Ijtimoiy kapital - eng muhim manba!
Bu maqolani Rahimov maktabi asoschisi Aziz aka Rahimovning maqolasidan parcha keltirish bilan boshlasam:
Biznes kitob va treninglarda muvaffaqiyat haqida gapirilmaydigan bitta muhim narsa bor. Katta bizneslarning 99% ortida shu faktor turadi. Lekin hech kim bu haqida yozmaydi. Bu - sotsial (ijtimoiy) kapital.
Kapital bu - ishingizni tez hal qilib berishi mumkin bo'lgan jamiki manbalar (pul, inson, mulk). Sotsial ya'ni ijtimoiy kapital bo'lsa odamlar.
Ijtimoiy kapital bu shunchaki tanishlar emas, tanishlaringiz network deyiladi. Tanish orttirish oson ammo sizga rostakamiga yordam bera oladigan va buni hohlaydigan insonlarni topish esa ancha murakkab ish. Bu insonlar siz bilan juda yaqin bo'ladi, birga katta bo'lgan, qarindoshlar, kursdoshlar, mahalladoshlar va boshqa yaqin do'stlaringiz bo'lishi mumkin.
Hammaning ijtimoiy kapitali har xil. Bu ham Alloh tomonidan berilgan rizq. Har bir insonning muvaffaqiyatining boshida va hatto eng asosiy qismlarida ham ijtimoiy kapital muhim o'rinni egallaydi.
Quyida siz-u biz tanigan dunyodagi mashhur milliarderlarning ijtimoiy kapitaldan qanday mohirona foydalanganligiga misollar keltiraman:
Elon Muskning otasi Errol Musk Shimoliy Afrikalik millioner bo'lgan. Muskning ko'p kitob o'qishiga, dastlabki ixtirolariga vaqt va resurs ajratishiga va Kanada va AQSH da ta'lim olishiga yetarlicha imkoniyat yaratib bera olgan. Albatta sizni ham ortingizda boy-u badavlat ota-onangiz borligini bilsangiz siz ham Musk kabi bemalol kosmosga raketa uchirishdek katta va ulkan tavakkaldan iborat ishlarni bajarishdan qo'rqmagan bo'lar edingiz. Musk ham aynan shunday qilgan.
Jeff Bezosni amazon kompaniyasini garajda boshlaganligini hammamiz takror va takror eshitganmiz. Ammo uning otasi Mike Bezos Jeffga dastlab $245 000 dollar (hozirgi pulda $500 000 dollar so'mda esa 6 milliard 400 million so'm) sarmoya kiritganligi haqida kamchilik biladi.
Muvaffaqiyatli bo'lish uchun universitetda o'qish shart emas deb ta'kidlab keladigan telegram asoschisi Pavel Durov va PayPal asoschisi Piter Tillar esa inson kapitalidan o'ta mohirona foydalanishgan.
Masalan Durov telegramni ixtiro qilishi va uni ishga tushirishi uchun yetarli sarmoyaga VK da ishlagan kezlaridagi tanishlari Ilya Perekopskiy va boshqalar sababli erishgan bo'lsa Tilning muvaffaqiyatiga esa Stanfordda tanishgan do'sti Devid Saks sabab bo'lgan. Ular birgalikda PayPal va Palantirni ochishgan.
Aslida dunyo elitasining farzandlari har doim top universitetlarda tahsil olishi ham bejizga emas. U yerda o'qisangiz orttirgan tanishlaringizning katta qismi elita a'zolari bo'lishadi. Bunday tanishlar bilan biz uchun katta bo'lgan million dollarlarga teng ishlarni bir daqiqada hal qilish imkoniyatiga ega bo'lish mumkin.
Shunday ekan albatta o'qing o'qiganda ham dunyodagi top o'rinlarda turadigan universitetlarda o'qing.
O'zimizning o'zbeklardan misollar keltiradigan bo'lsak, siz bilgan korzinka supermarketlar tarmog'i asoschisi Zafar Hoshimov, Hasan va Husan Mamasaidovlar, Murod Nazarov va shu kabi ko'p ilg'or ziyoli va boy qatlam a'zolari o'zlarining ijtimoiy kapitallari bo'lgan tanish bilishlarining ko'maklaridan hozirgi kunga yetishlari uchun yetarlicha foydalanishgan.
Ijtimoiy kapitalning kuchli bo’lishi bu yaxshi. Uni mohirona ishlata bilish undan ham yaxshi. Hech kim qayerda tug’ilishini, ota-onasi kim bo’lishini tanlay olmaydi, bu ham rizq.
20-30 yoshga to’ldingiz degani kuchli ijtimoiy kapital yig’ishga kech qoldingiz degani emas. Ota-ona qarindoshlardan keyingi eng ko’p vaqt o’tkazadigan odamlaringiz — do’stlaringiz. Do’stlarni esa orttirsa bo’ladi.
18 yoshdan keyin ijtimoiy kapitalni oshirishning Aziz aka Rahimovdan 4ta usuli:
- Universitetlarda o’qish (qancha kirish qiyin yoki kontrakti qimmat bo’lsa shuncha yaxshi)
- Asoschisi kuchli bo’lgan kompaniyalarda ishlash. (Birinchi ishxona albatta do’stlar beradi, keyingilari esa doim ham emas)
- Qiziq va qiyin loyihalar qilish. Shunda qiziq odamlar o’zi sizga talpinadi.
- Blog yurgizish. Podcast yozish. Shaxsiy va ekspertlik tajribalarini bo’lishib borish. (Ishingiz qiziq bo’lsa, ko’rib qolishadi siz bilan albatta tanishishadi)
Blog yurgizish albatta foydali. Kam vaqt oladi, ko’p imkoniyatlar beradi.