SIREN 1-qism
Qadim zamonlarda insonlar, suv parilari va dengiz bir-biri bilan uyg‘un yashagan. Odamlar dengizni hurmat qilgan, suv parilari esa ularga baliqchilikda yo‘l ko‘rsatib, bo‘ronlardan asragan. Ular orasidagi do‘stlik shu qadar mustahkam ediki, dengiz tubidagi marvaridlar ham bu do‘stlik ramzi hisoblangan. Ammo dengiz qa’rining eng qorong‘i qismida boshqa mavjudotlar — Sirenlar yashardi. Tashqi ko‘rinishda ular suv parilaridan deyarli farq qilmasdi: uzun sochlar, maftunkor yuz va jozibali ovoz. Ammo ularning yuragi hasad va g‘azabga to‘la edi. Sirenlar odamlar va suv parilarining do‘stligiga havas bilan qarashar, bu baxtni buzishni istashardi. Bir kuni sirenlar o‘zlarining sehrli qo‘shiqlarini kuylab, odamlar qalbiga shubha solishdi. Ular suv parilarini xiyonatda aybladi, suv parilariga esa insonlar ularni faqat manfaat uchun yaxshi ko‘rishini pichirladi. Ishonch o‘rnini qo‘rquv egalladi, do‘stlik esa parchalanib ketdi. Shundan so‘ng dengiz ikki qismga bo‘lindi. Yorug‘ va musaffo suvlar suv parilariga tegishli bo‘ldi, qorong‘i va tubsiz hududlar esa sirenlarning maskaniga aylandi. Sirenlar to‘lin oy kechalarida suv yuziga chiqib, o‘z qo‘shiqlari bilan insonlarni o‘ziga tortadigan bo‘ldi. Rivoyatlarga ko‘ra, sirenlar aslida suv parilarining o‘z qabilasidan bo‘lgan. Ular hasad va nafratni tanlagani uchun yuraklari qorayib, sirenlarga aylangan.