June 4, 2018

“Gul bayrami” g‘oliblari munosib taqdirlandi

2018 yil 2 iyun kuni Namangan shahridagi “Uch favvora” xiyobonida 58-an’anaviy “Gul bayrami”ning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi boshqarma, tashkilot va muassasalarning rahbar va xodimlari, xorijlik mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov sifat jihatidan takomillashib borayotgan asl va navqiron “Gul bayrami” bilan yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi. Har bir hududning o‘ziga xos an’analari borligi, shu ma’noda dunyoning sanoqli davlatlardagina o‘tkaziladigan “Gul bayrami” namanganliklarga faxr va g‘urur bag‘ishlashini ta’kidladi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, oliy o‘ringa sazovor bo‘lgan “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati hamda professional gulchi Mirzohid Xolmirzayevlar “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 10 dan ortiq nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari hamda gulchilar ham munosib taqdirlandilar.

O‘zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, Mirza Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yahyobek Mo‘minov, Samandar Hamroqulov, estrada xonandalari Otabek Mamazoitov, Malika Egamberdiyeva, Gulasal Abdullayeva, Munisa Rizayeva, Qilichbek Madaliyev hamda “Toshkent zebolari” raqs guruhining chiqishlari bayram tantanalariga ko‘rk bag‘ishladi

Манба: namangan.uz