March 29, 2025

Sameness

"Same lips, same voice… but never the same love."

(Passage/1) 1-qism
~
Men kasal emasman, ammo yuragim og‘riqdan titraydi. Jismonan emas ko‘ksimni yorib tashlaydigan bu dard shunchaki tahlil qilib bo‘lmaydigan narsa. Nafas olsam, ichimdan nimadir sinib tushayotganday bo‘ladi. Qaniydi, shunchaki infarkt yoki insult kabi oddiy og‘riq bo‘lsa, og‘riq qoldiruvchi bilan bosib qo‘yardim. Lekin buni davolaydigan dorilar yo‘q-da.
"Og‘riqning zoʻri nafasimni siqadi"
Ichimdagi bo‘shliq shunchalik kengki, unga butun olamni joylashtirish mumkin. Lekin shunda ham to‘ldirib boʻlmaydiganday. Yuragimni kimdir siqib turayotganday, shovqin-suronli dunyoning o‘rtasida yolg‘iz qolib ketgandayman. “O‘tib ketadi…” deydi odamlar. “Hamma narsa o‘tib ketadi.” Lekin, vaqt dardni olib ketmaydi.U shunchaki, odat bo‘lib qoladi. Bir kun og‘riq bilan uyg‘onasiz, yana boshqa kuni og‘riq bilan uxlaysiz. Va shunda anglaysiz: bu og‘riq endi sizning bir bo‘lagingiz.
Men yig‘lamayapman. Yoki, hech bo‘lmasa, ko‘z yoshlarim yo‘q. Chunki ular tugab bo‘lgan. Men shunchaki yuragimga quloq solib turibman halos. U har bir zarbida nimadir yorilayotganday, go‘yo qachonlardir gul bo‘lgan yurak, hozir esa chirib bitayotganday.
"Men sendan ketdim" — desam, yolg‘on bo‘ladi. Chunki men ketmadim. Men shu yerda qoldim, lekin sen tashlab ketgan bo‘shliqda yo‘qolib qoldim. Endi men kimman? O‘zidan o‘zi tiriklikni his qila olmaydigan odammi?
Men kasal emasman. Lekin, yuragim… hamon og‘riyapti.
~
"Shunday insonlar bor...
Bir kun boqsangiz mehrdan eriydi, bir kun esa muz kabi sovuq..."

'Chungcheongnam-do'

-Kechgi soat 23:54
Sovuq qish oqshomi... deraza ortida asta yog‘ayotgan mayin qor parchalari shahar chiroqlari ostida jilvalanar, atrof muhitni oʻzining oppoq, nafis goʻzalligiga toʻldirardi. Ular shu qadar begʻubor shu qadar nafis ediki goʻyoki koʻz uzish imkonsizday. Havoda muallaq turib oʻynoqlagancha raqs tushayotgan oq parchalarni maroq bilan asta yerga qoʻnayotganini kuzatayotgan bedor qiz esa qo‘llarini sovuq shisha stakan atrofiga chirmab, sokin manzaraga tikilgancha yuragidagi tushunarsiz tuyg‘ular girdobida suzar, huddi uning porloq, ohu koʻzlarida qalqigan yoshlari kabi shamolli kechada katta uylarning oynalarida yengil chiroqlar miltillar edi. Huddiki butun dunyoni sokinlik daxshati egallaganday atrof muhit jimjitlik tusiga kirgandi. Osmondan qor mayin yogʻar, shahar ko‘chalari sokin boʻlsada... qandaydir yashirin sirlar, aytilmagan so‘zlar va yuraklarni titratadigan voqealar boshlanish arafasida edi.
~
Siz bir koʻrishdagi sevgiga ishonasizmi? Javobingizni bilmadi-mu men ishonaman.. ha men ham avval ishonmasdim, toki uni uchratmaguncha...
~
Qiz oynani ochib qoʻl kaftlarini sovuq, mayda qor parchalariga tutarkan nigohi beixtiyor qoʻlidagi zanjirga tushdi. koʻzlarini qisib yana bir bor tokchadagi mast qiluvchi ichkilikdan hoʻpladi-da bilagiga oʻrab olgan zanjirni jahl bilan yulib, oynadan otib yubordi. Soʻng miyyasini boʻsh qoldirmayotgan hotiralari ogʻushiga shoʻngʻigancha koʻz yoshlariga erkinlik berdi.
~

U bilan tanishgan kunim kechagidek hamon yodimda. Oʻsha paytda yuqori maktabda oʻqirdim darslar tugagan, hatto qo'shimcha mashgʻulotlar ham o'z poyoniga yetgan vaqt edi.
Oʻsha yillarda kutubxonaga koʻp qatnardim kitob oʻqish uchun emas albatta, qachondur dam olgim kelsa, kitoblar omborini oʻzimga makon qilardim. Menga u yerdagi muhit yoqardi.
Jim, sokin oʻsha kuni ham kutubxonada uxlab qolibman, uygʻonganimda esa quyosh deyarli botib boʻlgandi. Atrofimga qarab kutubxonada men va havodagi chang zarrachalaridan boʻlak hech kimsa yoʻqligini payqadim, kitoblardan tashqari.
Ko'zlarimdagi uyquni ketkazish uchun ularni ohista ishqalab o'rnimdan turdim, kutubxonadan chiqib uzun va qorongʻu yoʻlak bo'ylab chiqish eshigi tomon yurar ekanman, ochiq bilaklarimda jimirlashni his qilib seskanib ketdim, sovuq.. va sport zalining ochiq eshiklariga koʻzim tushdi. Zalimizda hokkey uchun moʻljallangan kichik muz maydoni bor..

tahminimcha sovuq havo oqimi oʻsha yerdan kelayotgandi, ketish oldidan eshikni yopib qoʻymoqchi boʻldim, lekin toʻsatdan muz ustida tasodifan osoyishta, musiqa sadosi ostida mayin harakatlar bilan aylanayotgan yigit e'tiborimni tortdi. Avval koʻrmaganman birinchi bor koʻrib turibman ammo uni darrov tanidim, maktabimiz yulduzi Park Sunghoon edi u.

U haqida qizlardan eshitganman deyarli maktabning barcha qizlari unga oshiq. Ular uning bitta nigohi uchun har qanday ish qilishga tayyor darajada kelishgan yigit.
Avvaliga shunchaki qiziqsinish bilan uni kuzatdim, keyinroq bu fikr-u yodimni egallab olgan harakatlarga oʻzim bilmagan holda sarmast boʻlib qoldim. U shunchaki muz ustida uchmasdi, u huddiki musiqa bilan bir tan-u bir jondek harakat qilardi. Shu qadar nafis, shundayin yengil ediki go‘yo shamolning o‘zi edi u.
Qadam tashlasa, muz uni bag‘riga olganday jimirlab ketardi, havoda esa mayin bir ifor, uning ifori. Har bir burilishi kapalakday nafis, har bir sakrashi esa yuraklarda alanga yoqardi. U osmonga intilib, yulduzlarga qo‘l cho‘zayotganday tuyulardi menga.
Uning qiyofasi… qanday ta’riflasam ekan? Go‘yo sovuq tongda quyoshning ilk nurlari muzga tushib, uni kumushdek yaltiratgan lahzani ko‘rgandek bo‘lasiz.
Qora sochlari uchganda yengil tebranar, go‘yo shamol bilan sirli suhbat qurardi ular. Ko‘zlari… Ha, o‘sha ko‘zlar! Ular quyoshday chaqnab, har bir burilishda butun olamni unutib, faqat oldinga tikilar edi. Yuzi sokin, lekin har bir burchagida qandaydir ichki olov, bir isyon yashiringanday koʻrinib turardi. U nafaqat muzda uchardi, balki o‘z chegaralaridan ham oshib o‘tardi.
Harakatlari esa… ular haqida nima deyish mumkin? U har safar sakraganida, yuragim bir lahzaga to‘xtab qolganday bo‘lardi. Go‘yo u osmonga ko‘tarilib, qaytib tushmaydiganday edi. Muz ustida yengil sirpanib borar ekan, oyoqlari erkinlikni his qilar, qo‘llari esa har bir burilishda havoda sehrli naqshlar chizardi.
Qalbingga shunday ta’sir qiladiki, go‘yo uning har bir harakati bilan sening yuraging ham uchayotganday. U o‘zgacha edi… Muz uning do‘stiga aylangandi, shamol esa hamrohi. Unga qarab tursang, yerda turganingni unutasan, osmon esa shunchaki uning yelkasida yotgandek tuyulib ketardi.
Va men… Men shunchaki unga qarab turardim. Na ovoz bor edi, na dunyo. Faqat u va muz. Faqat men va yuragimda uyg‘ongan nimadir. U shunchalik benuqson ediki, nafas olishni ham unutib qo‘ydim. U go‘yo erkinlik timsoli edi men esa oʻsha u yashayotgan dunyoning birgina kichik zarrasi edim halos…
Qiz yigitning so‘nggi burilishini tomosha qildi. Yigit osmonga intilib, go‘yo o‘z orzulariga qo‘l cho‘zganday yuqoriga sakradi… va asta muz ustiga qoʻndi. Bu lahza shunchaki yuraklarni larzaga soluvchi, tantanavor edi.
Yuragimni to‘ldirgan hayrat hali ham tarqamagandi. U muz ustida qo‘llarini pastga tushirib, bir qadam oldinga tashladi. Nafasimni ichimga yutdim. Yengilgina egilib, bir oyog‘ini orqaga tortib, qo‘llarini nafislik bilan yon tomonlarga yoydi. Boshini sal egib, ko‘zlarini yumdi. Bu taʼzim ammo oddiy taʼzim emasdi, bu g‘ururli shahzodaning taʼzimi edi. Uning raqsi tugadi.
Ko‘ksimda nimadir gupillab urdi. Bu sahna hayotimda ko‘rgan eng go‘zal narsa edi. Nafas ololmay qoldim. Yuragim beixtiyor unga jo‘r bo‘ldi. U boshini ko‘tardi. Ko‘zlarida qoniqish va sokinlik. Men esa… Men shunchaki unga tikilib turardim. Go‘yo bu lahza hech qachon tugamasligini ich ichimdan tilardim oʻzimcha. Oʻsha on u nafaqat muz ustida, balki yuragimning tub-tubida ham o‘z izini qoldirgan edi.
U taʼzimini tugatib, boshini asta yuqoriga ko‘targanda, ko‘zlari beixtiyor men tomonga qaradi. Qora, chuqur va maʼnoli ko‘zlar… Yuragim birdan hapqirib ketdi. Nafasim ichimga tiqilib, atrofdagi hamma narsa xira tortib ketdi.
Uning nigohi meniki bilan to‘qnashdi. Go‘yo u yuragimga qadar boqayotganday. U ko‘zlarini uzmay, asta menga yaqinlasha boshladi, qimirlayolmay qoldim. Muz ustida sirg‘anib kelayotgan har bir qadamida yuragim tezroq va yanada tezroq urardi. Yuzim lovullab, yonoqlarimga issiqlik yoyildi. Nafas olishni ham unutib qo‘ygandim chogʻi.

U men tomonga tobora yaqinlashardi. Harakatlari sokin, lekin yuragimda bo‘ron qo‘zg‘ardi. Oramizdagi masofa qisqardi… Nihoyat, u shunchalik yaqin keldiki, qaynoq nafasini his qilarkanman umurtqamgacha qaltirab ketdim. Ko‘zlari koʻzlarimga mahkam bog‘lanib, lablari yengil tabassumga yoyildi.
-“Hoy…” — dedi u shivirlab, ovozi zal boʻylab aks sado berdi
Men esa hech nima deya olmadim. Faqat yuragimning urishini eshitardim halos… va uning ko‘zlarida o‘zim koʻrardim.
Uning qarashlari alanga yoqib, yuragimni tobora tezroq urishga majbur qilardi. Nafas olish og‘irlashdi, atrofimdagi hamma narsa sekin-asta xira torta boshladi. Yuragim gupillab, quloqlarim ostida faqat uning ovozi yangrar, lekin so‘zlari mengacha yetib kelmasdi.
U yana bir qadam yaqinlashdi menga… Va o‘sha lahza go‘yo hamma narsa to‘xtab qolganday bo‘ldi. Uning qora ko‘zlari tobora yaqinlashar, yuragim esa allaqachon qinidan chiqay derdi.
Birdan oyoqlarim kuchsizlanib, atrof zulmatga cho‘mganini his qildim. Havo etishmayotganday, yuragim bir lahza qattiq siqildi… Keyin esa barcha ovozlar toʻsatdan jim bo‘lib ketti, So‘ng hammasi zulmatga aylandi.
Hamma narsa qorong‘ilashib, yer ostimdan g‘oyib bo‘layotganday edi. Oyog‘im sirgʻalib, tanam muzni his qilishiga tayyor turardim lekin… bir lahza ichida qaynoq qo‘llar belimdan tutdi.
Kuchli, lekin ehtiyotkor qo‘llar.
Ko‘zimni ochishga harakat qildim, biroq dunyo hali ham xira. Faqat bir narsa aniq edi uning meni mahkam ushlagan qo‘llari va mening qattiq urayotgan yurak ovozim. Astalik bilan nafas olishim tiklanarkan, qulog‘im ostida uning xavotirga to‘la ovozi eshitiladi boshladi
“Hoy… yaxshimisan?”
Uning ovozi sokin va tiniq, yuragim tubigacha yetib borardi. Ko‘zlarimni ohista ochdim va eng birinchi ko‘rgan narsam uning tunday qora tim koʻzlari boʻldi. Shu qadar yaqin ediki, yuragim yanada hapqirib ketdi.
“Men.. men…” — dedim shivirlab, lekin so‘zlar tilimga ko‘chmay, yanoqlarim lovullab ketdi.
U esa meni ehtiyotkorlik bilan ushlagancha, yengil jilmaydi
“Hammasi yaxshi, men seni ushladim.”
Uning qo‘llari hanuz belimda, yuraklarimiz esa go‘yo birga urib turganday. Shu on butun olam biz uchun sukut saqladi. Faqat biz va muzning jimjitligi qolgandi halos...

Shunga oʻxshash🌚..

...
Oʻshandan buyon biz birga edik, oʻsha kundan buyon uni sevaman! Aniqrogʻi sevardim.. bugunga qadar, anglolmayapman endi bunga haqqim bormikan?! Uni ortiq sevgilim demoqqa haqlimikanman?.. Yuragim shu qadar ogʻriyaptiki goʻyo bu dunyoning hech bir dori darmoni kor qilmas darajada qattiq, yomon ogʻriyapti... Unutishni istayman seni.. judayam qattiq istayman.
...
Hayollariga berilib, toʻsatdan jiringlagan telefon qoʻngʻirogʻidan choʻchib ketgan qiz oʻrnidan turib stol ustida yotgan telefon tepasiga yurib kelarkan qadamlari poyma-poy boʻlib koʻzlarini qisgancha telefoni ekranidagi ismni oʻqishga urindi, qanchalar urinmasin yozuvlar chalkash, boshi aylancha goʻshakni koʻtardi.
-eshitamaan..
-Salom Yoonji qalaysan? Hali uygʻoqsan yaxshi.. qara biz yetib keldik!
-Nima yetib keldingiz?.. Ammo qa..
-Yo Hudo Yoonji telefonni oʻzingga qaratsangchi~ nima biz seni sochlaringni koʻrish uchun qoʻngʻiroq qilibmizmi?
-Jin ursin* video qoʻngʻiroq
Telefonni oʻziga qaratgan Yoonji koʻzlarini qisgancha tasvirga qarab unga hiralikda qoʻl siltayotgan qizlarni koʻrdi.
-Aa haligi men biroz charchagandim, endigina uhlamoqchi boʻlib turgandim shuning uchun... deya oʻzini oqlashga urinadi qiz
-Aldama Yoonji gʻirt massan hozir! ichib olganing koʻrinib turibdi,
Qoʻlini bigiz qilib olgan qiz unga asta yumilib borayotgan koʻzlari bilan qarab turgan dugonasiga oʻshqirgancha, uni soʻroqqa tuta boshladi.
-Rostini ayt senga nima boʻldi? Ichmasding-ku sen ahir! Nega bunchalik parishonsan-a? ketayotganimizda ahvoling yaxshi edi-ku ikki kun ichida seni bunchalik oʻzgartiradigan nima boʻldi oʻzi!
-Agh.. hammasi yaxshi dedimkuu, shunchaki men.. hechnarsa! oʻylama boʻldi, ishon menda hammasi joyidaa

Unga gapirish befoyda aytishni istamaganini oʻlsa ham aytmaydi, Sena buni yaxshi bilardi shu sabab dugonasini uzoq siquvga olishni istamay, uni jimgina tingladi halos.
- Mayli borganimda aytib berasan! Hozir esa dam ol! ha.. aytgancha dadang bilan uchrashmoqchi eding koʻrishdingizmi?
-...
Qiz jim, hayoli ertalabgi boʻlgan suhbatga ketarkan boshini chayqagancha javob qaytardi
-Mayli uni ham kelganimda aytib berasan, qara yana ichib oʻtirmagin hozir goʻshakni oʻchiraman oʻchirganimdan soʻng..
U gaplarini tugatib ulgurmadi.. Yoonji qizil tugmani bosdi, telefonni qoʻliga olib olmas, uni divanga otib yubordi. Keyin esa toʻzgʻigan sochlarini qoʻllari orasidan oʻtkazib, ogʻzida quruqlik his qilgancha oshxona tomon harakatlandi. Stakanni toʻldirib suv quyarkan uni bir koʻtarishda ichib yubordi.
-ahh..
Biroz shunday qoldi qiz, behuzur boʻlayotgan koʻnglini oshxona peshtaxtasiga suyangancha oʻziga keltirgach, deraza tomon qadam tashladi. Yogʻayotgan mayin qorlar qalbiga taskin berar deya oʻylagan qizning birdan hafsali pir boʻlib ketti.
Qor allaqachon tinib boʻlgandi, chuqur hoʻrsingancha, garchi tinib qolgan boʻlsada sokin qorning chiroyidan bahra olgisi keldi.. u tashqariga chiqdi, chiqqan zahoti quloqlari qomatga keldi, atrof muhitni toʻpponchadan ketma-ket otilayotgan oʻq ovozlari qamrab olgandi, qiz tezda oʻzini yerga tashladi, qoʻllarini boshi uzra oʻrab olgancha koʻz oldi qorongʻulashib, shovqin tinishini kuta boshladi. U shunday uzoq qoldi, toki hushi boshiga kelib, ochiq bilaklari muzlab qolmaguncha.
Nihoyat u boshini koʻtardi, oʻrnidan turib atrofga alangladi, endi hammayoq tinch koʻchada hech kimsa yoʻq. Koʻksidagi qoʻrquvdan ikki hissa tezlashgan yuragini kafti bilan ohista urgancha, nafas rostlagandan soʻng endi uyi tomon yurishni boshlagandi hamki.. eshik oldiga kelib birdan oyoqlari yurishdan toʻxtadi. Turgan joyida qotib qoldi u, qordan sirgʻalib oqib kelayotgan qip qizil suyuqlikni koʻrayotgan koʻzlariga ishonmay ularni qattiq ishqalagancha yaqinroqqa kelib, engashib qaradi hayratgan koʻzlari kattarib ketti, koʻz oʻngida butun boshli, bir butun inson oʻz qoniga belangancha titrab yotardi..
...
1-qism yakuni.
Mana azizlar yap-yangi fanficni ham sizga havola qildim yoqadi degan umiddaman😆 va fikrlaringizni kutaman kayfiyatni tushirmang guys~ sizlar bilan men😌 Mandarinka boʻldim🤍❤️

"Yeongwonhi hamkke halgeyo🫰🏻"

🫴✨💔=❤️‍🩹
Author-Mandarinka (김 윤지)🍃