech qachon qoʻyib yubormayman, faqat mening yonimda yashaysiz, — dedi Shahzoda Jimin qatʼiy ohangda. Uning nigohida onasini himoya qilishga boʻlgan ulkan vaʼda bor edi. — Shu vaqtgacha ona mehriga zor boʻlib oʻsdim, endi esa faqat men bilan birga boʻlasiz.

Albatta, oʻgʻlim, endi hammasini yangidan boshlaymiz, — dedi Kichik qirolicha Ezabella oʻgʻlini tinchlantirishga urinib. — Yangi hayotingda biror bir tashvish boʻlishini xohlamayman. Ammo... yuragim baribir behalovat. Eshitishimcha, sen Qirol Valerius bilan juda xavfli oʻyin boshlabsan. Nega bu oʻyinga aralashding? Axir Katta qirol Valerius shunchalik qudratli va makkor insonki, uni yengish oson emas. Butun saltanatni uning qoʻlidan kuch bilan tortib olmoqchi emishsan, shu rostmi?

Bu soʻzlarni eshitgan Shahzoda Jiminning koʻzlari gʻazabdan yonib ketdi. Saroyning qora devorlari orasida uning ovozi sovuq va vahimali yangradi:

Onajon, hech qachon u haqida qaygʻurmang! Hammasi mening esimda. Sizga qanday vahshiyona munosabatda boʻlganini, sizni qanday xoʻrlab, bu saroydan badargʻa qilganini hech qachon unuta olmayman. Men oʻshanda goʻdak boʻlsam-da, hammasiga oʻzim guvoh boʻlganman va uni aslo kechirmayman! Toʻgʻri, siz rahmdil va uzoqni koʻradigan insonsiz, lekin oʻsha zolimning sizga qilgan tajovuzkorligi, qilgan zoʻravonligi uchun men undan oʻch oldim! Oʻz qasosimni oldim va uni magʻlub etdim!

Onasi chuqur xoʻrsinib, oʻgʻlining gʻazabdan titrayotgan qoʻllarini mahkamroq siqdi va unga nasihat qila boshladi:

Toʻgʻri, Qirol Valerius juda ham zolim va makkor inson boʻlgan, lekin bunday shafqatsizlik qilish senga yarashmaydi, oʻgʻlim. Axir keksayib qolgan cholga qarshi bunday ogʻir bosim oʻtkazish sening nomingga dogʻ tushiradi. U juda ayyor, hozir taslim boʻlgandek koʻrinsa-da, senga qarshi kutilmagan oʻyinlar bilan orqadan hamla qilishi mumkin. U hali ham xavfli. Men senga biror narsa boʻlishini rostdan ham xohlamayman. Men faqatgina sen bilan tinch-totuv yashashni, senga bor umrimni bagʻishlab oʻtishni istayman, xolos. Uning qora oʻyinlari seni ham qora va zolim insonga aylantirib qoʻyishidan qoʻrqaman...

Hammasi faqatgina tinch yashash haqida emas, onajon! Axir men endi qirolman! Bugun rasman taxtga oʻtiraman va butun saltanatni oʻzim boshqaraman! — dedi Shahzoda Jimin magʻrur qaddini tiklab. Uning ovozida gʻolibona shijoat aks etardi. — Men u qiroldan hech qachon qoʻrqmayman, sizga qilgan vahshiyliklari uchun undan allaqachon qasos oldim. Agar oʻsha vaqtda Qirol Valerius sizga nisbatan zoʻravonlik qilmaganida edi, men balki hozirgacha unga sadoqatli jiyan boʻlib yurgan boʻlardim. Lekin men uning qanday badbaxt va tuban insonligini erta bilib boʻldim. Shunday ekan, aslo, men u qirolni kechirmayman! Menga qanday qora oʻyin qilsa, men ham unga xuddi shunday oʻyin bilan javob qaytaraman. Men sira taslim boʻlmayman!

Shahzoda jasorat va qatʼiyat bilan oʻz soʻzini yakunladi. Kichik qirolicha Ezabella oʻgʻlining bu oʻtli nutqini eshitib, uning naqadar ulgʻayganini va ortga yoʻl yoʻqligini tushundi.

Endi esa men xizmatkorlarga buyuraman, sizni oʻzingiz uchun tayyorlangan juda katta va chiroyli xonangizga kuzatib qoʻyishadi, — dedi Shahzoda Jimin boyagi gʻazabli ohangini yumshatib, hayajon bilan. — Kechki bazmda men bilan birga, taxt poyida yonimda turasiz degan umiddaman.

Kichik qirolicha Ezabella oʻgʻlining yuziga mehr bilan tikilib, mayin tabassum qildi:

Albatta, oʻgʻlim. Yoʻldan biroz charchabman, borib dam olaman. Kechasi esa albatta sening yoningda boʻlaman. Taxtga oʻtirish marosimingda seni butun vujudim bilan qoʻllab-quvvatlab turaman.

Ona-bola xayrlashar ekan, Shahzoda Jiminning koʻzlari onasining ortidan cheksiz mehr va sogʻinch bilan tikilib qoldi. Kichik qirolicha Ezabella xizmatkorlar hamrohligida oʻziga ajratilgan hashamatli xonaga kirib ketdi.

Vaqt shafqatsizlarcha tez oʻtib, nihoyat barcha kutgan kechki marosim vaqti ham yetib keldi. Saroy ichi butunlay oʻzgargan, hamma narsa oliy darajada tayyorlangan edi. Dunyoning toʻrt tomonidan kelgan nufuzli mehmonlar allaqachon saroy zallarini toʻldirishgan edi. Sakkiz yuz nafarga yaqin eng obroʻli insonlar, aslzodalar, nufuzli ritsarlar va saroyning eng goʻzal, taniqli ayollari — hamma-hamma shu yerda jam boʻlgan, tantana boshlanishini intizorlik bilan kutardi.

Biroq, bu dabdabali koʻrinish ortida ogʻir bir halokat bor edi. Kelgan mehmonlarning hammasini faqat bir jumboq xavotirga solardi: zalda na amaldagi Katta qirol Valeriusdan, na uning qirollik oilasi aʼzolaridan (Birinchi qirolicha Morgana, Ikkinchi qirolicha Glendora yoki malikalardan) va na boʻlajak yangi hukmdor — Shahzoda Jiminning oʻzidan biror bir xabar bor edi. Ularning hech biri hali xalq va zodagonlar qarshisida koʻrinish bermagan edi.

Saroy zali pinhona shivir-shivirlar va shubhali pichir-pichirlarga toʻlib ketdi. "Qirol qayerda?", "Shahzoda nega koʻrinmayapti?" degan savollar havoda uchib yurar, ammo shunga qaramay, mehmonlar ularni koʻrish ilinjida intiqlik bilan kutishda davom etishardi.

Kutish davomida saroy musiqachilari ogʻir va dabdabali kuylarni chalishga tushishdi. Musiqa sadolari ostida bazm tobora avjiga chiqib borardi, biroq saroy tepasida suzib yurgan qora tuman va yashirin fitna nafasi hamon tarqalmagan edi...

Katta zallar boʻylab hassasiga suyangancha, butun saroy ahlini larzaga keltirib, keksa Qirol Valerius oʻz oilasi bilan davraga kirib keldi. Qirol hamon oʻsha haybatli va qimmatbaho libosida edi. U zalning eng toʻridagi, hukmdorlar uchun moʻljallangan katta taxtdan joy egalladi. Uning ortidan kelayotgan Ikkinchi qirolicha Glendora ham qirolning yoniga oʻtdi. Ularning ketidan kelayotgan malikalar ham oʻz joylarini egallashdi. Butun saroy ahli ularga hayrat bilan tikilib qolgandi.

Toʻngʻich qiz, yaʼni Birinchi malika Elowen rostdan ham juda jozibali va goʻzal edi. U kiygan qimmatbaho libos goʻzalligiga yanada husn qoʻshib turardi. Uning yuzi har bir yigit orzu qiladigan darajada mukammal edi. Ammo kim ham oʻylabdi deysiz, shunday goʻzal malikaning farzand koʻra olmaslikdek ogʻir nuqsoni bor deb... Hamma havas bilan tikilib turgan Birinchi malika Elowen ham oʻz joyiga oʻtirdi.

Ikkinchi malika Valetiya ham opasining ortidan kelib joylashdi. U hatto opasidan ham oʻtib tushadigan darajada chiroyli edi, ayniqsa qaddi-qomati koʻzni qamashtirardi. Ikki malika ham goʻzallikda bir-biridan qolishmas, butun boshli aslzodalar havas qilsa arziydigan qizlar edi. Ikkala malika ham yuzlarini nafis parda bilan toʻsib olishgan boʻlsa-da, bu parda ortidan ularning nurlangan chehralari yaqqol koʻrinib turardi.

Saroy ahlini va kelgan mehmonlarni esa faqat bir narsa qiziqtirardi: aynan qaysi malika boʻlajak qirolicha boʻlarkin? "Malikalar-ku kelishdi, lekin boʻlajak qirol — Shahzoda Jimin ham ular bilan birga kirishi kerak edi-ku? Nega u koʻrinmayapti?" degan shivir-shivirlar tobora koʻpayib ketdi.

Vaholanki, Katta qirol Valeriusning miyasida allaqachon makkorona bir reja tayyor edi. Shahzoda Jimin hammaning koʻz oʻngida katta malikaga uylanmasligini, kichigi esa hali voyaga yetmaganini aytganida, qirol buni oʻz foydasiga burishni maqsad qilgandi. Qirol xalq oldida tomosha koʻrsatib: "Modomiki, katta qizim Birinchi malika Elowenga uylanmas ekansan, kichigi Ikkinchi malika Valetiyaning ulgʻayishini kutasan! Ungacha esa saltanatni oʻzim boshqaraman!" deya shahzodaga qarshi chiqmoqchi edi.

Qirol Valerius juda keksaygan, jismonan zaif boʻlib qolganiga qaramay, u oʻzini xalqqa hali ham baquvvat qilib koʻrsatishni va mamlakatni qaytadan oʻz qoʻliga olishni oʻylayotgan edi. U ichida: "Agar men hokimiyatni qaytarib olsam, butun mamlakat menga qoladi va men taxtni unga topshirmagan boʻlaman", deb fikrlardi.

Biroq hech kim qirolning koʻnglida bunday makkorlik borligini va bu oʻyin Shahzoda Jimin uchun qanchalik katta tuzoq boʻlishini bilmas edi. Qirol butun xalq oldida tomosha koʻrsatib, saltanatni shahzodadan hiyla bilan tortib olmoqchi edi. U shahzoda xalqning bosimidan qoʻrqib, bunga qarshilik koʻrsata olmaydi deb oʻylardi.

Musiqa sadosi yangrashda davom etar ekan, zaldagi ulkan zinapoyalar boʻylab yana bir inson pastga tusha boshladi. Bu oʻsha shahzodaning onasi — saltanatning haqiqiy Kichik qirolichasi Ezabella edi! U juda oʻzgacha latofatga ega boʻlib, yillar oʻtganiga qaramay hali ham nihoyatda yosh va goʻzal koʻrinardi. Saroydagi mehmonlar uni koʻrib, hayrat va quvonchdan pichirlay boshlashdi, chunki rosa sakkiz yildan buyon u bu saroyda umuman koʻrinish bermagan edi.

Uning sakkiz yil davomida koʻrinmay ketganining sababi esa mutlaqo boshqa edi: oʻshanda yosh Shahzoda Jimin saltanatdagi vazirlar, aslzodalar va qirolning siyosiy bosimlariga dosh berish, shuningdek, onasining jonini omon saqlash uchun Qirol Valeriusga bitta shart qoʻygan edi. "Onamni xavfsiz boshqa davlatga joʻnatasiz, men esa sizga soʻzsiz boʻysunib, barcha buyruqlaringizni bajarib yashayman", deya vaʼda bergandi. Mana shu maxfiy kelishuv sababli onasi chet davlatga ketgan, shahzoda esa uzoq yillar davomida uning yoniga bora olmay, qirolning nazorati ostida yashashga majbur boʻlgandi.

Lekin mana, shuncha vaqtdan soʻng Kichik qirolicha Ezabella qaytib keldi va barcha mehmonlarning koʻz oʻngida tantanali ravishda oʻz joyini egalladi. Mehmonlar qizil gilam toʻshalgan zinalardan mamlakatning haqiqiy qirolichasi tushib kelishini sira kutmagan edilar. Qirolichaning yuzida gʻurur bilan birga, qandaydir ichki bir tashvish borligi yaqqol sezilib turardi.

U ham mehmonlar qarshisidagi munosib oʻrniga borib oʻtirdi. Endi butun zal ahlini faqatgina bir intizorlik birlashtirib turardi: hamma Shahzoda Jiminning kirib kelishini kutardi. Qaysi malika qirolicha boʻlishi va taxtni kim egallashi haqidagi yakuniy xabarni eshitish uchun hamma nafasini yutib, intizorlik bilan koʻz tikib turardi.

Hamma savollarning javobi boʻlmish Shahzoda Jimin, nihoyat, butun zal ahlini larzaga keltirib, yonida birgina yordamchisi bilan davrada tashrif buyurdi. Zinalardan shoshilmasdan asta tushib kelar ekan, uning magʻrur, qaddi tik, qadamlari nihoyatda shiddatli edi. U bu qizil gilam toʻshalgan zinalardan ilk bor tushayotgandek emas, balki gʻolibona bir kayfiyatda edi. Lablarida chiroyli va sirli bir tabassum oʻynardi. Butun xalq unga tikilib turar, hamma uning kelajakda mamlakat uchun adolatli va buyuk hukmdor boʻlishiga ich-ichidan ishonardi.

Ziyofat ohista yakuniga yetib, hamma taomlar yeb boʻlingach, nihoyat, eng asosiy voqea — taxtga oʻtirish va toj kiyish marosimiga navbat berildi. Shahzoda Jiminning 18 yoshga toʻlgani munosabati bilan uyushtirilgan bu tantana uning hayotidagi eng katta burilish edi.

Zaldagi shovqin tindi va keksa Qirol Valerius oʻrnidan turib soʻz boshladi:

Aziz xalqim! Bugun shahzodamizning 18 yoshga toʻlgan muborak kunlari. Mana, u nihoyat voyaga yetdi, — deya gap boshladi qirol makkorona ohangda. — Men vaqtida shart bergan edim: shahzoda 18 yoshga toʻlgach, butun qirollikni unga topshiraman, oʻzim esa qolgan umrimni oilam davrasida tinchgina oʻtkazaman. Ammo buning uchun bitta shartim bor edi — u mening avlodimdan boʻlgan qizlarimning — Birinchi malika Elowen yoki Ikkinchi malika Valetiyaning biriga uylanishi kerak edi..

Qirol gapini tugatishga ulgurmay, Shahzoda Jimin toʻsatdan uning soʻzini boʻldi. Uning baland va qatʼiy ovozi butun zalni eʼtiborini tortdi:

Muhtaram xalqim! Men qirolning qizlaridan aynan ikkinchisiga uylanishga qaror qildim! U sizlarga munosib qirolicha boʻladi deb umid qilaman. Men oʻz tanlovimdan juda ham xursandman!

Shahzoda Jimin buni gʻurur bilan bayon qilar ekan, bu safar Qirol Valerius gʻazabini yashira olmay uning gapini kesdi:

Men sendan qizlarimdan birini tanlashingni soʻragandim va sen ikkinchi qizimni tanlabsan. Lekin hamma yaxshi biladi, ikkinchi qizim Ikkinchi malika Valetiya hali bor-yoʻgʻi 15 yoshda! U balogʻat yoshiga toʻlmagan, nikoh uchun hali yana bir yil bor. Shunday ekan, qonunan sen hozir taxtga oʻtira olmaysan! — dedi qirol xalqning oldida oʻz oʻyinini boshlab.

Butun xalq va mehmonlar orasida gʻoʻl-gʻoʻl gap tarqaldi. Hamma tushunib yetdi — Qirol Valerius oʻz majburiyatidan qochib, hokimiyatni shahzodaga topshirgisi kelmayotgan edi. Qirol makkorlik bilan vaziyatdan chiqib ketmoqchi boʻlayotgan edi.

Shahzoda Jimin esa zarracha ham pinagini buzmadi, uning lablarida oʻsha sovuq jilmayish hamon oʻynardi:

Toʻgʻri, qirolim, siz menga malikalardan birini tanlashni buyurgandingiz. Men katta qizingiz Birinchi malika Elowenga uylamoqchi edim, u 17 yoshda, nikohga tayyor. Lekin kecha qasr tabibining tekshiruvidan soʻng maʼlum boʻldiki, katta qizingizda jiddiy nuqson bor — u hech qachon farzand koʻra olmas ekan! Men qanday qilib naslimizni davom ettira olmaydigan insonni qirolicha qilishim mumkin? Bu saltanat kelajagiga xiyonat-ku! Unga uylana olmasligimni oʻzingiz yaratgan "Mukammallik qonuni" ham tasdiqlab turibdi. Men unga uylana olmasligimni oʻzingiz ham yaxshi bilasiz!

Qirol Valerius bir lahza oʻzini yoʻqotib qoʻydi, ammo tezda oʻzini qoʻlga olib, sovuq jilmaydi:

Katta qizimga uylana olmasligingni tushunaman, lekin kichigi hali yosh ekanligini ham yaxshi bilasan. Shunday ekan, men qaror qabul qildim: seni kichik qizim Ikkinchi malika Valetiya bilan bugun unashtirib qoʻyamiz. Kichik qizim 16 yoshga toʻlib, balogʻatga yetguncha — yaʼni yana bir yil davomida qirollikni oʻzim boshqaraman! Sen esa shu bir yil ichida munosib ravishda qirol boʻlishga tayyorlanasan!

Qirolning xalq va aslzodalar koʻz oʻngida koʻrsatgan bu sahnasi hamma uchun kutilmagan zarba boʻldi. Oʻzaro kelishilgan shartlarga koʻra, bugun shahzoda taxtni toʻliq oʻz qoʻliga olishi kerak edi. Ammo qirolning makkorona hiylasi hamma narsani barbod qilgandek tuyuldi. Zaldagilardan qirolga qarshi chiqishga esa hech kimning haddi sigʻmasdi.

Biroq Shahzoda Jimin kutilmagan va daxshatli zarba berdi. U taxt poyiga bir qadam yaqinlashib, Qirol Valeriusning koʻzlariga tik qaradi:

Toʻgʻri aytasiz, qirolim, kichik qizingiz 15 yoshda va men unga uylanishim uchun yana bir yil kutishim kerak. Va shu bir yil ichida, goʻyoki sizning shartingiz toʻliq bajarilmagani uchun men taxtga oʻtira olmasligim kerak, shundaymi? Lekin men sizga qizlaringizdan ikkinchisini — kichik qizingizni tanlayman deb kim aytdi?

Shahzodaning bu soʻzlari butun zalni muzlatib qoʻydi. Qirol Valeriusning yuzlari bir muddat oqarib, soʻng gʻazabdan qizarib ketdi. Bu gap nimani anglatardi?! Shahzoda Jimin qanday oʻyin boshladi? Qirol ham, butun xalq ham bu sirli va dahshatli gap ortida nima yashiringanini mutlaqo tushunolmay, dahshat ichida qotib qolishgandi. Qirol uning aynan nimani nazarda tutayotganini anglash uchun shahzodaga tikilib qoldi.

Boʻlajak qirol — Shahzoda Jimin oʻz soʻzida davom etdi:

Aziz xalqim! Qirol menga 18 yoshga toʻlganimda butun saltanatni boshqarish huquqini berishini aytib, bayonot bergan edi. Lekin u menga bir shart qoʻydi: uning qizlaridan biriga uylansamgina butun saltanat meniki boʻlishini aytdi. Qizlarining kattasi — Birinchi malika Elowen allaqachon nuqsonli boʻlib chiqdi, men unga uylana olmasligimni va hatto u bilan hech kim oila qura olmasligini oʻzingiz ham yaxshi bilasiz! Kichik malika Ikkinchi malika Valetiya esa hali bor-yoʻgʻi 15 yoshda, u balogʻat yoshiga yetmagan. Shuning uchun qonunan hozir unga ham uylana olmayman. Men buni ham, qirolni ham juda yaxshi bilaman.

Shahzoda Jimin zaldagilarga qarab chuqur nafas oldi va tabassum bilan ovozini yanada balandroq qildi:

Shunday ekan, men qirolning qizlaridan birini, balki bu saltanatning haqiqiy, asl malikasini tanladim! Men mana shu taxtga munosib boʻlgan insonni — Malika Aurorani tanladim! Endi, aziz xalqim, munosib va adolatli boʻlajak qirolichangizni kutib oling!

Shahzoda Jimin qoʻlini yuqoriga koʻtarib, zinalardan asta-sekin tushib kelayotgan Malika Auroraga ishora qildi.

Keksa Qirol Valerius dahshat ichida qotib qoldi, uning gʻazab va qasos toʻla koʻzlari shahzodaga tikildi. Qirolning koʻzlari qayerga qarasa, butun xalq ham hayrat va qoʻrquv bilan oʻsha tomonga tikilar edi. Bu zaldagi har bir inson uchun mutlaqo kutilmagan, aqlbovar qilmaydigan bir tomosha boʻldi! Hech kim Shahzoda Jimin bu oʻyinni bunday yoʻl bilan yakunlaydi deb oʻylamagan edi. Shahzoda Qirol Valeriusning qoʻlidan nafaqat shartini, balki butun hokimiyatini bir soniyada yulib olgandi!

Zinalardan magʻrur tushib kelayotgan Aurora qirolning ikkinchi qizi edi. Uning ortidan, qoʻlidan ushlab tushayotgan Birinchi qirolicha Morgana esa xavotirli va oʻychan koʻzlar bilan qirolga tikilib turardi. Qirolicha Morgananing qarashlarida goʻyoki: "Men bu oʻyinlarga sherik emasman, hammasini shahzodaning oʻzi rejalashtirgan..." degandek bir maʼno bor edi. U qirolning qanchalik shafqatsiz ekanligini yaxshi bilgani uchun, Shahzoda Jiminning bu jasorati qanday yakun topishidan qattiq qoʻrqayotgan edi.

Butun zal ahlini oʻlim sukunati qopladi. Hamma nafasini yutib, keksa Qirol Valeriusning beradigan javobini va bu mudhish qarama-qarshilikning keyingi soniyalarda nima bilan tugashini kuta boshladi...

Boʻlajak yangi qirolicha — Malika Aurora zinalardan ohista pastga tushib keldi va nihoyat, onasining koʻmagida Shahzoda Jiminning yoniga yetib keldi. U yetib kelishi bilan, ortidan kelayotgan onasi — Birinchi qirolicha Morgana qizining qulogʻiga sekingan pichirladi.

Taʼzim qil, qirolning qarshisida yanada chuqurroq egilib taʼzim qil!

Malika Aurora eshitgan gaplaridan biroz hayratga tushdi. U qirolga yaqinlashganda, onasi uni toʻxtatdi. Malika toʻxtagan zahoti, kutilmaganda boʻlajak qirol Jiminning oʻzi xuddi yangi qirolichaga taʼzim qilayotgandek beixtiyor bosh egdi va sarosimada chekkaroqqa oʻtdi. Shundan soʻng, malika ham butun tanasini egib, avval Qirol Valeriusga, keyin esa Shahzoda Jaminga chuqur taʼzim qildi.

Butun saroy ahli hayrat ichida bu sirli malikaga qarardi. Bu qanday boʻlishi mumkin? Axir qirolning hamma bilgan qizlari ikkita edi-ku? Shahzoda qaysi uchinchi malika haqida gapiryapti? Bu jumboq hozircha xalq va mehmonlar uchun mutlaqo sir edi.

Keksa Qirol Valeriusning rangi oʻchib, yuzlari gʻazabdan boʻgʻilib ketdi:

Shahzoda! Men senga qizlarimdan birini tanla deb shart qoʻydim. Ammo sening bu qilgan ishing qanday oʻyin boʻldi?! — deya gʻazab bilan baqirdi u.

Ha, aynan shunday, qirolim! — deb javob berdi Shahzoda Jimin xotirjamlik bilan. — Axir oʻzingiz butun xalq oldida: "Qizlarimdan birini tanla", dedingiz. Birinchi qizingiz nuqsonli — unga uylana olmayman. Ikkinchi qizingiz esa hali juda yosh. Men esa mana shu uchinchi qizingizni tanladim! Uning qirolicha boʻlishga yoshi ham yetarli, menga munosib qirolicha ham aynan u!

Husnida tenghi yoʻq malika

Boʻlajak qirolicha nihoyatda goʻzal edi. U qolgan ikki malikadan ham jozibali boʻlib, betakror husni va kelishgan qomati bilan zalga yigʻilgan har bir erkakning diqqatini tortardi. U rostdan ham juda goʻzal edi, ammo xalq faqat uning koʻzlariga tikilib qolgandi. Odamlar ich-ichidan bu ikki juftlik bir-biri uchun juda ham mos deb hisoblay boshlashdi.

Malika Auroraning koʻzlari moviy rangda boʻlib, bu moviy sokinlik uning goʻzalligiga yanada sirli joziba qoʻshardi. Biroq hammani hayron qoldirgan narsa boshqa edi: Malikaning koʻzlari koʻrmasmidi? Uning qarashlari jonsizdek, lekin nigohi juda chuqur edi.

Mana shu soch turmagi

Sargʻish rangdagi sochlari mahorat bilan turmaklangan,

Aynan mana shu koʻylak

egnida esa uni yanada chiroyli qilib koʻrsatadigan koʻk rangli hashamatli koʻylak bor edi.

Bu qiz kim? Saroyda nimalar boʻlyapti? Hammasi chalkash va tushunarsiz...

Keling, hamma narsani aniqlashtirib olish va bu jumboqlarning javobini topish uchun vaqtni ortga qaytaramiz. Bu voqealar boshlangan joyga qaytib, asl haqiqatni bilib olamiz...

Oʻsha tun...

Davomi keyingi qismlarda,

3-qism nihoyasiga yetdi.