October 19, 2023

“Jazosizlik-norma”. HRW Abduqodir Mo’minovga qiynoq qoʻllanganini tekshirishga chaqirdi

Human Right Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti O’zbekiston hukumatini qamoqdagi blogerlar, xususan, Abduqodir Moʻminovga nisbatan shafqatsiz qiynoq qoʻllangani haqidagi iddaolarni tekshirishga chaqirdi. Oʻtgan hafta boʻlib oʻtgan apellyatsiya sudida Abduqodir Moʻminov tergov jarayonida organ xodimlari unga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlgani, jumladan, elektr toki va rezina tayoq bilan zarba bergani, tepkilagani va qovurgʻasini sindirgani haqida gapirib bergan. YouTube’dagi “Ko’zgu” kanali muallifi Abduqodir Moʻminov joriy yilning 8-fevralida “firibgarlik” va “tovlamachilik”da gumon qilinib, hibsga olingandi. Mirziyoyev tanqidchisi sifatida tanilgan blogerga joriy yil 4-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan 3-yilgacha jurnalistlik faoliyatni cheklash hamda 7-yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, uning zimmasiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdoridagi jarima, 900 million soʻmdan ortiq moddiy zararni qoplash yuklangan. 6-oktabr kuni apellyatsiya sudi tayinlagan jazoni oʻzgarishsiz qoldirdi.
Huquq faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloger prezident Mirziyoyevning kuyovlari biznesi haqida olib borayotgan surishtiruvi tufayli qoʻlga olinganiga ishonishadi deyiladi xalqaro tashkilotning bayonotida. Avvalaroq ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko’ra, 9-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV JIEDning 1-sonli tergov izolyatorida saqlanayotgan Abduqodir Moʻminov “muassasa ichki tartib-qoidalarini buzish” aybi bilan 10 kunlik kartserga tashlangan. Onasi Sabohat Abdullayevaning soʻzlariga koʻra, qamoqxona ma’muriyati Abduqodir Moʻminov izolyator ichki tartibini apellyatsiya sudidan ancha oldin, 20-sentabrda buzgani uchun endi jazoga tortilayotganini iddao qilgan. Abduqodir Moʻminovning kartserga tashlangani haqidagi xabar uning apellyatsiya sudida oʻziga nisbatan qiynoqlar haqida gapirib, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishi ortidan paydo boʻlgan. 8-oktabr kuni tarmoqlarda tarqalgan videoda Abduqodir Moʻminov tergov jarayonida oʻzining shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini aytgan va qiynoq qoʻllaganlarning nomlarini keltirgandi.
“Jazosizlik – norma”- Inson huquqlari tashkiloti
HRWning Markaziy Osiyo boʻyicha yetakchi tadqiqotchisi Mira Ritmanga koʻra, Qoraqalpogʻistondagi gʻalayonlar ortidan juda uzoq muddatga qamalgan Dauletmurat Tajimuratov, bloger Fozilxoʻja Orifxoʻjayev, nashida sabab javobgarlikka tortilgan 22 yoshli talaba Sardor Rahmonqulovlar ham tergov jarayonidagi qiynoq va noinsoniy munosabatlardan shikoyat qilgan edi. Xalqaro tashkilot Oʻzbekiston hukumati hozirga qadar bu murojaatlar yuzasidan tekshiruv oʻtkazmagani, binobarin, qonunbuzarlar javobgarlikka tortilmaganini qayd etgan. HRW’ga koʻra, prezident Mirziyoyev qiynoqlarga chek qoʻyishga va’da berganiga qaramay, jazo muassasalarida qiynoq va shafqatsiz munosabat hamon koʻp kuzatilmoqda va bu kabi jinoyatlar uchun jazosizlik normaga aylanib ulgurganini qayd etgan.