March 3, 2022

G‘ayriqonuniy buyruq bekor qilindi

To‘raqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumani Qashqarguzar MFYda yashovchi fuqaro Sh.X.ning mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilinganligidan norozi bo‘lgan murojaati tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganib chiqildi.

Fuqaro Sh.X.ning murojaatini o‘rganish jarayonida To‘raqo‘rg‘on tuman Maxalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 22 apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi O‘RQ-350-sonli qonunining 11-moddasi birinchi qismi 2-bandi talabiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini), uning o‘rinbosarlarini (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarini) va maslahatchilarini, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarning hamda taftish komissiyasining raislarini va aʼzolarini saylashi ko‘rsatib o‘tilgan.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5938-sonli Farmonining 16-bandi to‘rtinchi xatboshisida fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi o‘rniga, har bir fuqarolar yig‘inida bir nafardan, shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlagan holda joriy etilishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur band yettinchi xatboshisida fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis fuqarolar yig‘ini raisi taqdimiga asosan fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 iyundagi 380-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 4-bandi 2-xatboshisida fuqarolarning  o‘zini o‘zi  boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 21-bandiga ko‘ra, Fuqarolar yig‘ini kengashi fuqarolar yig‘ini majlisini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini) chaqirishi, fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar bo‘yicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarini, shuningdek, oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassisni fuqarolar yig‘ini raisining tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan kelishgan holda kiritadigan taqdimnomasiga asosan lavozimga tasdiqlashi va lavozimdan ozod etishi, shuningdek, rag‘batlantirishi yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llashi ko‘rsatilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga kiritilgan daʼvo ariza sud tomonidan tuman Maxalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining 30.07.2021 yildagi buyrug‘i bekor qilinib, majburiy progul kunlari uchun ish haqi to‘lab berish majburiyati yuklatildi.

To‘raqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi