May 9, 2025

NAKSU TAKAYAMI

I WAITED FOR YOU

Yaponiyaning shimoli-g‘arbida, qalin o‘rmonlar bilan o‘ralgan, tog‘ etagida joylashgan Yamasato degan bir qishloq bor edi. Bu yerda hayot sekin, lekin sokin kechardi. Har bir uyda bir tarix, har bir ko‘zda bir dard yashardi.

O‘sha qishloqda, onasidan erta yetim qolgan, yoshgina qiz yashardi. Uning ismi Aiko edi. Otasi, Urabe Hiroshi, o‘z vaqtida imperator armiyasida samuray bo‘lgan, lekin bir jangda halok bo‘lgan. Aikoning onasi esa hijron, sovuq va ochlikka chiday olmagan edi.

Aiko endi yolg‘iz yashar, qo‘shnisi bo‘lgan kampir – Oba-san unga ovqat pishirishni, kiyim tikishni o‘rgatgan. Oba-sanning o‘zi ham urushda o‘g‘lidan ayrilgan edi. Shu sababli Aikoni o‘z nabirasidek ko‘rar, unga o‘rgatgan har bir narsa orqali o‘tmishini unutishga harakat qilardi.

Bir kuni…

Oba-san: “Aiko-chan, bu dunyoda eng qimmatli narsa nima deb o‘ylaysan?”

Aiko: “Eh… menimcha… yurakdagi sokinlik.”

Oba-san kuldi: “Yurakdagi sokinlik doim bir sinov bilan keladi, bolam. Sen hali yosh, ko‘rasan, yuraging qancha og‘risa, shuncha chuqur sevishni o‘rganasan.”

Shu so‘zlardan ko‘p o‘tmay, qishloqqa bir notanish yigit keladi. U yelkasiga kichik bir sumka osib olgan, qadamida harbiylarning yurish ohangi sezilardi.

Yigitning ismi Takashi edi. U samuray oilasidan chiqqan bo‘lsa-da, urushdan charchab, tinch joy izlab kelgan edi. U Aikoning uyi yaqinidagi ibodatxonaga vaqtincha joylashdi.

Aiko va Takashi ilk bor ibodatxonada uchrashdi. Aiko har kuni gullar terib olib kelar, ularni ibodatxona yoniga qo‘yardi. Bir kuni Takashi uning qo‘liga qaramay so‘z qildi:

Takashi: “Sen har kuni bu gullarni terasanmi?”

Aiko: “Ha. Onam har doim shunday qilardi. Bu… uning menga qoldirgan yodgorligi.”

Takashi bosh irg‘adi: “Men har kuni qilich ko‘tarardim, ammo yuragim yengillik topmagan. Sen gullar terasan, lekin qalbingda onang bilan yashaysan.”

Bu uchrashuvdan keyin ular har kuni birga vaqt o‘tkazadigan bo‘lishdi. O‘rmon bo‘ylab yurishar, kechasi o‘t bo‘lib qolgan yaproqni qo‘lida aylantirib, hayot haqida suhbat qurishardi.

Aiko: “Sen urushdan qochdingmi?”

Takashi: “Yo‘q. Men o‘zimdan qochdim. Men… bir do‘stimni o‘ldirdim. U menga qilich ko‘tardi, men esa javob qaytardim. Ammo yuragim… kechirmayapti.”

Aiko unga qo‘l uzatdi. Ular ilk bor bir-birining ko‘zida ko‘z yosh ko‘rishdi.

Oradan oylar o’tdi

Aiko va Takashi bir-biriga oshiq bo‘lib qolishdi. Lekin qishloq ahli bunday munosabatga qarshi edi. Takashi “begona”, “qonli qo‘lli samuray” sifatida qaralardi. Oba-san esa Aikoga ogohlantirish berdi.

Oba-san: “Uning o‘tmishi qora, Aiko. Sen esa nurli qizsan. Yuragingni himoya qil.”

Aiko: “Lekin yuragim unga allaqachon tegishli…”

Bir kuni, Aiko og‘ir kasal bo‘lib qoldi. Sovuq kechalar va ochlik uning zaif tanasini holdan toydirgan edi. Takashi uni parvarish qildi, qo‘lini ushlab tonggacha bedor o‘tirardi.

Takashi: “Sen sog‘ayishing kerak. Sen o‘lmaysan, Aiko. Men yana gunohkor bo‘lishni istamayman.”

Aiko: “Takashi… agar men ketaman desam, meni yodda tutasanmi?”

Takashi: “Sen mening yuragim bo‘lding. Men har tunda sening ismingni yodlab uxlayman.”

Bahor keldi. Gullar yana ochildi, lekin Aikoning yuzi oqarib, nafasi qisqarib qolgan edi. Oba-san unga dorivor o‘simliklar bergan bo‘lsa-da, bu faqat vaqtincha yengillik berardi.

Takashi har kuni Aikoni tog‘ bo‘yiniga olib chiqardi. U yerda ular yelkam-yelka o‘tirib, uzoqda to‘lqinlanayotgan dalalarni kuzatishar, shudringli havodan nafas olar, va o‘z orzularini so‘zlab chiqishardi.

Aiko: “Men orzu qilaman… bir kun kelib biz bu qishloqdan ketamiz. Daryo bo‘yidagi kichik uyda yashaymiz. Sen baliq tutasan, men esa gullar teraman.”

Takashi: (jim turadi, ko‘zlari to‘lgan) “Men sening har bir orzuingni ro‘yobga chiqarishga qasam ichaman.”

Ammo qishloqqa yirik muammo yaqinlashmoqda edi. Shogun vakillari qishloqni soliq yig‘imiga tortmoqchi bo‘ldi. Ular keksa va yoshni ajratmasdan, kimda bor – oladi, degan buyruq bilan kelishdi. Qishloq ahli esa norozilik bilan qarshi chiqdi.

Takashi bu nohaqlikni ko‘rib, yana bir bor qilichini beliga taqdi. Ammo bu gal o‘ldirish uchun emas, himoya qilish uchun.

Oba-san: “Yana qoning to‘kiladimi, bolam”

Takashi: “Agar men bu qishloqni himoya qilmasam, Aikoni qanday sevgan bo‘laman?”

U qishloq oqsoqollari bilan birga shogun vakillari bilan muzokara qildi. U o‘zini qurbon qilish evaziga qishloqni omon saqlashga va’da berdi.

Shart shunday bo‘ldi: Takashi o‘zini Tokyoga topshiradi, evaziga Yamasato qishlog‘i ozod bo‘ladi. Aiko bu xabarni eshitgach, jim qoldi, so‘ng yig‘lab yubordi.

Aiko: “Sen menga orzularimni va’da qilganding. Nega endi menga yolg‘izlikni qoldiryapsan?”

Takashi: “Sening yashashing – mening orzum. Men yo‘q bo‘lsam ham, sening tabassuming yashasin.”

Ketish kuni keldi. Oba-san Takashiga qora ipakdan tikilgan ko‘ylak berdi. Bu uning o‘g‘liga tegishli bo‘lgan, lekin hech kiymagan edi.

Oba-san: “Men o‘g‘limni yo‘qotdim. Endi seni ham yo‘qotaman. Lekin yuragingdagi poklik meni xotirjam qiladi.”

Takashi Aikoning oldiga keldi. Uning qo‘lida kichik quticha bor edi. Unda kichik loydan yasalgan ikki qush — biri oq, biri qora.

Takashi: “Bu qushlar biz. Oq qush – sening begunohliging, qora qush – mening gunohlarim. Ular bir-biridan ajralmasin.”

Aiko javoban unga rangsiz ipak tasma berdi.

Aiko: “Buni yuragingga bog‘la. Har nafas olganingda meni esla.”

Takashi ketdi. Uning ketishi bilan bahor ham yuvilib ketganday bo‘ldi. Qishloqda sukunat hukm surdi.

Aiko esa uni kutdi. Har kuni u tog‘ bo‘yiniga chiqib, uzoqdan kelayotgan har qanday odamni kuzatardi. Bir yil , ikki yil o‘tdi. Takashidan xat ham, xabar ham kelmadi.

Aiko zaiflashdi. Yuragi endi bardosh bermas edi. Oba-san uni parvarish qilar, u bilan suhbatda bo‘lar edi.

Oba-san: “Takashi senga yashashni o‘rgatdi, Aiko.”

Aiko: “Lekin u yuragimni olib ketdi. Endi faqat yarim odamman.”

Bir kecha, oy nuri derazadan tushib turgan paytda, Aiko oxirgi marta ibodat qildi. U qo‘lidagi ikki qushni ushlab, pichirladi:

Aiko: “Men seni kutaman. Bu hayotda bo‘lmasa ham, kelgusi hayotda…”

U shu so‘zlar bilan ko‘z yumdi.

Takashi ketganidan 2yil o‘tdi. Yamasato qishlog‘i o‘zgarib bordi. Aiko ham vafot etdi.

Mahalliy odamlar bu joyga “Sevgi qoyasi” deb nom berdi. Har kim bu yerga kelib, yurak so‘zlarini aytadi, sukunatda yig‘laydi, va umid qiladi.

Va bir kuni… uzoqdan, yuzlarida chandig’i bor,qolida esa qonga belangan qilich , qo‘li titragan bir kishi keldi. U qora kiyimda edi. Uning ko‘zlari sukunatga to‘la, yuragi iztirobga yo‘g‘rilgan.

U yodgorlik oldida tiz cho‘kdi.

Takashi: “Men qaytdim, Aiko. Ammo kech qoldim…”

U yodgorlik yoniga yotdi. Va so‘nggi marta ko‘zlarini yumdi.

Bu voqealar Takashi qaytib kelishidan ikki oy avval sodir bo‘lgan edi.

Bahor hali tog‘larning orqasida pishayotgan edi. Qorlar endigina erib, tuproqqa umid tomchilari singayotgandi. Ammo Aikoning vujudi bahorni kutishga ojiz bo‘lib qolgandi.

U so‘nggi haftalarda ko‘p jim yurdi. Yuragi har tun o‘zini tor tutardi, go‘yo har bir urishi – og‘ir yuk tortayotganday edi. Har kuni derazadan osmonga qarar, kech tushganda esa yostiqni ko‘z yoshi bilan ho‘l qilardi.

Oba-san: “Aiko-chan, yuragim sezayapti… bir dard bosmoqda seni.”

Aiko (sekin jilmayib): “Men to‘liq yashadim. Har bir kunimni yuragim sevgan insonni kutish bilan o‘tkazdim. Qolganini endi osmonlar biladi…”

U o‘sha kuni oxirgi bor tog‘ bo‘yiniga chiqdi. Pastda shovqinli daryo oqardi, osmon esa tiniq edi. Aiko ikki qush — biri oq, biri qora — yasalgan loy haykalchalarni qo‘lida ushlab, ibodat qildi.

Aiko: “Takashi… agar sen bu ovozni bir kun eshitsang, bilgin — men seni hech qachon unutmadim. Men seni kutdim, kutdim… va kutib o‘tdim.”

U kechqurun o‘z to‘shagiga yotdi. Oba-san uni choy bilan iliqlatmoqchi bo‘ldi, lekin Aiko asta boshini chayqadi.

Aiko: “Men charchadim, Oba-san. Ko‘zimni yumsam, balki uni tushimda ko‘rar…”

Oba-san uning qo‘lini ushlab, past ovozda she’r o‘qidi — eski she’r, yaponlar kechirim tilab o‘qiydigan duo:

“Ketayotgan yurak, yuragini esla,

Kim seni sevgan — unga nafas bo‘l.

So‘nggi ko‘z yoshing — gulsifat yog‘du,

Unutma: sevgi o‘lmaydi, yurakda qol…”

Aiko ko‘zlarini yumdi. So‘nggi nafasida u:

“Takashi…”

— deb pichirladi.

So‘ngra tinchlik cho‘kdi. Deraza ortida shamol to‘xtadi, kechikkan yaproqlar yerga yumshoq tushdi. Oba-san uning qo‘lini qo‘yib yubormadi.

Ertalab esa qishloq o‘rtasidagi ibodatxona eshigi oldida oq matoga o‘ralgan kichik tosh haykalchalar paydo bo‘ldi: biri oq, biri qora qush — bir-biriga suykalib turardi.

Qishloq ahli sukutda yig‘ladi. Ular Aikoni so‘nggi marta tog‘ bo‘yniga olib chiqib dafn qilishdi. Oba-san esa yoniga bitta so‘z yozilgan toshni qo‘ydi:

“Men seni kutdim.”

Oba-san Aikoning vafotidan keyin uning sandig‘ini ochdi. U yerda bir parcha yozuv topdi — Aikoning o‘z qo‘li bilan yozilgan, lekin hech kimga bermagan maktubi.

U shunday yozgan edi:

“Agar men bu xatni yozayotgan bo‘lsam, demak yuragim bir sir bilan to‘lib ketgan.

Men uni kutdim. Takashini. Har kuni, har tunda… va yuragimda bir hayotni ko‘tarib yurdim.

Men farzandlik bolishni hohlagan edim lekin bu menga orzu bo’lib qoldi

Bilmadim, bu sirni aytishim kerakmidi. U kelsa, unga aytaman degandim.

Ammo men kutgan bahor kechikdi.

Agar bola dunyoga kelganida, men unga ‘Yuki’ deb ism qo‘ymoqchi edim — bu ‘umid’ degani.

Chunki, u mening oxirgi umidim edi.”

Oba-san bu maktubni ko‘z yoshlar bilan Takashining qabri yoniga qo‘ydi. So‘nggi marta yelkasini qattiq silkitib, pichirladi:

“Endi sizlar bir boldingiz . Aiko, Takashi.Ikkita yurak, bir qabriston, bir abadiyat.”

Tog‘ ustida shamol esdi. Qora va oq qush yodgorligi tepasida bir yaproq aylanib, yerga tushdi.

Va Yamasato qishlog‘ida bir afsona tug‘ildi — muhabbat, kutish va yo‘qotish haqida. Har yil bir kun — Aiko, Takashi xotirasiga sukunatda ibodat qilinadi.