May 25, 2020

Ehson Pro. Savollar va fikrlar.

Quyosh botish paytida qarmoq yordamida baliq tutayotgan odamning qo'li va dengiz

Kuni kecha Jamshid aka Muslimovning "Baliq emas, qarmoq bering yoki sahovatning uvoli" maqolalarini o'qib ko'rdim. Ehsonning ro'zg'ordan tashqari ta'lim va kasb o'rganishga yo'naltirilishini qanday tasavvur qilishim va shuning sababidan paydo bo'lgan savollar, fikrlar quyida yozib o'tiladi. Loyihani shartli ravishda "Ehson Pro" deb nomlab turaman. Sabab - nafaqat ro'zg'or uchun ehson qilinadi, balki undanda ko'proq yaxshi ishlar ham bajariladi.

Tasavvur qilaylik: "Ehson Pro"ni qo'llab-quvvatlovchi yetarlicha odamlar yig'ildi va ishni boshlashmoqchi (o'zlarining sarmoyalari, homiylarning yordami bilan). Fikrlar va yozuvlar biroz tarqoq. Oldindan uzr so'rayman.

Eng muhim qoida

Loyiha ishlayapti. Undagi eng muhim qoida - ehson qiluvchilar, ularni tarqatuvchilar hech qanday holatda o'zlarini ehson oluvchilardan yuqori qo'ymasliklari shart, yuqoridan qaramasliklari kerak. Hozirgi davlat tashkilotlarining oddiy bo'limlarida ham aholidan o'zini baland tutish, aholini "баран" deb ko'rish vaziyatlari bor.

Loyiha kimlarga qaratilgan, mo'ljaldagi auditoriyaning ta'rifi?

Aynan qanday moliyaviy holatdagi kishilarga ta'lim va kasbni o'rgatish bilan yordam berish kerak? Boquvchisini yo'qotganlar, yolg'iz onalar, kasallik yoki nogironlik tufayli shu holatga tushganlar, yoshi ishlash uchun kichik bo'lganlar. "Client profile" degan narsa bor (atamada adashmagan bo'lsam). Aynan shu narsani tayyor qilib olish kerak bo'ladi.

Loyiha qanday shaklda ishlashi va qanday boshqarilishi kerak?

Loyiha ishlashi uchun biron rasmiy tashkilot bo'lishi kerakmi? Agar shunday shart bo'ladigan bo'lsa, loyihaning nodavlat notijorat tashkilot (NNT) ko'rinishida yo'lga qo'yilishi qanday cheklovlarga sabab bo'lishi mumkin va bu cheklovlarning yechimi qanday bo'ladi?

Bir amallab, hamma rasmiyatchiliklarni joyiga qo'yib loyihani ishga tushirdik. Kim bu ishni boshqarib boradi? Menimcha, bu tashkilotning boshqaruv qismini ikkiga bo'lish kerak: strategik va operativ. Strategik qismda bir necha vakillar maslahatlashibgina bir qarorga kelishadi. Huddi direktorlar kengashidek. Bu kengash kattaroq ko'lamdagi qarorlarnigina qabul qilishga mas'ul, oyda bir marta yig'iladi (karantin payti Zoomlashadi 😉). Operativ qismda esa hududlarda 2 kishi mas'ul bo'ladi. Sababi - ba'zi holatlarda maslahatlashib o'tirish ehson olishi kerak bo'lganlarning zarariga ishlaydi, uzoq vaqt yordam kutib qolishiga sabab bo'ladi.

Asosiy va hudud boshqaruvchilari bor, hududiy vakillar bilan ishlash qanday bo'ladi? Muhtoj oilalarni topish, ularga omonatlarini yetkazishga javobgar bo'ladigan vakillarni qanday tanlanadi va "chapga" yurib ketmasligini qanday ta'minlanadi?

Loyihaning shaffofligini ta'minlash juda muhim bo'ladi. Buning uchun axborot texnologiyalardan (AT) foydalangan holda qandaydir yechim topish mumkin. Masalan, Ehson Proga mos odamlarni kim saytga kiritdi, muhtoj odamning IDsi (ismlar oshkor qilinmasligi shart), qanday yordam kerakligi, qachon va qanday ko'rinishda yordam berildi va shunga o'xshash ma'lumotlarni hamma ochiq ko'ra olsin. AT qamray olmaydigan holatlarda nima qilish mumkin? Loyihaning ishini boshqarish uchun qancha vaqt oralig'ida auditlar o'tkazish kerak bo'ladi va bu auditlarni o'tkazgan hodimlar uchun qancha mablag' ajratiladi?

Bunday loyiha ishga tushib, odamlarning og'irini yengil qilyapti ham deylik. Davlat bunga qanday qaraydi? Loyiha odamlarning ishonchiga kira boshlasa, yovqarash qilish boshlanmasmikin? Balki, pessimistlik qilayotgandirman. Balki.

Loyiha ishga tushgandan so'ng karta raqami orqali ehsonlar yig'ilganda qalloblikning oldini olish uchun nima qilish kerak bo'ladi? Telegram kanallarda karta raqami tarqatilganda o'zining kartasi va ismini kiritib, pulni o'zlashtiradiganlar ham bor-da.

Ehsonning tarifini tanlang.

Hammaga o'zining ehtiyojiga qarab yordam qilish kerak bo'ladi. Ba'zilarga faqat ro'zg'or bilan yordam qilinsa, boshqalarga mavjud moliyaviy holatidan chiqish uchun ta'lim (til kurslari) va/yoki kasbga tayyorlash uchun ham qo'shimcha yordam kerak bo'lar? Ba'zilar ro'zg'or va soliqlarga pulini yetkazsa ham o'zi yoki farzandlarining ta'limi uchun pul orttirib qola olmayotgandir. Boshqalarda o'qish uchun imkoniyat bor-u, lekin texnikani sotib olishda muammo bo'layotgan bo'lsa-chi?

Tariflarni mana bunga o'xshashlarga bo'lish mumkin, deb o'ylayman:

  • ro'zg'or
  • ta'lim (til kurslari, kitoblar)
  • kasb (yangi kasbni o'rganish, hozirgi kasbida qadrini oshirish uchun qo'shimcha trening)
  • texnika
  • bir martalik qarz

Shartnoma

Ro'zg'ordan tashqari ta'lim va kasbga tayyorlash ko'rinishidagi ehson shartnoma asosida bo'lishi mumkin. Shartnomada xohlovchilar qanday formatdagi yordam olishlari mumkinligi, agar yordam ko'pyillik foizsiz qarz sifatida berilayotgan bo'lsa, yana shunga oid nuqtalarni ochiqlash kerak bo'ladi. Balki, "Pay it forward" filmiga o'xshash bo'lar: ishga kirib, kirim oqimi stabillashganlar tashkilotga qanchadir summa pul kiritishi kerak bo'lar?

Agar biron oila ta'lim va kasb o'rganish uchun yordam shartlariga to'g'ri kelsa, ularga taklif berib ko'rish kerak bo'ladi. Kichkina buklet, veb sahifa qilib, shartnomaning bir namunasini qoldiriladi. U oila vakillari o'zaro maslahatlashib, bu ishni o'zlari uchun foydali deb bilishsa, shartnoma imzolanib, o'qish yoki kasbga tayyorlanish ishlari boshlanishi mumkin.

Qanday kasblarga yo'naltirish mumkin?

Axborot texnologiyalari asosidagi va hunarmandlik.

  • dasturchi (veb, mobil, kompyuter)
  • tikuvchi
  • dehqonchilik
  • kompyuter ustasi
  • duradgor
  • grafik dizayner
  • videomontajchi
  • kontent menejer (internet do'konlarni qo'llab-quvvatlab turish)
  • WordPress, Opencart bo'yicha mutaxassis
  • santexnik

Boshqa savol va masalalar

  • loyiha o'zini-o'zi moliyalashtirishi uchun nimalar qilinishi kerak?
  • kasb o'rganganlar qarzni qancha vaqtda qaytarishadi?
  • viloyatlarda texnik markazlarni (kompyuterxona, kutubxona) ishga tushira olish qanchalik reallikka mos?