September 5, 2023

Urganch shahrida bo'lib o'tgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Xorazm viloyati hududiy intellektual marafoni

Hamkorimiz — "Agrobank" aksiyadorlik tijorat banki.

2023-yil 3-sentabr kuni Urganch shahrida zakovat intellektual marafoni bo'lib o'tganidan xabaringiz bor. Yuqori atmosferada o'tkazilgan ushbu marafonda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 5 ta jamoa, Xorazm viloyatidan 5 ta jamoa - jami 10 ta jamoa o'rtasida qattiq kurashlar ostida o'tdi desak mubolag'a bo'lmaydi.

Har bir jamoa o'ziga xos ravishda o'zlari tuzib kelgan savollari bilan birin-ketin navbatchilik qilishdi.

Marafonda 10 ta jamoa 10 tadan mantiqiy savollar bilan qatnashib, umumiy 100 ta savol o'ynaldi. Ertalab boshlangan intellektual o'yinimiz kechgacha davom etdi.


Urganch davlat universiteti mezbonligida o'tkazilgan bu turnir qatnashchilariga barcha sharoitlar yaratib berildi. Shuningdek, "Zakovat intellektual klubi" NNT tomonidan bilimdonlarimiz uchun maxsus stollar tayyorlandi va Xorazmning suzma oshlaridan bahramand bo'lishdi.

Intellektual marafon haqida qisqacha aytadigan bo'lsak, hech qaysi jamoa bo'sh kelgisi kelmadi, oxirigacha qaysi jamoa g'olib bo'lishini topish qiyin edi, kimlargadir omad kulib boqdi, kimlardir esa mag'lub bo'ldi.

Yakunda esa kuchli uchlik jamoalari aniqlandi va jamoalar umumiy jamg'armasi 30 million so'm bo'lgan mukofot pullariga sazovor bo'lishdi. G'oliblarga 1-o'rin uchun 15 mln so'm, 2-o'rin uchun 10 mln so'm hamda 3-o'rin sohiblariga 5 mln so'm tarzida mukofot taqdim etildi.

3-o'rin sohiblari BERKUT jamoasi (Qoraqalpog'iston respublikasi)
2-o'rin sohiblari IDROK jamoasi (Xorazm viloyati)
1-o'rin sohiblari ARMAGEDDON jamoasi (Qoraqalpogʼiston respublikasi) - 15 millionning kuchi deb nomlangan fotosurat

O'yinni kuzatish uchun yosh bilimdonlarimiz ham tashrif buyurishdi

O'ylaymanki, bunday intellektual marafonlar o'tkazilishda yana davom etaveradi, jamoalarga omad tilagan holda keyingi o'yinlarda sovrindorlar qatoridan joy olish nasib qilsin! Barcha tashkilotchilarga katta rahmat!

Turnirni suratga olish, uni yoritish, ajoyib rolik yasashda Qoraqalpog'iston zakovat klubidan kelgan qiz (ismini so'rash esimdan chiqibdi :) ) ham faol ishtirok etdi. U tomonidan tayyorlangan videorolikni quyidagi link orqali https://t.me/zakovatnnt/13040 tomosha qilishingiz mumkin.

Quyida esa Zakovat intellektual marafonimizdan ajoyib va kuguli lavhalarni tomosha qilishingiz mumkin:

Allo, nima, Green Card kerak emas, hozir Zakovatdaman!
Savollarni Bruce Buffer uslubida o'qiydigan boshlovchi
"Grob" savollar tuzib kelgan boshlovchining kayfiyati yuzidan ma'lum
O'zining javobini to'g'ri ekanligiga 100% ishontiradigan jamoa sardori
Doktorcha yozuv bilan yozadigan jamoadoshingni so'zlarini o'qigandagi holat
Hamma kelishgan javobni bermay, o'z bilganini yozgan jamoa sardori indamasdan to'g'ri javobni nishonlab o'tirganda
Avval ko'k choy, keyin muhokama
Yigit kishiga yetti noutbuk ham kam
Sirakuzadagi quyosh nurini linzada yig'ishga uringan Arximed
1984 javobini 1948 deb ozib yuborganingni anglagandagi holat
PigKasso javobini Pikasso deb yozgan jamoadoshing
Endi bir marta rasmga tushaman deganingda, jamoadoshing to'sib qo'ysa
To'g'ri javobni 1-soniyada topgan jamoadoshing
O'yin payti savolni eshitmasdan, uydagi eshik qulflangan- qulflanmagan, gaz va svetni o'chirganini eslay olmagan jamoadoshing
ikki kuchli bilimdon qarama - qarshi javoblarni aytganda
savolni 2 marta o'qigandan keyin ham tushunmay qolgan jamoadoshing

O'yin payti kimnidir qayeridir og'rib qolganda :)

Ijodkorlar uxlayapti!

Post muallifi, kamina havaskor jurnalist, havaskor fotograf, havaskor zakovatchi... Murodbek Otajonov bo'ldi, kulgili kadrlarda tushib qolgan bilimdonlar xafa bo'lmaydi degan umiddaman, keyingi turnirlarda uchrashguncha...