August 6, 2020

Yangi o’quv yiliga tayyorgarlik va MOODLE tizimidagi muammo va yechimlar

Barchamizga ma’lumki, ta’lim tizimida xususan oliy ta’lim miqyosida pandemiya sharoitida tezkorlik bilan muqobil onlayn o’quv kurslarni joriy qilish ehtiyoji paydo bo’ldi. Oliy ta’lim vazirligining tavsiyasiga binoan aksariyat tashkilotlar bu borada turli sinovlardan o’tgan, ma’lum ma’noda ommalashgan Web muhitida o’qitish va online rejimdagi darslarni tashkil qiluvchi pedagogik dasturiy majmua MOODLE (Modular Object-Oriented Dynamic Learning Environment) tizimiga katta ishonch bildirishdi. Davr taqozosi bilan tezkor tarzdi yangi bir tizimni shakllantirish va joriy qilish oson kechmadi, albatta. O‘z o‘rnida, Buxoro davlat universitetida ham bir qator muammolarni keltirib chiqardi:

Birinchidan, internet texnologiyalaridan foydalanish uchun ayrim o‘qituvchi va talabalarda raqamli savodxonlikning yetarli emasligi;

Ikkinchidan, internet tezligining pastligi,

Uchinchidan, ba’zi hududlarda internetga ulanish imkoniyatining kamligi yoki aholining aksariyat qismi uchun sifatli aloqaning deyarli yo‘qligi;

To‘rtinchidan esa, aksariyat ta’lim oluvchilarda masofaviy o‘qish uchun texnik vositalarning (kompyuter, noutbuk) mavjud emasligi.

Albatta bu muammolar bo’lishi tabiiy hol edi. Shuni ta’kidlash joizki, buni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, davr talabiga o’qituvchi xodimlar tezkor moslashishga harakat qilishdi va ma’lum miqdorda natijasi o’quv yili oxirlariga borib yaqqol ko’rindi.

Bevosita ish jarayonini tahlil qiladigan bo’lsak, bir qancha texnik, tashkiliy va moddiy ta’minot borasida yuzaga kelgan ba’zi bir kamchiliklarni keltirib o’tishimiz kerak. Barchamizga ma’lumki, Buxoro davlat universitetida boshqa ta’lim dargohlariga nisbatan elektron tizimda yaxshigina tajriba borligi, onlayn tizimni oldinroq tashkillashtirishlarga urinishlar bor edi. Masalan, Universitet milliy g’ururi www.qaydnoma.buxdu.uz faoliyatining yo’lga qo’yilganligi va baholash tizimida ko’plab pedagoglarning faoliyatiga as qotganini ta’kidlash joiz. Yana bir misol passiv faoliyat olib borsada Moodle tizimining eski versiyasi ham bor edi. Nega shuni davom ettira olmadik? Chunki ko’pchilik eski tizimga nisbatan ko’r-ko’rona, shunchaki yuzaki “qo’ldan kelguncha” zaylida ish olib borganligi pand berdi.

Ochig’i bunday kamchiliklarni sanaydigan bo’lsak, ko’pchilikka “ma’lum va mashhur” bo’lgani uchun unchalik qizig’i qolmaganligini tasavvur qilyapman.

Keling undan ko’ra bir taklif ya’ni tashabbusni olg’a sursak: Pedagog xodimlarimizning aksariyatiga ma’lumki, talabalar bilan onlayn ish olib borish jarayonida aloqa sifati past bo’lsada, talabalar qamrovini Telegram singari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yuqoriligi tan olish kerak. Vaholanki bunday ijtimoiy tarmoqlar o’quv faoliyat tizimiga jalb etish bo’yicha hozirgi sharoitda ta’lim berish va ta’lim olishga moslashmagan. Shunga qaramasdan, nega aynan Telegram kanaliga nisbatan ko’p e’tibor qaratildi? Chunki bu dastur imkoniyatlaridan foydalanish borasida o‘qituvchi va talabalarda raqamli savodxonlikning yuqoriligi va ayniqsa ishlash qulayligi, albatta. Telegram tizimida ishlash uchun shunchaki qo’l telefoni borligi va aloqa kompaniyasining internet tizimiga ulanishi kifoya. Bu imkoniyat, Moodle tizimida ham yo’q emas, ya’ni PLAY MARKET onlayn dasturlar bozori orqali bepul yuklab olinadigan va telefon sistemasiga osongina sozlanadigan dasturiy ta’minotu ham mavjud. Ushbu dasturning ustunlik tomoni OFFLINE rejimda ishlay olishida albatta.

Umuman olganda universitetning Moodle tizimidagi asosiy muammo internet trafigida, ya’ni tizimda faollashtirilgan o’quv materiallarning hajm jihatdan kattaligi uning yuklab olinishida to’sqinlik qilmoqda! Bunga sabab,

Birinchidan, aksariyat talabalarda internet aloqa tezligining pastligi;

Ikkinchidan, trafik uchun to’lovning qimmatligi;

Uchunchidan, tarmoq (ya’ni server)ning bir vaqtning o’zida foydalanuvchilar patogiga talab darajasida birdek ishlashga imkon berolmasligi......

Buni qanday bartaraf etish lozim?

Albatta, aloqa kompaniyalar bilan kelishgan holda Respublika bo’yicha Web muhitida o'qitish va online rejimdagi darslarni tashkil qiluvchi pedagogik dasturiy majmua ya’ni MOODLE tizimini trafiklardan holi tarzda bepul rejimga o’tkazish hamda tezkor ishlashi uchun TAS IX tizimiga joylashtirish lozim. Shundagina talabalar qamrovini tabiiy oshirish imkoni mavjud, deb o’ylayman! Shundagina ko’plab muammolar bartaraf etiladi.

Yangi o’quv yilida barchaga omad tilagan holda,

Odilshoh BOBOKALONOV,

Moodle tizimida ishlash bo’yicha kafedraning ishchi guruh a’zosi,

Tabiiy yo’nalishlar chet tili kafedrasi o’qituvchisi