February 18, 2025

Kopirayting sohasiga kirib kelishim

6 oy deganda qabul qilingan qaror

2024-yil aprel oylari edi adashmasam. Mubashshir Ahmad domlaning kanallarida bir reklama matnini oʻqib qoldim. Jaydari kopirayter yozgan kopiryatingga oid reklama edi. Nimaligiga qizib kanallariga kirdim. Shu bilan qaytib chiqib ketolmadim va kuzatib yura boshladim.

Borgan sari bu sohaga qiziqib qoldim, kurslarida oʻqiy olmaysam kerak, chunki homladorligim uchun farzandim dunyoga kelgach shugʻullana olmayman deb oʻylar edim. Uning ustiga birinchi farzandim ham hali 3 ga ham toʻlmagan, bogʻchaga ham bormaydi. Bolalar bilan eplolmayman deb, bu sohani oʻrganish uchun ancha vaqtgacha bir qarorga kela olmaganman.

Farzandli boʻldim, kunlar, oylar oʻtdi. Qarasam, hali yana 2 yil ikkinchi farzandim katta boʻlguncha dekret degan oʻta zerikarli hayotda yashash kerak ekan (ishlab-ishlab, dekretga chiqqanlar buni tushunadi)

Toʻxta, dedim oʻzimga-oʻzim. Oktabrda qizim 3 ga kiradi. Hujjatlarini tayyorlab boʻlgunimcha noyabr ham keladi, Nasib qilsa soʻng bogʻchaga chiqadi,. Keyin qish boʻyi uydasan-ku, oʻgʻlim ham Xudo shukur, yuvvoshgina, sogʻ-salomat katta boʻlyapti. Shu kursda oʻqib olsang-chi? Qanday boʻlarkin?...

Shunda oʻqishim kerak degan qarorga keldim...

Xavotir olmang, sizdan pul soʻramayman

Xoʻp, shunaqa boʻlsa ham, kursga pulni qayerdan olaman? Xoʻjaynimdan soʻraganimda hozir emas, qoʻy shuni baribir eplolmaysan degan edilar. Yana soʻrasam, ishtiyoqni soʻndirishdan boshqa gap aytmaydi.

”Pul bermasayiz ham mayli, oʻqishimga ruxsat bersangiz boʻldi. Sizdan pul soʻramayman“ dedim. Oʻzing bilasan deb qoʻydilar.

Oʻsha payti sentabr oylari edi. Endi nima qilaman qayerdan pul topaman deb boshim qotdi. Bir kuni qoʻshnim uyga chiqib ketayotgan paytim, toʻxtatib qoldi....

Qoʻshnim oʻqituvchi edi. Eng kichik farzandi meni katta farzandim bilan tengdosh edi. Shunda mendan bir iltimosim bor edi agar yoʻq demasangiz menga yordamingiz kerak deb gap boshladi.

Tinchlikmi? dedim.

Ikki bolang yetardi, nima qilasan bunisini?

Shu oy koʻchib ketishimiz kerak, xoʻjaynimni ish joyidan aniq xabar kelmayapti, men ham ishdan boʻshash yoki boʻshamaslikni bilmay oʻtiribman. Yoʻq demasangiz uzogʻi bir oy shu kichkina farzandimga qarab bera olasizmi? deb soʻradilar.

Men nima deyishni ham bilmay qoldim...

Xoʻjaynimdan maslahat soʻrasam yuqoridagi javobni aytdi. Hozir u kishiga yordam kerak, kimga yalinadi borib dedim. Yana "oʻzing bilasan" degan javobni oldim.

Shu tariqa ikki bolamga qoʻshib, qoʻshnimni bolasiga ham qaray boshladim. Kunlar oʻtdi. Oktabr keldi. Qoʻshnim ishdan boʻshab qaytib viloyatiga ketadigan boʻlishibdi (eri vayinniy edi, ular koʻp koʻchib yurishadi-ku)

Ular ketishdi, meni esa koʻp-koʻp duo qilishdi. Bundan xursand edim

Alloh beraman desa, hech gap emas ekan
Bir haftacha oʻtgacha, qoʻshnim telegramdan yozib qoldi.
— Munira plastik kartangizni tashlab bering
— Nima uchun kenayi, tinchlikmi?
— Pul tashlab bermoqchi edim. Uzr, oylik sal kech tushgandi, oʻsha payti naqd pulim yoʻq edi.
— Shart emas, kenayi. Toʻliq bir oy ham qaramadim-ku, qoʻyuvring
— Yoʻq, unaqa qilmang. Tashlab beraman. Oʻgʻlimga juda yaxshi qaradingiz, baraka toping. Roziman. Chin dildan bermoqchiman
— Rahmat, kenayi. Salomat boʻling

Soʻng plastigimga 500 ming soʻm pul oʻtkazildi. Allohimga behisob shukur. Quvonchim ichimga sigʻmasdi.... Bir tiniga ham teginmasdan kurs uchun olib qoʻyaman dedim oʻzimga-oʻzim.

Lekin kursga yana ozroq kerak-da.... 😊

Qishloqqa ketadigan boʻlib qoldik

Har kunlik kunlar oʻtayotgan edi. Bir kuni qaynonam telefonda ozroq mazalari boʻlmaganini, uyda hech kim boʻlmay ozroq qiynalganini aytib qoldi. (Qaynotam va qaynakalarim fermerlik bilan shugʻullanishadi. Oʻsha vaqti paxta terim payti boʻlgan. Uydagilar boʻlmagan)

Shunda kechqurun xoʻjaynim kelgach, oʻzim gap ochib, qishloqqa borib paxtalar yigʻishtirib olinguncha uyda qaynonamga qarab, roʻzgʻor qilib, yordamlashib kelsam-chi deb aytdim. (Uyda ovsinim bor, lekin u kishi ham terimchilarga har kuni ovqat qilishga ketar edilar. Terim payti oʻzi qaynota uyimda ishlar koʻpayadi)

Keyin xoʻjaynim toʻgʻri aytasan, mayli borib yordamlash, men ham 3-4 kunda orqalaringdan boraman dedi. Shu bilan ertasi kuniyoq avtobusda, ikki bolam bilan qishloqqa — Navoiy viloyati, Xatirchi tumaniga ketdim.

Oʻziyam 6-7 soatlik yoʻl. Birinchi marta xoʻjaynimsiz bolalarim bilan uzoq yoʻlga chiqishim edi. Borgacha qaynotam oʻzlari kutib oldi. Baraka topsinlar.

Qizim meni kechirar....

Qishloqqa borganimizda qizimning tugʻilgan kuni keldi. 3 yoshga toʻldi. Birinchi marta qishloqda qarindoshlar bilan nishonladik. Mening qarindoshlarim ham kelishdi.

Qaynonam bilan oʻzimni onam 100 ming soʻmdan berdilar. Asta olib soʻmkamga solib qoʻydim va ichimda qizimdan kechirim soʻradim 😢

Shuni qoʻshsam boʻlarkan, nima qilsam ekan. Keyin yana bunaqa imkoniyat boʻladimi, yoʻqmi. Xoʻjaynimdan ololmayman. Ey Xudo, nima qilay? 😭

Shu tariqa kurs uchun pul yigʻganman. Lekin bu ham yetmasdi....

Oʻsha kun keldi

1-noyabr qizimni bogʻchaga chiqardim. Birinchi kunidan oʻrganib ketdi. Chunki bir oʻrtogʻi ham oʻsha guruhda ekan. Ikkalasi oʻynab vaqt oʻtkazishgan. Men esa oʻsha kuniyoq Jaydari ustozga yozdim. Vaqtni oʻtkazib nima qilaman.

Toʻliq toʻlov qilolmasligimni va keyinroq boʻlib toʻlashimni aytdim. Mayli deb rozi boʻldi.

Oʻsha kunidanoq darslarni boshlab yubordim. Haqiqatan nomiga yarasha kursni ham jaydaricha oʻtgan ekanlar. Hamam maʼlumotlari faqat real keyslardan olingan. Kopiraytingga oid qanaqa maʼlumot kerak boʻlsa hammasini oʻrgatgan. Oʻzlarini qilgan xatolari va yutuqlari haqida real keyslar bilan tushuntirgan ekanlar.

Kopiraytingdan birinchi daromadim
Ishtiyoqim kuchliligidan ustozlar tashlagan vakansiyalarga tajribam boʻlmasa ham, hali oʻrganuvchi boʻlsam ham yozaverar edim. Ustoz boʻlsa ozroq shoshmayapsizmi deb qoʻyar edi, lekin keyin ha mayli tajriba boʻladi gazini bosing der edi.

Shu tariqa oʻsha oyda bir loyiha bilan bir haftacha ishlaganman. Keyin yakunlaganmiz va menga 100 ming pul tashlab bergan.

Oʻsha pulni ustozimga tashlab qarzimni uzmoqchi boʻlganimda, bu sizning birinchi ish haqqingiz, uni avval ozroq qismini ota-onangiz uchun sarglang, duolarini oling, faqat unutmang meni ham duo qilsinlar, keyinchalik bu ishimizga baraka olib keladi, meni esa bu pulni oldi deb hisoblang dedilar.

Ich-ichimdan rossa quvonib ketganman oʻshanda. Ustozni oʻzlari qoʻpol yoki jaydari koʻringanlari bilan, aslida qalbi toza inson ekanliklariga yana bir marta amin boʻlganman oʻsha payt.

Kutilmagan taklif

Va gaplarini oxirida ”Kursni yanada yaxshilab oʻzlashtiring, 21 ta matnni toʻliq qilib, Portfolioni shakllantiring. Sizni amaliyotga qabul qilaman. 1-dekabrdan boshlanadi deb yozgan edilar.

Biz bilar edik, amaliyotga uncha-muncha oʻquvchilarni olmas edi. Masʼuliyati kuchli lekin oʻsish-rivojlanish uchun bu katta imkoniyat edi. Amaliyotda haqiqiy real loyihalar bilan ishlanadi, haqiqiy matnlar yoziladi.

Men xursand boʻlib ketdim va harakatni boshlab yubordim

Amaliyot jarayoni

Oʻziga yarasha qiyin va samarali kechdi. 1 oycha xuddi onlayn ishda ishlaganday his qildim oʻzimni. Berilgan topshiriqlarni vaqtida topshirish va xatolar ustida ishlash kerak. Ustozdan tasdiq olish juda qiyin edi.

Nuqta, vergulgacha ahamiyat berar edi. Bu yaxshi albatta, lekin har xil vaziyatlarda yozilgan matnlarimdan albatta biror kamchilik chiqar edi. Tanbeh ham, maqtov ham eshitib turardim. Hammasi zoʻr oʻtdi. Roppa-rosa 2 yarim oy amaliyot oʻtadim.

Bora-bora shu qolipga oʻrgandim va matnlarni tez va sifali yoza boshladim. Bu borada koʻnikma shakllangan edi

Oʻrgangan narsalarim behisob, buning uchun ustozimga rahmat aytaman. Oldingiday oʻz xizmatimni sotishga qoʻrquv boʻlmaydi endi, tajribam yoʻq-ku deb hadiksiramayman.