June 27

Sening koʻzlaring menman

Min Yoonsua

Jimin fanfic olamida

Tarix

Qadim zamonlarda, yer yuzi hali yosh va shafqatsiz bo‘lgan asrlarda, butun dunyoni titratgan bir imperiya bor edi. Bu ulkan saltanatning tepasida Qirol Alistair turardi. U shunchaki hukmdor emas, balki yer yuzining mutloq egasi, tirik afsona edi. Uning nigohi tog‘larni larzaga keltirar, amri esa qonun edi. Alistair qurgan imperiya tinchlik va adolat ustiga qurilgandek ko‘rinsa-da, bu xotirjamlik ortida qirolning cheksiz va daxshatli qudrati yotardi. Uning noiblari har bir shaharda qattiqqo‘llik va donolik bilan qonun ustuvorligini ta’minlashardi. Xalq uzoq yillar ochlik va urush nimaligini bilmay, farovonlikda yashadi. Ammo har qanday yorug‘ kunning ham o‘z oqshomi bor...

Yillar o‘tib, Qirol Alistairning oilasida ikki o‘g‘il dunyoga keldi. Ular saltanatning egizak ustunlaridek baquvvat va botir bo‘lib voyaga yetishdi.

Katta o‘g‘il — Valerius: Ko‘zlari qorong‘u tun kabi tim qora, qarashlari sovuq va mag‘rur edi. U jang maydonida shafqatsiz, strategiyada tengsiz va hokimiyatga tashna edi. Uning yuragida otasining taxtiga bo‘lgan ishtiyoq vulqonday yonardi.

Kichik o‘g‘il — Kaelen: Akasidan farqli o‘laroq, uning nigohida qandaydir iliqlik va mahzunlik bor edi. Kaelen xalqning dardini tinglay oladigan, oqko‘ngil, jasur, ammo urushdan ko‘ra tinchlikni afzal ko‘radigan ritsar edi.

Vaqt esa hech kimni ayamaydi. Quvvatli Alistair keksayib, to‘shakka mixlanib qoldi. Uning ko‘zlaridagi olov so‘nib borarkan, saroy yo‘laklarida o‘limning sovuq nafasi va hokimiyat uchun kurashning qora soyasi kezila boshladi. Ota o‘zining oxirgi kunlari yaqinlashayotganini, o‘zidan keyin bu ulkan imperiya qon dengiziga aylanishi mumkinligini his qildi. Chunki ikki o‘g‘il o‘rtasidagi yashirin nafrat allaqachon alangalanib bo‘lgandi.

Bir kuni tunda, saroy uzra qora bulutlar suzib yurgan mahalda, Valerius va Kaelen otalarining taxti poyida yuzma-yuz kelishdi. Ularning qo‘llari qilich dastasida, ko‘zlarida esa g‘azab porlardi. Tug‘ishgan aka-uka bir-birlarini yo‘q qilishga, taxtni yolg‘iz egallashga tayyor edilar. Bu ota o‘rgatgan birdamlik va adolat qonunlariga xiyonat edi.

Shu lahzada, zaif va qaltiragan qadamlar bilan xonaga Qirol Alistair kirib keldi. Bu uning so‘nggi bor oyoqqa turishi edi. U o‘g‘illarining qilich yalang‘ochlab turganini ko‘rib, chuqur xo‘rsindi. Uning ovozi xuddi qabrdan chiqayotgandek vazmin va og‘ir yangradi:

Men sizlarning bu muqaddas tuproqni aka-uka qoniga bo‘yashingizni istamayman. Sizlar bir vujudning ikki yarimisiz. Hokimiyat ko‘zlaringizni ko‘r qilibdi. Agar bitta taxt sizlarga torlik qilsa, men dunyoni ikkiga bo‘laman.

Ota qo‘lidagi xaritani ikki parchaga ajratdi:

Senga, Valerius, g‘arbiy o‘lkalarni beraman — u yerning qoyalari va bo‘ronlari sening fe’lingga mos.

Senga esa, Kaelen, sharqiy yerlarni topshiraman, u yerning unumdor tuproqlari sening mehringga muhtoj.

Ikkovingiz ham teng huquqli qirolsiz. Xalqni olinglar, adolat qilinglar, lekin bir-biringizga tig‘ ko‘tarmanglar.

Kichik o‘g‘il Kaelen otasining ko‘zlaridagi o‘tinchni ko‘rib, bosh egdi va vasiyatga rozi bo‘ldi. Ammo Valeriusning ichida g‘azab va hasad iloni uyg‘ondi. U faqat yarim dunyoni emas, balki butun yer yuzini o‘z oyoqlari ostida ko‘rishni istardi. Shunday bo‘lsa-da, otasining so‘nggi qudratidan qo‘rqib, indamay qilichini qiniga soldi.

Ota o‘z vasiyatini tugatgach, taxt suyanchig‘iga suyalgancha abadiyga ko‘z yumdi. O‘sha kecha butun imperiya motam zulmatiga burkandi. Haftalab yomg‘ir yog‘di, xalq buyuk qirolning vafoti uchun ko‘z yoshi toʻkdi.

Imperiya ikkiga bo‘lindi. G‘arbda Valerius o‘zining temir qonunlari bilan qora qal’a qurdi, Sharqda esa Kaelen tinchlik va farovonlik saltanatini yaratdi.

Yillar o‘tdi. Ikki hukmdor ham uylanib, o‘z sulolalarini davom ettirish payiga tushishdi. Bir kuni Sharq saltanatidan xushxabar keldi: Kaelenning xonadonida sog‘lom, bir o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Unga Jimin deb ism qo‘yishdi. Jiminning tug‘ilishi sharq ahlini quvonchga to‘ldirdi, uning kelajagi porloq bo‘lishidan darak berardi.

Biroq, G‘arbiy o‘lka poytaxtidagi qorong‘u qasrda mutlaqo boshqa muhit hukmron edi. Valerius hali ham farzand ko‘rmagan, uning beshigi bo‘sh edi. Ukasining o‘g‘il ko‘rgani haqidagi xabar uning qora yuragiga zaharli pichoqdek sanchildi.

Valerius tunlari saroy minorasida turib, sharq tomonga, yorug‘lik taralayotgan ufqqa qarab tishlarini g‘ijirlatardi:

Demak, uning vorisi bor... Mening yerlarimni ham o‘sha tirranvachcha egallamoqchimi? Yo‘q, bunga yo‘l qo‘ymayman, — deb pichirladi u zulmatga qarab.

Uning yuragidagi hasad endi oddiy xafalik emas, balki qonli urushga sabab bo‘ladigan daxshatli nafratga aylanib borayotgan edi...

G‘arbiy o‘lkaning qora toshlardan tiklangan qasri uzra yillar o‘tsa-da, voris kutish azobi tuman kabi tarqalmas edi. Valeriusning farzandsizligi uni kundan-kunga shafqatsizroq va qahrliroq hukmdorga aylantirib borardi. Oxir-oqibat, u birinchi xotini, qadimiy aslzodalar sulolasidan bo‘lgan Qirolicha Morganadan umidini uzdi va taxtni saqlab qolish ilinjida ikkinchi marta nikoh qurdi.

Bu galgi tanlovi yosh, go‘zal, ammo ko‘zlarida qo‘rquv yashiringan boshqa bir ayol Glendora bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, saroy shifokorlari va doyalar ikkinchi qirolichaning homiladorligini xabar qilishdi. G‘arb xalqi intizorlik bilan taxt vorisini kuta boshladi. Nihoyat, ko‘z yorish vaqti keldi, ammo taqdir Valeriusning ustidan kulgandek, chaqaloqning birinchi yig‘isi eshitilganda, bu kutilgan o‘g‘il emas, balki ojiza bir qizaloq edi. Valerius g‘azabini ichiga yutdi, unga Elowen deb ism qo‘ydilar. U qizini yomon ko‘rmasdi, biroq qiz bola imperiyaning temir toji va qalqonini ko‘tara olmasligini yaxshi bilardi.

Ammo taqdirning o‘yinlari bu bilan tugamadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kutilmaganda birinchi qirolichadan ham homiladorlik belgilari ko‘rindi. Bu xabar saroyda ham umid, ham dahshatli yashirin shivir-shivirlarni uyg‘otdi. To‘lg‘oq boshlangan kechada osmonni momoqaldiroq titratdi, go‘yoki tabiat ham mudhish bir sirga guvohlik berayotgandek edi.

Tungi soat ikkilarda birinchi qirolichaning yotog‘idan achchiq, uzoq davom etgan faryod eshitildi. Bu shunchaki og‘riq emas, balki qismatning nidosi edi. Xonada faqat saroyning eng ishonchli tabibi va hushini yo‘qotayozgan qirolicha bor edi. Chaqaloq dunyoga kelgach, tabib uni qora shoyi matoga o‘radi-yu, ko‘rgan narsasidan dahshatga tushib, titrab ketdi. Bolaning jinsi, uning vujudidagi sirlar yoki g‘ayritabiiy belgilar faqat shu uch kishi — Valerius, qirolicha va qari tabib o‘rtasidagi qabrdek mustahkam sirga aylandi.Tabib eshikni ochib, tashqarida intizorlik va qo‘rquv bilan kutayotgan saroy ahliga, sarbozlarga va xizmatchilarga qarata sovuq va qat’iy ovozda yolg‘on gapirdi:

Bola o‘lik tug‘ildi..

Bu so‘zlar qasr yo‘laklarida aks-sado berdi. Tashqarida turgan hech bir insonga bolaning na jinsi, na tirik yoki o‘likligi haqida boshqa biron-bir ma’lumot berilmadi. Vujud shoshilinch ravishda ko‘zdan g‘oyib qilindi. Aholi va butun imperiya bu fojiaga ishondi, ammo qora xonaning ichida mutloq boshqa, daxshatli va sirli haqiqat yashirin edi. Valeriusning qahrli va ogohlantiruvchi nigohi ostida hech kim haqiqatni surishtirishga, pinhona shivir-shivir qilishga ham jur’at etolmadi.

Faqat pinhona burchaklarda: "Bola chindan ham o‘likmidi?" degan shubha arvohdek kezib yurdi.

Vaqt daryosi to‘xtovsiz oqdi. Tunlar ortidan tunlar, kunlar ortidan kunlar o‘tib, Valerius yana ikkinchi qirolichaning to‘shagiga qaytdi. Umid va hasad uni kuydirayotgan edi. Va nihoyat, yana bir bor farzand tug‘ilishi xabari keldi. Qirol qasrning uzun va sovuq yo‘laklarida qadam tashlar ekan, ichida o‘g‘il farzand so‘rab xudolarga yalborardi.

Ammo doyalar eshikni ochib, ta’zim qilishganda, ularning qo‘lida yana o‘sha matoga o‘ralgan qiz bola yig‘lardi.

Valerius o‘sha lahzada chaqaloqqa qaramadi ham. U yuzini o‘girdi, ko‘zlarida dahshatli bir sovuqlik va qonxo‘rlik uyg‘ondi. Tashqi olamga, xalqqa va xizmatchilarga qarata vazminlik bilan: "Farzand ko‘rdik, shukrlar bo‘lsin", deya e’lon qildi-yu, ammo ich-ichidan qora g‘azab vulqoni otildi. U o‘z g‘azabida butunlay yona boshlagandi.

Nega? Nega unga koinot bitta ham voris bermaydi? Axir uning ukasi, Kaelenning baxtli va quyoshli o‘lkasida allaqachon Jimin ismli yosh, aqlli va jasur o‘g‘il ulg‘aymoqda edi. Kaelenning taxti mustahkam, uning qonini davom ettiradigan yagona shahzodasi bor. Valerius esa o‘zining qizlari va shubhali o‘limlar qurshovida, g‘arbning qorong‘u taxtida tanho qolayotgan edi. Bu hasad endi uni mutloq aqldan ozdirish darajasiga olib keldi...

Yillar go‘yoki qora daryodek sokin, ammo shiddat bilan oqib o‘tdi. Vaqt o‘tishi bilan Sharq va G‘arb o‘rtasidagi farq yanada yaqqol ko‘rina boshladi. Kaelenning o‘lkasida tinchlik va muhabbat hukmron bo‘lsa, Valeriusning zulmati butun borliqni qamrab olgandi. Ammo kunlarning birida, kutilmaganda, Sharq saltanatining porloq osmonini qonli bulutlar qopladi.

Hech qanday ogohlantirishsiz, osoyishta Sharq mamlakatida daxshatli va ulkan bir qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bu isyonning qanday boshlangani, uni kimlar moliyalashtirgani va sahna ortida kim turgani hech kimga ma’lum emas edi. Ammo u shunday shiddatli ediki, aholining katta qismi go‘yoki gipnoz qilingandek, o‘zlarining mehribon qiroli Kaelenga qarshi bosh ko‘tardi. Saroy devorlari poyida tarixda ko‘rilmagan eng qonli va shafqatsiz jang bo‘lib o‘tdi.

Qilichlar jaranggi va odamlarning faryodi tunni titratdi. Ushbu mudhish to‘qnashuv paytida, o‘z xalqini tinchlantirishga, qon to‘kilishini to‘xtatishga uringan Kichik Qirol Kaelen sirli ravishda halok bo‘ldi. Kimningdir shafqatsiz tig‘i uning adolatli yuragini teshib o‘tgan edi.

Qirol vafot etgach, qo‘zg‘olon xuddi boshlangani kabi to‘satdan tinchidi. Mamlakat uzra og‘ir, o‘lik sukunat cho‘kdi. Kaelenning vafotidan so‘ng, uning sadoqatli rafiqasi — Qirolicha va hali yosh, bo‘lsa-da, qalbi o‘t kabi yonayotgan o‘g‘li Jimin chuqur motamga botdilar. Saroy burchaklarida oylab, qora liboslar yechilmadi, yig‘i ovozi tinmadi. Biroq, bu daxshatli qo‘zg‘olonning ortida aslida kim turgani, bu fitnani kim uyushtirgani xalq uchun ham, tarix uchun ham qorong‘u, noma’lum bir sir bo‘lib qolaverdi... Faqatgina g‘arbdagi qora qasrdan kelgan sovuq shamol bu sirning kaliti qayerdaligiga ishora qilgandek edi.

Kaelenning o‘limidan so‘ng, uning yetim qolgan o‘lkasi, butun Sharq qirolligi va uning motamzad oilasi avtomatik ravishda yagona vorisga — katta qirolga o‘tdi. Shunday qilib, Qirol Valerius otasining vasiyatini parchalab, butun yer yuzining mutloq va yagona hukmdoriga aylandi.

Valerius yer yuzini temir panjalarida tutib turardi. U adolat bilan hukmronlik qilardi, ammo bu adolat qon va qo‘rquv ustiga qurilgan shafqatsiz bir intizom edi. U odamlarga nafas olishga, bosh ko‘tarishga yo‘l qo‘ymasdi. Vaqt o‘tishi bilan uning ongida daxshatli, aqldan ozgan bir mafkura shakllandi: "Butun yer yuzida faqatgina mukammal insonlar yashashi kerak!"

Valeriusning qonunlari mislsiz darajada shafqatsiz edi:

Biron bir xato qilgan, qonunni buzgan jinoyatchilar ayab oʻtirilmasdi.

Eng daxshatlisi, tanasida tug‘ma yoki orttirilgan nuqsoni bo‘lgan, nogiron, ko‘r, cho‘loq yoki shunchaki og‘ir, yuqumli kasallikka chalingan aholi darhol hibsga olinardi.

Valeriusning fikricha, bunday nuqsonli va keraksiz insonlarning bu dunyoda yashashi ortiqcha yuk edi. "Ular imperiya uchun hech narsa bera olmaydi, demak, ular uchun biron bir resursni yoki vaqtni yo‘qotish shart emas", deb hisoblardi qirol. U nuqsonli odamlarni, kasallarni xalq ko‘z o‘ngida, maydonlarga olib chiqib, shafqatsizlarcha o‘ldirtirar va jasadlarini yo‘q qildirib yuborar edi.

Butun yer yuzi aholisi bu vahshiy hukmdordan daxshatli darajada qo‘rqib yashardi. Odamlar oddiygina shamollab qolishdan, tasodifan yiqilib suyaklarini sindirib olishdan yoki biron bir kichik xatoga yo‘l qo‘yishdan qattiq vahimaga tushishardi. Chunki har bir xato va har bir kasallik — o‘lim degani edi.

Qirolning o‘z oilasida, ya’ni ikkinchi xotinidan bo‘lgan qizlarida shu vaqtgacha hech qanday nosogʻlomlik yoki jismoniy nuqson kuzatilmagan edi. Uning qizlari va saroyi benuqson, ideal ko‘rinishda edi. Aynan mana shu xotirjamlik va o‘ziga bo‘lgan cheksiz ishonch Valeriusni yanada takabbur qilar, u hech narsadan qo‘rqmasdan, bu qonli tozalash ishlarini qayta va qayta, kattaroq shafqatsizlik bilan davom ettiraverardi.

Sharq va G‘arb birlashgach, butun imperiya daxshat ichida yashayotgan bir paytda, qora qasr ichida kutilmagan bir rishta shakllana boshladi. Valerius ukasining motamzoda oilasini o‘z saroyiga, temir panjalari ostiga oldi. Biroq, hamma uning Kaelenning oilasini yo‘q qilib yuborishini kutgan bir paytda, shafqatsiz qirol mutloqo boshqacha yo‘l tutdi.

Valerius ukasining o‘g‘li — Jiminni nafrat bilan emas, aksincha, g‘ayritabiiy bir g‘amxo‘rlik bilan qarshi oldi. U yosh shahzodani o‘z farzandidek ko‘rib, imperiyaning eng buyuk faylasuflari, eng shafqatsiz harbiy tahlilchilari va jang ustalariga topshirdi. Uni haqiqiy toj egasidek, mislsiz ulug‘vorlikda o‘stirishdi. Hatto unga davlat ishlarini o‘rganishi va xavfsizligini ta’minlashi uchun shaxsiy, eng sodiq yordamchilar ham tayinlab berildi.

Yillar daryodek oqdi va yosh Jimin nafaqat jismoniy jihatdan tengsiz jangchiga, balki aqliy tomondan har qanday strategni mot qila oladigan shaxsga aylandi. Uning vujudida g‘arbning qat’iyati va o‘z otasi Kaelenning mardligi, olijanobligi birlashgan edi. Ammo aynan mana shu narsa Valeriusning ich-etini yer edi.

Jimindagi mardlik va xalqqa bo‘lgan mehr faqat o‘z otasining tarbiyasidan, Kaelenning xotirasidan oziqlanardi. Shahzoda Valeriusni o‘z otasidek qabul qilmadi; unga bo‘lgan munosabati quruq va sovuq hurmatdan nariga o‘tmasdi. U faqat bitta qirolni — o‘zining marhum otasini tan olardi. Bu o‘zini Jiminning najotkori va ustozi deb bilgan keksayayotgan Valeriusga juda og‘ir botardi. Axir u qizlari qolib, bu yigitga otalik qilgan, uni taxt vorisi darajasiga yetkazgan edi.

Tarix oʻz nihoyasiga yetar ekan, shahzoda jimin uchun kelajak boshlanadi.

Vaqt hech kimga shafqat qilmaydi, hatto butun dunyoni titratgan hukmdorga ham. Valerius kundan-kunga qarib, zaiflashib bordi. Uning ichki g‘azabi va yillar davomida to‘plangan hasadi tanasini ichidan yeb bitirgan edi. Unda hamon o‘sha ikki qiz bor, imperiyani boshqaradigan qonuniy o‘g‘il farzand esa yo‘q edi.

Mantiqan va qonunan butun yer yuzi endi Jiminga qolishi kerak edi. Ammo Valerius o‘zidan nafratlanadigan, faqat Kaelenning xotirasi bilan yashaydigan jiyaniga taxtni shunchaki topshirib qo‘yarmikan? Axir uning yashirin rejalari, yillar oldin qorong‘u xonada yashirilgan o‘sha sirli birinchi farzandi — boshqa bir yashirin voris bormidi? Bu savollar saroy devorlari ortida javobsiz qolayotgan edi.

Ko‘p o‘tmay, qarilik va noma’lum xastalik Valeriusni butunlay to‘shakka mixlab qo‘ydi. Dunyoni qonli qonunlar bilan ushlab turgan temir qirol endi o‘z yotog‘ida jon talashardi. Mamlakat aholisi esa sarosimada edi: qirol o‘lsa, bu dahshatli imperiyani kim boshqaradi? Yana isyonlar boshlanadimi? Saroyning eng daho tabiblari yig‘ilsa-da, qirolning tanasini quritayotgan qora dardga hech qanday shifo topa olishmadi.

Qirolning ahvoli og‘irlashgach, saroyning ulkan, qorong‘u majlislar zalida saltanat tarixidagi eng muhim yig‘ilish tayinlandi. Bu xonaga imperiyaning barcha nufuzli ayonlari, vazirlari, lashkarboshlari va nufuzli zodagonlari yig‘ildishdi. Kengash a’zolari orasida mardona qiyofada, ko‘zlarida hokimiyat uchquni porlab turgan Shahzoda Jimin ham o‘tirardi.

Faqat bitta odam — Qirol Valerius bu majlisda yo‘q edi; u o‘lim to‘shagida nafas olardi.

Zaldagi sukunatni bosh vazirning og‘ir ovozi buzdi. Ular imperiyaning kelajagi, halokat yoqasida turgan xalq va eng muhimi — Valeriusga kim voris bo‘lishi masalasini ochiqchasiga muhokama qila boshladilar. Ayonlarning hech birida shubha yoq edi. Ular Jiminning kuchi, aqli va olijanobligini ko‘rib ulg‘ayishgan edi.

Bizga shafqatsiz yirtqich emas, balki g‘alaba keltira oladigan mard hukmdor kerak. Va bu inson shubhasiz Shahzoda Jimindir! — deya hayqirdi lashkarboshilardan biri.

Zaldagilar bir ovozdan bu qarorni qo‘llab-quvvatlashdi. Jimin yig‘ilganlarga qarar ekan, uning lablarida sovuq va g‘olibona tabassum paydo bo‘ldi. U buni yillar davomida kutgan edi. Otasining qasosini olish, Valeriusning qonli qonunlarini yo‘q qilish va nihoyat butun dunyoga o‘zi hukmdor bo‘lish istagi uning qonida urar edi. U taxtni egallashga to‘liq rozi bo‘ldi va kengash uni yangi qirol deb e’lon qilishga qaror qabul qildi.

Biroq, majlis tugab, saroy uzra tun cho‘kkanda, o‘lim to‘shagida yotgan Valeriusning xonasidan qari tabib pinhona chiqib ketdi. Katta qirol hali so‘nggi so‘zini aytmagan edi...

Ertasi kuni tong otganda, g‘arbiy qasrning sovuq tosh devorlari tarixdagi eng ulkan va shiddatli shov-shuvdan larzaga keldi. Bu shunchaki norozilik emas, balki puxta o‘ylangan, ortida imperiyaning eng qudratli ayonlari turgan siyosiy to‘ntarish edi. Va bu xavfli, daxshatli rejaning haqiqiy yetakchisi, qora chizig‘ini chizgan shaxs — Shahzoda Jimin edi.

Tumanli tong qo‘ynida minglab qurollangan saroy askarlari qasrni to‘liq qamalga olishdi. Har bir yo‘lak, har bir darvoza va minora Jiminning odamlari nazoratiga o‘tdi. Temir zirhlar kiygan, ko‘zlarida qat’iyat porlayotgan yosh shahzoda ayonlar qurshovida qirolning yotog‘i sari odamladi. U o‘lim to‘shagida yotgan Valeriusning og‘ir, naqshinkor eshigi poyida to‘xtadi. Qisqa sukunatdan so‘ng, eshikni quruq va keskin ohangda taqillatdi.

Ichkaridan keksaygan qirolning xirillagan, ammo hanuz mag‘rur “Kir!” degan buyrug‘i eshitilishi bilan, Jimin eshikni zarb bilan ochib, xonaga bostirib kirdi. Uning ortidan bosh vazir boshchiligidagi eng nufuzli davlat arboblari kirib kelishdi. Xonadagi o‘lim isi va qorong‘ulikni tonggi sovuq nur parchalab tashladi.

Xayrli tong, qirolim, — dedi Jimin. Uning ovozida zarracha ham qo‘rquv yoq edi, ohangida g‘olibona bir sovuqlik sezilib turardi.

Vaziyat jiddiyligini anglagan bosh vazir bir qadam oldinga chiqib, gap boshladi:

Qirolim... Sizning ancha vaqtdan beri tobingiz bo‘lmay qoldi. Saltanat boshqaruvsiz, xalq esa sarosimada. Biz hammamiz, butun kengash yig‘ilib, yakdil bir qarorga keldik va buni davlat kelajagi uchun eng to‘g‘ri yo‘l deb bildik. Biz sizni taxtdan tushirib, Shahzoda Jiminni yangi mutloq qirol qilib tayinlamoqchimiz. Va bunga hech qanday qarshilik ham ko‘rsata olmaysiz.

Bosh vazirning bu daxshatli, kutilmagan gaplarini eshitgan Valerius g‘azabdan nima qilishni bilmay qoldi. Yillar davomida dunyoni titratgan hukmdor hozir o‘z to‘shagiga mixlanib yotar, tana a’zolari unga bo‘ysunmas, hatto o‘rnidan turishga ham darmoni yetmas edi. U o‘z saroyida, o‘zi o‘stirgan jiyani tomonidan tuzoqqa tushirilganini angladi, ammo bu sharmandali mag‘lubiyat qarshisida qanday chora ko‘rishni, qanday buyruq berishni bilmasdi. Uning qonli va vahshiy qonunlari endi o‘ziga qarshi qayrilgandi.

Bosh vazir esa qirolning ko‘zlaridagi qora g‘azabga e’tibor ham bermay, so‘zida davom etdi:

Shahzodamiz allaqachon 18 yoshga to‘ladilar. Endilikda bu ulkan imperiyani boshqarishga ularning aqli ham, jismoniy kuchi ham, harbiy qudrati ham to‘liq yetarli deb hisoblaymiz. Siz esa allaqachon keksayib qoldingiz, a’lohazrat. Endi qolgan umringizni davlat tashvishlaridan yiroqda, oilangiz va o‘zingiz uchun sarflaysiz. Biz siz uchun eng to‘g‘ri va adolatli qarorni qabul qildik, qirolim.

Shu tariqa, o‘sha qonli va sovuq tongdan boshlab butun imperiya poydevori tamoman o‘zgardi. Qasrda ham, chekka o‘lkalarda ham na chorasiz qolgan qari qirolning va na uning qirolichalarining buyruqlariga quloq solishdi. Hamma narsa, har bir qilich va har bir soliq faqatgina Shahzoda Jiminga bo‘ysuna boshladi. Zodagonlar ham, oddiy askarlar ham yangi, yosh va quvvatga to‘la hukmdorning poyiga bosh egishdi. Ha, ularning endi yagona hukmdori — Jimin edi.

Valerius o‘z to‘shagida chorasiz va g‘azabdan falaj bo‘lib qolgach, Shahzoda Jimin va ayonlar ortiqcha vaqt yo‘qotishni istashmadi. Temirni qizig‘ida bosish kerak edi. Saroy tashqarisida esa allaqachon minglab aholi nima bo‘layotganini bilolmay, sarosimada yig‘ila boshlagan edi. Isyonchi askarlar maydonni o‘rab olishgan, havoda hokimiyat almashishining qon hidi anqirdi.

Jimin va uning ortidagi vazirlar darhol maydonga qarata baland bo‘y cho‘zgan, qasrning ulkan mramor balkoniga chiqishdi. Bu balkon butun aholi, hamda qirollikning chekkalari hullas hamma hammasini koʻrsa boʻladigan joy edi. Pastda yig‘ilgan cheksiz odamlar dengizi yuqoriga, o‘zlarining yosh va baquvvat shahzodasiga umid va qo‘rquv bilan tikilib turishardi.

Jimin yuqoridan turib o‘z xalqini mag‘rur kuzatarkan, yonidagi jarchiga farmonni o‘qishni buyurdi. Jarchi bor ovozi bilan:

Aholiga farmon! Bugundan boshlab qirol taxtdan tushirildi va Shahzodamiz 18 yoshga to‘lib, yangi hukmdor bo‘ldi!" deya hayqirayotgan aynan o‘sha lahzada... daxshatli tasodif yuz berdi.

Jimin o‘z ortidan kelayotgan og‘ir, sudrangan qadam tovushlarini va tanasini muzlatib yuborgan sovuq nafasi sezdi. U qanday qilib hozigina to‘shakka mixlanib yotgan eski qirol — Valeriusning barcha og‘riqlarni yengib, bu yerga, balkon eshigidan chiqib kelganini mutloqo bilmay qoldi! Bu haqiqiy fojiya edi.

Eski qirol o‘lim yoqasida bo‘lishiga qaramay, ustiga qora shohona plashini tashlab, hassasiga tayangancha, bor darmonini yig‘ib xalq qarshisiga qalqib chiqdi.

Uning balkonda to‘satdan paydo bo‘lishi pastdagi millionlab aholi orasiga daxshat soldi. Yillar davomida qalblarni titratgan vahshiy hukmdorning haybati hali tirik edi. Maydondagi butun xalq, o‘sha zahti qurollarini tushirib, beixtiyor uning qudrati qarshisida tizzalari bilan cho‘kdi. Hamma bo‘yin egib, yerga boshini qo‘ygancha mutloq ta’zim qila boshladi. Maydon bir soniyada qabrdek jimjitlikka burkandi.

Valerius titrayotgan, ammo qonxo‘r qo‘li bilan boyagi jarchiga qarata imo qildi. Uning "Jim bo‘l!" degan keskin ishorasi jarchini qo‘rquvdan qotirib qo‘ydi. Butun maydon uzra keksaygan, ammo qasr devorlarida aks-sado beradigan vahimali ovozda eski qirolning o‘zi gapira boshladi:

Aziz aholim... Men uzoq muddat davomida bu buyuk imperiyani boshqardim, yer yuzida hukmdorlik qildim. Lekin allaqachon qaridim, allaqachon keksaydim. Shuning uchun endi sizlarga yangi hukmdor kerak deb bildim va men bugun o‘z ixtiyorim bilan, mening jiyanim, ya’ni o‘g‘limiz — Shahzoda Jiminni sizlarga qirol qilib tayinlamoqchiman!

Qirol chuqur nafas olib, jiyanining muzlab qolgan yuziga zaharxanda bilan qarab oldi va so‘zida davom etdi:

Bu hech qanday majburlik emas. Lekin sizlarga yangi hukmdor va menga munosib voris bo‘lishi uchun uni eng yaxshi nomzod deb bildim. Uni sizlarga yangi hukmdor qilib saylamoqchiman. U sizlarga xuddi men kabi adolatli qirol bo‘lishiga ishonaman!

Qirol shu gaplarni aytar ekan, uning yonida turgan Jiminning vujudi birdan muzlab, butunlay qotib qoldi.

Axir hamma narsa boshqacha rejalashtirilgandi! Jimin uni kuch bilan, xo‘rlab taxtdan ag‘darmoqchi edi. Ammo Valerius o‘z oyog‘i bilan chiqib, hammasini go‘yoki "o‘z xohishi bilan topshirayotgandek" ko‘rsatdi va Jiminni o‘z vorisi deb e’lon qildi. Buning bo‘lishi hech kimning, na shahzodaning va na sotqin ayonlarning rejasida bor edi... Qari tulki so‘nggi soniyada o‘yin qoidasini o‘zgartirib yuborgan edi.

Valerius lablarining chetida yashirin, zaharxanda bir tabassum bilan maydonga tikilarkan, uning xirillagan ovozi qorong‘u osmon ostida yana aks-sado berdi. U o‘zining mot qilingan jiyaniga hatto qarab ham qo‘ymay, xalqqa qarab gapini davom ettirdi:

Sizlarga endi shahzoda hukmdorlik qilar ekan, butun qirollik so‘zsiz unga bo‘ysunishi kerak. Ammo men shunchaki g‘oyib bo‘lib qolmayman. Bir hafta davomida sizlarni baribir men boshqarib turaman. Axir qirolingiz, ya’ni shahzodangiz hali rasman 18 yoshga to‘lgani yo‘q. Bir haftadan keyin u allaqachon balog‘at yoshiga yetadi va o‘shanda men unga qirollik toji va taxtini to‘liq topshiraman hamda uni mutloq qirol deb tayinlayman. Lekin... menda yana bir shart bor!

Garchi tonggi isyondan keyin butun qasr va harbiy quvvat shundoq ham Jiminning qo‘liga o‘tib, imperiya uniki bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, keksaygan tulkining o‘z aholisi oldida bu shartni baralla aytishi shahzodaning nozik asab torlarini qat’iy chertdi. Qirol esa o‘z o‘yinini yakunlash uchun daxshatli farmonini shunday davom ettirdi:

U mening qizlarimdan biriga uylanadi! Va shundan keyingina, mening qonim bilan bog‘langachgina qirollikka hukmdorlik qilishni boshlaydi!

Qirol mana shu mudhish farmonni berganida, maydonda yana bir bor sovuq sukunat cho‘kdi. Jimin g‘azabdan va kutilmagan zarbadan nima deyishini, qanday munosabat bildirishini bilmay qoldi. Uning oppoq yuzlari qizarib, barmoqlari qilichining dastasiga beixtiyor yopishdi. U faqatgina yonida hassaga tayanib, mag‘rur turgan qariya Valeriusga qarab, ko‘zlarida alangalanayotgan qonli olov bilan tikilib turardi.

Axir bu narsa hech kimning, hatto eng daho ayonlarning ham rejasida yo‘q edi! Valerius bu shart orqali Jiminni o‘z oilasiga, o‘zining qonli sulolasiga abadiy zanjirlab qo‘ymoqchi edi. Bu shunchaki nikoh emas, balki Jiminning erkinligi va otasining pok xotirasi ustidan kulish edi.

Shahzodaning ich-ichida qora g‘azab vulqoni qaynayotgan, uning mag‘rur qalbida Valeriusga nisbatan cheksiz, daxshatli bir nafrat uyg‘ongan edi. Qari qirolning o‘lim to‘shagidan turib kelib, uning yuziga tarsaki kabi urgandek qo‘ygan bu sharti Jiminning asablarini tamomila buzgan, g‘alabasining shirin ta’mini og‘ularga qorishtirib yuborgan edi...

Valerius hanuz balkon chetida turib, o‘zining zaharli ma’ruzasini davom ettirar, xalq esa quldek bosh egib quloq solardi. Jimin esa bu masxarabozlikka ortiq chiday olmadi. Uning ichidagi qora g‘azab vulqoni istalgan soniyada portlashga tayyor edi. Shahzoda o‘sha zahoti ortiga o‘girildi-yu, maydondagi manzarani, qirolni va uning soxta vasiyatini ortda qoldirib, balkonni darhol tark etdi.

U qasrning uzun va sovuq yo‘laklari bo‘ylab, o‘zining ulkan va dabdabali xonasi tomon shiddatli qadamlar bilan yo‘l oldi. Bu xona bo‘lajak imperatorga munosib tarzda nihoyatda chiroyli, baland shiftli va og‘ir tilla bezaklar bilan jihozlangan edi. Jimin xonasiga kirishi bilan ortidan sarosimaga tushgan bosh vazir va saroy ayonlari yugurib kirishdi. Ularning yuzida qo‘rquv va qilingan xatoning vahimasi bor edi.

Kutilmaganda Jiminning ichidagi bor g‘azabi portlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosh vazirning yuziga o‘shqirdi:

Qanday qilib bunga yoʻl qoʻydingiz?! Qanday qilib u o‘lim to‘shagidan turib, tashqariga chiqib, aholiga gapirishigacha borishiga qoʻyib berdingiz?! Sizlarga nima degandim axir?! Bittagina keksaygan qirolga ham koʻz-quloq boʻla olmadingizmi?! Qirollik oilasini darhol o‘z kazarmalariga qamang! — deya bo‘g‘iq hayqiriq bilan ayonlarga birinchi buyruqni berdi. — Toki men shaxsan amr qilmas ekanman, ulardan birortasi ham aslo tashqariga chiqa ko‘rmasin!!

Jimin xona bo‘ylab asabiy qadam tashlar ekan, buyruqlarini qonli ohangda davom ettirdi:

Bittagina ishni ham eplay olmaysizlar! Agar o‘sha cholga yaxshilab koʻz-quloq boʻlganingizda, u hozir aholi oldida maʼruza qilib, menga shart qoʻymagan boʻlar edi! Men esa o‘z rejamda mutloqo bo‘lmagan bu ifloslikni boshdan kechirmasdim! Sizning birgina kechirilmas xatoingiz tufayli men endi nima qilishni ham bilmayapman! — deya butun ovozi bilan baqirib ketdi shahzoda.

Xonadagi qora pardalar uning ovozi daxshatidan tebranib ketgandek bo‘ldi. Bosh vazirdan tashqari barcha ayonlar qo‘rqqanlaridan yerga qadar ta’zim qilib, qirollik oilasini kazarmaga qamash buyrug‘ini zudlik bilan bajarish uchun xonadan otilib chiqib ketishdi.

Xonada faqat og‘ir nafas olayotgan shahzoda va o‘ychan qiyofadagi bosh vazir qoldi. Vazir shahzodaning bu daxshatli g‘azabini bosishga harakat qilib, qo‘llarini ko‘tardi va vazminlik bilan sekin gapirdi:

Shahzodam, meni ayblashingiz mumkin, ammo hozir vaqt g‘azablanadigan vaqt emas. Biz keyingi rejalar haqida o‘ylashimiz kerak. Xo‘sh, qanday rejangiz bor? Axir endi nima qilasiz... o‘sha malikalardan biriga haqiqatan ham uylanmoqchimisiz?

Bu qanday ahmoqona gap bo‘ldi?! Men aslo qirolning shartlariga ko‘nmayman! Mening qirolga albatta kuchim yetadi! — deya hayqirdi Jimin. Uning mag‘rur qiyofasida chekinishdan asar ham yo‘q edi.

Bosh vazir uning bu qat’iyatini ko‘rib, og‘ir xo‘rsindi va xonaning qorong‘u burchagiga qarab past ovozda so‘radi:

Xo‘sh, unda nima qilmoqchisiz? Axir malikalarning biri 17 yoshda, bunisi esa 15 yoshda. Qirol ulardan birini tanlashingizni talab qilyapti.

Shahzoda xona bo‘ylab asabiy qadam tashlashdan to‘xtadi. Uning o‘tkir nigohlari bir nuqtaga qadaldi, miyasida daxshatli va yashirin bir shubha uyg‘ongan edi. U biroz o‘ylanib, pichirlagandek vazmin, ammo sovuq ohangda gapida davom etdi:

Kichik malikaga uylanmasligim aniq, u hali juda yosh... lekin kattasi-chi... Agarda kattasida qandaydir muammo bo‘lsa-chi?

Jimin vazirga yaqinlashib, uning ko‘zlariga tikildi. — O‘ylab ko‘rganmisan, vazir? Nima uchun qirol shu vaqtgacha bitta ham o‘g‘il farzand ko‘rmagan?

Jimin kutilmaganda ortiga o‘girilib, amr qildi:

Menga darhol bosh tabibni chaqiring!

Shahzodam, qanday rejangiz bor? — so‘radi vazir, uning nigohida hamon xavotir va tushunarsizlik aks etib turadi

Siz menga bosh tabibni chaqiring, o‘shanda bilib olasiz! — deb keskin javob berdi shahzoda, deraza ortidagi qorong‘u ufqqa tikilgancha.

Biroz vaqt o‘tgach, xonaning og‘ir eshiklari ochilib, shahzodaning huzuriga bosh vazir va uning ortidan qo‘rquvdan rangi oqargan bosh tabib kirib kelishdi. Tabib taxt vorisining g‘azabidan xabardor edi, shuning uchun ham uning vujudida qaltiroq turgandi. Bosh vazir jimlikni buzib, yana savol berdi:

Shahzodam, rejangiz aynan qanday? Bizni kutyapmiz.

Shahzoda bosh vazirga qayrilib ham qaramadi. U sekin qadamlar bilan tabibning qarshisiga keldi va uning ko‘zlariga o‘qdek qadalib, so‘radi:

Shu vaqtgacha qirol o‘gʻil farzand ko‘rmagan. Demak, malikalarda ham otasidan o‘tgan biron-bir yashirin nuqson bor bo‘lishi va balki ular ham kelajakda farzand ko‘ra olmasligi mumkindir? Bu haqida nima deysiz, tabib?

Tabib yutqinib oldi-da, shosha-pisha javob berdi:

Men qirollik oilasini har doim sinchiklab tekshirib boraman, shahzodam. Biron-bir kasallikka chalinadigan bo‘lsalar ham, ularni darhol dori-darmonlar bilan davolayman. O‘ylaymanki, qirol oilasida bunday yashirin kasalliklar yo‘q.

Lekin bunday kasalliklar tabiatda bo‘lishi ham mumkin-ku, to‘g‘rimi? — dedi shahzoda lab chetida ma’noli va sovuq jilmayib. — Yoki... bu kasallikni shunchaki “bor” qilib ko‘rsatishning ham iloji bordir? Mening gapim to‘g‘rimi, bosh tabib?

Bosh tabib gapning dumi qayerga borayotganini, shahzoda qanday mudhish o‘yin boshlaganini tushunib yetdi. U daxshat ichida gapga aralashdi:

Ammo shahzodam, axir ular muqaddas qirollik oilasi-ku! Nima, siz menga qirolicha va malikalarni butunlay o‘ldirish haqida aytyapsizmi?! Menga ularni pinhona o‘ldirish haqida buyruq beryapsizmi, shahzodam?! Yo‘q, men bunday qonli ishga qo‘l ura olmayman, meni afv eting!

Jimin kulib yubordi va kutilmaganda bosh vazirga va hayratdan qotgan tabibga qarab o‘qraydi, uning ovozi qasr devorlariga urilib vazmin yangradi:

Men sizga qirollik oilasini o‘ldirish haqida gapirayotganim yo‘q! — dedi u tabibning ko‘zlariga chuqurroq tikilib.

Mening qo‘lim shunchaki ayollarning qoniga bo‘yalmaydi. Men boshqa narsani nazarda tutyapman. Balki bizning bo‘lajak qirolichamiz, ya’ni qirol uylanishimni shart qilgan o‘sha katta malika kelajakda umuman farzand ko‘ra olmasligi mumkindir? Bunga nima deysiz? Agar u bepusht bo‘lsa, men unga uylana olmayman-ku, axir? Zero, nuqsonli insonlar bu taxtga loyiq emas! Uning bepushtligi mening bu nikohni rad etishim uchun qonuniy huquq bo‘ladi!

Bosh tabib shahzodaning bu dahshatli va ayyorona rejasidan qo‘rquvdan titragancha gapirdi:

Lekin, shahzodam... Malika allaqachon mening tomonimdan to‘liq tekshirilgan. U mutlaqo sog‘lom inson-ku! Uning hech qanday yashirin kasalligi yoki jismoniy nuqsoni yo‘q! Men qanday qilib yolg‘on gapiraman?

Nuqsoni yo‘q bo‘lsa, unda paydo bo‘ladi! — dedi shahzoda sovuqqonlik bilan, uning nigohidagi muz zaldagi shamlar alangasini ham so‘ndirgandek bo‘ldi. — Unda shunday nuqson paydo bo‘ladiki, undan keyin hech kim farzand ko‘ra olmaydi! O‘ylaymanki, sizning yashirin javonlaringizda kerakli zaharli dori va giyohlar bor. Ularni malikaning taomiga muntazam ravishda qo‘shib, berib borasiz. Hafta oxiriga borib, to‘y va tojlarni topshirish marosimi yaqinlashganida esa, uning og‘ir, davosiz kasalligi haqida xabar qilasiz. Bu soxta tekshiruvlar natijasida unga uylanib bo‘lmasligini butun xalqqa aytaman. Menimcha, bu juda yaxshi va benuqson reja!

Bosh vazir yuzidagi sovuq terni artib, xavotir bilan gap boshladi:

Lekin shahzodam, agarda birinchi malika nuqsonli bo‘lib chiqadigan bo‘lsa, siz baribir ikkinchi malikaga uylanishingizga to‘g‘ri keladi-ku? Qirol Valerius o‘ta ayyor, u aslo va aslo sizning bu qilgan o‘yiningizga jim qarab turmaydi, sizga qarshi javob qaytarmasdan qo‘ymaydi, axir.

Shunday... demak, men ikkinchi malikaga uylanishga majbur bo‘laman, — deb vazmin javob berdi shahzoda, rejasi buzilmaganini ko‘rsatishga urinib.

Lekin ikkinchi malika hali bor-yo‘g‘i 15 yoshda bo‘lsa, demak, to‘y qonunan ortga suriladi! — deya bosh vazir shahzodani ogohlantirdi. — Aynan hamma narsa siz o‘ylagandek oson kechmasligi mumkin. Agarda qirol bunga javoban: “Hali vaqt bor, sening haqiqiy qirol bo‘lishingga hali vaqt bor. Qizim ikkinchi farzandim bo‘lgani uchun, u balog‘at yoshi — 16 yoshga to‘lmaguncha to‘y ham, senga tojlarni topshirish marosimi ham bo‘lmaydi”, deya yangi shart qo‘ysa nima qilasiz?

Shahzoda bu gapni eshitib, biroz o‘ylanib qoldi. Xonaga qabr sukunati cho‘kdi. Vazir haq edi, qari tulki vaqtni cho‘zish orqali Jiminni pinhona yo‘q qilish choralarini izlashi mumkin edi. Biroq, Jimin taslim bo‘ladiganlar toifasidan emasdi.

Bu haqida kengroq va chuqurroq o‘ylab ko‘raman. Hozircha esa, bosh tabib, mening aytgan buyruqlarimni so‘zsiz bajaring! — dedi shahzoda cholga qarab buyruq ohangida. — Bu qora sirni siz, men va bosh vazirdan boshqa yer yuzida hech kim bilmasligi kerak. Shunday qilingki, malika bu dorilarni qabul qilayotganini sizdan boshqa hech kim, hatto uning xizmatkorlari ham sezmasin. Malika hamma uchun butunlay nuqsonli bo‘lib ko‘rinsin va boshqa biron-bir tabib uni sog‘lom deb topa olmasin. Sizdan umidim katta, bosh tabib!

Bosh tabib va bosh vazir daxshatli ilojsizlikdan, shahzodaning qahridan qo‘rqib, nima qilishni bilmay, oxir-oqibat uning buyrug‘ini bajarishga va unga sadoqat bilan xizmat qilishga rozi bo‘lishdi. Ular bosh egib, xonani tark etishdi.

Bosh vazir qasrning qorong‘u yo‘laklaridan o‘tib, o‘z xonasiga yetib borar ekan, darhol shahzodaning buyrug‘ini — askarlarni nazorat qilish va saroy dabdabasini ushlab turish ishlarini bajarish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bosh tabib esa o‘zining maxfiy xonasiga kirib, bor qora bilimini ishga solgancha, baxtsiz malikaning taqdirini qoraytiradigan o‘sha maxsus, zaharli dori-giyohni tayyorlashga kirishdi. G‘arbiy qasr uzra fitna va zulmat tumanidek quyuqlashib borardi...

Shahzoda Jimin uzoq va jimjit davom etgan o‘y-xayollaridan so‘ng, xonasini tark etdi. U qasrning hech kim qadam bosishga jur’at etmaydigan, unutilgan qismidagi tosh zinapoyalar bo‘ylab yuqoriga — qasrning eng baland, sirli nuqtasiga ko‘tarila boshladi.

Atrof mutloq qorong‘i va vahymali edi. Faqatgina qora tosh devorlar orasidagi katta-katta, qadimiy derazalardan tushib turgan sovuq oy nuri qorong‘ulikni arang parchalab, yo‘laklarni birozgina yoritib turardi. Qasrning bu qismida tun shamoli xuddi arvohlarning nidosidek uvillar, havodan asriy changning hidi anqirdi.

Shahzoda o‘z qadamlarini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan, tovush chiqarmasdan bosar ekan, uning qo‘li beixtiyor qilichining sovuq dastasida edi. U oldinda, bu zulmat qa’rida uni nimalar kutib turganini o‘zi ham aslo bilmas edi.

Bu qorong‘u va sirli joy bo‘lajak mutloq qirol uchun najot va g‘alaba olib keladimi yoki daxshatli bir halokat — bu hali tun qa’riga yashiringan noma’lumlik edi...

1-qism tamom