NOTARIUSLARGA NISBATAN KELIB TUSHGAN SHIKOYATLAR VA 2021-YILDA FAOLIYATDA YO‘L QO‘YILGAN KAMCHILIKLAR MUHOKAMA QILINDI!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, notariat, advokatura hamda jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tuzilmalar tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mazkur vazifadan kelib chiqib, joriy yilning 19-fevral kuni Namangan viloyat adliya boshqarmasida viloyatdagi notariuslar ishtirokida 2021-yil davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kelib tushgan shikoyatlarning xususiyatlari, bunga olib kelgan sabablar, kelgusida ushbu yo‘nalishda bajarilishi shart bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag’ishlangan seminar o’tkazildi.
Seminarda Adliya boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi Namangan viloyat boshqarmasi rahbarlari, mas'ul xodimlar va notariuslar ishtirok etdi.
Xususan, 2021-yilda viloyat bo‘yicha notariuslar faoliyatidan norozi bo‘lib jami 63 ta shikoyatlar kelib tushganligi, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ularning 11 tasi o‘z tasdig‘ini topganligi kabi salbiy holatlar muhokama qilinib, o‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar, natijasi bo‘yicha aybdor notariuslarga nisbatan ko‘rilgan choralar ishtirokchilar e'tiboriga yetkazildi hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Seminar yakunida 2022-yilda alohida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan quyidagi ustuvor vazifalar beligilab olindi:
- Xususan viloyatda joriy 2022-yilda Notariuslar, advokatlar (yosh advokatlar) sonini ko‘paytirish va shikoyatlarni kamaytirishga eng muhim vazifa sifatida qaraladi;
- advokatlar va notariuslar tomonidan sohada mavjud bo‘lgan fuqarolarning kundalik muammolarini hal etish, ular yuzasidan OAVda oddiy, sodda va xalqchil tildagi huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada jonlantirish, 2022-yilga belgilangan media-rejalarni to‘liq amalga oshirishga jiddiy e'tibor qaratiladi.