July 21, 2022

Inson qadri va davlat organlari faoliyatini takomillashtirish kafolati

Barchaga maʼlum, bugun Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muxokamasi eng qizgʻin pallada.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan qonun loyihasining umumxalq muxokamasi 25-iyundan 5-iyulga qadar eʼlon qilinganligi, shu davr ichida aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan 57 mingdan ziyod takliflar kelib tushgani, muhokama muddati 15-iyulgacha uzaytirilgach, takliflar soni 80 mingdan oshgani va endilikda muhokamalar 1-avgustgacha uzaytirilib, aholimizdan yana tashabbuslar, yana qoʻshimchalar va barchasining asoslantirilgan holda taqdim etilishi jamiyatimizda yangicha fikrlash, yangicha yashashga koʻnikish, Asosiy Qonununimizni bugungi xayot talablariga mos holda yangilash masalasini xalqimiz tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlashining isbotidir.

Shuni taʼkidlash lozim, oʻtkazilayotgan umumxalq muhokamasi parlament aʼzolari, deputatlar, senatorlar, olimlar, adliya vazirligi tizimi xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan qizgʻin tashkil etilmoqda. Umumxalq muxokamasida bildirilgan takliflar uchun faollarga minnatdorlik xatlari yoʻllanmoqda, bu oʻz navbatida xar bir taklif koʻrib chiqilayotgani va Konstitutsiyaga yoki sohaga oib boshqa qonunchilikka kiritilishi uchun eʼtiborga olinayotgani xam oʻz samarasini bermoqda.

Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar asosan ikki yoʻnalishga ajratilishi mumkin: birinchisi va asosiysi – inson qadri va shaʼni himoyasi davlat tomonidan kafolatlanishi, ikkinchisi – davlat organlari faoliyatini takomillashtirish.

Bosh qomusimiz loyihasining 18-27 moddalariga kiritilayetgan oʻzgartirishlar Insonning huquq va erkinliklari, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham himoya qilinishi va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlanishi; oʻlim jazosi taqiqlanishi; hech kim qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech bir shaxs oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda boʻlinishi va ularning shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi kerak

Ilk marotaba Konstitutsiyaga prim moddalar kiritilib, 26-moddaga ikki prim moddalar kiritilmoqda va ularda har bir shaxs advokat yordamidan oʻz tanloviga koʻra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanishi, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran foydalanish huquqiga egaligi; hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi; hech bir shaxs sodir etilgan paytda huquqbuzarlik deb topilmagan qilmish uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi; qilmish uchun jazoni istisno etadigan yoki yengillashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga egaligi belgilab qoʻyilmoqda.

Ushbu moddalar jinoyat – protsessual kodeksida mavjud boʻla turib, aynan Bosh qomusimizga kiritilishi, xar bir fuqaro, kodekslardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan oddiy aholi vakillari xam, zarur vaqtda Konstitutsiyadagi huquqlaridan foydalanish imkoniyatini yaratishdan iborat.

Bu imkoniyatlar nafaqat shaxsiy huquqlar balki tadbirkorlik bilan shugʻullanishda xam, sohaga oid takliflar yordamida fuqarolarimizga madadkor boʻladi, va bunga asos boʻlib, 53-moddada “Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, oʻz faoliyatining yoʻnalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanadi” deb belgilanishi xizmat qiladi.

Oʻzgartirishlarning tom maʼnoda keskin afzalligi oila, nikoh masalalariga kiritilmoqda. Amaldagi qonunimizda nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligiga koʻra tuzilishi belgilangan boʻlsa, taklif etilayotgan loyihamizda nikohning ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga asoslanishi mentalitetimizning oʻziga xosligi, goʻzal anʼanalarimizning qoʻllab-quvvatlanishi va gʻarb mamlakatlarida ommalashib borayotgan illatlarning oldini olishga mustaxkam asos boʻla oladi.

Muxokamalar davom etmoqda, takliflar biser, uylaymizki, oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan xalqimiz Asosiy Qomusimizni Vatanimiz uchun gʻoyat muhim, davlatimiz rahbari tabirlari bilan aytkanda, xalqimizga yashashga joyi, ishlashga ishi uchun sharoitlarni yaratib beruvchi mustaxkam huquqiy asosga aylantirishga albatta erishamiz.

Zulfiya Axmedxodjayeva Namangan viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi.