Adliya aralashuvi bilan ish staji qayta hisoblab chiqildi
Namangan viloyat adliya boshqarmasi
Norin tumani adliya bo‘limi tomonidan Norin tumani Bo‘zo‘lmas MFYda yashovchi fuqaro M.Mo‘minovaning ish haqidan 1-foizli sug‘urta badallari to‘lanmaganligi sababli, ushbu davrlar ish stajiga qo‘shib hisoblanmaganligidan norozi bo‘lib, yozgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O`rganish jarayonida, Norin tumani “Chinmirza hojibobo” Fermer xo’jaligi tomonidan 2021-yilning 24-mayida berilgan №1-ma’lumotnomada fuqaro M.Mo`minova tomonidan 2005-2015-yillar uchun ish haqi hisobidan sug`urta badallari to`langanligi o`z tasdig`ini topgan. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar to`g`riligi tuman budjetdan tashqari pensiya jamg’armasi tomonidan ham qayd etilgan. Fuqaro M.Mo`minova “Chinmirza hojibobo” fermer xo'jaligiga 2004-yil 1-martdagi 5-son buyruq bilan ishga qabul qilingan va 2015-yil 1-dekabrdagi 19-sonli buyruq bilan ishdan bo`shatilgan.
Ta'kidlash joizki, O`zbekistion Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to`g`risida”gi Qonunining 37-moddasiga ko`ra, 2019-yil 1-yanvarga qadar bo`lgan davr uchun – faoliyat turi, mulk va xo`jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug`urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasiga sug`urta badallari to`lagan bo`lsa ish stajiga qo`shib hisoblanishi belgilangan.
Mehnat daftarchasi mavjud bo`lmaganda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar mavjud bo`lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to`g`risidan noto`g`ri va noaniq yozuvlar mavjud bo`lgan hollarda ish stajini tasdiqlash ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko`chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlari va ish haqi berish uchun vedemostlar va mehnat faoliyati davrlari to`g`risidagi ma’lumotlar mavjud bo`lgan boshqa hujjatlar qabul qilinadi.
Yuqoridagilarga asosan, adliya bo`limi tomonidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Norin tuman bo`limining 2021-yil 3-iyundagi 106-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan ma’muriy ishlar bo`yicha Namangan tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Natijada fuqaro M.Mo’minovaning hisobga olinmagan ish stajlari hisobga olinishi ta’minlandi.