September 8, 2025

𝗗𝗼𝗻'𝘁 𝘀𝗮𝘆 𝘆𝗼𝘂 𝗹𝗼𝘃𝗲 𝗺𝗲 ! || 19 𝗲𝗽𝗶𝘀𝗼𝗱𝗲

𝐼𝑓 " 𝐼 𝑙𝑜𝑣𝑒 𝑦𝑜𝑢 " 𝑤𝑎𝑠 𝑎 𝑝𝑟𝑜𝑚𝑖𝑠𝑒, 𝑤𝑜𝑢𝑙𝑑 𝑦𝑜𝑢 𝑏𝑟𝑒𝑎𝑘 𝑖𝑡 ?

PovJimin: Shifoxonaning bu hidi… sterillik, dori-darmon aralashgan ogʻir hid… uni nafrat bilan eslayman. Chunki bolaligimda har safar onam kasal boʻlib qolsa, biz shunday joylarda tunab qolardik.

U menga jilmayishga urinardi, ammo men uning koʻzidagi charchoqni juda yaxshi koʻrardim. Oʻsha paytlarda otam yonimizda boʻlmagan. U hech qachon yonimizda boʻlmagan.

Shu fikrlarni oʻylab palataga yaqinlashganimda yuragim birdan toʻxtagandek boʻldi. Men uni koʻrdim. Uning qiyofasini eslashga ham, uni yana koʻrishga ham xohlamasdim. Ammo baribir tanidim.

Koʻzlarim aldab qoʻymadi. Bu… mening otam.
Yillar davomida tasavvurimda uni boshqa qiyofada chizib kelganman — sovuq, beparvo, hatto jirkanch. Ammo hozir qarshimda turgan odam… qarib qolgan.

Yuzida ajinlar, koʻzlarida ogʻirlik, xuddi hayot unga rahm qilmagandek. Uning shunday holda turganini koʻrib yuragimning ichida nimadir sinib tushgandek boʻldi.

‘Nega kelding? Nega endi?’ — deya qichqirishni xohlayman. Yillar davomida yoʻq boʻlganingdan keyin nima haqqing bor qaytib kelishga?

Onam oʻzi meni katta qildi, yolgʻizlikda, koʻz yoshlarida… Men-chi? Men otasiz ulgʻaydim! Sinfdoshlarim otalari haqida gapirganda, men faqat jilmayib qoʻyardim, ammo ichimda oʻsha bo‘shliqni hech narsa to‘ldira olmasdi.

Qanchalik nafratlanmay, baribir ichimdagi kichkina bola hamon otasining issiq quchogʻini, orqasidan: ‘Men seni yaxshi koʻraman, oʻgʻlim’ degan soʻzlarni kutmoqda. Shuning uchun ham hozir, unga tikilganda, oʻz nafratimdan ham koʻra koʻproq oʻzimdan jirkanaman.

Uning nigohlari pastda, men bilan toʻqnashishga jurʼat qilolmaydi. Uyaladimi? Yoʻq, bunday odam uyalishni bilmaydi. Balki afsusdadir? Yoʻq, afsus ham uni oqlamaydi. Oʻsha kechalar, och qolganimiz, onamning yigʻlashi… bularni hech narsa yuvib tashlay olmaydi.

Baribir yuragimni siqayotgan savol bor: Nega? Nega bizni tashlab ketding? Men uchunmi, onam uchunmi? Yoki shunchaki qulaylik uchunmi? Men javoblarni bilishni xohlayman, ammo lablarim ochilmaydi. Faqat qaltirayotgan qoʻllarimni choʻntagimga tiqib oldim.

Shu payt xayolimdan bir fikr oʻtdi: ‘Agar u onam yoniga qaytsa-chi? Agar u bugundan boshlab hamma narsani tuzatmoqchi boʻlsa-chi?’

Yoʻq! Kech! Juda kech! Yillar davomida yoʻqliging, yillar davomida his qilgan ogʻriqlarimiz bitta qaytish bilan tuzalmaydi.

Lekin baribir, yuragimning ichida bir ovoz bor — u qichqiryapti: ‘Men hali ham seni otam deb bilmoqchiman!’ Shuning uchun koʻzlarimda yosh qalqib chiqmoqda. Nafrat va sogʻinch, alam va mehrchanlik bir-biri bilan kurashmoqda.

Men unga yaqinlashsammi? Yoʻq, bu zaiflik boʻladi. Men ortiq u bola emasman. Endi kuchli boʻlishim kerak. Onam uchun, oʻzim uchun. Lekin yuragim baribir mendan soʻraydi: ‘Ota… nega bizni tashlab ketdingiz?.

Flashback — POV Jimin :

Uy ichida yana baland ovozlar ko‘tarildi. Derazalarning oynasi qarsillab titradi, men esa qo‘limdagi mayda mashinachani asta polga qo‘ydim. Yuragim go‘yo tomoq ostimga kelib tiqilib olgandek tez urardi. Bu ovozlar meni doim muzdek qilardi.

Onamning ovozi titraydi, lekin baribir qat’iy eshitiladi:

— Sen faqat oʻzingni oʻylaysan! Oʻgʻling haqida hech oʻylamaysanmi?

Otamning javobi esa pichoqdek oʻtkir, gʻazabga burkangan:

— Men ham odamman! Men ham nafas olmoqchiman! Har kuni bu uydagi qashshoqlik, mas’uliyat — meni boʻg‘ayapti!

So‘zlari devorlardan sakrab qaytadi. Men shosha-pisha quloqlarimni qo‘llarim bilan yopaman, lekin baribir hammasini eshitib qolaman. Bolalik quloqlari hech qachon kerak bo‘lmagan haqiqatlardan yashira olmaydi.

Onamning ovozi endi yalvorishga o‘xshaydi:

— Bizga ortiqcha hech narsa kerak emas. Faqat yonimizda qol. Men emas, Jimin uchun qol. U hali kichkina, u seni juda yaxshi koʻradi... — pichirladi onam iltijo qilib.

Ammo otamning kulgisi yangraydi. Bu kulgida hech qanday issiqlik yo‘q edi, aksincha — sovuq, masxara, xuddi bizning mehrimiz uning uchun o‘yinchoqdek tuyulgandek.

— Yonlaringda qolish? Bu chirigan hayotda chirib yashash? Yo‘q! Men boshqa bilan baxtliroqman..

Onamning ovozi sinib ketadi, ko‘z yoshini yashira olmay qichqiradi:

— Jimin otasiz ulg‘aysinmi?! Unga nima deyman?! Har kuni otasini so‘raganida nima deyman?!

Eshik orqasidan men ularning so‘zlarini eshitib, yerga cho‘kib o‘tirib qoldim. Ko‘z yoshlarim yuzimni kuydirardi. Mening butun tanam qaltirardi.

Men yugurib chiqib, otamning qo‘llaridan mahkam ushlagim, “ketma!” deb qichqirgim kelardi. Ammo qo‘rquv oyoqlarimni mixlab qo‘ygandek edi.
Otamning qadamlari jarangladi — tez, og‘ir.

U xuddi bu uydan qochishga shoshayotgandek yurardi. Onam esa uning ortidan chopdi, qo‘lidan ushlamoqchi bo‘ldi.

— Hech boʻlmasa oʻgʻling uchun qol!

Bu so‘zlar uy ichida chinqirib yangradi. Lekin otam qo‘lini tortib oldi, uning ovozi muzdek va bepisand edi:

— O‘g‘lim uchunmi? U meni keyin baribir tushunmaydi. Balki nafratlanadi ham. Shuning uchun yaxshisi hoziroq ketaman.

Bu gaplarni eshitganimda ichimdan nimadir uzilib ketdi. Nafas olishim qiyinlashdi, ko‘zlarim loyqa tortdi. Tilim shol bo‘lgandek, ovozim chiqmay qoldi.
Eshik qarsillab yopildi.

Qadam tovushlari uzoqlashdi. Uy ichi birdan sukunatga cho‘mdi. Faqat onamning bo‘g‘iq yig‘isi va mening ichimni o‘yib o‘tgan savol qoldi:

“Nega?.. Men yetarlicha yaxshi o‘g‘il emasmidim?.. Agar yaxshi bo‘lsam, ketmas edi-ku…”

O‘sha kuni bolaligim tugadi. O‘sha kuni men bolakay emas, tashlab ketilgan ruhga aylandim.

Flashback end.

Palata ichi oqshomning sokinligi bilan toʻlgan, oynadan tushayotgan oy nuri devorlarni yarim qorongʻulikda suzib oʻtardi.

Jimin kirib kelishi bilan yuragi muzlab ketdi: u yerda, onasining yonida oʻtirgan odamni koʻrib, ichidagi hamma yaralari qaytadan qonadi. Qogʻozlarga boshini egib, qoʻlida qalamni aylantirayotgan, lekin aslida oʻzini oqlash uchun soʻz qidirayotgan odam — uning otasi edi.

— Oʻgʻlim...— deya pichirladi u, meni ketganidan hursand edi, ammo koʻzlari gʻamgin. Balki afsus dir? Lekin..lekin menga endi baribir.

— Nega bu yerga keldingiz?

Ojiz ohangda zoʻrgʻa qoʻlimni musht qilib tushgancha, tishimni orasidan pichirladim.

— Men… hisoblarni yopib beraman, — dedi otasi nihoyat, ovozi titrab, xuddi oʻzidan koʻra koʻproq vaqtga sigʻmay qolgan umidni tutib turgandek. — Siz qiynalmanglar. Barchasini men hal qilaman.

Jimin jilmaydi. Ammo bu jilmayishda quvonch yoʻq edi — achchiq, alamli, oʻtli kulgu edi bu. Nigohlari oʻtkir pichoqday otasining qalbini kesib oʻtardi.

— S..siz..? — dedi u sekin, lekin har bir tovushida yillar davomida yigʻilib qolgan dardni titratib. — Siz kim bizni qachonlardir unutib ketgan inson edingiz?

Har kecha onam yigʻlab uxlardi, men esa devorga qarab “Qachon qaytadi?” deb oʻzimni aldagan bolakay edim. Sen esa yoʻq eding.

Tugʻilgan kunlarimda yoʻq edingiz. Bayramlarda yoʻq edingiz. Men yiqilganimda qoʻlimdan tutadigan odam yoʻq edi. Endi esa keldingiz va “men pul toʻlayman” deysizmi?

Otasi koʻzlarini pastga qaratdi, ovozini zoʻrgʻa chiqardi. — Men xato qildim. Lekin hech boʻlmasa endi… yordam bermoqchiman.

Jimining yuragi gʻazab bilan urdi, ovozi esa yanada keskinlashdi:

— Yordam?! — deya qadam tashladi u otasining qarshisiga kelib. — Pul bilan singan bolalikni tuzataman deysizmi? Pul bilan onamning suyaklarini ezgan charchoqni yuvaman deysizmi? Pul bilan mening ichimdagi boʻshliqni toʻldiraman deysizmi?

Palatada ogʻir sukunat choʻkdi. Onasi jilmayishga urinib, Jiminning qoʻlidan ushladi. — Yetar, oʻgʻlim… — dedi u sekin.

Ammo Jimin endi toʻxtay olmadi. Ichidagi yillar davomida yigʻilib qolgan alam toʻfon kabi yorilib chiqqan edi.

— Biz sadaqaga muhtoj emasmiz! — dedi u, tishlarini qisib. — Ayniqsa sizdan emas! Pul bilan otalikning qarzini yopib boʻlmaydi. Pul bilan vaqtni qaytara olmaysiz. Onamni yolgʻiz qoldirganingiz, meni otasiz qoldirganingiz hech qachon unutilmaydi.

Otasi bir zum koʻzlarini koʻtardi.
U yerda pushaymonlik ham, afsus ham, lekin eng ko‘pi kechikkan insonning kuchsizligi aks etardi. Qoʻlidagi hujjatlarni stol ustiga asta qoʻyib, javobsiz qoldi.

Nigohlari titrab, jilovini yoʻqotgan odam kabi jimgina eshik tomon yurdi. Ostonada bir lahza toʻxtab, orqaga qaragandek boʻldi, ammo biror soʻz aytolmadi. Soʻng sokin yurib chiqib ketdi.Jimin esa qotib qoldi.

Yonida onasining qoʻli, yuragida esa oʻtli jarohatlar. Nigohlari bo‘shliqdan joy izlar, ammo hech narsani topolmasdi. Birgina soʻzgina ichidan qayta-qayta aks sado berardi: “Pul emas, vaqt kerak edi… Pul emas, otam kerak edi...”

Oy nuri uning yuzidagi achchiq koʻz yoshlarini yoritib turar, ammo Jimin oʻzini yigʻlamayman deb qasam ichgandek ichida butun dardini berkitdi. Chunki uningcha, otaga bo‘lgan eng katta nafrat — bu endi ko‘z yosh ham to‘kmay qo‘yish edi.

Huddi bir nimani eslagandek keskin boshini koʻtarib oʻziga tanish boʻlgan raqamga habar yubordi. "Yuborish" tugmasiga bosishdan oldin ogʻir uh tortgancha telefonni qattiq siqdi.

« Shartingga roziman. »

*. *. *

Oshxonadan taralayotgan islar uyga iliqlik baxsh etardi. Qozondan chiqayotgan bugʻlar xonani toʻldirar, Miraning ohista harakatlari esa bir qarashda oddiy, biroq Taehyung koʻzida juda jozibali koʻrinardi.

Taehyung eshikka suyanib, qoʻllarini koʻkragiga chalisgancha sevimli tomoshabin kabi kuzatardi.

— Voy-voy… Mana bu holni qarang-a! Xuddi dramalardagi “ideal xotin” sahnasini koʻrib turgandekman, — dedi u tabassum bilan.

Mira kulib yubormaslik uchun labini tishladi. — Ustimdan kulyapsanmi?

Taehyung unga yaqinlashdi, qoʻlini stol ustiga qoʻyib Mirani oʻrab oldi. Koʻzlari chaqnardi. — Men masxara qilmayapman. Men faqat hayronman: qanday qilib men shunaqa mohir oshpazni qoʻlga kiritdim?

Mira yuzini chetga burdi, ammo quloqlarining qizarib ketganini yashira olmadi. — Iltimos, ket, halaqit beryapsan.

— Yoʻq, aksincha yordam bermoqchiman, — dedi u qasddan pichirlab. Soʻng qoʻllarini yuvib, piyozni qoʻliga oldi. — Mana, men ham kesaman.

Mira tezda koʻrsatgich barmogʻini unga bigiz qildi: — Taehyung! Pichoqqa yaqinlashma, oshxonani barbod qilasan!

Taehyungning kulgusi butun oshxonani toʻldirdi. U piyozni chetga qoʻyib, Miraga yaqinlashdi, tanalari deyarli tegib turardi.

— Xoʻp, men barbod qilmayman… Lekin seni chalgʻitishim mumkin.

Uning ovozi past, ammo shaytonkashona edi. Mira qoʻlidan chiqib ketay deyayotgan qoshiqni qattiqroq ushladi.

Taehyung ayoliga mingʻiyda jilmayib qarab turarkan, telefonining ovozi etiborini tortdi. Ancha vaqt oldin kelgan oʻqilmagan habarlarga nazar tashlarkan yuz ifodasi keskin jiddiylashdi.

Chetroqqa oʻtib ularni birin ketin oʻqishni boshladi.

Yeji:

« Salom, qachon koʻrishamiz? »

« Oppa, qayerdansan? Mira hozir yoningdami ? »

« Nega javob bermayapsan ? Seni sogindim.. »

« Habarlarimni ataylab oʻqimayapsanmi ? »

Taehyung koʻzlarini qisib qoʻydi, ammo tezda oʻzini tutib, yana Miraga qaradi. U jilmaydi, oʻzining odatiy harizmasini qaytardi. Telefonni choʻntagiga tashlab, xuddi hech nima boʻlmagandek Miraning belidan quchoqlab oldi.

— Oshpazim, bugun men seni yordamching emas, mijozing boʻlaman. Ovqat tayyor boʻlishi bilanoq birinchi boʻlib tatib koʻraman. Balki mukofot ham soʻrab qolarman…

— Taehyung! — jahl va uyat aralash tezda erining soʻzlarini boʻlib yubordi Mira.

Taehyung boshini ortga tashlagancha bor ovozda kulib yubordi. Soʻngra qizning yanogʻida qisqa oʻpich qoldirib, oshxonani tark etdi.

* * *

U kecha o‘zining eng uzoq tuniga aylanishini Taehyung ich-ichidan sezayotgandek edi. Mira uyda ovqatni tartibga solayotganida u jilmayib chiqib ketdi — ammo yuragi xuddi biror og‘ir qaror og‘ushida qattiq urib turardi.

Mashina faralari ko‘chani yoritib, so‘ng tor xiyobon oldida o‘chdi. Taehyung jimlikda mashinasidan tushdi, qadamlari og‘ir, yuzida o‘sha odatdagi befarq niqob.

Soya ostida, no‘xatday yaltiragan ko‘zlari bilan Yeji uni kutardi.

— Nihoyat! — dedi u ovozini yashira olmay, g‘azab va iztirob aralash. — Bir haftadan beri yo‘qolib ketding, xabarlarimni o‘qib ham javob yozmaysan! Telefonimni o‘chirib qo‘yganingni bilaman. Nima, men sen uchun endi hech kim emasmanmi?

Taehyung bir muddat jim qoldi, unga qarab, ammo hech qanday iliqlik sezdirib qo‘ymadi.

— Yeji, bugun hammasini hal qilish uchun keldim. Shuning uchun ortiqcha gaplar bo‘lmasin.

Yeji kulib yubordi — ammo bu kulgi alamdan, ko‘zlari yoshga to‘lib.

— Hal qilish? Sen men bilan shunchaki tugatmoqchimisan? Shunday osonmi? Men sen uchun yillarimni, sha’nimni, hayotimni garovga qo‘ydim. Sen esa bitta "tugadi" deyishing bilan butun o‘tmishimizni yo‘q qilasanmi?

Taehyung yaqinlashib, qadam tovushlari xiyobondagi sukunatda jarangladi. Nigohi muzdek, ovozi esa qattiq.

— Sen o‘ylayotganingdan ham osonroq, Yeji. Bu o‘yinlarimiz uzoq davom etdi. Endi esa yakuniga yetdi.

Yeji lablari titrab, ovozi sinib chiqdi:

— Men senga ortiqcha yuk bo‘ldimmi? Yoki u qiz sabab bo‘ldimi? Hech bo‘lmasa rostini ayt! Men seni boshqa hech kimga bermayman, Taehyung! U qiz… u senga loyiq emas. Men — men bo‘lishim kerak edim uning o‘rnida!

Taehyungning sabr kosasi to‘ldi. Bir qarashda butun sovuqqonligi yuzida namoyon bo‘ldi.

— Yetar! — dedi u pichoqdek o‘tkir so‘zlar bilan. — Meni eshit: bundan buyon hayotimga aralashma. Meni izlama, yozma, qo‘ng‘iroq qilma.

Yeji bir qadam orqaga chekinib, yuzini kaftlari bilan berkitdi.

— Sen bunday deya olmayasan…

Ammo Taehyung ortidan so‘z qattiqroq tushdi:

— Va eng muhimi — ertaga bo‘ladigan oilaviy ziyofatga kelsang, bu sen uchun oxirgi xato bo‘ladi.

Yeji beixtiyor qaltiradi, ko‘zlarida dahshat va isyon aralashdi.

— Nega? Nega men bora olmayman?

Taehyungning nigohi sovuq, ammo qat’iy edi:

— Chunki Mira ham u yerda bo‘ladi. U seni koʻrishini xohlayman.

Bir lahzaga hamma narsa jim bo‘lib qoldi. Shamol daraxt shoxlarini shitirlatib o‘tdi, xuddi ikkisining oralarida cho‘zilgan uzilmas chiziqni yulib tashlagandek.

Yeji alamli kulib yubordi, ko‘z yoshlari yuziga dumalab tushdi.

— Demak, sen tanlading. Uni… meni emas.

Taehyungning yuzi o‘zgarmadi, ammo nigohlarining tubida yashirin, zo‘rg‘a seziladigan ikkilanma hislar o‘tib ketdi.

— Men tanlamadim. Men shunchaki seni ortimdan ergashtirib yura olmayman. Bu yo‘l sen uchun emas. Shuning uchun… bu yerda hammasi tugaydi.

Shunday dedi-da, orqasini o‘girib, qorong‘ulik tomon qadam tashladi. Uning silueti asta-sekin soya ichida yo‘qoldi. Yeji esa qotib qoldi, qo‘llarini musht qilib, ko‘kragiga urar edi.

PovYeji: Tunda shamol uning yuziga urilar, ammo Yeji buni sezmayotgandek edi. U yolgʻiz qotib qolgandi, barmoqlari hanuzgacha Taehyungning sovuq nigohidan tirardi.

— Demak, shundaymi? Meni undan past qo‘yasanmi? Uni arziydi, meni esa xato deb bilasanmi? — gʻazab va alam ko‘ksini yorib chiqayotgandek edi.

Koʻzlarini yumdi, koʻz yoshlarini toʻxtatmoqchi boʻldi, lekin ular qaysar edi, baribir oqar edi. Achchiqlik dard bilan qoʻshilib, yurakda tugun boʻlib qoldi.

— Men senga juda koʻp narsani berdim, Taehyung. Sen mendan hammasini olding — gʻururimni, tinchimni, hatto kelajagimni. Endi esa shunchaki ketmoqchimisan? «Bezovta qilma» deb aytib, gʻoyib boʻlmoqchimisan?

Yejining mushtlari qattiq tugildi, tirnoqlari kaftiga botib kirar, shu ogʻriq unga goʻyo huzur berardi.

— Yoʻq, yanglishyapsan. Men senga osonlikcha hayotimdan chiqib ketishga ruxsat bermayman. Sen oʻylaysanmi, sening «begʻubor» Mirang seni mendan asrab qoladi? Yoʻq!

U hatto yonida qanday zaharli gul yashirinib turganini ham bilmaydi. Sen oʻzing meni hayotingga kiritding, endi esa men sening soyang boʻlaman.

Koʻzlarini osmonga qaratdi. Yulduzlar yoʻq edi, qora bulutlar hammasini yopib tashlagandi. Bu zulmat uning qalbini aks ettirayotgandek edi
.
— Men senga baxtli boʻlishga yoʻl qoʻymayman, Taehyung. Menga buni qilganingdan keyin emas. Agar men seni yoʻqotsam, sen ham eng qadrli narsangni yoʻqotasan.

Oʻzing aytding: «U mening yonimda bo‘ladi.» Juda yaxshi. Men esa shunday qilamanki, u sening yoningda hech qachon boʻlmaydi. Na ertaga, na bir yildan keyin, na bu hayotda.

Yeji jilmaydi — shu kechadagi ilk marta. Ammo bu tabassum sovuq va yirtqich edi. Uning yuragida reja allaqachon unib chiqayotgan, va qancha oʻylasa, shuncha ravshanroq his qilardi: endi hammasi boshqacha boʻladi.

— Urush istayapsanmi, Taehyung? Sen uni olasan. Lekin yutqazadigan men boʻlmayman.

19 𝗲𝗽𝗶𝘀𝗼𝗱𝗲 𝗲𝗻𝗱

Hi Moonlights fanficining yangi qismi tayyor kuttirib qoʻyganim uchun ming bora uzur. Oʻqish bilan juda charchadim vaqtim juda kam😭😭Toʻgʻri tushunadiz degan umiddaman. Yoqimli mutola yoqadi degan umiddaman 💗 Fikr va reaksiya esingizdan chiqmasin. Qanchalik koʻp fikr va reaksiya boʻlsa keyingi qsim tezroq chiqadi 🫶