Fermerning buzilgan huquqlari tiklandi
Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Kosonsoy tumanida faoliyat yurituvchi “Koʻhna kushon diyori” fermer xoʻjaligi rahbari M.Abdullayevaning Kosonsoy tuman hokimining 2019-yil 6-iyundagi 2862-sonli va 2020-yil 7-sentabrdagi 958-sonli qarorlari bekor qilinganligidan noroziligi toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganib chiqildi.
Aniqlanishicha, “Obodon” massivi “Semiztepa” mavzesi hududidagi “Koʻxna Kushon diyori” fermer xoʻjaligi hisobida boʻlgan 1076q-konturda jami 1,0 gektar ekin yer maydonidan unumli va samarali foydalanish, tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini sifatli va arzon sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlash hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida issiqxona qurilishini loyihalash va qurish uchun ruxsat berish yuzasidan Kosonsoy tuman hokimining 2019-yil 6-iyundagi 2862-sonli qarori qabul qilingan.
Shuningdek, “Obodon” massivi “Semiztepa” mavzesi hududidagi “Koʻxna Kushon diyori” fermer xoʻjaligi foydalanuvida boʻlgan nasos orqali sugʻorilib, sugʻorish tarmogʻining oxirgi nuqtasida joylashganligi uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish mavsumlarida yetarli miqdorda suv yetib bormaydigan, unumdorligi jixatdan hosildorligi past va toshloq boʻlgan 1072q, 1073q-konturlaridan jami 2,0 gektar ekin yer maydonini “Koʻxna Kushon diyori” fermer xoʻjaligiga issiqxona qurilishini loyihalash va qurish uchun fermer xoʻjaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor boʻlgunga qadar ruxsat berish yuzasidan tuman hokimining 2020-yil 7-sentabrdagi 958-sonli qarori qabul qilingan.
Maʼlum boʻlishicha, fermer xoʻjaligi rahbari M.Abdullayeva tomonidan gidroponika usulida issiqxona qurilishi uchun oʻz mablagʻlari hisobidan 1 milliard soʻmdan oshiqroq pul mablagʻi sarflangan boʻlsada, tuman hokimligi tomonidan issiqxona qurish uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi tuman hokimi qarorlari bekor qilingan.
Xususan, tuman hokimining 2019-yil 6-iyundagi 2862-sonli qarori tuman hokimining 2020-yil 31-dekabrdagi 1379-sonli qarori bilan, tuman hokimining 2020-yil
7-sentabrdagi 958-sonli qarori esa tuman hokimining 2020-yil 31-dekabrdagi 1351-sonli qarori bilan bekor qilingan.
Aniqlangan holatlar boʻyicha Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Namangan tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza kiritilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan, “Koʻxna Kushon diyori” fermer xoʻjaligining buzilgan huquqlari tiklanib, tuman hokimining 2020-yil 31-dekabrdagi 1379-sonli hamda 2020-yil 31-dekabrdagi 1351-sonli qarori bekor qilindi.
Yodgarov Azizbek Ulugʻbek Oʻgʻli