September 20, 2020

Dasturlash sohasini tanitish va sohaga yangi bo'lganlar uchun manbalarni jamlash

1. O'rganayotganlar uchun (tuziladigan maketlar bosqichma-bosqich)

Muammo

Mustaqil o'rganuvchilar real buyurtmalarga tezlik va sifat tomondan tayyor emas.

Yechim

O'rganish davomida tuzish kerak bo'lgan loyihalar chizmasi, dizaynini tayyorlab berish. Dizayn chizmalarini qiyinligi o'sish darajasida tartiblash. Davomiy tarzda bu dizaynlar kutubxonasini to'ldirib borish + texnik vazifasini ham yozish.

Yechim foydalari

  • sohaga yangi bo'lganlar uchun mashq dizaynlari tayyor turadi;
  • sifatli va real buyurtmaga yaqin dizaynlarda malaka oshiriladi;
  • texnik vazifa bilan ishlash tajribasi oshadi (dizaynlardagi ba'zi nuqtalarga qo'shimcha izoh berilishi va/yoki u bilan birga umumiy texnik vazifa ham yozilishi mumkin);
  • vazifani bajaruvchilar uchun muhokama nuqtalari (Telegram/Sayt) paydo bo'ladi, tajriba almashishadi, musobaqalashishadi.

Batafsil

Veb dasturlashda (frontend yoki backend) mutaxassis bilishi kerak bo'lgan asos mavzular bor. Bu boshqa dasturlash sohalarida ham aniq bo'ladi odatda. Mustaqil o'rganish davomida o'quvchi bular qaysi ekanini bilmaydi va bundan tashqari, amaliyot uchun juda primitiv vazifalarni bajarish bilan cheklanib qoladi. Real buyurtma loyihalariga turib bera olmasligi, shoshib qolishi ehtimoli katta. Shunga sohani tartibli o'rganishi va amaliyot qilishi uchun turli xil veb sahifa, mobil ilovalarning dizaynlari yig'ilgan manba ochish kerak. Davomli tarzda to'ldirib boriladi ham. Masalan, CollectUI saytida turli kategoriyalarga bo'lingan veb va mobil sahifalar dizaynlari bor. Kamchiligi - u yerda dizaynlar rasm formatida. Veb va mobil dasturlashda esa sifat uchun aniq o'lchamdagi maket yaxshiroq. Masalan, Figma kabi tekin dasturda tuzilgani. Maketlarni o'ziga kadr olish niyatida yurgan kompaniyalarga taklif bilan chiqib olish ham mumkin.

Bundan biroz professionalroq ishni HTMLAcademy tijoriy maqsadda yo'lga qo'ygan - link.

Nima qilish kerak?

  1. CollectUI, Uplabs, UI Store kabi manbalardan sifatli maketlar rasmlarini yig'ib, katalog qilish.
  2. Figmada ishlay oladigan dizayner topish. Asosiy sharti - toza ish qila olish (qavatlarni to'g'ri nomlash, effektlarni dasturchi tushuna oladigan holatda berish).
  3. Dizaynlarni Figmada chizib, tartibli qilib joylash.
  4. Dizaynlar katalogi uchun veb sayt ochish.
  5. Ommaga yoyish, e'lon qilish.
  6. SMMini yuritish.

2. Mashq uchun maketlarning yechimlarini tuzish

Muammo

Maketlarning kodda yozilgan ko'rinishi o'xshasa-da, kodning sifati qoniqarsizligi. Ko'pchilik mustaqil o'rgangani uchun ular sohadagi biron standard yo'lni yoki biron xos mavzuni atroflicha o'rganmagan bo'lgani uchun juda qo'lbola usulda ishni bajarishi mumkin. Bu loyihani qo'llab-quvvatlash davomida qiyinchiliklarga sabab bo'ladi.

Yechim

Bosqichma-bosqich tuzilgan dizayn maketlarining kodga o'tkazilgan yechimlarini tuzib chiqish va saytga joylash. Biron yechimning nega aynan shu usuli tanlangani haqida izohlar berish (kod ichida yoki alohida ko'rinishda).

Yechim foydalari

  • nazariy bilimlarning amaliyotda to'g'ri qo'llanishini bilib olish;
  • yechimini bilgan biron vazifaning boshqa muqobil javoblari bilan tanishib chiqish;
  • ba'zi instrument yoki uslublarning o'ziga xos qulay va noqulay tomonlarini bilib olish;
  • kod sifatini oshirish.

Batafsil

Veb dasturlash misolida: biron saytni juda qo'lbola, o'zgarishlarga tayyor bo'lmagan holda yoki optimal, kontent o'zgarganda moslashuvchan holda tuzish mumkin. Bundan tashqari, ba'zi sayt bo'limlarini tuzishda imkoniyati cheklanganlarning saytdagi ma'lumotni eshitibgina bilib olishini hisobga olib ishlash kerak bo'ladi. Ba'zi davlatlarda bu saytlar uchun majburiy talab qilib belgilangan. Davlat saytlari uchun ham doimiy talablarning ichida keladi (imkoniyati cheklanganlarga ishlatishni qulay qilib berish).

Dizayn maketlarini qiziquvchilar mustaqil tuzib chiqib bo'lgandan so'ng o'zining yondashuvini optimal yechimlar bilan solishtirib ko'rishi, biron tushunmagan qismi bo'lsa, izohlarda savolini qoldirishi mumkin.

Nima qilish kerak?

  1. 1-nuqtada aytilgan dizayn maketlarini tayyorlab olish.
  2. Dizaynlarni kodga o'tkazish uchun sohadagi tajribali mutaxassislarni topish va kodni yozib berish masalasini kelishish.
    1. Mutaxassislarning ko'pchiligi bepulga ham yordam berishlari mumkin. Lekin shunday bo'lsa-da, har bir dizayn maketini tuzib bergani uchun (agar u optimal yechim yo'li bo'lsa) unga qandaydir miqdorda ish haqini berish. Kichik bo'lsa-da o'z ishidan foyda olish davomiy tarzda hissa qo'shishlariga turtki bo'la olishi mumkin.
  3. Mutaxassislar tomonidan berilgan yechimlar kodini boshqa mutaxassislar tomonidan tekshirtirish.
  4. Optimal deb bilingan maket kodini saytga joylash (alohida ajratib ko'rsatilgan biron belgi bilan. Masalan, verified...
  5. Yangi texnologiyalar chiqqanida zarur bo'lgan holatda kodlarni yangilab turish.

3. Maketni mustaqil tuzganlarning ishini baholash tizimini yaratish, scoreboard yaratish

Muammo

Dizayn maketlarining va ularning yechimining shunday joylab qo'yilishi mustaqil tuzib ko'rishga bo'lgan xohishni tushirishi mumkin. Sababi - kod tayyor, boshidan yozishga ne hojat :)

Yechim

Qiziquvchilar bir-biri bilan musobaqalashish imkoniyatini yaratish. Masalan, "Oyning eng faol qatnashuvchisi", "Izohlarda eng ko'p yordam beruvchi" va hokazo. G'oliblarga simvolik biron sovg'a berish (dasturlashga oid kitob, fleshka, internet uchun pul sovrini yoki boshqa).

Yechim foydalari

  • qiziqishni oshirish;
  • musobaqalashish va g'olib bo'lish ketidan foydalanuvchilarning bu loyihani ommaga yoyishda qo'shadigan foydasi ("Qaranglar, bu oy men yutdim" Instagram, Facebook, TikTok...);
  • o'rganish davomida qandaydir sovrin olsa, sohani yanada chuqurroq o'rganishga bo'lgan ishtiyoq, motivatsiyaning ko'payishi.

Batafsil

Musobaqalarni ikki xil ko'rinishda olib borish mumkin.

  1. Sinxron - dizaynni kodga o'girish tanlovi oldindan e'lon qilinadi va belgilangan vaqtda start berilib yuborganlarning kodini ommaga baho berishga qo'yiladi (like, dislike).
  2. Asinxron - dizayn yechimi kodini ko'rguncha yozilgan kodlargina scoreboardga qo'shilishi mumkin. Hamma ixtiyoriy vaqtda kodni yozib, saytga linkini joylaydi (kod GitHub va/yoki shunga o'xshash saytlarga joylanishi mumkin). Qolganlardan like/dislike.

Bu ish - ikkilamchi. Saytning ichida faqat dizayn maketi va yechimi uchun izoh qoldirish bo'lishining o'zi ham yetarli. Bu nuqtani amalga oshirish ishni murakkablashtirib yuborishi ehtimoli katta.


4. Ishga kirmoqchi bo'lganlar uchun beriladigan ko'p uchraydigan vazifalarning dizayni va texnik talablarini yig'ish.

Muammo

Sohani o'rganganlar katta ehtimol bilan ishga kirishda test sifatida beriladigan loyihalarni qilib ko'rmagan bo'ladi. Ishga topshirayotgan payti vazifani birinchi marta ko'rayotgan bo'lsa, uni tugatish ko'p vaqt olishi mumkin.

5. Ishga kirishda ko'p so'raladigan savollar ro'yxatini chiqarish

6. Ishga kirishdagi beriladigan vazifalar yechimlari/muhokamalari

7.Soft skillar bo'yicha qo'llanmalar, suhbatlar

8. Mutaxassislar bilishi kerak bo'lgan mavzular ro'yxatini tuzish

9. Texnologiyalarni o'rganish uchun tavsiya qilingan yo'l xaritasini tuzish

10. CV/Rezyume tuzish bo'yicha maslahatlarni yig'ish

11. Ishga kirish, ish o'rni bo'yicha e'lonlarga qanday qilib javob qaytarish haqida maslahatlarni yig'ish

12. Shartnoma, ishga joylashishda eʼtibor beriladigan ishlar

13. Blog, foydali maqolalar tarjimalari

14. Nodavlat notijorat va/yoki xayriya tashkilotlarining saytlarini tuzish

15. Joylardagi Yoshlar Agentligi markazlarida mentor sifatida oʻrganmoqchi boʻlganlar uchun yordam berib turilishi