May 5, 2022

Dars muhitini yaxshilash uchun oddiy formula

Siz ushbu uslub orqali, o‘z sinfingizda barcha o‘quvchilarni darsga qiziqtira olasiz. Zerikarli darsning o‘zi bo‘lmaydi, hammasi o‘qituvchining qanchalik kreativligiga bog‘liq.

Xo‘sh, bu formula qanday ishlaydi?

Noaniqlik va yangilik o‘quvchilar miyasiga qisman stress tarzida ta’sir qiladi. Ya’ni yangi mavzu o‘quvchilarning miyasiga sevimli taom kabi ko‘rinmaydi, balki noaniqlik va og‘irlik tarzida ta’sir qiladi.

Tadqiqotchi Gofmanning so‘zlariga ko‘ra inson miyasi yangi topshiriqni bajarish uchun uning ortidan biror mukofot kutadi. Agarda yangi topshiriq mukofotsiz ekani ko‘rinib tursa, miya uni stress tarzida qabul qiladi.

E’tibor bering, o‘quvchilaringizga yangi mavzuni tushuntirishdan oldin, birinchi bo‘lib bu mavzu orqali nima olishlarini ayting.

Demak, formulani ko‘rib chiqamiz

Formula ikki xil ko‘rinishga ega:

1. Salbiy vaziyat uchun mukofot;

2. Ijobiy vaziyat uchun mukofot.

Birinchi vaziyat shuni anglatadiki, siz sinfda dars o‘tish mobaynida darsxonaga bir qancha bo‘lakli limon olib keling. Dars boshlanishida o‘quvchilaringizni quyidagicha ogohlantiring: "Kimda kim dars mobaynida savollarga noto'g‘ri javob bersa, ushbu limonlardan bir bo‘lagini yeydi"

Bu orqali o‘quvchilarning diqqat chastotalarini murakkab mavzuga emas, balki qiziqarli jazoga qaratgan bo‘lasiz. Dars davomida ular aktiv va ixtiyoriy xushchaqchaq holatda bo‘lishadi. Bu esa siz kutgan natijani beradi.

Ikkinchisi esa, ijobiy vaziyat uchun mukofot tarzida amalga oshiriladi. Dars davomida yaxshi qatnashgan va savollarga to‘g‘ri javob beradigan o‘quvchilarni qandaydir yo‘l bilan mukofotlab boring. Bu jarayon o‘quvchilarning mukofotga bo‘lgan chanqog‘ini orttiradi va o‘z o‘zidan darsda faol qatnashishadi.

Aslida yuqoridagi jazo shaklidagi limon yeyish ham, yaxshi javob berib limon yeyishdan qutulib qolgan o‘quvchilar uchun qandaydir ma’noda mukofot hisoblanadi.

Bu ikki uslubni bir paytning o‘zida ham amalga oshirishingiz mumkin. Yuqoridagi usullarni albatta qo‘llab ko‘ring! Samarali o'qituvchi bo'lish juda qiyin, chunki har bir o‘quvchi o'ziga xosdir, ammo o'qitish strategiyasidan foydalangan holda o'z sinfingizni o‘quvchilar uchun motivatsion muhitga aylantirishingiz mumkin!