Kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan navbatdagi davra suhbati
Joriy yilning 26-may kuni Moliya vazirligida kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan navbatdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O`zaro fikr almashinuv shaklida tashkil etilgan ushbu yig‘ilishda AQSh G‘aznachiligi konsultantlari – Emmitt Summers va Thomas Lanier, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultanti Paul Lee, Investitsiya institutlari milliy uyushmasi, “Toshkent” Respublika fond birjasi, “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, “AbrauCapital” investitsion maslahat va “Avesta Investment Group” kompaniyalari rahbarlari o`zlarining ma`ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari kapital bozori infratuzilmasida o`tgan yillar davomida yig`ilib qolgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Xususan, Fond bozori axborot-resurs markazi DUKning zaxira serverlari va ma'lumotlarni qayta ishlash markazining mavjud emasligi, mavjud serverlar va dasturiy ta`minotning talabga javob bermasligi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysining hisob raqamlari Markaziy bankda ochilmaganligi, fond va valyuta birjalari savdo platformalarining o`zaro integratsiya qilinmaganligi hamda jami savdolarning 98 foizi fond birjasidan o`tmasligi kabi muammolar shular jumlasidan.
Shu o`rinda, Moliya vazirligi tomonidan yuqoridagi muammolarni ijobiy yechish bo`yicha kapital bozori ishtirokchilari bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi.
Shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan markazning serverlari va dasturiy ta`minotini modernizatsiya qilish hamda fond va valyuta birjalari savdo platformalarini o`zaro integratsiyasini amalga oshirish bo`yicha xalqaro ekspertlar bilan birgalikda xalqaro tajriba o`rganilib, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13-apreldagi PF–6207-son Farmoniga muvofiq joriy yilning 1-noyabrga qadar Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi hisob raqamlarini Markaziy bankka o‘tkazish belgilangan. Mazkur masala bo`yicha Moliya vazirligi Markaziy bank va tashkilot bilan tegishli ishlarni amalga oshirmoqda.
Ochiq muloqot shaklida kechgan ushbu davra suhbatida ishtirokchilar hamda tijorat banklari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
Tadbir yakunida Moliya vazirligi kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish hamda xorijiy va mahalliy investitsiyalarni kapital bozoriga kengroq jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy investorlar, brokerlar, ekspertlar va boshqalar bilan faol hamkorlikni davom ettirishi yana bir bor ta`kidlab o`tildi.
Shuningdek, kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish masalasining dolzarbliligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, tadbir ishtirokchilari iyun oyida bo`lib o`tadigan davra suhbatini ham mazkur mavzuga bag`ishlashga kelishib oldilar.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati