Pandemiya sharoitida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot xodimining huquqlari tiklanib, 100 mln soʻm pul mablagʻlari toʻlanishi taʻminlandi.
Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro S.Aning koronavirus infeksiyasida sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovni olishda amaliy yordam berishni soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish jarayonida, fuqaro S.A Uchqoʻrgʻon tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi koronavirus infeksiyasi boʻyicha manzillarga chiqib tahlil olish guruhlariga biriktirilib, naʼmuna olish brigadasiga vrach bakteriolog sifatida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash tadbirlariga jalb etilganligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq S.Aning 2021-yil 3-noyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2021-yil 18-noyabrdagi koronavirus infeksiyasini ish faoliyati davomida yuqtiqganligini yuzasidan epidemiologik xulosa mavjud ekanligi maʻlum boʻldi.
Biroq, mazkur xulosa asosan koronavirus infeksiyasida sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan 100 mln miqdorida qoʻshimcha toʻlov pullari toʻlash yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi buyrugʻi qabul qilinmaganligi, buning natijasida fuqaroga tegishli toʻlovlar toʻlanmaganligi aniqlandi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
26-martdagi PQ-4652-son Qarorida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million soʻm miqdorda bir martalik toʻlov toʻlanishi belgilangan.
Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mazkur masalani sudgacha hal qilish yuzasidan koʻrilgan choralar natijasida fuqaro S.Aga 100 million soʻm miqdorda bir martalik toʻlovlarni toʻlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri buyrugʻi qabul qilinib, mazkur pul mablagʻlari xodimning asosiy ish joyidan toʻlab berilishi taʻminlandi.
Namangan viloyat adliya boshqarmasi