January 7, 2022

NOTARIAT 30 YILDA!

2020-yil 14-yanvar kuni “Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezidentimiz tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Garov toʻgʻrisida”gi, “Notariat toʻgʻrisida”gi, “Lizing toʻgʻrisida”gi, “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Ayniqsa, ular orasida “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar alohida eʼtiborga sazovor, chunki kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra ilk bora qonun darajasida xususiy notariuslar faoliyatiga oid normalar mustahkamlb qoʻyildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar qonun hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari bilan bir qatorda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi

O'zbekiston Respublikasining "Notariat tog'risida"gi Qonunga muvofiq quyidagi normalar belgilandi:

1. Notarius boʻlishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yosh etib belgilandi.

2. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtagan holda soddalashtirilgan tartibda notarius boʻlishlari mumkin boʻldi.

3. Notarius yordamchi va stajyordan tashqari notarial faoliyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xodimlarga ega boʻlishi mumkinligi qonunan mustahkamlandi.

Shuningdek, Qonun:

notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslarning davlat notarial idorasi yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius boʻlib ishlashidan qatʼi nazar, teng huquqlarga egaligi va bir xil majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishi;

davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega boʻlishi toʻgʻrisidagi normalar bilan toʻldirildi.

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Xususiy notarial faoliyatni amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi.

Litsenziya Oliy malaka komissiyasining notariuslik vakolatlarini berish boʻyicha malaka imtihoni yakunlari yuzasidan chiqariladigan qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.

Xususiy notarius maqomiga ega boʻlishga talabgorlar litsenziya olish uchun malaka imtihonini topshiradilar.

Shu bilan birga,litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish asoslari belgilangan normalar Qonunda oʻz ifodasini topdi.

Bundan tashqari xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasini tuzishi shart hisoblanadi.

Ushbu holatda sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi quyidagi eng kam miqdordan kam boʻlishi mumkin emas:

Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning maʼmuriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan;

boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan.

Ushbu qoida notarial harakatlarning notoʻgʻri amalga oshirilishi tufayli fuqarolarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga va ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar nimalarga haqli?

“Notariat toʻgʻrisida”gi Qonun xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatiga doir 8-1-modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra bunday notariuslar:

yuridik shaxs tashkil etmagan holda oʻz idorasiga ega boʻlishga;

bank hisobvaragʻi va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga;

mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishga;

majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishga;

xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga;

sudda oʻz nomidan ishtirok etishga va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzmasdan turib oʻz faoliyatini amalga oshirishga ham haqli emas.

Notarial palataning vakolatlari belgilandi

Endilikda Qonunda Notarial palataning maqomi ifodasini topdi.

Qonunning yangi kiritilgan 22-6-moddasiga koʻra notarial palataning konferensiyasi palataning yuqori organi boʻlib, zaruratga koʻra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.

22-7-moddaga muvofiq esa xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etiladi.

Shuningdek, Notarial palata xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati ustidan monitoringni amalga oshiradi.

Notarial palataning hududiy boshqarmalari xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yordamchisini ishga qabul qilishda ishtirok etadi, yaʼni ular Palata tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda uni tavsiya qilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi.

Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius stajyorini ishga qabul qilish ham Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan ushbu boshqarma tomonidan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, xususiy notariuslar tomonidan notarius stajyorini ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi.

Bundan tashqari Oliy malaka komissiyasi tarkibiga Notarial palata vakillari kiritiladi.

Notariuslar yangi notarial harakatlarni amalga oshiradi

Qonunga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra notariuslar tomonidan quyidagi yangi notarial harakatlarni amalga oshiradi:

mediator vazifasini bajarish;

dalillarni taʼminlash;

mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash;

elektron hujjatning qogʻoz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlash.

Mazkur harakatlarning amalga oshirilishi fuqarolar va tadbirkorlarimizga koʻplab qulayliklar yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, Qonun bilan notariat sohasidagi bir qator qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi, shu jumladan, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilishi mamlakatimiz notariat tizimida tub burilish yasaydi.

Notarial xizmatlardan foydalanish boʻyicha fuqarolarimizga qoʻshimcha qulayliklar yaratadi, uning ishonchli va kafolatlangan boʻlishini taʼminlaydi.

Namangan viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy xizmat ko'rsatishni davlat tomonidan tartibga solish bo'limi boshlig'i B.Sarimsaqov