Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning vakolatlari nimalardan iborat?
Shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yigʻinlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridir.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va qonunchilik bilan berilgan oʻz vakolatlarini tegishli hudud doirasida amalga oshiradi.
Fuqarolar yigʻini aholi manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan tegishli hudud doirasida amal qiladigan qarorlar qabul qiladi.
Fuqarolar yigʻinida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tegishli hududda doimiy yashayotgan shaxslar qatnashadi.
Fuqarolar yigʻinining raisi oʻz faoliyatida quyidagi vakolatlarga ega:
fuqarolar yigʻinini chaqirish;
fuqarolar yigʻiniga — masʼul kotibining, fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar hamda taftish komissiyasi raislari va aʼzolarining nomzodlarini, fuqarolar yigʻini kengashiga — harbiy hisobni yuritish boʻyicha xodimning nomzodini tasdiqlash uchun taqdim etish;
fuqarolar yigʻini va uning organlari tomonidan oʻz vakolatlarini amalga oshirishiga, shuningdek qarorlarni ijro etishga doir ishlarni tashkil etish;
davlat organlarida, shu jumladan sudda, yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fuqarolar yigʻinining manfaatlarini ifodalash, fuqarolar yigʻini nomidan shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzish;
fuqarolar yigʻini mablagʻlarini qonunchilikka muvofiq tasarruf etish;
tegishli hududda maslahat markazlari ishini tashkil etish;
egasiz mol-mulkni, meros tariqasida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oʻtgan mol-mulkni, shuningdek davolash muassasalarida turganligi munosabati bilan vaqtincha boʻlmagan yolgʻiz shaxslarning mol-mulkini, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida yoki vasiylik va homiylikda turgan, oilaga tarbiyaga topshirilgan yetim bolalarning, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning mol-mulkini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish;
spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilishi natijasida fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisida yoki fuqaroni ruhiy holati buzilganligi tufayli muomalaga layoqatsiz deb topish haqida sudga ariza berish;
kam taʼminlangan oilalarning, yetim bolalarning, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning, shuningdek tabiiy ofatlardan va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan jabr koʻrgan fuqarolarning moddiy va uy-joy, maishiy sharoitlarini yaxshilash toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga yangi dafn etish joylarini barpo etish va mavjud boʻlganlarini rekonstruksiya qilish haqida takliflar kiritish;
voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha jamoatchilik ishlarini tashkil etish, yetim bolalar, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni vasiylik va homiylik organlariga taqdim etish, shuningdek bunday bolalarni tegishli davlat muassasalariga joylashtirishga koʻmaklashish;
ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari bilan birgalikda “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi aʼzolari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikka uchragan hamda fuqarolar yigʻinlariga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek mazkur faktlar toʻgʻrisida tegishli ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini hamda ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor qilish;
tegishli hududda bayram kunlari va muhim sanalar bilan bogʻliq ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilish;
roʻyxatdan oʻtmagan diniy tashkilotlar faoliyat koʻrsatishining, diniy qarashlarni majburan singdirish hollarining oldini olishga doir ishlarni tashkil etish, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish;
fuqarolar yigʻinining masʼul kotibi, harbiy hisobni yuritish boʻyicha xodimning faoliyatini muvofiqlashtirish;
fuqarolarni qabul qilishni amalga oshirish, ularning arizalari, takliflari va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
fuqarolarga ularning oilaviy va mulkiy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotnomalar hamda hujjatlar, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlar berilishini taʼminlash;
fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qonunda belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga va boshqa korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarga taqdimnomalar kiritish;
tegishli davlat organlaridan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, moddiy madaniy meros obyektlari haqida maʼlumotlar soʻrash va olish.
Fuqarolar yigʻini raisining vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda;
fuqarolar yigʻini raisi umumqabul qilingan axloq, odob normalarini qoʻpol ravishda buzuvchi, rais maqomini badnom qiluvchi va fuqarolar yigʻini obroʻsiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar va nojoʻya ishlar sodir etgan, shuningdek oʻz vazifalarini muntazam ravishda uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda fuqarolar yigʻini tomonidan qaror qabul qilinganda;
u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
u sogʻligʻi holati yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra uch oy davomida oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda;