February 13

Eyes that never meet

Jeon Jungkook – Kiraning internetdagi tanishi, u ham Roze bilan tasodifan tanishib qoladi.26 yosh
Kim Taehyung – Rozening bolalikdagi do‘sti. U Rozeni himoya qilishni o‘z burchi deb biladi.27
Kira – 18 yosh, sirli va sokin qiz. U har doim pozitiv bo‘lishga harakat qiladi, lekin ich-ichida juda chuqur his-tuyg‘ular yashirin
Hwang Roze – 19 yosh, san’atni va kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Atrofdagilar uni ochiqko‘ngil deb bilishadi, lekin yuragida yolg‘izlik tuyg‘usi yashirin.

Roze kechqurun kompyuter oldida o‘tirib, tasodifan bir forumga kirdi. Bu yerda odamlar o‘z hissiyotlarini bo‘lishishar, yurakdan yozishar edi. U shunchaki o‘qib chiqmoqchi bo‘ldi, lekin bir izoh e’tiborini tortdi.

"Ba’zan hayot shu qadar g‘alati bo‘ladi. Seni hech kim tushunmayotganday tuyuladi, lekin butunlay begona odam bir necha jumlada yuragingni his qilishi mumkin."

Bu so‘zlar Rozeni o‘ylantirib qo‘ydi. Kim yozgan ekan? U javob yozishga qaror qildi.

Roze: "Men seni tushungandayman. Ba’zan begona odamlar eng yaqin insonlardan ham yaxshi tasalli bera oladi."

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, javob keldi.

Kira: "Sen ham shunday his qilasanmi?"

Roze ekranga tikilib qoldi. Bu juda g‘alati edi. U internetda anchadan beri o‘tirar, lekin birinchi marta kimdir bilan bunday tez bog‘lanib ketayotgandi.

Roze: "Ha, ba’zan shunday bo‘ladi... Qandaydir og‘riq bor yuragingda, lekin hech kimga aytolmaysan."

Kira: "Men ham shundayman. Balki, shunchaki begonalar bilan gaplashish osonroqdir..."

Roze biroz o‘ylanib qoldi. Bu qiz g‘alati edi. Uning gaplarida qandaydir og‘riq bor edi, lekin shu bilan birga, Roze unga ishonch bilan yozishni davom ettirdi.

Roze: "Demak, endi begonalar emasmiz. Men Roze. Sen-chi?"

Kira: "Kira. Tanishingdan xursandman, Roze."

Shu kecha ular soatlab yozishdi. Kulishdi, hayot haqida gaplashishdi, hayollari bilan bo‘lishishdi. Roze uzoq vaqtdan beri o‘zini shunchalik erkin his qilmagandi.

Ertasi kuni...

Roze telefonga qaradi. Xabar kelgan edi.

Kira: "Bugun qanday kun ekanligini bilasanmi?"

Roze: "Qanaqa kun?"

Kira: "Bizning do‘stligimiz boshlangan kun. Men buni hech qachon unutmoqchi emasman."

Roze yuragida nimadir titrab ketganini his qildi. Uning hayotida kimdir haqiqatan ham qadrli bo‘la boshlayotgandi

Tunda. Qorong‘u xonada faqat telefondan taralayotgan nur ko‘rinardi. Kira ekranga uzoq tikilib o‘tirardi. U yozishni istardi. So‘zlar ichida yig‘ilib, yuragini siqib yuborayotgandi.

Lekin u yozmadi.

Shunchaki ekranni o‘chirib, deraza yoniga bordi. U uzoq yulduzlarga qaradi. Balki, Roze ham hozir osmonga qarayotgan bo‘lsa kerak? Axir ular yurakdan bog‘langan edilar-ku, to‘g‘rimi?

Roze esa hozircha telefonini mahkam ushlab turardi. U bir necha daqiqa avval Kiraning so‘nggi xabarini o‘qigan edi.

Kira: “Ba’zan inson eng yaqin bo‘lgan odamiga ham ayta olmaydi… Aytsa, hamma narsa o‘zgarib ketadigandek…”

Roze yuragini siqib, chuqur nafas oldi.

Roze: “Sen menga har doim ayta olasan. Sen yolg‘iz emassan, Kira.”

Lekin Kira bu xabarni o‘qidi-yu, javob yozmadi.

Shu payt…

Jungkook derazada o‘tirgancha musiqa eshitardi. Yuragidagi og‘riqni tushunolmasdi. U ba’zan o‘zini shunchalik bo‘sh va yolg‘iz his qilardiki… lekin unga hech kim ishonmayotgandek edi.

Uning telefoniga Kiraning profili ochiq edi. Kira onlayn edi, lekin u ham hech narsa yozmadi.

Jungkook (o‘zicha): "Men uni ko‘rmaganimga qaramay, yuragim u bilan bog‘langandek."

Lekin bu his-tuyg‘ularni Kira ham his qilyaptimi?

Kira esa o‘sha daqiqada titrab ketdi. Yuragi xuddi hozir portlaydigandek og‘rirdi. U buni hech kimga ayta olmasdi.

Shu payt u oxiri yozishga jur’at etdi.

Kira: “Roze, sen meni hech qachon unutmaysan, to‘g‘rimi?”

Roze: “Nima? Bu qanday savol? Albatta unutmayman! Nega bunday deyapsan?”

Kira kulimsiradi. Lekin bu kulgi achchiq edi. Ekrandagi so‘zlar real hayotda aytilmagan gaplar edi.

U oxiri shuni yozdi:

Kira: “Chunki ba’zan odamlar ko‘rinmasdan ham yo‘qolib ketishadi, Roze…”

Roze esa bu gaplarni tushunmadi. U bu so‘zlar ortida qanday og‘riq yashiringanini bilmasdi.

Lekin Kira bilardi.

Roze telefonga uzoq tikilib qoldi. Kiraning so‘nggi xabari uni nimagadir bezovta qilayotgandi.

"Ba’zan odamlar ko‘rinmasdan ham yo‘qolib ketishadi."

Nima demoqchi edi u?

Roze bu so‘zlarni hazil deb qabul qilishni istadi. Lekin yuragi siqilayotganini his qildi. Ularning do‘stligi oddiy emas edi. Ko‘plab suhbatlar, kechalab gaplashishlar, bir-birini tinglash… Masofa ularni ajrata olmadi.

Haqiqiy hayotda hech qachon uchrashishmagandi. Ammo bu do‘stlik Roze uchun real hayotdagi har qanday munosabatdan ko‘ra qadrliroq edi.

Kira esa shu payt xona burchagida jim o‘tirardi.

Telefonini bir chetga qo‘ydi. Yuragi qattiq urayotganini his qildi. Bu og‘riqni hech kimga ayta olmasdi. Roze tushunardi… lekin tushunmasdi ham. Chunki Kira unga hali eng katta haqiqatni aytmagandi.

U chindan ham yo‘qolib ketayotgandi.

Kunlar o‘tishi bilan ularning suhbatlari qisqarib borardi. Roze sababini tushunmadi. U doimgidek xabar yozardi, kulgili videolar jo‘natardi, lekin Kiraning javoblari qisqa va sovuq edi.

Bir kuni Roze unga shunday yozdi:

"Kira, nimadir yuz beryapti. Menga ayt."

Bu xabarni Kira uzoq vaqt o‘qib turdi. Javob yozmoqchi bo‘ldi, lekin barmoqlari harakatlanmadi.

Jungkook esa shu damda deraza yonida o‘tirardi. U ham bu masofani his qilayotgandi. Kira bilan bo‘lgan suhbatlari asta-sekin o‘zgarayotganini payqadi. Avvallari u har doim quvnoq, samimiy edi. Endi esa… qandaydir begona, uzoqlashgan.

Jungkook ekranga tikildi va bir narsa yozdi:

"Kira, senga bir narsa aytmoqchiman."

Kira xabarni o‘qidi. Yuragi g‘alati bo‘ldi. Balki u ham his qilayotgandir? Balki, u ham tushunayotgandir?

Lekin o‘sha daqiqada Kiraning qo‘llari titray boshladi. Nafas olish qiyinlashdi. Xonasi torayib borayotgandek edi. U ko‘zlarini yumdi… va shunchaki yotib oldi.

Telefon hali ham yonib turardi. Jungkook javob kutardi. Roze kutardi.

Lekin Kira hech narsa yozmadi.

1 qism tugadi

#Kira🖤