XODIM ISHGA TIKLANDI
Toʼraqoʼrgʼon tuman adliya boʼlimi ish yurituviga Toʼraqoʼrgʼon tumani, Yangiobod MFYda yashovchi fuqaro Z.A.ning tumandagi umumiy oʼrta taʼlim maktabida “yoshlar yetakchisi” vazifasida ishlaganligi, tugʼruq taʼtilidan soʼng oʼz lavozimiga qaytish uchun joriy yil avgust oyidan beri harakat qilayotganligi, lekin shu kunga qadar umumtaʼlim maktabi ish beruvchisi tomonidan ishga qaytishi rad etib kelinayotganligidan norozi boʼlgan murojaati kelib tushdi.
Аdliya boʼlimi tomonidan Toʼraqoʼrgʼon tuman Аholi bandligiga koʼmaklashish markazi mutaxassisini jalb qilgan holda oʼrganilganda fuqaro Z.A homiladorlik va tugʼruq taʼtiliga chiqqanligi, umumtaʼlim maktabi ish beruvchisiga 2021-yil avgust oyidan buyon homiladorlik va tugʼruq taʼtilidan soʼng oʼz vazifasiga qaytishi yuzasidan murojaat qilgan boʼlsada, ish beruvchi tomonidan ishga qaytarish choralari koʼrilmaganligi aniqlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi 234-moddasi talabida bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi, bu taʼtillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda koʼpi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi boʼyicha ish stajiga ham qoʼshilishi aniq belgilab qoʼyilgan.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 224-moddasiga binoan, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, homilador ayolni yoki uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda maʼlum qilishi shart ekanligi, mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkinligi koʼrsatib oʼtilgan.
Xususan, Mehnat kodeksi 237-moddasi birinchi qismi talabida homilador ayollar va uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʼl qoʼyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno ekanligi, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinishi, mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy toʼlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshirishi koʼrsatilgan.
Adliya bo’limi tomonidan kiritilgan taqdimnoma ijrosi natijasida xodim ishga qaytarilishi ta’minlandi.