Ish haqini o'z vaqtida bermagan "ishbilarmonlar"
Mingbuloq tuman adliya bo‘limining ish yurituviga “Mingbuloq paxta tozalash” AJ ning bir guruh xodimlari oktabr-noyabr-dekabr oylarida to‘lanmay kelinayotgan ish haqlarini undirishda amaliy yordam so‘rab yozgan arizalari qabul qilinib, murojaat asosida o‘rganish olib borildi.
Aniqlanishicha, murojaatchilarning oktabr-noyabr-dekabr oylari uchun to‘lanishi belgilangan jami 104 mln pul mablag‘lari jamiyat tomonidan to‘lanishi kechiktirilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Shuningdek, kodeksning 154-moddasida, ish beruvchi o‘zining moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Mingbuloq paxta tozalash” AJ tomonidan xodimga hisoblangan ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmasdan fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, murojaatchilarning qonuniy manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga jami 104 mln pul mablag‘larini “Mingbuloq paxta tozalash” AJ hisobidan undirish bo‘yicha da’vo ariza kiritildi.